Endi bunday qilmayman…

Ayol zoti ishdan chiqishi bilan uyga qarab shoshadi: ovqat qilish kerak, bola-chaqa deganlaridek. Metroga yugurgilab tushib o'tirib oldim. Mendan yoshi kattalar bormikan deb u yoq-buyoqqa bir qur nazar soldim. Vagonning boshrog'ida kelayotgan taxminan 4-5 yoshlar atrofidagi qizcha e'tiborimni tortdi. Bolalar uchun kitob sotib yuribdi. Qorachadan kelgan, sochlari o'rilgan, lekin kir, bir oz rangi uniqqan, shu holati ham o'ziga yarashib turibdi. Qora qoshlari, kirtaygan ko'zlari, uzun kipriklari unga o'zgacha ko'rk berib turardi. Balkim, bolalik beg'uborligidir u: tag'in bilmadim, yuragimni o'rtagan hazinlikdan boshimni quyi soldim. Miyamda g'ujg'on o'ynagan savollarim javobsiz qolardi.

Sumkamni ochdim. Hadeganda qo'ygan pulimni topolmadim. Narsalarni titkilay boshladim. Xayriyat, bor ekan. Topildi. Sumkamning bir chetiga tushib qolibdi. Qizcha sotayotgan kitob menda bor, shuning uchun kitobni olmay pulni bermoqchi bo'ldim. Bu qizchaning savdosiga yordam bergim kelayapti. Metroda o'tirib, turib ketayotgan kishilarni turtib kitobni olishini ishora bilan aytadi. Qalbim ag'dar-to'ntar bo'lib ketdi: hayotning berahm so'qmoqlarida kun kechirish ilinji kishini ne ko'ylarga solmaydi, a?! Ichki g'alayon butun ruhimni qamrab oldi. Labim qimtib, nahot, deya olaman. Boshqa so'zga majolim yetmaydi.

Ohista turtkidan o'zimni o'ngladim. Qarasam, qizaloq qarshimda kitobni ushlab turibdi. Sergaklanib, unga pul uzatdim. Ikki hissa. U menga ikkita kitob berdi. Meni unga kitob menda borligini aytib, pulni ol, dedim. Qizcha menga tikilib qaradi-da, shosha-pisha pulimni o'zimga qaytardi. Va mendan uzoqlashdi. Go'yoki arazladi.

Nega?! Unga nima yomonlik qildim? Izzatiga tegdimmi?! Oriyat kuchidan va nafsoniyati toptalganidan menga boshqa boqmadi. O'rnimdan qo'zg'aldim. Oldiga borib, uzrimni aytmoqchi edim. Metro to'xtadi. Qiz tezlik bilan mendan uzoqlasha boshladi. Boshini ortga o'girdi. Keyin chopib ketdi. Yuragim uvushdi. Uning tiyran ko'zlari namlangan edi. Tushundim. O'ksib, ko'zi yoshlangan ko'rinadi. Oriyatning kuchi, ulug'ligini qarang. Kichik qizning kattadan-katta oriyati uni ancha ulg'aytirganini his qildim.

Eh! Menga unutilmas saboq berdi. Har narsaning o'z to'lovi bor. Ishonaman, qizaloqning hayotida yorug'lik balqiydi. Chunki uning ko'zi to'q, oriyati o'zidan-da baland. G'ururli elning suyukli farzandi, Seni Tangri asrasin!

Sarvinoz ABDUXODJAYEVA,

“Ma'naviyat” nashriyoti xodimasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

10 + 2 =