Kimdan, nimadan pand yedim?
“Gaplaşib ötirib, ermak qilib bir katta lagan töla gilosni yeb qöyibmiz”, — degandi kimdir.
Biz-da özimizni ne bir işlar bilan andarmon sanab, yetmiş yoşdan ham ötib ketibmiz. Noliş emas, anʼanaviy çuqur xörsiniş emas: törimiz ança olisda qolganini osoyişta tan oladigan böldik… Ustozimiz Zulfiya opa ayni şu yoşlarida: “Tugunlarimni tugib-tugib tayyor qilib qöyişim kerak”, — degan gapni köp aytardilar.
Mundoq qaraganda, umrning hamma faslida tengqurlar, davradoşlardan faolroq, tinib tinçimaydiganroq, eʼtiborga sazovorroq köringanlardan biridekman. Ammo bugungi çuqur xörsiniş, içki oğriqlarning sababi törimiz ança olisda qolgani emas, balki tokçaga qöyib, yelkani tikka qilib qaraydigan tugunlarning soniyam, salmoğiyam haminqadarga arzirmikin…
Qalbda baloğat yöq, şundanmi, jismu ruhiyatimda halovat yöqdek.
…Iş faoliyatim avvalida Marğilondagi qizlar pedagogika bilim yurtida işlaganim, keyin “Saodat” jurnalida qariyb ön beş yil faoliyatda bölganim sababmi, jurnalistik qalamim deyarli xotin-qizlar hayoti bilan boğlandi. 1970, 80, 90-yillarda respublika xotin-qizlar jurnali, “Xalq sözi” gazetasi, Özbekiston milliy teleradiokompaniyasi ijodiy xodimi sifatida safarlarda bölib, yurtimizning turli hududlarida körgan-keçirganlarim misoli hujjatli filmning oq-qora tasvirlari kabi. “Oq-qora tasvirlari” deganim xotiram xiralaşgani sababli emas, balki u manzaralarning asli rangi-röyi böğiq, ğamgin, noçor edi: erta bahordan keç kuzgaça kunning qaysi soatida bormang, paxtazorlarning muqaddimasi tutlarga osilgan belançaklardan iborat “boğça”lar bölardi. Kiçkintoylar neçtaligidan qatʼi nazar, quruq böyidan boşqa heç narsasi bölmagan “boğça opa”, belançaklarda qay biri yiğlagan, qay biri çivinlar hujuminiyam his etmay uxlayotgan rangpar, ozğin bolalar. Gödaklarning sabri kattalarnikidan ötardi, ular onalari tuşlikka çiqqanda kökrak tutgunça yoki luqma bermagunça, çidaşga mahkum edilar. Zaharli dori hidi ufurib turgan daladan çiqqan onalarning paxtazor egatlaridan silqib oqayotgan sap-sariq suvda qöllarini yuvib, dori hidlari unnab ketgan köylaklarini dilbandining yuziga bosib emizganlari, erkalatganlarini körib… ayni öşa pallada tuman markazlarining hamma bölimlari yuqumli kasalliklarga moslaştirilib, sariq va içburuğ bilan oğrigan onayu bolalarga tölib yotgani sababini anglardim. Ammo… ayni körib örganganlarim “natijasi” sifatida respublika matbuot naşrlarida “dalalarda hosil möl-kölligi, uni yetiştirganlarning ğayratu şijoati, fidoyiligi, ular dam olişi uçun yaratilgan şaroitlar, rejalar bajarilgaç, dehqonlarning boşi osmonga yetib xursand bölgani” haqida balandparvoz sarlavhalar ostida maqolalarim çiqardi. Aslida, vaziyat çin vatanparvar, xalqparvar insonlardan xotin-qizlarni, ularning farzandlarini oğuga çömiltirilgan dalalardan tezlikda xalos etiş uçun ötga, çöqqa bölsa-da, qörqmay kirişni talab qilardi. Men esa “jonkuyar”, “xalqsevar” qalamkaşligimni qizil imperiya sinçlari sina boşlagan “oşkoralik, qayta quriş” yillaridagina Özbekiston onalar va bolalar ölimi böyiça ittifoqdoş respublikalar örtasida birinçi, ikkinçi örinlarni egallab turgani, onalarning sutidan ham “pestitsid” kabi zaharlar zarrasi çiqqani, harbiy xizmatga çaqirilgan özbek öğlonlari boşqa millat vakillariga qaraganda böyi pastligi, nimjonligini kuyunçaklik bilan yozişda namoyon etdim.
