MIGRANT

6196885 15.03.2020 Sotrudnik kommunalnoy slujbы na ulitse Zemlyanoy Val v Moskve. Aleksey Mayshev / RIA Novosti

Bugungi o'zbek jamiyatida ommaviy ko'chishlarga guvoh bo'lganimizcha yo'q. Ammo uning kichik shakllari kunda-kunora ko'z o'ngimizda sodir bo'lib turibdi. Bu zamonaviy tilda aytganda, migratsiya hodisasidir. Umumiy olib qaraganda, holat unchalik ham tashvishli emasdek. Ammo yillar kesimida qaraladigan bo'lsa, afsuski, raqamlar anchagina salmoqli. Statistika ma'lumotlari har yili ming-minglab vatandoshlarimizning chet ellarga jo'nab ketayotgani va ularning ma'lum qismi o'sha yerlarda umrbod qolib ketayotganini tasdiqlab turibdi. Bu esa qaysidir ma'noda vatan tushunchasining kengayib borayotganini ham ko'rsatayotgandek go'yo. Odam o'ziga qaerni makon tutsa, o'sha yer uning vatanidir, degan gaplar oxirgi paytlar tez-tez quloqqa chalinyapti. Lekin necha asrlar avval o'troq yashash tarziga ko'nikkan o'zbek uchun ildizi botib turgan tuproqdan uzilib ketish oson ish emas.

*  *  *

2021 yil, avgust.

Xizmat yuzasidan bir oy muddatga Rossiyaga boradigan bo'ldik. Biz rahbarlar guruhida, qolgan harbiylar esa jamoa-jamoa bo'lib bepoyon o'lkaning turli nuqtalarida o'tkaziladigan musobaqada ishtirok etadi. Avvaliga hammamiz Moskvadagi bir mehmonxonaga joylashdik. Boshqa ishtirokchi davlatlar jamoalari yetib kelganidan so'ng yig'ilganlar yo'nalishiga qarab har joyga tarqab ketadi.

Kechki ovqatdan keyin to'rtinchi qavatning umumiy balkoniga bosh suqaman. Kimdir tamaki tutatib o'tiribdi, kimlardir gurunglashib, yana kimlardir esa shunchaki atrofni tomosha qilish, vaqtni o'tkazish uchun shu yerda. Boshqa-boshqa davlatlardan kelgan, bir-birining tiliga tushunmasa-da, imo-ishora bilan gaplashib turganlarni ham uchratasiz. Odamlar ichidan fuqaro kiyimidagi o'zimizning harbiylarni ajratib olish qiyin emas. Sekin kuzatib turib, ularning shu yerda ishlab yurgan qarindoshlari, og'aynilari kelganini ko'raman. Bu ularning gap-so'zlaridan, hech bir sababsiz bir-birini qayta-qayta bag'riga bosishidan sezilib turardi. Ayniqsa, ular ichida buxorocha shevada gaplashayotgan ikki qadrdonning xatti-harakatlari yaqqol ko'zga tashlanadi.

— Hah, akam-a, akam! Mani ko'rgani kelibsiz-da! Qanday zo'r bo'ldi-ey! Smenamni topshirdim-u, bu yoqqa qarab uchdim. Oyimga qo'ng'iroq qilaylik. Ha, “videovыzov” qiling.

Aka cho'ntagidan telefonini chiqarib, qo'ng'iroq qila boshladi. Telefon ekranida avval qop-qorayib o'zlari, so'ng ekran chetida nurday yorishib, bir onaizor ko'rindi.

— Assalomu alaykum, onajon!

— Va alaykum assalom. Ibi, bacham, ukangni topib oldingmi?

— Onajon, assalomu alaykum, qarang, mani ko'rgani kim keldi? Akam mani izlab kelibdi, onajon! Shunday xursand bo'ldim, akam bilan mazza qilib gaplashib o'tiribmiz, onajon. O'zingiz yaxshimisiz, qarindoshlar zo'rmi, hay?” — Akaning o'rniga uka haya­jon bilan gapirib ketdi.

— Rahmat, bacham, sog'-salomatman, qarindoshlar ham zo'r. O'zing yaxshimisan? Kelin, bachalaring katta bo'loptimi? Aka-uka yana topishibsizlar-da, a? Ko'z tegmasin sizlarga, bolajonlarim.

