Qadimiy Mingtepadagi ziyo maskani

Olamshumul shon-shuhrat topgan ulug' ajdodlarimiz ilm-ma'rifat yo'lidagi tinimsiz sa'y-harakatlari, mashaqqatu izlanishlari natijasida maqsadga erishganlar.

Sog'lom oilaviy muhit tufayli ulug' hamyurtimiz, Islom olamining yirik mutafakkiri Imom al-Buxoriy besh-olti yoshidan islomiy ilmlarni, hadislarni o'rganishga kirishgan bo'lsa, o'n olti yoshgacha o'z yurtidagi roviylardan birorta ham hadisni qoldirmasdan o'rgangan. Shundan so'nggina safarga otlanib, Makka, Madinadan tashqari o'ndan ortiq shaharlarda hadislarni to'plab, yozib oldi, natijada hadis ilmining sultoni darajasiga yetdi. Ulug' shoir Alisher Navoiy to'rt yoshida Farididdin Attorning “Mantiqut tayr” kitobini, yetti yoshida al-Buxoriy to'plagan olti mingdan ziyod hadisi shariflarni, o'smirlik chog'ida ellik ming bayt­dan ortiq she'rlarni yod bildi. O'n olti adabiy janrda barakali va samarali ijod qilgan mutafakkir shoir, g'azal mulkining sultoni bo'ldi. Qolaversa, madrasayu kutubxonalar, maktablar ochgan ma'rifatparvar bobolar nomini misol qilib keltirish mumkin.

Inson farovonlikda yashashi uchun faqat mehnat qilishning o'zi yetarli emas. Ma'naviy kamolotga ma'rifat yetkazadi, yaratuvchilik, bunyodkorlik, to'kin hayot, muvaffaqiyat, yuksak marralarga ham ilm ortidan erishiladi.

Yoshlar chin vatanparvar bo'lishi uchun ham eng avvalo, ularni kitobga muhabbatli, ilmu ma'rifatli qilib ulg'aytirishimiz lozim.

Respublikamizda, jumladan, Andijonda ham zamonaviy kutubxonalar yildan-yilga ko'payib bormoqda. Andijon shahrida joylashgan, yuz yildan ziyod tarixga ega Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi kutubxona yaqin yillarda katta mablag'lar evaziga ta'mirdan chiqarilib, eng zamonaviy ziyo maskanlaridan biriga aylantirildi. Shuningdek, Andijon shahrining Cho'lpon bog'i hududida ko'zi ojizlar kutubxonasi tubdan yangi qad rostlagan zamonaviy, keng va yorug' binoda faoliyat yuritmoqda. “Bog'i Bobur”da Bobur va boburiylar tarixiga oid kutubxona-muzey zamonaviy va milliy uslubdagi ko'rkam binoda faoliyat ko'rsatmoqda. Bu hududni Prezidentimiz tashabbusi bilan yangi loyiha asosida dunyo boburshunoslari, chet ellik sayyohlar uchun gavjum tarixiy maskanga aylantirish bo'yicha sa'y­-harakatlar boshlangan.

Bugungi kunda yurtimizda xalq kutubxonalari soni ham ortib borayotgani, kitobxon yoshlar ko'payayotgani quvonchli, albatta. Inson qalbidagi eng go'zal tuyg'ular, chin insoniy fazilatlar betakror badiiy asarlar, kitoblar mutolaasi orqali shakllanadi. Ezgu maqsadlar, yuksak marralar ham kitobxonlik, ma'rifatlilik ortidan qo'lga kiritiladi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda kitobxonlikni rivojlantirish, yosh avlodning kitobga bo'lgan muhabbatini yuksaltirish bo'yicha muhim hujjatlar imzoladi. Keyingi yillarda adabiyot ahliga, ma'naviyatga alohida e'tibor qaratilmoqda. O'z o'rnida bu e'tibor xalqning oldingi safida yuruvchi, ortidan xalqni ergashtira oluvchi adiblar zimmasiga zalvorli vazifa va mas'­uliyat ham yuklaydi.

Uchinchi Renessans poydevorini qo'yish, insoniyatga ulug' daholarni bergan xalqimiz ichidan yangi uyg'onish davrining yirik vakillari yetishib chiqishi uchun ham aynan ziyoli qatlam zimmasida ulkan vazifalar turibdi.

