Singapur “mo''jizasi”ni kim yaratgan?

Ilmu fanga e'tibor, jamiyatda muallimlarning maqomini ko'tarish, korrupsiyaga qarshi beayov kurashish, tadbirkor va investorlar manfaatlarini himoya qilish, mamlakatning turizm salohiyatini ko'tarish, qo'shni davlatlar bilan do'stona aloqalarni mustahkamlash va boshqa ko'plab ustuvor vazifalarni amalga oshirishda Singapur tajribasi O'zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshlagan va amalga oshirayotgan islohotlarda dunyoning ko'plab siyosatdonlari va ekspertlari Xitoyning sobiq rahbari Den Syaopin hamda Singapur asoschisi Li Kuan Yulardagidek g'ayrat, shijoat, tinim bilmaslik, qoidalarda istisnolarga yo'l bermaslik kabi xislatlarni ko'rishadi. Bu ikki buyuk rahbarlar qatorida O'zbekiston Prezidenti ham davlat ravnaqini yoshlar bilan bog'lab, ta'lim sohasiga alohida e'tibor qaratib kelmoqda.

Buning yorqin isboti sifatida joriy 2023 yil mamlakatimizda “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” deb e'lon qilinishi yaqqol misol bo'la oladi. Ana shu yilda rejalashtirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda, jumladan, Xitoy va Singapur davlatlari tajribasini o'rganish foydadan xoli emas, albatta.

Singapur tajribasi sirlarini o'rganmoqchi bo'lgan har kim, avvalo, Li Kuan Yuning “Uchinchi dunyodan birinchi dunyo­­ga” asarini sinchiklab o'qimog'i lozim. Unda g'oyat og'ir sharoitda yirik davlat tarkibidan ajralib chiqqan, bor mol-mulki o'n uch qavatli ijara uyidangina iborat bo'lgan Singapurni qisqa vaqt ichida jahonning iqtisodi baquvvat, korrupsiyadan xoli, bugun ham shitob bilan rivojlanayotgan mamlakatga aylantirgan, barcha dunyo­viy rey­tinglarda birinchilikni saqlab kelayotgan ushbu mamlakatga uzoq yillar boshchilik qilgan mashhur davlat arbobi Li Kuan Yuning noyob taj­ribalari haqida gap boradi.

Singapur hukumati mustaqillikka erishganining ilk yillaridanoq asosiy e'tiborni ta'lim tizimida islohotlar o'tkazishga qaratdi.

Mamlakatda yangi maktab­lar ochildi, milliy darsliklar ishlab chiqildi, texnik ta'lim tizimi yaratildi. Singapur ta'lim tizimi haqida so'z borganda, “mo''jiza” so'zi qo'llaniladi. Darhaqiqat, qisqa davr mobaynida dunyo­dagi eng qashshoq davlatda muvaffaqiyatli ta'lim tizimini yaratish hukumat boshqaruvidagi to'g'ri yondashuvning mahsuli hisoblanadi.

Singapurdagi maktablar yagona davlat tizimi asosida faoliyat yuritadi. Ta'lim das­turi davlat nazoratida. Mamlakat ta'lim tizimi meritokratiyaga asoslangan bo'lib, o'quvchilarning qaysi ta'lim muassasasida o'qishida ularning kelib chiqishi yoki moddiy imkoniyati emas, qobiliyati va intilishi hisobga olinadi. Maktabning boshlang'ich sinfidagi mashg'ulotlarda asosiy e'tibor xorijiy tillar va aniq fanlar o'qitilishiga qaratiladi.

Singapur maktablarida masofaviy ta'lim shakli deyarli rivojlanmagan. O'quvchilarning ta'lim muassasasiga qatnashi qat'iy nazoratga olingan bo'lib, onlayn ta'lim olish holatlarida ta'lim vazirligi qaror chiqarishi kerak bo'ladi.

Singapur maktab ta'limining muhim jihati — darslar mahalliy bo'lgan xitoy, malay, tamil tillari bilan birga, ingliz tilida o'qitiladi. Shuning uchun deyarli barcha singapurliklar ingliz tilini mukammal biladi. Bu esa xalqning Yevropa va Osiyo sivilizatsiyasi o'rtasida vositachi sifatida shakllanishiga imkon berdi. “Agar singapurliklarni inglizcha o'rganishga majburlasam, qarshilik ko'rsatishgan bo'lardi. Agar xitoy tilini o'rganishga majburlasam ham, ishning pachavasi chiqardi. Ammo men inglizcha yoki o'z ona tilini tanlash ixtiyorini har bir ota-onaga qoldirdim. Oradan o'ttiz yil o'tdi va ingliz tili Singapurda yetakchi tilga aylandi”, deb yozadi Li Kuan Yu.