— Man yaxshi! Akamning kelganini eshitib, kayfiyatim ko'tarildi, shunga ozgina… Hozir sizlarni, yoshligimizni eslab, gaplashib o'tiribmiz.

O'g'lining gaplarini eshitib turgan ona jilmayib qo'ydi-da, katta o'g'lidan so'radi:

— San yaxshi yetib oldingmi, joylashdinglarmi?

— Ha, onajon, joylashib oldik. Indinga ertalab Voronejga uchib ketamiz. Duo qilib turing, yuzimiz yorug' bo'lsin.

— Har kuni duo qilyapman, bacham. Omadlaringni bersin.

Aka-uka qo'llarini yelkalari ustidan oshirib olgancha onalari bilan kulib-kulib uzoq gaplashdi. Faqat har ikki tomon ham xuddi bir-biriga bildirishni istamaganday beixtiyor ko'zlaridan dumalayotgan yoshlarni tez-tez kaftlari bilan artib qo'yardi. Birovlarning suhbatini tinglash beodoblik bo'lsa-da, bu suhbatdan, og'rig'i dilda toshdek qotadigan sahna qarshisidan mushtoq bir tomoshabindek uzoq ketolmay qoldim…

* * *

Qo'ldagi likopchani o'ynatgancha mehmonxonaning hashamdor oshxonasidan yegulik qidiramiz. Qani endi o'zimizning milliy taomlarga o'xshash biror ovqat topilsa. Bir payt o'zim nomini ham bilmaydigan ovqatlar yonida to'xtab, olsammi-olmasammi, deb o'ylanib tursam, ozg'indan kelgan bir oshpaz ki­yimidagi yigit yonimga kelib, sekin pichirlayapti:

— Bularni yemang, halolmas. Mana bu, mana bu va mana bular — halol. Bemalol yeyavering, o'zimiz pishirganmiz, — deb kulib turibdi.

Uning rostgo'yligidan qanchalik xursand bo'lgan bo'lsam, dabdurustdan o'zbekcha gapirib yuborganidan o'shanchalik hayron bo'lib qoldim. Sekin razm solsam, bu yerlikka ham o'xshamayapti.

— O'zbekmisiz?

— Ha, Namangandanman, aka. Bu yerda qirg'iz, tojiklar ham bor.

Shu-shu oshxonadagi, mehmonxonadagi vatandosh va qardosh ishchi-xizmatchilar bilan gurunglashib turadigan bo'ldik. Ularning turmush tarzi, yashash sharoiti bizni doim qiziqtirardi. Bir safar yurtimizga qo'shni bo'lgan davlatdan kelib, mehmonxonaning texnik xodimi bo'lib ishlaydigan Asqar degan yigit bilan tanishib qoldik. Oilasi bilan shu yerda yasharkan. Fuqarolik olishga ham ulguribdi.

— Asqar, uyga qachon qaytmoqchisiz endi? — deb so'rayman.

— Bilmadim, qaytgim keladi-yu, lekin… O'g'lim to'rt yoshga to'lganida bir oy ta'til olib, oilam bilan qishloqqa borgandik. Uch yil oldingi gap bu. Yarim kechasi hammamiz uxlab yotibmiz. Bir payt qattiq shovqin-surondan uyg'onib ketdim. Karaxtligimdan nima bo'layotganini anglolmayapman. Derazani ochib, tashqariga qarasam, odamlar qo'liga ilingan narsa bilan u yoqdan-bu yoqqa yugurib yuribdi. O'shanda birinchi marta o'q ovozini eshitdim. O'g'lim qo'rqib ketganidan onasining qo'yniga kirib ketgan. Na tashqariga chiqishni bilaman, na qolishni. Shundan beri uyga oilam bilan birga borishga hayiqaman. Ta'tilni ham shu yerda o'tkazishga odatlandik. O'g'lim o'shanda qattiq qo'rqqan, shekilli, bir-ikki marta ovulga oboraymi, desam, endi bormayman, dey­di. Shunaqa gaplar-da, tuvg'anim.

Sekin bosh irg'ib yana gapga solgim keladi:

— Qachondir qaytish haqida o'ylasangiz kerak, baribir?

