Yangi O'zbekiston Navoiyshunosligi: ochiq darslar

9 fevral — Mutafakkir shoir Alisher Navoiy tavallud topgan kun

Ancha vaqtdan beri zamondosh navoiyshunos olimlarning asarlarini mutolaa qilish asnosida “shu kitob­lar negizida navoiyxonlik bo'yicha ochiq dars­lar tashkil etish zarur” degan fikr xayolimda aylanib yurgandi. Taniqli adabiyotshunos va huquqshunos, navoiyshunos va boburshunos Burobiya Rajabovaning ikkita yangi kitobi — “Boqiy vasiyatnomalar” hamda “So'zlar bilan so'zlashuv”ni o'qib chiqqanimdan so'ng bu fik­rim yanada qat'iylashdi.

Birinchi kitobdagi 22 faslda Amir Alisher Navoiy asarlarida tasvirlangan tarixiy va badiiy obrazlar, timsollar atroflicha tahlil hamda talqin etilgan. Ikkinchi kitobning jami 8 fasli ham mumtoz mutafakkir va san'atkor shoir asarlari mag'iz-mohiyatini butun qirralari bilan chuqur anglashga ko'maklashadigan tarixiy va badiiy to'qima obrazlar, muhim timsol-tushunchalar bilan bog'liq mo''jaz etyudlarni o'zida qamragan.

Shu ma'noda, har ikki kitob ulug' shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy hazratlarining hayot yo'li hamda ijodiyoti haqida keng ko'lamda ma'lumot taqdim etadigan ochiq dars ma'ruzalari uchun mustahkam tagzamin, desam, yanglishmayman. Ushbu asarlar mamlakatimizdagi nufuzli Ilmiy kengashlar tomonidan nashrga tavsiya etilgani esa ularning ilmiy-amaliy qimmatini yanada oshirgan.

“Boqiy vasiyatnomalar” nima degani?

Har qanday sinchkov kitobxon yangi kitobni qo'liga olar ekan, avvalo, uning nomiga, nima uchun aynan shunday nomlanganiga e'tibor qaratishi tabiiy. Burobiya Rajabovaning fikricha, “Navoiy ijodida ijtimoiy fikr va poetik talqinning betakror namunalaridan biri shoir tomonidan tas­virlangan, ijod qilingan o'ttizdan ortiq vasiyat va vasiyatnomalar bilan bog'liq voqealar tasviridir”. Shu ma'noda, “Boqiy vasiyatnomalar” — Alisher Navoiy bobomiz asarlaridagi bir necha o'nlab vasiyat va vasiyatnomalarning o'ziga xos ilmiy-badiiy talqinidir.

Vasiyat — lug'atlarga ko'ra arabcha so'z bo'lib, insonning o'lim oldidan aytib qoldiradigan gap­lari, o'lim oldidagi oxirgi so'zidir.

Vasiyatnoma — fuqaroning o'ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulk­­ka nisbatan huquqni vafot etganidan so'ng boshqa shaxsning tasarruf etishini belgilovchi xohish-irodasi ifodalangan huquqiy hujjat. U shaxsan tuziladi va vakil orqali tuzilishiga yo'l qo'yilmaydi. Yana bir muhim jihat: vasiyatnoma vasiyat qiluvchining o'z qo'li bilan imzolanadi.

Kitob muallifi Navoiy hazratlari qalamiga mansub “Majolis un-nafois”, “Nasoyim ul-muhabbat”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Tarixi muluki Ajam” asarlari hamda “Xamsa” tarkibidagi dostonlarida, bir tomondan, tarixiy shaxslar, qalam ahli, ijodiy jarayon bilan bog'liq o'nlab vasiyatlar tilga olingani holda, ikkinchi tomondan, badiiy qahramonlar hayotining muhim jihatlarini ochib beruvchi tasvirlar aks etgan yana ko'plab vasiyat va vasiyatnomalar talqin qilinganiga e'tiborni qaratgan. Olimaning qayd etishicha, “Navoiyning mahorati shundaki, ijodida tasvirlagan aynan bir vasiyat yoki vasiyatnomani mazmunan bir xil, ammo shaklan turli xil usulda ham yozishga harakat qilgan”.