Singapur Respublikasining birinchi Bosh vaziri (1959-1990) Li Kuan Yu (1923-2015)ning islohotlari uchun bugun mamlakatdagi har bir fuqaro undan minnatdor. Avvaliga balandparvoz bo'lib tuyilgan “Uchinchi dunyodan birinchi dunyoga” shiorini ko'p o'tmasdan har bir fuqaro his qila boshlaydi.

Bugungi kunga kelib, Singapur davlatining yillik daromadi har bir fuqaroga 55000 AQSh dollarini tashkil qiladi. Buni iqtisodchilar “iqtisodiy mo''jiza” deb atashadi. Bugun singapurliklarning 90 foizi shaxsiy uy-joyiga ega. Daromadi 20 foizdan kam bo'lgan oilalarning ham 80 foizi shaxsiy uylariga egalik qilishi ularning yuqori turmush tarzidan darak beradi.

Mutaxassislar Li Kuan Yuni g'ayrat-shijoatda, tafakkur va jasoratda bir vaqtlar o'zining mashhur “Ochiq eshiklar siyosati” bilan Xitoy iqtisodini baland cho'qqiga olib chiqqan, yalpi ichki mahsulotning bardavom o'sishini ta'minlagan Den Syaopinga qiyoslashadi. Singapur bosib o'tgan yo'lga e'tibor bersak, bu qiyosning g'oyat o'rinli ekaniga ishonch hosil qilamiz.

“Mendan qisqa vaqt ichida Singapur qanday qilib dunyoning rivojlangan mamlakatiga aylangani haqida so'rashadi, — deydi Li Kuan Yu. — Men ularga: “Bu yerda hech qanday sir yo'q, mo''jiza yaratganim ham yo'q. Shunchaki Vatanim oldidagi burchimni bajardim, xolos”, deb javob beraman. Ishni shunday tashkil qildimki, davlat byudjetining katta qismini ta'lim sohasiga yo'naltirdim. Muallimlar mavqeini jamiyatning quyi tabaqasidan yuqori martabaga ko'tardim. Bizda mo''jiza yaratgan kishilar, shubhasiz, muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnatni sevadigan, haqiqatni qadrlaydigan yangi vatanparvar, ayni chog'da kamtarin avlodni tarbiyalab yetishtirdilar”.

O'zining “Uchinchi dunyodan birinchi dunyoga” nomli kitobida Li Kuan Yu yangi avlod yaratgan mo''jizalarga doir ko'plab ma'lumotlar keltiradi. Hozirgi kunda mamlakat aholisi 5 million kishi. Erkaklar o'rtacha 80, ayollar 85 yosh umr ko'rishadi. Biznes bilan shug'ullanish sharoiti bo'yicha jahon “Biznes qilish” reytingida Singapur 1-o'rinda turadi. Li Kuan Yu mamlakat bosh vaziri bo'lib ish boshlagan 1959 yilda yalpi ichki mahsulot aholi jon boshiga 400 AQSh dollarini tashkil etgan bo'lsa, 1999 yilda bu ko'rsatkich 22000 dollarga yetgan. Singapur raqobatbardoshlik bo'yicha 2015 yil ma'lumotlariga ko'ra, Shveysariyadan keyin ikkinchi o'rinda turadi. Bundan ko'rinadiki, Singapurda, garchi buni janob Li Kuan Yu e'tirof etmasa-da, chinakam “mo''jiza”, farovonlik sari “buyuk sakrash” yuz bergan. Davlat arboblari, siyosatdonlaru iqtisodchilarni ayni shu fenomenning siri qiziqtiradi.

Singapur deb nomlangan ushbu shahar-davlatning barpo etilish tarixi, rivojlanishi va gullab-yashnashi aynan shu inson bilan bog'liq. Mustaqillikka erishganidan so'ng deyarli 40 yil ichida Janubi-sharqiy Osiyoning eng qashshoq va qoloq hududidan eng sanoatlashgan markaziga aylangan Cingapur Respublikasi hozirda nafaqat Osiyo mintaqasi, balki xalqaro siyosatda ham muhim ahamiyatga ega davlat hisoblanadi.