— Ha, lekin qachonligini o'zim ham bilmayman. Otamga pul jo'natib turibman, yer sotib olib, o'zim uchun alohida uy quryapti. Shu yil tomini yopamiz.

* * *

2019 yil, avgust.

O'sha manzil, o'sha-o'sha musobaqalar. “Tank biatloni” bular ichida eng tomoshabopi. Musobaqa avj pallaga kirgan kunlar poligonga minglab odam yog'ilib kelganidan, bo'sh o'rindiq topish amrimahol. Chempionat tomoshasi bir tomon-u, raqibimiz — zimbabvelik qora tanli muxlislar qo'yayotgan tomosha bir tomon bo'ladi. Ular ajabtovur cholg'ularini baralla chalar, ajoyibu g'aroyib raqslarga tushib, hammaning e'tiborini o'ziga tortar, kuldirar edi. U payt esa bizning tankchilarimiz hammadan birinchi bo'lib finish chizig'iga yetib kelib, hordiqqa shaylanib turardi. Zimbabve muxlislari bo'lsa, haliyam jarima aylanasida yurgan bechora vakillariga e'tibor ham bermay, muxlistalab san'atkordek o'z ishini davom ettiradi. Musobaqada peshqadammiz, lekin nimagadir ko'nglimiz to'lmaydi…

Navbatdagi bosqich boshlanishiga sanoqli lahzalar qoldi. Jamoalar birin-ketin tanishtirilyapti. Ana, o'zimizning qorako'zlarning ism-familiyasi o'qilib, O'zbekiston jamoasi, deb baralla e'lon qilindi. Shu payt ne ko'z bilan ko'raylikki, biz tomonga (sheriklarimiz bayroq ko'tarib turgandi, mo'ljalni shundan olishgan, bo'lmasa, minglab odam ichidan topishning o'zi bo'ladimi?) yuz-ko'ziga o'zbek deb yozib qo'yilgan bir guruh yigitlar kela boshladi. Bu xuddi kinolardagidek sodir bo'layotgani ham odamni hayajonga solardi. Ming yillik qadrdonlardek quchoq ochib ko'rishganimizdan so'ng: “Bizga ham bayroq beringlar”, deb qoldi. Yigitlar bayroqlarni baland ko'tarib, bor ovozda “O'z-be-kis-ton!”, “O'z-be-kis-ton!” deya tinmay baqirardi. Ularga qarayman-u, tomog'imga nimadir tiqiladi. Tank qarshisida “start”ni kutib turgan ekipajimiz a'zolari ham biz tomonga bir zum tikilib qoldi. Ha, ular bizni aniq ko'rib turishgandi.

Xudo yuzimizni yorug' qildi! Bu bosqichdan ham muvaffaqiyatli o'tib, finalga yo'llanma oldik. Musobaqa tugagach, musofir yurtdoshlar bilan yaqindan tanishdik. Sunnat degan yigit yonidagilarga ishora qilgandi, sheriklari 4-5 ta yegulikka to'la paketlarni keltirishdi.

— Akalar, bu yerning ovqatiga ko'nikolmayotgan bo'lsangiz kerak, deb u-bu narsa opkegandik, sizlarga kuch bo'ladi. Hali oldinda asosiy kun bor-ku, to'g'rimi? Qani, marhamat, — deydi ochiq chehralik bilan…

Yigitlarni kuzatar paytimiz qaysi kuni final bo'lishini so'rab, albatta, kelishlarini aytib ketdi. Finalga esa yanayam ko'p bo'lib kelishdi. Ularning ko'pligidan bir quvonsang, bir dilingdan og'ir g'ashlik o'tadi. Mayli, qaerda bo'lsa ham omon bo'lsin. Eng muhimi, o'sha kuni tankchilarimiz jonajon O'zbekiston va mana shu musofirlar haqqi-hurmati g'alaba qozondi.

* * *

2022 yil, avgust.

O'sha poligonda, yana shu musobaqadamiz. Bellashuv boshlanay deb qolgan. Qarasam, odamlar orasida Sunnat aka yonida ayoli va o'g'li bilan biz tomonga qarab kulib kelyapti…

* * *

2022 yil, avgust.