Shu bilan birga, olima aksariyat navoiyshunoslar o'z tadqiqotlarida ulug' shoir va mutafakkir ajdodimizning asarlaridagi vasiyatnomalarni ko'pincha vasiyatnoma deb emas, asosan, maktub, noma janrining betakror namunasi sifatida o'rganganligini qayd etadi. Bu ham bejiz emas. Chunki Navoiy hazratlari “vasiyat” so'zini qo'llagan o'rinlarda ushbu tushunchaning huquqiy atama ma'nosidan tashqari hikmatli so'z, pand-nasihat kabi keng ma'no qirralarini ochib bergani ham shuni taqozo etadi.

Adolatda — ma'rifat, baraka va fazilat bor!

Alisher Navoiy asarlarini o'rganish asnosida adabiyotshunos, asosan, adabiy talqin nuqtai nazaridan yondashsa, huquqshunos ulug' bobomiz ijodining fiqh bilan bog'liq qirralari tahliliga ko'proq urg'u berishi tushunarli hol. Burobiya Rajabova ham adabiyotshunos, ham huquqshunos bo'lgani uchun bu borada tarozining har ikki pallasi teng bo'lishiga intilgani tahsinga loyiqdir.

Navoiyshunos olimaning fikricha, Alisher Navoiy hazratlari o'z asarlari orqali biz — avlodlarga adlu adolat borasida nimalarnidir eslatgandek, o'rgatgandek bo'ladi. Shu bois “Navoiy har qanday shafqatda, ehsonda, adolatda, yaxshilikda ma'rifat, barokat, fazilat bor, murojaat qilgan insonni o'ksitmang, adolatli bo'ling, faqat va faqat xayrixoh bo'ling, degandek bo'ladi”, deb yozadi B.Rajabova.

Navoiy asarlaridagi adl, adolat haqidagi fikrlarni o'qir ekanmiz, ko'pincha No'shiravoni odil obraziga duch kelamiz. Bu timsol orqali ulug' shoir va mutafakkir ajdodimiz adl va adolat, xiradmandlik va hushyorlik kabi tushunchalarning qadr-qimmatini ochib beradi.

Jumladan, “Tarixi muluki Ajam” asarida ham adolat va shafqat qonunini ziyoda qilib, elu yurtni obod qilgan No'shiravoni odil hamda u yozib qoldirgan vasiyatnoma haqida so'z borgan. Bu mashhur va umrboqiy vasiyatnomada adolatu shafqat qonunlari asosida tarbiya top­gan No'shiravoni odilning hayoti davomida orttirgan uchta falsafiy xulosasi yozib qoldirilgan, deya qayd etadi kitob muallifi.

Birinchi falsafiy xulosa: “… adl bir qo'rg'ondurkim, suv solib yiqilmas va o't bila kuymas, manjaniq bila buzulmas. Va adl ganjedurkim, ko'prak olg'on sayin ko'prak bo'lur va ozroq xarj qilsang, ozroq bo'lar”.

Ikkinchi falsafiy xulosa: “Va xiradmand uldurkim, maxfiy andoq ish qilmag'aykim, oshkoro ani qila olmag'ay va birov aybida andoq so'z demagaykim, yuziga dey olmag'ay”.

Uchinchi falsafiy xulosa: “Urushda dushman oz deb g'ofil bo'lmamoq kerakkim, ko'p o'tunni oz o't kuydurur”.

E'tibor bering: adl haqidagi ushbu purma'no vasiyat Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning “Men No'shiravoni odil zamonida tug'ildim” degan muborak xabarini yodga soladi. Ayni shu hadis Alisher Navoiyning “Xamsa” kitobidagi dostonlarida, xususan, “Saddi Iskandariy” dostonining “Adl vasfida” nomli bobida yanada to'liq tarzda badiiy talqin etilgan.