Har yili Toşkentning Sanʼat saroyida böladigan qişloq xöjaligi xodimlarining qurultoyidagi manzaralar köz oldimda: şu sohada işlaydigan xotin-qizlar haqida katta maqolalar tayyorlaş uçun qurultoyga borardim. Öşa paytda közimga juda muhtaşam, katta körinadigan saroyning sahnasidan zalga qarasang, ğuj-ğuj erkaklar orasida xuddi keng yaylovda yakkam-dukkam oçilib qolgan lolaqizğaldoq kabi u yer-bu yerda ayollar körinardi. “Tavba, kolxoz, sovxozlarga borsang, bahordan keç kuzgaça dalalar, polizlar, boğlarda ketmon çopgan, yaganayu çekanka qilgan, paxta tergan, meva-çevayu sabzavot yiğiştirgan, asosan, ayollar. Xirmonboşida, tarozi yonida uç-törtta erkak körinadi. Bu yerda — hosil bayrami bölgan qurultoyda esa tamoman teskarisi”, degan hazilnamo zil gap xayolimdan ketmasdi. Biroq… “erkagu ayol huquqlarini teng qiliş” şiori ostida xotin-qizlarning nozik hilqatligini mutlaq inkor qilgan, ularni ayollik, onalik saodatidan mosuvo etişni maqsad qilgan sobiq tuzumning jamiyat muvozanatini buzib taşlagan bu adolatsizligidan noroziligim yaqinlar bilan kiçik davralardagi suhbatlardan taşqariga çiqqan emas. “Millionlab tonnali xirmonlarni yuksaltirişda fidoyi, jonkuyar xotin-qizlarning çin dildan qilgan mehnatiyu muvaffaqiyatlari” töğrisidagi maqola, oçerklarim bilan öşa davr tegirmoniga suv quyganimni inkor etolmayman endi.
Mustaqilligimizgaça… özi loy çangallab qurgan kelinlik uyidan eri tomonidan beşta qizi bilan paxtazorning vayrona dala şiyponiga haydab çiqarilgan ona-paxtakor; 1988 yilning 1 may kuni 28 kunlik çaqaloği bölgan onaning qöşnilari — til-adabiyot muallimlari va bolalar şifokori köçada, hammaning köz öngida qip-yalanğoç qilib kaltaklangani; hukumat idoralaridan najot kutiş xom xayol ekanligiga iqror bölib, erining noinsoniy zulmu tajovuzlaridan bolalariniyam, öziniyam qutqarmoq niyatida qotilga aylanib qolgan ayol… bu kabi taqdirlarga jurnalist sifatida aralaşib qilgan işlarim natijasi sahifalarda qolgan yozuvlar, xolos. “Opa, Oliy sud eşigidan kirib borsam, ovozimni eşitib hamma bölimlar xonalarini berkitib olişadi. Baʼzilar menga qarab kulib ötirişadi”, — degandi jabrdiyda ayollardan biri. Öziga öt qöygan ayol yaşagan kulbaga kirib borganimda, bunday şaroitda ona uç farzandi bilan qanday yaşaganiga heç aqlim yetmagan…
Vazifamni bajargan bölib, tomonlarni tingladim, idoralardan maʼlumotlar oldim… bora-bora bu harakatlarim befoyda ekanini oldindan anglay boşladim. Şunday bölsa-da, körib körmaslikka, bilib bilmaslikka oldim, muammolar sababi ijtimoiy adolatsizliklarda ekanini yozmadim.