Boshqa bir jamoamizdan xabar olish maqsadida Sankt-Peterburgga bordik. Hamroh ofitser ikkovimiz xizmat yumushlarimizdan bo'shab, shahar aylanishni niyat qildik. Shahar ichidan oqib o'tuvchi daryo bo'yidagi piyodalar yo'lakchasida kemaga chiqadigan joyni qidirib, kalovlanib turgandik, to'g'rimizdan shoshib kelayotgan bir yigit qarshimizga to'xtadi-da (o'zbekligimizni bilib):

— Assalomu alaykum, akalar, masjidni izlayotgan bo'lsanglar, shu yo'lning oxirida. Yuringlar, birga boramiz, jumagayam oz qoldi, — dedi. Qarasak, qo'ltig'iga joynamozini ham qistirib olgan. — Ha, umi? Sohilning narigi tomonida, odamlar to'planib turibdi-ku, o'sha yerdan chiqiladi kemalarga, — degancha shoshib yo'liga ravona bo'ldi.

Biz esa narigi sohil tomon oshiqdik. Atrofga alanglab, yo'lovchilardan birini bexosdan turtib yuborganimni bilmay qolibman. Ming xijolatda:

— Izvinite, — deya oldim, xolos. U esa menga kulib:

— Hechqisi yo'q, aka, — dedi-yu, zumda odamlar ichida ko'rinmay ketdi…

Bu yerga kelganimiz yaxshi bo'ldi. Ancha yillardan beri oilasi bilan shu yerda yashaydigan sinfdoshim Ilhom bilan ham ko'rishdik. Ota-onasi, xotini, ukasi (singlisini 3-4 yil avval qo'shni qishloqqa uzatgandi) bilan bir xonali uyda ijarada turarkan. Bechora jo'ram dardlashgani odam topolmay yurgan ekan, shekilli, rosa “to'kildi”.

— Jo'ra, qishloqni, odamlarni sog'indim. Hech qaerda ishlamasang ham kuning o'taveradi. Bu yerda bir kun ishlamay ko'r-chi, yo qarzga botasan, yo ko'chada och qolasan. Avvalgi ishim o'xshamadi. Hozir bir dachada qorovullik qilyapman. Xo'jayin yaxshi odam. Ko'p ham kelavermaydi, lekin bir kelsa, rosa bayram bo'ladi-ku. Opkelgan narsalarining yarimlari qolib ketadi. Keyin o'zim maza qilib yeyman, uygayam opketaman. O'zing yaxshi bilasan-ku, esimni taniganimdan beri dadam bilan ayam shu yerda ishlaydi. Maktabni bitirganimdan keyin men ham keldim. Singlim, ukam shu yerda tug'ildi. Endi-endi oilaviy qaytish haqida o'ylab qolyapmiz. Lekin hali ukamning maktabi bor. Bitirib, universitetga kirsa, keyin qayt­moqchimiz.

— Ie, ukang o'zi qolaveradimi?

— Ukam “mestnыy” bo'lib ketgan, jo'ra. Universitetni bitirib ham qaytmasligi aniq. “Qishlog'ing­larda nima qilaman?” deydi. Shuncha yildan beri ishlab orttirganimiz bitta uy bo'ldi, haqqiga ukamni berib ketamizmi, deyman…

* * *

Sahar telefon ovozidan uyg'onib ketdim. Qarasam, amakimning o'g'li O'tkir ekan.

— Assalomu alaykum, usta, uzr, uyqungizni buzdim. Men ketayotuvdim, bolalar qoldi. Shunga bir telefon qilay degandim. Aeroportdaman hozir, yaxshi qolingizlar, — dedi qandaydir siniq ohangda.

Uyqu aralash biroz muddat garangsib turdim: qaerga ketadi, nega ketadi?

O'tkir ikki oy avval Amerikadan oilasi bilan kelgandi. Mana endi xotini va uch qiziga samolyot uchun chipta yuboraman, deb o'zi qaytib ketyapti (darvoqe, uning uchala qizi ham Amerikada tug'ildi. Birortasi ham o'zbek tilini bilmaydi). Uning ruhsiz, siniq gaplaridan shuni angladimki, u ko'nglini vatanda qoldirgancha quruq tana va bir dunyo adoqsiz o'y-xayollarini yelkalagancha uchib ketdi. Onasi og'ir kasal, akasi bilan yangasi Rossiyada, ikki o'g'lini qish­loqqa qoldirib ketgan. Bechora bolalarning ota-onasini sog'inib, ichikib qolganiga O'tkir bir necha bor guvoh bo'ldi. “Aka, xotiningni olib qish­loqqa qayt. Qarzlaringni o'zim to'layman. Shu yerda yursang bo'ldi”, deganidan ham xabardor edim. Nachora, amakimning bitta o'zi kasalmand xotini va ikki nevara parvarishi bilan ovora. O'tkirning aytolmagan gaplari shular edi, aslida.

