Bag'rikenglikning ham chegarasi bor!

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi diqqatiga!

Tilimizdagi har jihatdan eng chiroyli so'zlardan biri “bag'rikenglik”ni ko'pincha diniy atama sifatida qo'llaymiz. Ya'ni, turli din vakillarining yonma-yon o'zaro ahillikda, bir-birlarining e'tiqodi, urf-odatlari, marosimlariga hurmat bilan munosabatda bo'lishini tushunamiz, ifodalaymiz. Lekin bu so'z ma'no-mohiyatiga ko'ra ko'p o'rinlarda qo'llashga mos. Aytaylik, qo'ni-qo'shnichilik, qarindosh-urug'lar munosabatlarida, odamlarning oiladagi va har kungi yo'l-yo'lakay munosabatlarida, mehmonu mezbonlikda bag'rikenglik. Bag'rikenglik — ajoyib fazilat. Ammo uning ham chegarasi, me'yori bo'lishi kerak, aks holda…

Ruhiyatshunoslar ilmiy izlanishlari xulosasiga ko'ra, yosh bolaning xohish-talablarini bag'rikenglik bilan beistisno bajaraverish oqibatida u bora-bora dangasa, injiq, aytganini qildiradigan, so'zi o'tmasa arazlaydigan, doimo diqqat markazida turishni istaydigan bo'lib qolarkan; xullas, farzandni haddan ortiq papalayverish unda xudbinlik alomatlarining shakllanishi va rivoj­lanishiga olib kelarkan… Bir qadrdonim o'zlariga devor-darmiyon hovlini sotib olgan yangi qo'shnilariga shunaqa bag'rikenglik bilan mehr-oqibat ko'rsatdiki, oqibatda yangi kelganlar ikki xonadon o'rtasidagi bir umr odamlar o'tib-ketib yurgan yo'lakniyam o'z hovlisiga qo'shib olganda, nima deyishini bilmay og'zi ochilib qoldi. Bunaqa misollar ko'p. Shuning uchun ulug'lar azal-azaldan muborak hadisi shariflarga asos­lanib: “Hamma narsaning eng yaxshi me'yori o'rtachalikdir”, — deydilar.

Asosiy maqsadga o'tishdan oldin gapni aylantirishim sababi… ijtimoiy tarmoqda Baxtiyor ismli tarixchi yigit ikki qizni yoniga olib, hozirgi o'zbek qizlari qanaqa-yu, qanday bo'lishi kerakligi haqida betlariga “charm qoplab” gaplashganlari haqida eshitganimda, avvaliga “Yomondan hazar” degandek, uni batafsil bilgim ham, ko'rgim ham kelmadi. Bu haqda yozmoqchi ham emasdim. Lekin o'sha tarix o'qituvchisiga jamoatchilik bildirgan fikrlar bilan tanishganim sayin, qolaversa, yigitning gaplari jamiyatimiz qon tomirlariga zahar, yiringdek kirib borarkan, yosh va tajribasiz qizlaru ayollar orasida uning targ'ibotlarini “Bizga shunday tarbiya berishgan-da”, “Bu qizlar go'yo bokiralik yukini ko'tarib yuradi”, deb qabul qiladiganlar, chala-yarim tasdiqlaydiganlar ham borligi, ular oramizda ekani xayolimdan ketmay qoldi. Asrlardan asrlarga o'zbek jamiyatining bo'lg'uvchi onalari jismonan, aqlan, ma'nan sog'lom avlodni dunyoga keltirib tarbiyalovchilar; yurtda halolu pok munosabatlar, halol taraqqiyot barqaror bo'lishi uchun farzandlariga pokizalik, to'g'rilik, rostgo'ylikda ibrat bo'lguvchi ayollar ekani eng muqaddas insoniy qonunlardan bo'ldi, xotin-qizlar, eng avvalo, shuning uchun e'zozlandi, himoya qilindi, qo'llab-quvvatlandi.

Zero, jannat ana shunday ayollar oyog'i ostidadir, inshoolloh.

Hozirda dunyodagi ayrim mamlakatlardagi kabi oila degan mo''jaz-muqaddas vatan tanazzulga yuz tutmasligi, bolalar yetim qolmasligi, millatning o'zligi yemirilib ketmasligi uchun vafo, sadoqat, hayo, andishada namuna ko'rsatadigan ayol-onadan boshqa kim bor?!

