Qo'lyozmalar xazinasidagi dur

Ota-bobolarimizdan qolgan ulkan ilmiy merosni chuqur o'rganish XXI asr boshidan keng ko'lamda davom etdi. Ana shunday ilmiy meros qoldirgan ulug'lardan biri Bositxon ibn Zohidxon Shoshiy bo'lib, ular ham mohir tabib, ham shoir, ham mohir tarjimon, ham xattot, ham rassom Toshkent shahri “Sebzor” mahallasida ko'pchilikka tanish bo'lgan, tabiblikda nom chiqargan otasi Zohidxon hakim ibn Muhammad Sodiqxon oilasida 1878 yilda   yoki bugundan 145 yil avval tavallud topadi va  81 yil umr ko'rib, 1959 yilda Toshkentda vafot etadi…

Hajm jihatidan kichik bo'lgan bu maqolamizda buyuk insonning ijodi haqida qisman to'xtalishni lozim top­dik. Ular ijodiga xayrli yo'l ochgan katta asarlari bo'lmish “Qonuni Bositiy yoki Qonun al-mabsut” (1-jild bo'lib, o'zbekcha nomi “Kengaytirilgan qonun kitobi”) 1942 yili va “Farhang al-mabsut yoki istilohot ul-atibbo fi-intifoot il-ahibbo” (2-jild bo'lib, uning nomi “Do'stlarning foydalanishlari uchun tuzilgan tibbiy istilohlar lug'ati”) kitoblari eski o'zbek adabiy tilida  yozilgan bo'lib, ulardan birinchisi 1942 yili, ikkinchi kitob esa 1944 yili  yozib tugatiladi. Bu kitoblar eski o'zbek tilida nashr qilinadi. Ilm ahllarining iltimosi bilan hozirgi o'zbek tiliga o'giriladi va undagi uslub qisman saqlanib qolganini hamda kitob so'ngida lug'at ilova qilinganini taniqli tarixchi olim Mahmud Hasaniy aytib o'tadi. Uchala kitobning  hajmi 125 bosma taboqdan ortiqroq.

Bositxon tabib nomi bilan mashhur bo'lgan arab va fors tillarini mukammal bilgan bu alloma shaxsiy kitobxonasida mavjud bo'lgan arab va fors tilida yozilgan kitoblardan foydalangan holda to'rtinchi kitobini yoza boshlaydi. O'zbekiston FAning buyurtmasi bilan 1950 yilda  qo'lyozma tayyor bo'ladi va unga “Favoid ul-adviya va mavoid ul-ag'ziya” nomi berilib, bunda muallif dorilarning foydalari va ovqatlar dasturxonining manfaatlari haqidagi fikrlarini bayon etadi. Kitob eski o'zbek adabiy tilida  yozilgan bo'lib, o'quvchilar tushunishi uchun kitob oxirida lug'at ham berilgan. Kitob 2004 yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida  2 ming nusxada chop etiladi.

Yuqorida aytilganidek, Bositxon ibn Zohidxon Shoshiy shoirlik ham qilib, Hariqiy imzosi bilan g'azallar ijod qilgan va “Devoni Hariqiy” kitobi nashr etilgan.  Kitob  “Fan va texnoIogiya” nashriyotida 2009 yilda chop etilgan.

Allomaning “Qonuni Bositiy” (“Davo tadbirlari”) kitobi esa o'zbek tilida yozilgan bo'lib, u “Turon Zamin Ziyo” nashriyotida 2011 yilda 1000 nusxada chop etildi.

“Amali handasa” (“Geometriya amallari”) kitobi esa 1916 yillar atrofida yozilgan bo'lib, u eski o'zbek tilidan hozirgi o'zbek tiliga aylantirilgan holda 2012 yili “O`qituvchi” nashriyotida kam adadda – 500 nusxada chop qilindi.

Bositxon ibn Zohidxon Shoshiyning “Misbohul anvar” (“Nurlar chirog'i”), “Manbaul maorif” (“Bilimlar manbai”), “Muqaddimai ilmi faroiz” (“Faroiz faniga kirish”) tarjima asarlari eski o'zbek tilidan hozirgi o'zbek tiliga o'girilib, 2016 yilda 1000 nusxada G'afur G'ulom  nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi nashriyotida chop etildi.

Xullasi kalom, bu alloma hayoti davomida o'zi aytganidek, 13 dona kitob yozgan, shulardan 8 tasi o'z vaqtida chop etilgan. Beshtasi esa keyin chop etilgan. “Asomiy ul-amroz va-la- adviya” (“Kasalliklar va dorilarning nomlari”) tabibning sog'ligi yomonlashuvi va vafoti sababli tugallanmay qoladi. Lekin Bositxon ibn Zohidxon Shoshiy sermahsul ijodkor bo'lgan edi.

O'zbek kitobxoniga bu ijodkorni tanishtirgan qalam ahli haqida ham, albatta, ko'plar rahmatlar aytib, ularning nomlarini faxr bilan eslash savobli ishdir.  O'zbekiston olimlari M.Xayrullayev, A.Usmonxo'jayev, S.Karimova, Mahkam Mahmud, R.Xudoyberganov, Z.Islomov, A.Habibullayev, M.Razzoqova, B.Abduhalimov, Shayx Abdulaziz Mansur, Najmiddin Komilov va allomaning nevaralari Tohirjon Shokirjonovich  buvalari bo'lmish Bositxon ibn Zohidxon Shoshiy nomini xalqqa tanishtirishda ko'rsatgan fidoyilik­lari tahsinga sazovor bo'ldi.

Ulug' olim va ijodkorning kitob­lari nashrida o'ta fidoyilik ko'rsatgan yana ikki jasoratli kishini alohida aytib o'tish lozim. Birinchisi, tarixchi olim, tarix fanlari doktori Mahmud Hasaniy domlaga katta rahmatlar aytib, do's­timiz, allomaning nevarasi — kitoblarning chop etilishida moliyaviy yordami uchun Tohir Shokirjonovich Bositxonovga (qabri nurli bo'lsin)  alohida bosh egib duolar qilamiz.

O'zbek xalqi ichida hassos olimlarimiz, iqtidorli yoshlar bor ekan, yaqin kelajakda  O'zbekiston Respublikasi FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining Qo'lyozmalar xazinasida saqlanayotgan 60 mingdan ortiq qo'l­yozmalar jasoratli olimlarimiz tomonidan o'rganilishiga va ular kitob shaklida xalqimizga yetkazilishiga umidvormiz.

To'lqin MUHIDDIN,

yozuvchi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

9 + 10 =