ONA

Mo''tabar aya yarim tunda cho'chib uyg'onib ketdi. Tushiga o'rtancha o'g'li kiribdi. O'rnidan turib o'tirdi.

— Dadasi, Farhod ishdan keldimi? — xurrak otib uxlayotgan erini turtib so'radi Mo''tabar aya.

— Yarim kecha bo'ldi-yu, kelgandir… — deya eri narigi yonboshiga xotirjam ag'darildi. Ayaning xavotiri oshdi. Chunki o'g'li ishdan kech qaytadi. Lekin qay paytda kelsa ham, onasining yotog'i eshigini asta chertib: “Dada, oyi, men keldim”, deb xabardor qilib qo'yardi. Aya shundan so'nggina xotirjam uyquga ketardi. Ammo kecha kun bo'yi nabirasi bilan do'xtirma-do'xtir yurib charchadi, shekilli, boshi yostiqqa tegishi bilan qotib uxlab qolibdi. Balki o'g'li kelmagan bo'lsa-chi? Tunda ko'chada yaxshi bor, yomon bor. U xayoliga kelgan o'ylardan cho'chib ketdi. Dik etib o'rnidan turdi. Kenja o'g'lining xonasiga kirdi.

— Sardor, hoy Sardor, namuncha qattiq uxlaysan, bolam? Akang ishdan keldimi?

— Kelgan bo'lsa kerak. Kimdir televizorning ovozini balandlatganday bo'lgandi, — uyqusirab dedi Sardor.

Aya yana qaytib xonasiga kirdi, chiroqni yoqdi.

— Uff, ayasi, hamma vahima senda. Kelgan-da. Kelmay qayoqqa borardi, kap-katta, esli-hushli yigit bo'lsa. Tinchgina yotib uxlasang-chi, hadeb g'ivirlamasdan. Bo'lmasa, telefon qilib ko'r.

— Qiziqmisiz? Bemahalda telefon ovozidan bolalar uyg'onib yig'lasa, kelin cho'chib ketsa-chi? Qo'ying, ularni bezovta qilmaylik.

— Bo'lmasa, bilganingni qil, lekin chiroqni o'chir, ertalab barvaqt turishim kerak.

— Bo'pti, uyquyam o'lsin.

Aya chiroqni o'chirib chiqib ketdi. O'g'lining uyi oldida biroz turdi, keyin ming xijolat bilan zalga kirdi. Nafas chiqarmay ichkariga quloq soldi. O'g'li bir maromda xurrak otib uxlardi. Shu tobda ona uchun dunyoda shu xurrakdan yoqimliroq sas yo'q edi. U asta tashqariga chiqib eshikni yopdi. Mamnun jilmaydi. Shu chog' qo'noqdagi xo'roz cho'zib-cho'zib qichqirdi.

Muhabbat HAMIDOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two + seven =