Balki, mening yöqlab borişim, köziga tikilib ötirib dardlarini tinglaşim qay bir opa-singillar uçun vaqtinçalik taskin, umidvorlikka sabab bölgandir. Ammo oxir-oqibatda kişining muammosi hal bölmasa, hayoti yengillaşmasa, qadri tiklanmasa, inson kabi yaşaşiga imkonu şaroit yaratilmasa, jurnalist yoki obröli idora xodimining bunday taşrif, maqolayu maʼruzalarining nima keragi bor?! Aksinça, “ursa eti, söksa beti qotadi”, deyilganidek, qoğozu matbuot sahifalarida sözligiça qolib ketadigan, amalga aylanmaydigan ehtirosli, balandparvoz gaplar kimlargadir ayni muddao bölib: “Şu yozuv-çizuving bilan köngling tinçisa, biz ham sendan qutuladigan bölsak, xohlaganingça yozaver!” — degan bölsalar, ajabmas.
Binokordan imoratlar, dehqondan hosilu xirmonlar, öqituvçidan yoş avlod ongu şuurini yoritadigan ilmu maʼrifat, tikuvçidan liboslar, hunarmanddan kundalik hayotda asqotadigan buyumlar… — bular umrning maʼnosi, mohiyatini, şaxs faoliyatining salmoğini belgilaydi. Men jamiyatga nima manfaat keltirdim?
Yuqorida tilga olingan hayotiy vaziyatlar haqida gap ketganda, “Zamon töğri, rost gapni aytişga yöl bermadi. Köpçilikning dardi içida edi. Men ham öşalarning bittasiman”, — deb özimizni oqlaşimiz heç kimni ajablantirmay qöygan. Aslida, bu oqlovning tub mohiyati “Men şu işni eplolmadim, qölimdan kelmadi”, — degani emasmi? Bunday noşudlik bilan quruq aravani taraqlatib tortqilagandan köra, oliy öquv yurtida öqitgan ustozlarimning mehnatlarini zoye qilmay, öqituvçilik qilsam; onamning kasbi — döppi tikib nonimni halollasam; töquvçilik, farroşlik bilan mehnatim samarasidan könglim tölsa bölmasmidi? Axir şaxsiy hayot yölini tanlaş ixtiyorim bor edi-ku!
Öylab körsam, şu paytgaça faqat özimdan, özimning qörqoqligimdan pand yebman. Hayotimning eng ğanimat, qaytmas imkoniyatlarini qörqoqlikka yem qilib beribman. Yörgakda tekkan kasal qabrgaça tuzalmaydi, deganlaridek, toki hozirgaça…
Mustaqillik bizga eng avvalo xalqu Vatan manfaatlariga mutanosib bölgan orzu-niyatlarimizga yetib yaşaş, bu yölda mehnat qiliş, kuraşiş, kerak bölsa, talab qiliş huquqini berdi.
…Kiçkina qizim 2004 yili 1-sinfga borganda, mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan alifboga ötiş haqida qonun qabul qilingani uçun barça kutubxonalarda matnida “sovet” sözi uçragan kitoblarning hammasi çiqitga çiqarilgan edi. Ota-onalar yiğilişida sinfga gajimdor pardalar, soat oliş, bayramlarda öqituvçilarga nima sovğa qiliş haqida boşlangan taklifu talablarni eşitmaganga olib, sinf kutubxonasi taşkil qiliş haqida gapiraverganimning “hosili” qizimning yakkalanib qolişi, sinf rahbarining yölini topib uni haftalab pol, yölaklarni yuvdirişi, baholarini pasaytirişi böldi. Bolamga jonim açişib tahliliy maqolalar yozdim — “Maʼrifat” gazetasi tahririyatining eʼtirofi, mukofotlariga sazovor böldim. Öşa maqolalar taʼlim sohasiga masʼul idoralar, maktablarda “örganib çiqilgan, tegişli çoralar körilgan” bölsa-da, amalda yigirma yillar davomida maktablarda yuqorida aytilgan vaziyat “tub yozib, palak otib ketdi”. Şunday muhitda farzandimning Alloh bergan qança iqtidori uvol bölganini öylasam, içim yonadi. Tasavvur qilaylik, taʼlim-tarbiyaga zid, duşman bölgan öşanday şaroitda jismoniy, aqliy imkoniyatlari, iqtidorlari “tuğilmay ölgan” bolalarimiz soni yuzlarmi, minglarmi?.. Nega temir qaynoqligida bosişni öylamadim, özim kabi farzandining öqişi, taqdiridan taşvişda yurganlar bilan birlaşib, qavatma-qavat joylaşgan xalq taʼlimiga masʼul idoralarning eşiklarini oçmadik, masalani köndalang qöymadik, maktablarda soğlom muhit yaratilişiga jon kuydirmadik? Özbekiston Qahramoni, xorazmlik ustoz Anora Mahmudova: “Bola maktabga xuddi bayramga kelgandek kelişi kerak”, — deydilar. Yigirma yildan ortiq vaqt içida ikki avlod vakillaridan qançasi pardaga, remontga, kimlargadir sovğaga pul olib kelolmagani uçun maktabga noilojlik va qörquv bilan borgan ekan?! Şunday vaziyatda ular darslarni neçoğli özlaştirdi, maktabdan qanday insonlar bölib çiqib ketişdiykin?!
