Ramazon-mayramazon
Hamon esimda. Ramazon oyi kirib kelsa, ayniqsa, biz bolalar uçun bayram bölib ketardi.
Oilamiz dasturxoni har qaçongidan-da möl, fayzli bölib közga taşlanardi, nazarimda. Qay bir xonadonga kirmaylik, çöntagimiz şirinliklarga tölib qaytardik. Qöni-qöşni, qarindoş-uruğlarimiz örtasida özaro bordi-keldi köpayardi. Toşqiniso kampirning eşigi oldida uzala tuşib, ötgan odamga hamla qilişga odatlangan Olapar ham bu oyda “muloyim” bölib qolgandek bölardi. Hamma narsa özgaça köriniş, rang olgandek. Hassaga suyangan Zebuniso enamni savolga tutardim.
— Ramazon oyini hamma yaxşi köradimi?
— Albatta, — deya qadoq qöllari bilan boşimni silaydi enam. U — oylar sultoni, bu kunlarda yomonlik örnini yaxşilik egallaydi, qoronği zulmat yoruğlikka yuz tutadi. Şaytonlar kişanlanib, yaxşilik, mehr-oqibat riştalari quloç yozadi. Bir burda nonni boşqalar bilan baham köradigan bu oyda birovning könglini oğritib, töpolon qiliş yaramaydi. Kattalarga salom beriş, kiçiklarni himoyalaş kerak…
— Ramazon aytib bering, — deya issiq bağridan asta boş kötarib, yuzlanaman. Enam biroz öyga tolib, ohista xirgoyi boşlaydi…
Ramazon-mayramazon,
Muhammad ummatiga bayramazon,
Ramazon ayta-ayta odatim bor,
Yoqamda öttiz kunlik qadoğim bor.
Bu qadoqning biri qani?
Bulturgi musulmonlar bu yil qani?..
Mahzun, şirali ohanglar xayolimni olib qoçgandek böladi. Enamning pinjiga kirib yuziga tikilaman, közlari har qaçongidan-da ravşanlaşib, yuzlaridagi ajinlar yöqolib borayotgandek böladi.
Onam oşxonada iftorlik uçun surpa yozib, bir nimalar tayyorlaş bilan andarmon. Miyamda savollar ğujğon öynaydi. Ramazon oyida har kuni surpa-taxta yozib, tansiq noz-neʼmatlar tayyorlab çarçamagan onamning xatti-harakatlariga razm solaman. Yuzlarida noliş yoki çarçaş, toliqiş alomatlari yöq. Qarab turib, ğayratim jöşib ketgandek böladi.
— Tandirga ğözapoya olib kelib beraymi? — qilmoqçi bölgan işimdan ğururlanib.
— Umringdan baraka top, yaxşi bölardi.
Bu orada eşik ortidan sinfdoşim Aʼzam möralab, atrofga razm solgaç, imo qilib çorlaydi.
— Yur, qöşni mahalladagilar bilan futbol öynaymiz.
Tandirga ötin olib keliboq, köçaga otilaman. Ortimdan enamning xavotir ila aytgan nasihatlari elas-elas eşitiladi.
— Ehtiyot bölinglar, uruşmalaring. Ramazon oyida uruşib bölmaydi…
Terlab-pişib uyga qaytaman. Hovlimizni tandirdan uzilgan issiq somsa, börsildoq nonlarning muattar hidi tutib ketgan böladi. Non töla savatga qöl uzataman. Onam koyib beradi:
— Qölingni yuv, ahvolingga qarab bölmaydi-ku!
Yugura borib, ariqda oqib turgan suvga egilaman.
— Muzdek suvga yuvinma, şamollab qolasan-a, — deya hassasini boşimga kötarib, enam ortimdan keladi. — Ha, bola tuşmagur-ey… Mana bularni Sarvinisoga olib bor.
Qölimga tugunga solingan issiq somsalarni tutqazadi. Ketar çoğim qöşib qöyadi: “Ramazon aytib kiringlar, yaqinda kelin olgan”.
Bir töp bolalar Sarviniso xolaning eşigi oldida ramazon aytişni boşlaymiz:
Ramazon aytib keldik eşigingizga,
Xudoyim öğil bersin beşigingizga.
Ötirib çiqing, ötirib çiqing,
Yelpiş tovoqni töldirib çiqing…
Hovlida lapanglab yurgan Sarviniso xolaning qorasi körinadi.
— Girgittonlarimdan aylanay, kelaveringlar, — deya bizni içkariga çorlarkan, keliniga yuzlanadi. — Salom bering, şirinliklardan olib çiqing. Sizga ham mana şunday öğil-qizlar nasib qilsin.
Boşiga oq şoyi taşlab olgan nozikkina kelin tavoze bilan egilib salom beradi. Nima qilarimizni bilmay önğaysizlanib, bir-birimizga qarab, qiqirlab kulamiz. Sarviniso xola peşonamizdan öpadi. Dasturxonimizni turli noz-neʼmat, şirinliklar bilan töldirib taşlaydi. Biz yana Ramazon aytişni boşlaymiz:
Ramazon aytguvçilar,
Otini gul şohiga bitguvçilar,
Makkada bor Ali-bali,
Xudoyim öğil bersin, Ahmadali…
Sarviniso xola alqab-alqab, ortimizdan kuzatib qoladi…
* * *
Xotiralarga berilib, Ramazon aytib, eşik qoqib, bolalar kelganini sezmay qolibman. Ularga peşvoz çiqdim, sovğa, şirinliklar ulaşdim.
Ramazon aytib keldik eşigingizga…
Sodda va samimiy, çin köngildan aytilgan bu qöşiq ohanglari hanuzgaça quloqlarim ostida jaranglab turibdi…
Rasuljon KAMOLOV.
Farğona viloyati.