Shukrkim, xalqimiz momolar, bobolar yuzini yorug', martabasini ulug', dasturxonini to'kin, millatu elatlararo qadrini baland etgan qadriyatlar, urf-odatlarni chuqur ang­laydi, ularga amal qiladi. Ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilgan o'sha suhbatdagi fahsh, buzuqlikni targ'ib etganlarga bildirilgan fikr-mulohazalar ham buni dalillab turibdi. Darg'azablik, his-hayajon, jahl, nafrat bilan aytilgan gaplarda uyg'oq qalblar, millat genofondi toza va axloqi yuksak bo'lishi qayg'usida urgan yurak­lar ovozi, nafasi bor. Ammo andishacizlar, badniyatlar, jamiyatni o'zining maishatxonasiga aylantirishga qasd etganlar bizning har qancha kuyib-yonganlarimizni “buzoqning yugurgani somonxonagacha” tarzida qabul etsalar kerak. Chunki olov bir lovullagani kabi fikr-mulohazalar o't oladi, vaqt o'tadi, olov pasayadi, o'chadi, unutiladi. Tamom. Lekin ular ekkan zararli urug'lar qaerlargadir qadalib qoladi…

Bundan yarim yillar oldin xorijlik bir Jdanov deganlari ijtimoiy tarmoqda o'zbek ayollarining bugungi ahvolini o'zicha o'rganib, tahlil qilib: “O'zbekistonlik ayollar haliyam feodal davrdagi xotin-qizlar kabi yashaydi. Erkinligi yo'q”, — deb xulosa chiqaradi. Unga o'xshaganlar-ku, bir chetda yashaydigan kimsalar deylik, ammo… “O'zimdan chiqqan baloga qayga boray davoga?” degandek, Baxtiyor Alimdjanov degan tarixchining Yevropa, Amerikada o'qib kelgan, bir necha tillarni biladigan, bilimli, kiyimlari ham zamonaviy bo'lgan qizlarni hayo, ibo, sha'nini asragani uchun “zamondan orqada qolgan” degan iddaosi, bunday qizlarni “seni hech kim xohlamagan” deb haqorat qilishi, “Haqiqiy qizlar haqiqiy egoist (xudbin) bo'ladi”, “Hozirgi yoshlar aynan hozir rohatlanishga harakat qilishi kerak. Ertangi kunni o'ylamang. Hozir rohatlanib qolmasangiz, 40 yoshga kirganda farzandingizga nimani gapirib berasiz?”, “Buning uchun faqat bilim olish yechim emas. Chet elda o'qish uchun grant olib, u yoqlarni ko'rib kelish kerak. Shunday talabalarni bilamanki, ular chet elda yillab o'qiydilar”; “Haqiqiy qiz bola ota-onasiniyam o'ylamaydi, men shunday qizlarni hurmat qilaman” qabilidagi targ'ibot-tashviqotlari jdanovlarning tegirmoniga astoydil suv quyish emasmi? Eng yomoni, bunday fikrlayotganlar bizga quloq soladimi, fikrini o'ylab ko'radimi? Misol uchun, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida tarix fanidan dars beradigan Baxtiyor Alimdjanov qay birimizning oldimizga kelib: “Sening gapingni eshitdim (o'qidim), kel, birgalashib mulohaza qilib ko'raylik. Balki sen, balki men adashgandirman, shuni aniqlab olaylik”, — deydimi? Yo'q, fikrimizcha, u tarixchi hozir o'zining nazarida yanayam mashhur bo'lib olganiga xursand, “Bu ham o'tib ketadi”, — deb, yangi “ma'ruzasi”ni o'ylayotgan bo'lsa, ajabmas.

“Bitta … uloq butun podani bulg'aydi”. Baxtiyorning tashqi va ichki qiyofasi jamoatchilikni qanchalar hayratga, tashvishga, g'azabga solgan bo'lsa, uning yonida o'tirgan qizlarning beparda gaplarni oddiy suhbat kabi qabul qilishi, ularning munosabatlari va ko'zlaridagi hamfikrlik undan-da og'ir, ayanchli holat.  Postlarni kuzatarkansan, beixtiyor Gogolning “Revizor” komediyasi yodga tushadi. Yolg'onchi, hiylagar, lo'ttiboz, xotinboz Xlestakovning oliftagarchiliklariga ayollar maftunu mahliyo bo'lib qolgan, shundan chuv tushgan edilar.

Bir ota-onaning ne umidlar, ne qiyinchiliklar bilan o'stirgan guldek qizi ishratparastlar, xotinbozlar, harom-harish pultoparlar qo'lida o'yinchoq, ko'ngilxushi, ermak bo'lib, oxir-oqibat xoru zorlikka duchor bo'lishini o'ylaging, yomon xayolga borging ham kelmaydi-yu, o'lganning ustiga chiqib tepgan kabi Alimdjanov: “Jamiyatda hamma e'tiborni qizlarga qaratish kerak. Ularning hammasini oliy o'quv dargohlariga qabul qilish kerak. Shunda iqtisodiyot yuksaladi”, – deya jiz-biz qiladi. Ha, yashashdan maqsad qanday qilib bo'lmasin, o'zingni xursand qilish, ko'ngling istagan ko'chaga yurish, buguning bilan yasha, ertani o'ylama, degan da'vosining chorasi sifatida jamiyatning iqtisodiy yukini qiz-ayollar yelkasida ko'rmoqchimi bu? …ni, to'g'risi, kim deb atashni bilmayman.

