MA’RIFATGA INTILGAN ZOT

Istiqlol yillarida mamlakatimizda milliy va ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash, ayniqsa, ulug‘ ajdodlarimiz nomlarini xalqqa tanishtirish borasida ibratli va salmoqli ishlar amalga oshirildi. Zotan, dunyo ilm-fani, madaniyati va ma’naviyati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan vatandosh allomalarimizning qimmatli meroslarini o‘rganish, ularni kelajak avlodlarga yetkazish bizlar uchun ham qarz, ham farzdir. O‘tmishda qadim Termiz tuprog‘idan ham ko‘plab allomalar yetishib chiqqan bo‘lib, shulardan biri Al-Hakim At-Termiziydir.

 

U zotning to‘liq ismlari Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn al-Hasan ibn Bashir ibn Horun al-Hakim at-Termiziy, deb ataladi. Ulug‘ bobomizni Alisher Navoiy hazratlari shariat va tariqatda “mashoyixi kibor”(ulug‘ shayx) va tasavvuf ilmida “durri yatim(yagona dur) deb ataganlari bejiz emas. Olim hayoti hamda faoliyatiga oid ma’lumotlar ko‘pgina arab mualliflarining asarlarida, qolaversa, o‘zining “Bad’v sha’ni Abu Abdulloh” (“Abu Abulloh ishining boshlanishi”) nomli tarjimai holi yozilgan risolasida mufassal bayon etilgan. 

Termiziyning hayoti va ta’limotini chuqur o‘rgangan misrlik olim Abdulfattoh Abdulloh Baraka al-Hakim allomaning hijriy 205 (melodiy 820) yilda Termiz shahrida tavallud topib, hijriy 320 (melodiy 932) yilda 112 yoshida vafot etgani haqida ma’lumot beradi. Al-Hakim at-Termiziyning o‘zi yozishicha, u ilm-ma’rifat qadrlanadigan muhitda voyaga yetgan. Yoshlik yillarida al-Hakim at-Termiziy ikki o‘rtog‘i bilan o‘sha paytda butun Sharqda ilmu ma’rifatning yirik o‘choqlaridan biri sanalgan Bag‘dodga borib ilm olishni niyat qilganda birdan onasi betob bo‘lib qoladi va unga: “Ey o‘g‘lim, men bir mushtipar, zaifa ayol bo‘lsam, menga sendan boshqa yordam beradigan kimsa bo‘lmasa, sen meni kimga tashlab ketmoqchisan?” — deb unga iltijo qiladi. Onaizorning bu so‘zlari bo‘lajak olimni ilm talabidagi ushbu safaridan voz kechishga majbur etadi. Uning do‘stlari esa Bag‘dodga qarab jo‘naydilar. Bu voqeadan ancha vaqtlar o‘tganda alloma g‘oyatda afsuslanib, bir xilvat joyda yig‘lab, Bag‘dodga borolmagani uchun xafa bo‘lib turganida yuzlaridan nur yog‘ilib turgan bir shayx uning yonida paydo bo‘lib, yig‘i sababini so‘raydi. Al-Hakim unga yuz bergan voqeani birma-bir aytib beradi. Shunda shayx: Istasang, men senga har kuni turli ilmlardan saboq berib, seni o‘qitaman, deydi. Al-Hakim bunga rozi bo‘lib, saboq ola boshlaydi. Tahsil bir necha yillar mobaynida davom etadi. Oxir-oqibatda ma’lum bo‘ladiki, bu zot Xizr alayhissalom ekanlar. Allomaning bunday ulug‘ marhamatga erishishi volidasining barokotidan bo‘lgan edi. 

Al-Hakim at-Termiziyning ilmiy merosi ancha salmoqli. Amerikalik sharqshunos olim N.Xer Hakim at-Termiziyning 55 ta asari nomi va ular saqlanayotgan joylar haqida ma’lumotni keltiradi. At-Termiziyning muhim asarlaridan biri Payg‘ambar alayhissalom hadislariga bag‘ishlangan “Navodir al-usul fi ma’rifat axbor ar-Rasul” (“Rasululloh xabarlarini bilishda nodir usullar”) nomli risola hisoblanadi. Allomaning keyingi yillarda nashr etilgan asarlaridan tasavvufga oid ikki asarini ko‘rsatish mumkin. Ulardan biri “Kitob haqiyqat al-odamiyya” (“Insoniyat haqiqati to‘g‘risida kitob”) va ikkinchisi “Adab un-nafs” (“Nafs odobi”) nomli asaridir. Ta’kidlash kerakki, at-Termiziy asarlarining aksar qismi qo‘lyozma holida Parij, Qohira, Istambul va Londondagi mashhur qo‘lyozmalar xazinalarida saqlanadi. 