Şunday tökin-soçin, elining asl maslaklaridan biri öziga loyiq deb bilgan harki neʼmatni, yaxşilikni boşqalarga ham ravo körişi şart bölgan yurtda hatto şaharlarni sotib olişga imkoni bölganlar bilan bir qatorda amallab tirikçilik ötkazayotgan kambağallar kam emasligi… tirikçilik taşvişida çiqib ketgan millatdoş ayollarning qardoş mamlakatga borib, u yerda boşqalar oilasini buziş, axloqiy nopoklikda yetakçilardan bölib olişi… köçalarda tirbandliklar oliy maqomiga yetib, havosi dunyodagi eng iflos şahar bölib qolgan poytaxtda kimlardir har bir bolasini alohida-alohida maşinalarida maktabga, boğçaga olib borib qöyişi… Vatanning çekka hududlarida bolalar öquvçilar uçun maxsus naşrlar borligidan ham bexabar ekani… — mustaqillikka erişgan barça davlatlarda bölgani kabi, bizda ham jamiyat taraqqiyoti yölida hal etilişi şart sanalgan şu kabi muammo, vazifalar qatorlaşib turibdi. Şunday vaziyatda — millatu xalqning kelajagi kemtik bölişiga olib kelguvçi adolatsizlik, jaholat, xudbinlikni eʼtirof etganing uçun qarsaklar oliş bilangina bu masalalarning yeçimiga hissa qöşdim, deb kifoyalanişning hosilasi içi böş tugunlar emasmi? Takror aytaman: şu paytgaça faqat özimdan, özimning qörqoqligimdan pand yebman. Bu iqrorim — na bir oniy holat xulosasi, na kimlargadir ibrat bölişidan ham oldin özimni uyğotişini, qalbimda yaxşi niyat bilan boşlangan işlarni oxirigaça, aniq natijagaça jurʼat, qatʼiyat, bandalaru Alloh roziligi yölida qörqmay amalga oşirişga sabot eşigini oçişidan umidvorligimdir.
Keyingi vaqtlarda biz jadid ajdodlarimizga juda muhtoj ekanimiz haqida köp gapirilmoqda. Umr çaqmoq misoli, heç kim bu dunyoga ustun bölmaydi. Ammo harki mustaqil yurtning taraqqiyotga intilgan ozod xalqi hamişa jadidlardek avlodga, yaʼni ona Vatan istiqbolini faqat tasavvur etibgina qolmay, unga eltuvçi taʼlim-tarbiya dasturlarini tuzib, şu dasturlarni hayotga tatbiq etiş uçun maktablar, madaniy-maʼrifiy jamoalargaça taşkil etib, özlari şu dargohlarda muallimlik, notiqlik, rejissyorlik, aktyorlik qilib, uluğ maqsadni amalga oşirişga umrini tikkan jadid bobolarimiz kabi mardona ziyolilarga muhtoj.
Muhtarama ULUĞOVA
