Muqaddasdir Vatan bayrog'i!

Mana 32 yildirki, 18 noyabr Mustaqilligimiz ramzlaridan biri bo'lgan O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i qabul qilingan kun milliy iftixorimiz sifatida katta tantana bilan nishonlanadi.

Millat bayrog'i – muqaddas. Unda ajdodlar orzu-armoni aks etadi. Shuningdek, xalqimizning buguni, o'lmas xotirasi, iymon-e'tiqodi, kelajakka bo'lgan komil ishonchi jilolanadi.

Sana munosabati bilan poytaxtimizdagi Yakkasaroy tumani 249-sonli “Majnuntol” nomli MTTda “Muqaddasdir Vatan bayrog'i!” shiori ostida bayram tadbiri o'tkazildi. 

Bayram tadbiri Davlatimiz madhiyasi bilan boshlandi.

— Davlat bayrog'i – davlat ramzi hisoblanib, u yer yuzining turli sarhadlarida mustaqil O'zbekiston davlati borligini anglatadi va o'zida milliy-madaniy an'analarimizni mujassamlashtiradi. Vatanimiz bayrog'i bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, tinchliksevarlikni, beg'uborlik va soflikni, orzular tozaligi va ichki go'zallikka intiluvchanlikni, navqironlik va umidlilikni, tabiat bilan uyg'un yangilanib borishni bildiradi, — dedi bog'cha mudirasi Sevara Ahmedjanova.

Tadbirda bolajonlar tomonidan milliy ramzimizni ulug'lovchi, baxt­­li bolalik, ona Vatanni madh etuvchi she'r va qo'shiqlar kuylandi. Ertak qahramonlari ishtirokida obrazli o'yinlar hamda turli xil arg'imchoqlar, qiziqarli tomoshalar tashkil etildi. Shuningdek, turli sport musobaqalari, rasmlar ko'rgazmasi, tashkilot pedagoglari va tarbiyalanuvchilarning musiqiy chiqishlari, animatsion sahna ko'rinishlari yig'ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Chindan ham, mustaqil davlatimiz bayrog'i tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorug' kelajagimizga bo'lgan ishonchimiz timsolidir. Davlat ramzlarining muqaddasligini, ular bizga yurt manfaati har nedan ustunligini anglatib, eslatib turishini har birimiz yodda tutishimiz shart.

– Bola tarbiyasi – nozik masala. Bu sohada ishlaydiganlar uchun esa eng muhimi sog'lom muhitdir. Hozirda bog'chamizda 290 nafar tar­biyalanuvchi 6 ta o'zbek guruhi, 6 ta rus guruhida tarbiyalanmoqda. Ularni yurtga foydasi tegadigan, porloq kelajakka erisha oladigan qilib tarbiyalashda esa barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, xizmat qilyapmiz. Bu bolalar kelajakda xalqimiz faxrlanadigan insonlarga aylansa, elimiz koriga yaraydigan bo'lib ulg'ayishsa, bu, albatta, barchamizning katta yutug'imiz bo'ladi, – deydi mazkur bog'chada 35 yildan buyon tarbiyachi bo'lib ishlayotgan Umida Burhanova.

Kuy va qo'shiqlar ostida davom etgan tadbir bolajonlarga ko'tarinkilik bag'ishladi.

Islom EGAMBERDI o'g'li.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × four =