Ushbu talqinga ko'ra, Shohi iqlimgir Iskandar jahon mulkini qo'lga kiritadi. Ammo ham shoh, ham vali, ham nabi hisoblanuvchi Iskandar o'lim oldida o'zining bechora va ovora bir banda ekanligi, uni o'limdan qo'l ostidagi vaziru hokimlari ham, xazinasida to'lib-toshgan oltinu kumushlari ham qutqara olmasligi bilan bog'liq oddiy haqiqatu adolatni tushunib yetadi.

Alisher Navoiy badiiy qahramoni — Iskandar Zulqarnayn vasiyati misolida o'zining shoh va mulk, shoh va raiyat kabi o'ta chuqur falsafiy, ijtimoiy-siyosiy va huquqiy fikrlarini ilgari surgan.

Vaqf — Navoiyning moliyaviy ibodati

“Moliyaviy ibodat” iborasi kim uchundir yangilik bo'lsa, yana kimlar uchun noaniq ifoda bo'lib tuyulishi ham mumkin. Ammo moliyaviy ibodat va uning turlari islom ma'rifatida qadimdan mavjud bo'lib kelgan muhim tushuncha hisoblanadi.

Masalan, naqshbandiya tariqatining zabardast namoyandasi, shayx Xoja Ahror Valiyning qalami tekkan jild-jild vaqf hujjatlarini olaylik. Bu yuridik hujjatlar Temuriylar Uyg'onish davrining yirik mulkdori bo'lgan shayx hazratlari yozib qoldirgan mo­liyaviy ibodatlarga yorqin misoldir.

Ayni chog'da, navoiyshunoslikda Alisher Navoiyning moliyaviy ibodati mavzusi ilk bor o'zbek olimasi Burobiya Rajabova tomonidan tadqiq etilganini e'tirof etishga burchlimiz. Navoiyshunos olima qayd etganidek, ulug' shoir va davlat arbobi o'z asarlarida moliyaviy ibodatning vaqf, zakot, fitr, ushr, fidya kabi turlari hamda ish, mehnat haqi yoki banda haqi, to'lov haqida juda muhim ma'lumot, izoh va sharhlar bitgan.

Kitob muallifi “vaqf Navoiyning asosiy moliyaviy ibodatlaridan biri sanaladi”, degan ilmiy xulosani ilgari surgan. Bu fikr bejiz emas. Chunki Alisher Navoiy qalamiga mansub “Vaqfiya” asarining bir fasli “Mahdudot” deb nomlangan bo'lib, ayni shu bobda moliyaviy ibodatning vaqf, vaqf huquqi kabi tushunchalari keng sharhlangan.

“Mahdudot” so'zi nimani anglatadi? Lug'atlarga ko'ra, mahdudot — iqtisodiy atama bo'lib, chegaralangan, atrofi aniqlangan va o'ralgan joy, yer-suv va boshqalar, mulklar deganidir. Bu tushunchaning birlikdagi shakli “mahdud” tarzida yoziladi.

Shu ma'noda, B.Rajabova talqiniga ko'ra, Alisher Navoiy “Vaqfiya” asarining “Mahdudot” fasli:

birinchidan, Navoiy bobomizning vaqf qilingan ko'chmas mulklaridan va ularning vaqfi sahihligidan bizni xabardor qilsa;

ikkinchidan, hamma davr mulkdorlari uchun mulkdor Navoiy siymosini hamda uning moliya­viy ibodatini namuna, ibrat sifatida ko'rsatishga xizmat qiladi;

uchinchidan, Yangi O'zbekistonda qaytadan tashkil etilayotgan vaqf ishlarini yuritishda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga qat'iy amal qilish zarurligini eslatib turadi.

Shu o'rinda o'zbek olimasi hazrat Navoiyning moliyaviy ibodatdagi yutuqlarini nafaqat vaqf, balki zakot, muzd, ish haqi kabi moliyaviy ibodat turlarini tahlil hamda talqin etish orqali teran ochib berganini alohida ta'kidlashni istardik. Muhimi, ayni tahlilu talqinlar ilmiy-nazariy jihatdan pishiqligi va ishonarli ekani bilan e'tiborni o'ziga tortadi.