Singapur Malayziyadan 1965 yili ajralib chiqqanda mamlakat qashshoq va u yerda korrupsiya avj olgan edi. Poraxo'rlikka qarshi kurashishga bel bog'lagan sobiq bosh vazir Li Kuan Yu shunday yozadi: “Agar korrupsiyani yo'q qilmoqchi bo'lsangiz, dastlab o'zingizning eng yaqin uch nafar do'stingizni fosh qiling. Siz nimaga shunday qilayotganingizni aniq bilasiz, ular ham xuddi shunday — nimaga fosh qilinganini aniq bilishadi”. U poraxo'rlik va qarindosh-urug'chilikni byurokratik tizimlarning ofati deb hisoblagan. “Korrupsiyani yo'q qilish uchun shafqatsiz bo'lish kerak, agar qarindoshlar va tanishlaringiz ham pora olsalar, ularni panjara ortiga yuborishga tayyor bo'lishingiz kerak”, deb yozadi Li Kuan Yu. U hech kimni ayamagan va kechirmagan. O'zi shakllantirgan hukumat vazirlaridan poraxo'rlikka aralashgan bir nechtasi, hatto eng yaqin do'stini ham ayab o'tirmagan.

35 yoshida, 1959 yili Bosh vazir lavozimini egallagan Li Kuan Yu shunday yozadi: “Menda ikkita yo'l bor edi: birinchisi, yurtni talash, qarindosh-urug'larimni atrofimga yig'ish, ularga mansab berish, ularni dunyoning eng boy odamlari ro'yxati e'lon qilinadigan “Forbes” jurnaliga kiritish, buning evaziga xalqni hech narsasiz qoldirish. Ikkinchi yo'l, o'z xalqimga xizmat qilish va mamlakatni jahondagi 10ta eng rivojlangan mamlakat safiga qo'shish. Men ikkinchi yo'lni tanladim”. U o'zi o'ylaganidek Singapurni eng rivojlangan davlatlar safiga qo'shdi.

Bu natijalarga erishishda Li Kuan Yuning qarorlari, pok va halollikka asoslangan tamoyillari muhim o'rin egallaydi. “Mamlakatga faqatgina uning maydoniga qarab buyuk deb ta'rif berish — xato. Davlatni uning ulkan orzulari, halol yo'lboshchilari hamda mehnatkash xalqi buyuk qiladi”, degan edi u. Quyida Li Kuan Yuning Singapurni o'zgartira olgan 7 qarorini e'tiboringizga havola qilamiz.

1-qaror. Tadbirkor va investorlar ishonch­­li himoya ostiga olinadi. Mamlakatda sog'lom raqobat muhiti o'rnatiladi. Bosh vazir Li Kuan Yu xorijiy tadbirkor va sarmoyadorlarga keng quchoq ochadi. Natijada yevropalik puldorlar Singapur tomon oshiqadilar. Bu esa davlat g'aznasiga mablag' olib kela bosh­laydi, ishchi o'rinlari yaratilishiga sabab bo'ladi.

Bosh vazir topshirig'iga ko'ra, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar o'rtasida biznesni osonlashtirishga oid so'rovlar muntazam o'tkazilgan, tadbirkorlar dardiga quloq tutilgan. Singapur bugun ham Jahon bankining “Biznes qilish” reytingida yetakchi hisoblanadi.

2-qaror. Li Kuan Yu ixcham, samarador va halol hukumat yaratishga harakat qilgan. Singapurga qo'shni davlatlarga aynan ana shu jihat yetishmas edi.

Bosh vazir korrupsiyaga qarshi qat'iy kurashadi. U korrupsiyaga sabab bo'layotgan mayda detallarni o'rganib, ularni yo'q qilishga kirishadi. Korrupsiyaga qarshi ishlab chiqilayotgan qonunlar xolis va hamma uchun teng edi. “Davlat rahbari bo'lishni eng yaqin uch do'stingni qamoqqa tashlashdan boshla. Shundagina odamlar sening halolligingga ishonishadi”, deydi u.