Respublikamiz Prezidenti 2023 yil 22 dekabr­­­da “Ma'naviyat va ma'rifat” kengashining kengaytirilgan yig'ilishida tilga olgan bugungi kun jadidlaridan biri, tashabbuskor inson, Andijon viloyatining Marhamat tumanida yashovchi tadbirkor Qobiljon Obidov avval turli yo'nalishlarda, xalqimizning sog'lom turmush tarzini yaratish, iqtisodiy taraqqiyot borasida o'z loyihalarini amalga oshirib, xalqning hurmatiga sazovor bo'lgan bo'lsa, keyingi yillarda ma'naviyat sohasida yangi tashabbuslarni ilgari surdi. 2020 yilda Marhamat shahrida zamonaviy muhtasham kutubxona hamda shaxmat maktabi qurdi. Viloyatning qo'shni davlatga chegaradosh hududida bunyod etilgan ushbu ziyo mas­­­­­­k­an­­­­lari betakror zamonaviy arxitekturasi, o'z oldiga qo'ygan maqsadi bilan ajralib turadi. Baland va yorug' zallarga ega kutubxona uch qavatdan iborat bo'lib, dunyoning mashhur kutubxonalari kabi o'ziga xos dizaynda joylashtirilgan boy kitob­lar fondiga egaligi, kitobxonlarga xizmat ko'rsatishning qulay va zamonaviy uslubi jihatidan vodiyda yagona xalq kutubxonasi, deyish mumkin.

Kutubxonaning ta'rifi yurtimizning barcha hududlariga, qo'shni davlatlarga ham yoyilgan. Viloyatimiz mehmonlari ushbu ziyo maskanini ko'rib, uning faoliyatini o'rganishga qiziqadilar.

Prezidentimiz Andijon viloyatiga tashrifi chog'ida ushbu kutubxona va shaxmat maktabi faoliyati bilan tanishdi. Darsdan bo'sh vaqtlarida tajribali murabbiylardan saboq olayotgan shaxmat maktabi o'quvchilarining intilishlarini qo'llab-quvvatlab, boshqa shaxmat maktablari bilan tajriba almashib borish muhimligiga e'tibor qaratdi. “Yoshlar kutubxonasi”da esa viloyatning faol yoshlari vakillari bilan muloqot qildi.

— Davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda dastlab biroz hayajonlandim, — dedi Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabining ijodkor o'quvchisi Marjona Umarova. — Keyin esa samimiy muloqot, otalarcha g'amxo'rlik bilan yoshlarning fikr­larini qo'llab-quvvatlashlarini ko'rib, o'zimga ishonch va yangi orzu-maqsadlar paydo bo'ldi. Demak, biz nimaga intilsak bilimimiz, izlanishlarimiz orqali, albatta, maqsadimizga yetishimiz mumkin, biz, yoshlar bu imkoniyatni qo'ldan bermasak bas. Ayni vaqtda sakkiz yuz mingga yaqin yoshlarga chet tillarini bepul o'rgatayotgan “Ibrat farzandlari” loyihasi rahbari Rustam Qoriyev natijalar va istiqboldagi rejalar haqida so'zlaganda, Prezidentimizning: “Meni ham hayajon bosadigan payt bor ekan”, deganlari barcha uchrashuv qatnashchilarining kayfiyatini yanada ko'tardi.

Yoshlar kutubxonasida o'ttiz mingdan ziyod kitob­lar mavjud. Ziyo maskani olti oy davomida taniqli olimlar, mutaxassislar tavsiyalari bilan shakllangan ro'yxat asosida mumtoz, zamonaviy o'zbek adabiyoti namunalari, jadid bobolar merosi, jahon adabiyotining taniqli vakillari kitoblari bilan boyitilgan. Bundan tashqari, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston milliy kutubxonasining to'rt yuz ming nusxa elektron kitoblaridan ushbu kutubxonaning o'zida foydalanish imkoniyati mavjud.

Kutubxona turli yoshli yurtdoshlarimizga xizmat ko'rsatishni o'z oldiga maqsad qilgan bo'lib, bir vaqtda jami 250 nafardan ziyod kitobxonga xizmat qilishga mo'ljallangan. Bolalardan tortib, keksa yoshdagi kitobxonlar uchun ham alohida mutolaa xonalari tashkil etilgan.