Shu bois jamiyatning eng muhim ehtiyoj, talablaridan kelib chiqib qonunlar ishlab chiqadigan va qabul qiladigan deputatlarga, huquq-tartibot idoralari vakillariga savollarimiz bor: pornografik rasmlarni tarqatish, kishi shaxsiyatini haqorat qilish, so'kish kabi qilmishlarga nisbatan huquq-tartibot idoralari tomonidan qonunchiligimizga ko'ra ish ochiladi, chora ko'riladi. Toki bunday noma'qulchilik qayta takrorlanmasin. Xolis aytsak, o'zini tarixchi deb biladigan bu kimsaning gaplari pornografik suratlardan ham iflosroq, xavfliroq, zararliroq emasmi? Odamlarni o'g'rilik, hujjatlarni qalbakilashtirish, o'zaro nizo chiqarish kabi noto'g'ri ishlarga o'rgatuvchi, boshlovchilarga nisbatan ham chora ko'riladi-ku! Nazarimizda, Alim­djanovning targ'iboti, chorlovlari darajasi, xavfi, oqibatlari bu nojo'ya qilmish­lardan bir necha barobar ortiq va mudhishroq! O'zining kelajagini bilim, hunar bilan yaratish, xalqu Vatanga sidqidildan xizmat qilish maqsadida o'qib, izlanib, o'rganib yurgan qizlarimizni “zamondan orqada qolgan” deb kamsitish ularga nisbatan tuhmat emasmi? Bunday tashviqotlar yosh, tajribasiz farzandlarimiz qalbiga o'rmalab kirib, milliyligimiz, jamiyatimiz o'zligi, ma'naviy daraxtlari ildizlarini qurt bo'lib kemirmaydimi?

Alimdjanov bir postida odamlarni bag'rikeng bo'lishga chaqiradi. To'g'rirog'i, o'ziga nisbatan bag'rikenglikka chorlaydi. Qanday fikrdasiz?   Yoki yana bag'rikenglik qilamizmi? Qachongacha?

Muhtarama ULUG'OVA,

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi.

 

Tahririyatdan:

 Ayni muborak kunlarda, Ramazon oyi, Navro'z ayyomi shukuhi dillarimizni yanada nurafshon etayotgan damlarda, ochig'i, o'zimiz ham istamagan yuqoridagi  maqolani e'lon qilishni lozim topdik. Negaki…

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o'tgan yilning 22 dekabr kuni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida hamda joriy yil yanvar oyi­­da bo'lib o'tgan Xavfsizlik kengashining yig'ilishida  ma'naviy tahdidlar, yot va buzg'unchi g'oyalarni xalqimizga, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirishga urinayotgan kuchlarning har qachongidan faollashib borayotganini ta'kidlab, shu bois birinchi nav­batda yurt ziyolilarini hamisha ogoh bo'lishga  undaganlari bejiz emas ekan.

Yuqoridagi kuyunchak mulohazalarni qalamga olgan muallif – O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulug'ovaning o'zi garchi Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazida faoliyat yuritayotgan bo'lsa-da, biz nega ushbu maqolani aynan Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Bosh prokuratura diqqatiga qaratgan holda havola etishni lozim topdik?

Chunki bu singari chiqishlar bilan millatimiz sha'ni, or-nomusi, muqaddas qadriyatlarimizni ham oyoq osti etib, xotin-qizlarning pok nomlarini, iffatini yer bilan bitta qilishga urinish, buzuqlik va fasohatning ochiqdan-ochiq targ'iboti maqsad qilib olinganga o'xshaydi. Shu sabab bunday g'arazgo'yliklarga Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Oila va xotin-qizlar qo'mitasi va uning joylardagi bo'limlari, Yoshlar ishlari agentligi, mahallalar, barcha-barcha yurtdoshlarimiz befarq bo'lmaydi, deb ishongimiz keladi.

O'z-o'zidan ayonki, ming-minglab ta'lim olayotgan yosh, dilbar qizlarimiz ertasi, yorug' kelajagi uchun  Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi  mutasaddilari ham bu yanglig' qabih targ'ibotlarga loqayd qarashlari mumkin emas.

Qachonki, nopok g'oyalarga qat'iy jazo qo'llanmay, bunday holatlar xaspo'shlanar ekan, oqibati millatimiz kelajagi uchun o'ta ayanchli bo'lish ehtimoli yo'q emas. To'g'ri, so'z erkinligi ustuvor jamiyatda yashayap­miz. Ammo bu Baxtiyor Alimdjanov va uning yonidagi hamsuhbatlariga so'z orqali millat o'zligiga tosh otishiga hech qanday huquq bermaydi.

Aksincha, “Ommaviy madaniyat”ga undovchi fikrlar Bosh Qomusimiz va qonunlarimiz bilan taqiqlanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, tahririyat maqolada ko'tarilgan masalaga tegishli mutasaddilardan javob kutadi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight − 1 =