3-qaror. Li Kuan Yu jamiyatda qonun ustuvorligining qat'iyligini o'rnata oldi. Qonun oldida har bir fuqaroning teng javob berishi Singapur muvaffaqiyatining omili bo'ldi. “Jazoning muqarrarligi korrupsiyani jilovlab turuvchi birinchi omildir. Ikkinchi omil — bozor darajasiga mos keluvchi maoshdir. Biz eng ko'p maosh to'lanadigan o'n foiz kishilarning daromadiga diqqatimizni yo'naltirganmiz”, deydi u.

4-qaror. Li Kuan Yuni “iqtidorlarning rahnamosi” deyishar edi. U iqtidorli fuqarolarni mas'uliyatli lavozimlarga qo'yish va ularga yaxshi maosh tayinlashga hech qachon ikkilanmagan. Shu bilan birga, Singapurda mansabni suiiste'mol qilish ham ayovsiz jazolangan.

5-qaror. Davlat mablag'i birinchi galda aholi farovonligi, salomatligi va ta'limiga sarflanadi. 1965 yilda Singapurda tug'ilgan 1000 nafar boladan 35 foizi nobud bo'lgan bo'lsa, 1985 yilga kelib, bu ko'rsatkich 10 foizga tushadi.

6-qaror. Barcha maktablar zamonaviy ta'lim maskaniga aylantirilgan. Singapur bolalari jahonning eng samarali va yaxshi ta'lim tizimlari asosiga qurilgan maktablarda o'qiydilar. Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining “Asosiy universal ko'nikmalar” reytingida 15 yoshdagi singapurlik o'quvchilar matematika va aniq fanlar bo'yicha jahonda birinchi o'rinda turishadi. Bu tashkilotning o'quvchilar savodxonligini baholaydigan “PISA” testiga ko'ra, so'nggi 5 yillikda singapurlik talabalar “muammolarga yechim topish” imtihonlarida mutlaq yetakchilik qilishmoqda. Jumladan, 2017 yilning 25 dekabrida e'lon qilingan reyting buning isbotidir.

7-qaror. Xorijdan eng malakali o'qituvchilar olib kelingan. Ta'lim sohasidagi ekspertlarning fikricha, Singapur iqtisodiy taraqqiyot va turmush darajasini yuksaltirishni ta'lim bilan bog'lagan. Xususan, bu yerda birinchi o'rinda ta'lim berish standarti ishlab chiqiladi. Buning uchun katta mablag' sarf qilinadi. Ayniqsa, eng yaxshi o'qituvchilarni jalb etish va ularning nufuzini oshirishga avvalboshdanoq alohida e'tibor qaratilgan. Hozir ham Singapurda o'qituvchilarni jahonning eng nufuzli ta'lim muassasalari bitiruvchilarining orasidan yollash an'anasi saqlanib qolgan. Shu bilan birga, bu o'qituvchilarning barchasi Milliy ta'lim institutida qayta tayyorlovdan o'tkaziladi. Bu esa ta'lim sifatini nazorat qilish va mehmon-o'qituvchilarga milliy ta'lim tizimini o'rgatishda muhim.

“Mening armonim qolmadi. Men umrimni bu mamlakatni bunyod etishga sarf qildim. Shundan boshqa oliy maqsadim ham yo'q edi. Yo'qotganim — o'z hayotim bo'ldi. Topganim esa — xalqimning farovonligi, muvaffaqiyatli Singapurdir”, deydi Li Kuan Yu.

Dunyo siyosatdonlari Li Kuan Yu qat'iyat va ishonch bilan o'tkazgan islohotlarni bejiz “inqilobiy” deb atashmagan. Uning birgina tozalikka rioya qilish borasidagi siyosati bugun ham dunyoning ko'pgina mamlakatlari uchun noyob namuna bo'lib turibdi. O'tgan asrning yetmishinchi yillarida Singapurda umummilliy tozalik kampaniyasi o'tkaziladi. Unga ko'ra, belgilanmagan joyga chiqindi tashlagani, ko'chaga (jamoat joylariga) tupurgani uchun katta miqdorda jarima joriy etiladi. Masalan, sigareta qoldig'ini yerga tashlagani uchun 1000 dollargacha, bu ish qayta takrorlansa 2000 dollargacha, uchinchi martasida 5000 dollargacha jarima undiriladi. To'plangan pullar axborot texnologiyalarini rivojlantirishga sarflanadi.