Navoiyning mulk huquqiga oid qarashlari

Alisher Navoiyga qadar va keyingi davrlarda yashab o'tgan Sharq allomalari va G'arb mutafakkirlarining mulk tushunchasi haqidagi fikrlari ilm-fanda ozmi-ko'pmi o'rganilgan. Biroq Navoiy hazratlarining asarlarida mulkka bo'lgan munosabati qanday badiiy, nazariy, ilmiy-huquqiy talqin qilingani masalasi birinchi bor Burobiya Rajabova tomonidan ham adabiyotshunos, ham huquqshunos sifatida chuqur o'rganilganiga amin bo'ldik.

Navoiyning mulk borasidagi fikr va mulohazalari ham boshqa juda ko'p tushunchalar kabi g'oya va timsol darajasiga ko'tarilgan, ba'zi o'rinlarda esa huquqiy odat hamda qonun darajasida ifodalangan masaladir. Hazratning mulk borasidagi fikr, g'oya, timsollari, ko'rsatmalari qator durdona asarlarida, jumladan, “Xamsa”, “Munshaot”, “Vaqfiya”, “Mahbub ul-qulub”da, hatto ba'zi fasohatli she'rlarida rang-barang ma'no va shaklda o'z ifodasini topgan, deb yozadi olima.

“Mulk” — arabcha so'z bo'lib, Qur'oni karimdagi suralarning biri xuddi shu kalom bilan nomlangan. Bu so'zning hukmdorlik, Vatan, ixtiyoridagi, qo'lidagi bor dunyo, yer-suv, imorat, mamlakat, viloyat, tasarruf, boylik, hokimiyat, dastmoya, sarmoya, xazina kabi xilma-xil ma'nolari bor.

B.Rajabova talqiniga ko'ra, Alisher Navoiy “mulk” so'zi vositasida davlat, mamlakat ma'nosidan tashqari taqdir, jamiyat, raiyat, boylik, adl, adovat, haq-huquq, rizq, xazina, iqtisodiy dastak, boj, soliq, ijtimoiy tenglik va tengsizlik, obodlik, tanazzul kabi umumxalq ahamiyatiga ega bo'lgan muhim muammolarni o'rtaga tashlagan. Binobarin, Navoiy hazratlari o'z asarlaridan birini shu tushuncha bilan bog'lab, “Tarixi muluki Ajam” deb nomlagani ham besabab emas.

Alisher Navoiy “mulk” so'zini mamlakat, davlat, saltanat, hokimiyat kabi ma'nolarida “Saddi Iskandariy” dostoni va “Tarixi muluki Ajam” asarida ko'p ishlatgan. Qolaversa, “Farhod va Shirin” dostonida ushbu tushunchaning toj, taxt, saltanat, sipoh, mulk, mol-davlat, mamlakat kabi yettita ma'nosini mahorat bilan ifodalagan.

Ulug' shoir ijodida, shuningdek, “jon mulki”, “ko'ngul mulki”, “baqo mulki”, “yo'qlik mulki”, “kavn mulki”, “so'z mulki”, “nazm mulki”, “haqiqat mulki”, “charx mulki”, “tun mulki”, “risolat mulki” shaklidagi iboralar tez-tez uchraydi. B.Rajabova e'tibor qaratganidek, masalan, “nazm mulki” iborasi keyinchalik shoirning o'ziga nisbatan “she'riyat mulkining sultoni”, “so'z mulkining sultoni” kabi ta'riflarning paydo bo'lishiga zamin vazifasini o'tagan.

She'riyat olamida bunday ta'riflash an'anasi asrlar osha davom etib kelmoqda. Jumladan, XX asr o'zbek she'riyatining yirik namoyandasi Maqsud Shayxzoda Hazrat Navoiy haqidagi maqolalari to'plamini “G'azal mulkining sultoni” deb nomlagan. Zamonaviy she'riyatimizning yorqin vakili Ikrom Otamurod esa adabiy jamoatchilik orasida “kangul kuychisi” deya ta'riflanadi.

