NAJOT KO'NGLINGDADIR…

O'tkir RAHMAT
Dunyoga nazar sol…
Taloto'p aro
Dam kulga do'nmoqda, dam yonmoqda u.
Kunlari tunlarga aylanib qaro
Og'riqlar ichida to'lg'onmoqda u.
Dunyoga nazar sol…
Urchib adovat,
Kimningdir zulm-la bitmi tuzildi.
Bedor ko'ngillarga cho'kdi halovat,
Tap tortmas umidlar safi uzildi.
Dunyoga nazar sol…
Qo'llarida g'ul,
Orziqqan yuragi ozorga tushdi.
Yorug' kunlaridan uzilib butkul,
Balki, sendaylar deb shu holga tushdi.
O'yingda charx urar nedir, bilmas tin,
Bir yoningda nopok,
Bir yon g'alamis.
Bizni o'zing bilan safdosh bilmagin,
Biz sen bilan boshqa-boshqa yo'ldamiz.
* * *
Xayrli ishlarga shoshmaysan endi,
Ezgulik nuriga chulg'anolmaysan,
Nahot ko'zlaringni ochmaysan endi,
G'aflat uyqusidan uyg'onolmaysan?
Uchib qo'nasan bu shoxga u shoxdan,
Nahot uyalmaysan
sen ushbu tobda –
Bepisand, beparvo yashay olmoqdan
Ajdodlardan qolgan Ona tuproqda.
Hamonki qadding tik,
Boshing ham mag'rur,
Oshingga birovlar sololmaydi chang.
Bemanzil yashashdan qo'rqmaysan bir qur,
Bemaqsad yashaysan agar istasang.
Yig'lasang xotirjam, kulsang xotirjam
Yashaysan, bilmaysan ne qalb nolishi.
Qiziqtirmas axir seni zarra ham
Sendan avlodlarga nima qolishi…
Dunyoga nazar sol…
Qara qay kimsa,
Birovlar haqqini yurar o'marib.
U faqat yashasa, kunini ko'rsa,
Nega sen haq so'zni aytmaysan borib?
Kimlardir erta-kech chekadi zahmat,
Bir burda nonini yeydi halollab.
Beparvo, beg'amsan, senda yo'q himmat,
Mazlumlar dardini ko'rmaysan o'ylab.
Dunyoga nazar sol…
Har istakni pul
Nahotki amalga oshirsa zimdan?
Halollik, adolat chidamas butkul,
Bir sado chiqmaydi nega o'zingdan?
Yo'l topib qay kimsa bo'lgan amaldor,
Kuni ham o'tadi bamisli boydek.
Kecha mirob edi, bugun do'kondor,
Sharqirab ko'pirar go'yoki soydek…
Dunyoga nazar sol…
Nega o'yin ko'p,
Bir-birin aldagan to'p urarlarday?
Qo'shig'i turfa xil, kuylari ham ko'p,
Sahnada o'zgarmay kun ko'rarlarday.
Qishlog'u ovuldan kelar ovozlar,
Tafakkur olami sabza urganday.
Hali chalinmagan g'uborsiz sozlar,
Yo'l topmay panada kutib turganday.
Kim borar ularni chin dildan istab,
Ularning boshini silovchi bormi?
Kim borar ularni ufqqa boshlab,
Dunyoda baxtiyor qilguvchi bormi?
Dunyoga nazar sol…
G'ala-g'ovurdan
O'zligin yo'qotgan, dimog'i osmon.
Oyog'i uzilib xorijda yurgan,
Ular ham bandadir, ular ham inson.
Ona yurt tuprog'i muqaddas, aziz,
Kun kelib sog'inchi qiynaydi axir.
Umr ham o'tajak shamoldayin tez,
Nelarga duch qilmas bir kuni taqdir.
Begona o'lkada tortgandan azob
Bag'ringni qilgandan ko'ra yuz bor xun,
O'z tuprog'ing, kelgin, aylagin tavof,
Shu yerda g'am chekkin, shu yerda suyun.
Umidingni sochib yana yellarga,
Turfa tomonlarga ucharsan endi.
Bir hovuch don istab o'zga ellarda
Nahotki tuzoqqa tusharsan endi?
Nahotki dilingda birorta so'z yo'q,
Afsusu nadomat chekmaysan hatto.
Nimadan, bilmadim, axir ko'ngling to'q,
Nega sen befarqsan, sendan yo'q sado…
Dunyoga nazar sol…
Fidoyi ham bor,
Tong bilan uyg'onib, shomni kuzatar.
Har ishning ko'zini bilguvchi sarkor,
Qadami yetgan joy guldir muattar.
Qara, binolarning cho'zganini bo'y,
Yulduzlar sochilgan oqshom boshida.
G'ururlan, faxrlan, chiroyidan to'y,
Go'zallik mujassam uning yoshida.
Bolalar shodligi go'yo bir jahon,
Yoniq nigohida kulgi beg'ubor.
Ularning boridan kelajak omon,
Bu zamin ertasi yorug', baxti bor!
Havasu hayratda hatto tabiat,
Bu bog'lar namoyish etadi ko'rkin
Ekilgan nihollar o'smoqda behad,
Maysalar tebranib yayraydi erkin.
Dunyoga nazar sol…
Olchoqlar qancha,
Birovlar rizqini yuribdi qiyib.
Balolar yog'dirib, tashvish solgancha
Aybsizni ayblar qiynoqqa qo'yib.
O, ular qurdirgan saroylar sonsiz,
O'zgalar haqqidan ko'krak kerganlar.
Ular-ku vijdonsiz, g'urur, imonsiz,
Ularni aytarlar: Xudo urganlar…
Qay biri majruhu, qay biri mayib,
Orom yo'q kechasi uyqularida.
O'zining yog'iga o'zi qovrulib,
Fayzu baraka yo'q hech uylarida…
So'rasang, bu qing'ir yo'llar men emas,
Shaytonu lainning qilmishi deydi.
Osuda yashashga qo'ymas bir nafas,
Odamning g'o'r nafsi odamni yeydi.
Bu dunyo atalmish o'ynoq qayiqda
Kim talovchi, kimdir ezgulikka ko'rk.
Seni alqaguvchi yotdan hayiqma,
Asli ichingdagi dushmaningdan qo'rq.
Zamondosh!
O'ylab boq!
Axir bor najot —
Gar bilmoq istasang, bir zum ko'z tashla.
Qizingga dars bersin nomusu sabot,
O'g'lingni ezgulik, ilmga boshla.
Unutma!
Bugundan go'zal saboq ol,
Aslida ravonmas, past-baland hayot,
Yaxshilikka yo'ldosh qalbga quloq sol,
Najot ko'nglingdadir,
ko'nglingda najot!