Li Kuan Yu ingliz, malay, xitoy va yapon tilini yaxshi bilgani bois, taxmin qilish mumkinki, u savodsizlikka qarshi kurashda, aniqrog'i, mamlakatda yangi ilmli avlodni tarbiyalashda Yaponiyaning urushdan ke­yingi tajribasini, shubhasiz, inobatga olgan. Uning “Singapur: taraqqiyot yo'li haqida achchiq haqiqat”, “Singapur: uchinchi dunyodan birinchi dunyoga”, “Dunyo kelajagi xususida shaxsiy qarashlarim” kitoblarini o'qigan kitobxon o'zi uchun ko'p savollarga, jumladan, yalpi ichki mahsulotning aql bovar qilmas darajada o'sishi, Singapurning Nyu-York va Londondan keyin dunyoning eng yirik moliya markaziga aylanishi sabablarini bilib oladi.

Shu o'rinda aytish mumkinki, Li Kuan Yu o'zining: “Hamisha o'quvchi, yaxshi g'oyalarni o'rganuvchi talaba maqomida qoling”, degan qoidasiga, avvalo, o'zi qat'iy amal qilganini sezish qiyin emas. Bizningcha, u ulug' muallim Konfutsiyning bugun ham o'z mohiyatini yo'qotmagan nazariy ta'limotini, Xitoy rahbari Den Syaopinning amaliy tajribasini juda chuqur o'rgangan. Buni quyidagi misollarda ko'rish mumkin.

Li Kuan Yu siyosatida Xitoy rahbari Den Syaopinning ham salmoqli “iz”lari ko'zga tashlanadi. Bu ulug' islohotchi Xitoy davlati rahbarligiga kelgach, eng avvalo, G'arb davlatlari bilan yaxshi munosabatlar o'rnatishga harakat qiladi. 1979 yili Oq uyda AQSh Prezidenti Jimmi Karter bilan uchrashadi. Yapon-Xitoy munosabatlarida iliqlik paydo bo'ladi. 1984 yili Xitoy-Buyuk Britaniya kelishuviga imzo chekiladi. Keyinroq Portugaliya bilan ham bitim qabul qilinadi. Mamlakat iqtisodiyotida g'oyaviy prinsiplarning roli kamaytiriladi. Rasmiy yig'ilishda “Kapitalizmmi yoki sotsializm?” degan mavhum bahsga o'ralashib qolmaslik kerakligini uqtiradi. “Mushukning rangi qanday bo'lishi muhim emas, sichqonni tutsa bo'ldi”, degan qoidasi dunyo bo'ylab qanot qoqadi. Mamlakatda “Ochiq eshiklar siyosati” amalga oshiriladi.

Shu o'rinda e'tirof etish kerakki, ulug' donishmandlarning davlatchilikka doir yuqorida keltirilgan fikrlarining hayotiyligini bugungi O'zbekiston misolida yaqqol ko'rish mumkin. Mamlakatimizning istiqlol yillarida shakllangan va keyingi yillarda yangi ijtimoiy ma'no-mohiyat kasb etgan siyo­satida xalqimizning asrlar sinovidan o'tgan hayotiy tajribalari, ulug' allomalarning davlat va raiyatni boshqarish xususidagi ko'rsatmalari, xususan, Sohibqiron Amir Temur o'gitlariga amal qilish mavjudligi seziladi. Shavkat Mirziyoyevning Prezidentlik fao­liyati xalqni tinglashdan boshlandi.

Dunyo rivojining bugungi shiddati shundayki, tadbirkorlik, ishbilarmonlikka keng yo'l ochmay, innovatsion g'oyalar va texnolo­giyalardan unumli foydalanmay turib, ko'zlangan yuksak marralarga yetish qiyin. Shu boisdan ham mamlakat iqtisodiyotini liberallashtirish, ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirish, ta'lim-tarbiya asoslarini yangilash, yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini yo'lga qo'yish keyingi yillarda davlat siyosatining, aytish mumkinki, hal qiluvchi yo'nalishlari etib belgilandi. Maktabgacha ta'lim, innovatsion rivojlanishga alohida e'tibor qaratilishi milliy taraqqiyotning yangi bosqichiga o'tishda lokomotiv rolini bajara boshladi.

Fikr jamiyatni rivojlanishda, harakatda, sog'lom holatda ushlab turadi. Fikr fikrdan unadi. Fikrlar xilma-xilligi hayo­timizni taraqqiyot sari yo'naltiradi. Fikrsizlik dunyoning katta bir qismini tit­ratib turgan sho'rolar saltanatini inqiroz­­ga olib keldi.