Navoiyshunos olima yana bir muhim tarixiy dalilga diqqatimizni qaratadi. Ya'ni, Husayn Boyqaro o'zining Alisher Navoiyga yozgan maktublarida ulug' shoirni “quvvati ashobi mulku millat”, “e'tizol ul-mulk”, “e'timod ad-davlati xoqoniy” kabi nomlar bilan ulug'laganidan sizu bizni xabardor etadi.

Eng asosiysi, B.Rajabova ishonch bilan uqtirganidek, Alisher Navoiyning asarlaridagi mulk mavzusiga oid g'oyalar Sohibqiron Amir Temurning davlat boshqaruvidagi “Kuch — adolatda”, “Kuch — tartibda”, “Kuch — sog'likda” degan tamoyillarga asoslanadi. Bunda ulug' shoirning “Adl buzuq mulkni obod etar”, “Adl suyi bila mulk bo'stonig'a nusrat bermoq”, “To el shod o'lmas, mamlakat obod o'lmas”, “Mulkona qonunu oyin tuzib” degan hikmatlarida ham mulk egalarining bu boradagi vazifasi, mas'uliyati, burchi ta'kidlanadi, deb e'tirof etadi kitob muallifi.

Shunday qilib, adabiyotshunos va huquqshunos Burobiya Rajabova o'zining har ikki yangi kitobida Alisher Navoiy ijodiy merosini birlamchi manbalar asosida o'rgangani, chuqur ilmiy tahlil qilgani va salmoqli nazariy xulosalar taqdim etgani juda muhim. Bu jarayonda Temuriylar Uyg'onish davrining ko'zga ko'ringan vakillari va Navoiy ijodi o'zaro uzviy bog'liqlikda talqin qilingani, ayniqsa, tahsinga sazovor.

Navoiy bobomiz ijodiga bag'ishlangan ushbu ikkita zalvorli kitobning tahlil va talqinini bitta maqola sarhadi bilan qamrab olish nihoyatda mushkul, hatto imkonsiz ishdir. Shuning uchun so'zu ta'rifimizni muxtasar etdik.

Xulosa o'rnida bir-biri bilan chambarchas bog'liq ikkita holatga e'tiborni qaratmoqchimiz.

Birinchi holat: ushbu yangi kitoblar, asosan, o'zbek mumtoz adabiyoti tarixi yuzasidan ilmiy izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar va oliy o'quv yurtlarining filologiya fakulteti talabalari uchun mo'ljallangan.

Ikkinchi holat: “Boqiy vasiyatnomalar” va “So'zlar bilan so'zlashuv” kitoblarining adadi atigi 300 tani tashkil etmoqda.

Ko'rib turganingizdek, kitobxonlar ko'lami juda tor olingan. Fikrimizcha, ayni qamrovni izchil kengaytirish kerak. Qolaversa, kitoblar adadini oshirishning amaliy choralarini topish zarur. Yanada muhimi, ushbu kitoblarda qayd etilgan qiziqarli ma'lumotlar va muhim ilmiy yangiliklarni milliy ta'lim tizimimizning barcha bosqichlariga mansub adabiyot darsliklariga singdirish lozim.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'kid­laganidek, “Ulug' shoir o'zining she'riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g'oya­larni, ona tilimizning beqiyos so'z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o'rin egalladi”.

Shunday ekan, insonni ulug'lash va insonlar o'rtasidagi o'zaro mehr-muhabbatni tarannum etishni o'z ijodi markazidagi eng hayotiy mavzulardan biri deb bilgan Alisher Navoiy hazratlarining hayot yo'li hamda ijodiga bag'ish­langan bunday maqbul va yuqori saviyadagi asarlar Yangi O'zbekiston ta'lim dargohlarida keng miqyosda o'qitilishi va mamlakatimizdagi barcha kutubxonalarga yetkazib berilishi ham farz, ham qarzdir.

Akmal SAIDOV,

akademik,

yuridik fanlar doktori,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen − five =