Kutubxonada O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi viloyat bo'limlari, viloyat xalq ta'limi boshqarmasi, Marhamat tumani hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar o'tkazilib turiladi.

Kutubxona vazirliklar bilan ham hamkorlikni yo'lga qo'ygan. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi besh yuzta, O'zbekiston mudofaa vazirligi to'rt yuzta badiiy adabiyotlar, Oliy ta'lim, fan va innovatsiya vazirligi to'rt yuzdan ortiq elektron kitoblar bilan kutubxona fondini boyitishga hissa qo'shdi. Kelgusida uyushma tomonidan nashr etilgan yangi kitoblardan kutubxonaga yetkazib berish rejalashtirildi.

Fidoyi yurtdoshimiz Qobiljon Obidov adabiyotga ixlosi, kitobga muhabbati tufayli adabiyotshunoslar, adiblar bilan do'stona aloqada. Kutubxonaga yondosh Erkin Vohidov shaxmat maktabida ustoz adibning o'g'li Xurshid Vohidov bilan hamkorlikda alohida shoir hayoti, faoliyati, ijodiy merosiga oid muzey tashkil etilgan.

— Ko'p farzandli katta oilada o'sib-ulg'aydim. Yoshlikdan kitobga mehrim balandligi uchun kutubxona qurish orzum edi. Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kitobxonlikka, yoshlarning bilim salohiyatini yuksaltirishga katta e'tibor qaratgani, yosh avlodning kitobga bo'lgan muhabbatini yuksaltirish bo'yicha qarorlar imzolaganidan keyin ushbu maqsadimni amalga oshirishga astoydil kirishdim. Respublikamizning chekka, chegara hududi bo'lmish qadimiy Mingtepa — Marhamatda keksalaru yoshlar orasida kitobsevarlar ko'p, — dedi Qobiljon aka, — bu maqsadlarimni amalga oshirishdan ijodkor do'stlar, taniqli olimlar Shuhrat Rizayev va Olimjon Davlatov bilan maslahat qildim. Ular kutubxona fondini jahon adabiyotining nodir namunalaridan tortib, mumtoz, zamonaviy adabiyot vakillari kitoblari bilan boyitishni maslahat berdi. Yoshlarimizdan tashqari turli yoshdagi kitobxonlar ham ko'p. Keksa yoshdagi yurtdoshlarimiz uy sharoitida farzand-nabiralar qurshovida kitob o'qishga sharoiti bo'lmasligi mumkin. Bizning kutubxonamizda esa keksalar uchun ham alohida zallar mavjud. Kitob uchun, kutubxona, ma'rifat uchun sarf bo'lgan mab­lag'ni hech qachon hisob-kitob qilmaganman. Prezidentimiz ulug' jadid bobolarni, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi ustoz adiblarni, ularning xalqimiz uchun xizmatlarini ko'p tilga oladi. Men shu yurt vakili, yurtimizda yaratilgan sharoitlar tufayli katta imkoniyatlarga ega bo'lgan tadbirkor sifatida kelajak avlod savodxonligini oshirishga hissa qo'shishdan baxtiyorman.

Yoshlarni kitobxonlikka qiziqtirish, bilimlarini yuksaltirish uchun mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda jadid bobolar hayoti va faoliyati, ma'naviy merosini o'rganishga oid tanlovlar o'tkazish, kutubxona tarmoqlarini ta'lim muassasalari kesimida kengaytirish galdagi vazifalardan.

Xalqimiz farovonligi, Vatanimiz obodligi, yoshlarimizning ertangi yorug' kelajagi uchun jadid bobolar aytganidek, “Tilda, fikrda, ishda birlik” shiori bilan mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizga tilagim:

Sizga madad bersin Xudoyim,

Siz el uchun bo'ling madadkor,

Gul ochilsin yo'llaringizda,

Qalbingizda yashasin bahor!

 

Duolarning xosiyatidan

Nur yog'ilgay oy-yulduzlardan,

Sizga nigoh tikkanlar haqqi,

Asrasin Haq yomon ko'zlardan.

 

Yurt deb urib tursa yuraklar,

Ezgulikka bo'lsa chin hamroh,

Inshoolloh, saqlagay omon,

Sizdek ulug' zotlarni Alloh!

 

Xurshida VAHOBJON qizi,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Andijon viloyati bo'limi

rahbari, shoira.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + seven =