Fikr rivojiga nima turtki beradi? Jamiyat hayotidagi umumiy erkinlik, fikrlar xilma-xilligi, tanqidga to'g'ri munosabat, albatta. Matbuotda qiyosiy tahlillar, achchiq, ammo o'rinli tanqid, e'tiborga molik takliflar qancha ko'p bo'lsa, haqiqatni ang­lash, muammolarning adolatli yechimlarini topish imkoniyati shuncha oshadi. O'z-o'ziga tanqidiy munosabatda bo'lgan, boshqalarga emas, eng avvalo, o'ziga, vijdoniga hisobot berishga odatlangan, o'z hisobotidan birinchi galda o'zi qoniqish hosil qiladigan jamiyat hech qachon kam bo'lmagan va bo'lmaydi ham.

Dunyo favqulodda shiddat bilan o'zgarib borayotgan bugungi vaziyatda inson va uning hayo­­ti, ona zaminning taqdiri, suv va havo, kelajak nasllar rizqi bilan bog'liq o'ta murakkab muammolar ham yuzaga kelmoqda. Bu muammolar bir millat yoki bir mamlakatga emas, jami insoniyatga taalluqli ekan, yechim yo'llarini birgalashib, aql-idrok va yaxshi qo'shnichilik tafakkuri bilan qidirishdek qadim sharqona odob zarur bo'ladi.

Bugun dunyo xaritasidagina emas, uning ijtimoiy-ma'naviy qiyofasida ham jiddiy o'zgarishlar yuz bermoqda. Ilm-fan taraq­qiyoti natijalari to'la-to'kis inson farog'ati uchun xizmat qilmoqda, deb aytish qiyin. G'arb mamlakatlarida yirik sanoat korxonalari ishchilarini zamonaviy robotlar bilan almashtirish rejalari amalga oshirilayotgani ko'pchilikka ma'lum. O'zbekistonning yangi siyosatida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan bu yorug' olamning mangu haqiqati, fusunkor falsafasi mujassam tamoyil ustuvorlik qilmoqda. Odamlar davlat idoralari uchun emas, davlat idoralari odamlar uchun ishlashi kerak, degan da'vat jamiyat a'zolarining qon tomirlariga yangicha kuch-quvvat, jo'shqinlik baxsh etdi.

Istiqlol yillarida kechgan umrimizga tanqidiy ko'z tashlab, xato-kamchiliklarni tahlildan o'tkazib, xalqimizning salo­hiyati va imkoniyatlarini chamalab, g'ayrat-shijoatga to'la yoshlarimizni ruhlantirib, yangi harakatlar strategiyasini qabul qilganimiz, xalqni tinglash, uning ichida bo'lish, muammolarini hal qilish davlat idoralarining birlamchi vazifasiga aylangani O'zbekistonda yangi uyg'onish fasli kurtak yozayotgani, meva tugayotganidan dalolatdir. Dunyoning jug'rofiy jihatdan bir-biriga tutashib ketgan necha-necha davlatlarida diniy va irqiy mojarolar avj olib turgan bir paytda Prezidentimizning: “O'zbekiston o'zaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qo'shnichilikni mustahkamlashning qat'iy tarafdoridir. Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech istisnosiz barcha masalalar bo'yicha oqilona murosa asosida hamkorlik qilishga tayyormiz”, degan so'zlari va bu niyatning bosqichma-bosqich amalga oshayotgani ko'plarning havasini keltirmoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar Al-Husayn mamlakatimizga tashriflari chog'ida bu siyo­satning samaralarini o'z ko'zlari bilan ko'rishdi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar O'zbekistonda yuksak maqomga ega ekanligiga ishonch hosil qilishdi. Samarqandda o'tkazilgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo'lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro anjuman mamlakatimizning yangi xalqchil yo'li, inson omiliga bo'lgan yuksak e'tiborni dunyo­­ga namoyon etdi.

Bir vaqtlar Yaponiyaning sobiq bosh vaziri, taniqli iqtisodchi Tanaka: “Alloh yaratgan yerosti va yerusti boyliklaridan kimning foydalanishi emas, ularning hazrati Insonga xizmat qilishi muhim”, degan edi. O'zbekistonning yaxshi qo'shnichilik siyosati zamirida ayni shu teran ma'no mavjud.

Xurram RAHIMOV,

O'zbekiston davlat Jahon tillari

universiteti professori,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

6 − one =