Al-Hakim at-Termiziyning al-Hakim laqabi bilan atalishi olimu-ulamolarni azaldan qiziqtirib kelgan va bu borada turlicha mulohazalar aytilgan. Hakim so‘zining lug‘aviy ma’nosi dono, donishmand, aql-idrokli, faylasuf, shuningdek, tabib, shifokor tushunchalarini anglatadi. Shu sababli ba’zi olimlar uni hatto mohir tabib deb ham atashgan.

Al-Hakim at-Termiziy o‘z asarlarida haqiqatga yetishishda ilm va aqldan boshqa yana bir uchinchi, ilohiy bir, narsa – valiylik ham bor, degan fikrni ilgari suradi. Hakim, uning e’tiqodicha, valiyning bir xilidir. Valiy kishi haqiqatga faqat chuqur ilm va katta aql-idrok bilan emas, balki Alloh taolo unga ato qilgan ilohiy kuch vositasida erishadi, binobarin, uni tugal aql va chuqur ilm bilan siylagan ham Allohning o‘zidir. Al-Hakim at-Termiziy “hakim” maqomiga erishgan shaxsning jamiyat ijtimoiy hayotidagi o‘rni haqida yozib, u millatning diniy-ma’naviy sohadagi faylasufi, muomalat masalalaridagi qozisi, namoz va ibodatlarida ularning imomi hamda ularni tinchlik, xotirjamlik, baxt-saodat va farovon turmushga boshlovchi valiysi bo‘lishini ta’kidlaydi.

Alloma insonning bilishida uning ruhiyati, aqli va qalbi qanday rol o‘ynashi haqidagi qarashlari keyinchalik tasavvuf ahlining tafakkuriga katta ta’sir ko‘rsatdi. Agar ilmga o‘qish, o‘rganish jarayonlari orqali erishilsa, ma’rifatni esa Alloh taolo o‘zi suygan, tanlagan bandalarigagina marhamat qiladi. Ilmni hayotga tatbiq qilish zamoni va maydoni (hududi) bir qadar chegaralangan bo‘lsa, ma’rifatning esa cheki-chegarasi bo‘lmaydi. Ruhiyati barcha dunyoviy, nafsoniy moyilliklardan pokiza, butun niyati-yu, fikri-zikri bilan Allohga tavajjuh qilgan insonlargagina ma’rifat nasib etadi. Olim o‘zining “Masoil at-ta’bir” asarida ilm haqidagi fikrni rivojlantirib shunday deydi:”Kimki bilimni saxovatidan bahra olishga sazovor bo‘lsa, ul Allohga yaqin kishidir. Ilm tanholikda do‘st, zero, ilm odamlarga hamisha sherikdir. U har qanday sharoitda yo‘lchi yulduz, do‘stlar davrasida bezak, bilim jannatga eltuvchi rahnamodir”. Bir so‘z bilan aytganda, alloma diniy va dunyoviy ilmlardan chuqur bilimga ega bo‘lgan. 

Mustaqillik yillarida alloma yaratgan asarlarni arab va fors tillaridan o‘zbek tiliga tarjima qilish, ularning davrimizgacha yetib kelgan asarlari, qo‘lyozmalarining fihristi (katalogi)ni tuzish borasida salmoqli ishlar qilindi. Jumladan, Al-Hakim At-Termiziyning “Haj va uning sirlari” (Al-Hajj va asroruhu) nomli asarini arab tilidan tarjimasi, ilmiy izohlari, ko‘rsatkichlari bilan nashr etildi. Shuningdek, hazratning “Inson odobi” (Adab an-nafs), “Badv ash sha’n Abu Abdulloh”, “Manozil ul ibod min al-iboda”, “Navodir al-usul” risolalari chop etildi. 

U zotning maqbarasi Termiz shahri yaqinida, Amudaryo bo‘yida joylashgan. Alohida ta’kidlash kerakki, istiqlol sharofati bilan ushbu inshootni tubdan qayta ta’mirlash, va obod qilish borasida katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ayni kunda muhtasham va salobatli yodgorliklardan biri bo‘lgan ushbu majmua barcha yurtdoshlarimiz va chet ellik mehmonlar uchun tabarruk qadamjoga aylandi.

 

Abdumajid AZIMOV

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × three =