Bu-ku, Amerika orzusida, orzu ro'yobida yurgan vatandoshlarimizning mingtadan bittasi. Ammo qolgan to'qqiz yuz to'qson to'qqiz nafar (aslida, bu raqam ancha katta) yurtdoshimizning ham shu va shu kabi kechinmalari, o'ziga yarasha tashvishlari bor. Yaxshi bilasiz, bugun yoshlarimizning ancha-munchasi “Amerika orzusi”ga chalingan. Aslida-ku, ularning hech birini ayblab bo'lmaydi. Inson jamiyatning mutlaqo erkin, ayni damda esa uning asosini tashkil etuvchi eng muhim bo'lagidir. U qaerda yashashni istasa, qaysi hududda o'zini qulay his etsa, o'sha yerga talpinadi. Ammo noqonuniy yo'llar bilan bu orzuga erishaman, degan qorako'zlarimizning qanchadan-qanchasi Meksikaning botqoqliklarida, changalzorlarida xor-zor bo'lib qolib ketayotgani oddiy bir vatandosh sifatida har birimizning ko'nglimizga og'ir g'ashlik soladi. Shu pallada bejizga shukronalik eng aziz ne'matlardan biri deyilmaganiga amin bo'lasan kishi.

Tumanimizdagi biz boshlang'ich ta'lim olgan maktab direktori Jalol aka va qishlog'imizning eng serdaromad savdogarining yolg'iz o'g'li ham ko'p qatori shu “orzu kasalligi”ga chalindi. Direktor maktabdan bo'shab, savdogarning o'g'li ikkovi sarguzasht izlab, qonunga xilof ravishda “qaydasan, Amerika?”, deya yo'lga otlanadi. Oradan uch oylar o'tib, har ikkovi ham ancha pulni havoga sovurib, tarvuzi qo'ltig'idan tushgancha chegaradan o'tolmay qishloqqa qaytib keldi. Lekin omadi chopganlar soni ham bor emish…

Yaqinda “sehrli diyor”ga yo'l olgan bir zamonaviy migrant u yerga qanday qilib yetib olish rejasini ijtimoiy tarmoqqa joyladi. U shunday demoqda: “Toshkentdan Turkiyaga uchdik, Turkiyadan Madrid (Ispaniya)ga keldik, u yerdan 11 soat uchib, dunyoning narigi tarafiga — Meksikaga boramiz, Meksikadan samolyotda Nikaraguaga boramiz. U yerdan mashina va avtobusda Gonduras, Salvador hamda Gvatemaladan o'tib, yana Meksikaga kiramiz. Hammasi shu yerda boshlanadi, aslida. O'sha yerdan samolyotda Tixuana degan joyga uchib o'tamiz. U yerdan tap etib San-Fransiskoga o'tib olamiz. Ana undan keyin Amerikada aylanib yuraverasiz”. Bu vatandoshimiz ushbu videoni ijtimoiy tarmoqqa joylaganida, hali Madriddan Meksikaga uchib ketayotgan edi. Uning ko'zlagan manziliga yetib borgan-bormagani esa bizga qorong'i.

Ammo oson pul topish ilinjida omonat jonning juvonmarg ketishi achinarli. Uning ortida qolib ketayotgan necha-necha mungli ko'zlar, umidvor nigohlar haqida o'ylash kishi qalbiga og'riq beradi. Eng katta o'y, masalaning tub mohiyati ham aslida shu. Axir ular sizning, bizning vatandoshlarimiz. Ertaga bu vatan koriga qalbi butun, ko'zi porlagan, yashash zavqini yurakdan his etadigan avlodgina yaraydi.

Islomjon QO'ChQOROV,

“Vatanparvar” gazetasi bo'lim boshlig'i.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen − eight =