“Men kimman?”
“Men kimman?” deb o'ylayman doim.
Odamlar meni judayam kuchli ayol deb bilishadi: kuchliligim ko'pincha qo'rqitadi, hayiqtiradi, holbuki, men bunday ko'rinishni sira istamagandim. Nozikligimni tushunishlarini istab yashayman. Chunki juda ham inja, judayam nozik ko'ngilli odamman.
Aslida, butun hayotim uy yumushlarini a'lo darajada bajarish, jiyanlarimni katta qilishda opalarimga ko'maklashish, yaqinlarimga qo'limdan kelgancha yordam berishga intilish bilan o'tdi. Bular mening fe'limga ham singib ketgan. Agar ko'chada ikki-uch soatdan ko'proq qolib ketsam, farzandlarim oldida ham, uyim, oilam oldida gunohkordek sezaman o'zimni. Yig'lab yuborishim ham mumkin.
Hayotim xavfsizligi muhtaram shaxslar, buyuk insonlarni o'zimdan ham ko'ra ko'proq o'ylantirgan. Bugungi kungacha siyosatning “katta o'yinlari”ni hamon tushunmayman. Tushunishni istamayman ham. Hayot meni ko'proq yig'latdimi, quvontirdimi, bilmayman buni ham. Shuni bilamanki, baxtli odam ekanman! Qadrlaydigan, sevadigan, mening hech qachon sinishimga yo'l qo'ymaydigan qadrdonlarim bor! Insonlarni tushunishni, go'zallikni idrok etishni, baxtga faqat va faqat to'g'ri yo'ldan borishni xohlayman — shu!
Oshxona va kutubxona orasida umrguzaronligim… Boshqa narsalarni orzu qilmayman.
Sayohat qilishni va kuzni sevaman.
Va Toshkentni…
2024 yil 30 sentyabr.
“Binafsha”
Qadrdon hovlimizdan Navro'z bahona bir dasta binafsha terib keldim. Sag'al kechroq… shunga qaramay, guldasta qilishdan o'zimni chetga tortolmadim… baribir shirin tuyg'ular beradi menga. Binafshaning isi 8 mart arafasida juda nafis bo'ladi, yonidan o'tib ketolmaysiz… Juda ham beozor gul, chamandek ochilib yotaveradi.
Ikkinchi sinfdaman, shanba kuni darsdan keyin buvimnikiga boradigan bo'ldim. Maktabimizning orqa eshigidan chiqib, Xo'jalik degan ko'cha yoqalab, Kommunistlar qabristonining yonidan o'tib, Chig'atoydagi bozorchadan non sotib olib, buvimnikiga ketyapman… Shoshib-chopib, chopib-shoshib…
Buvimni eslashga harakat qilyapman hozir: meni kutib olsalar ham, kuzatsalar ham, yig'lardilar. O'shanda tushunmasdim nega yig'layveradilar deb. Mayin qo'llari bilan sochlarimdan silardilar, qo'llarimdan silardilar: “Buncha chiroylisan, adangning yoshligiga o'xshaysan”, derdilar. Menimcha, nazarlarida bizdek, nabiralaridan chiroyliroq qizlar o'zi dunyoda yo'q edi.
Quchoq ochib kutib olardilar. Har bir xatti-harakatimga qarab turardilar, kiyimlarimni yechsam, chiroyli qilib taxlayotganimni ko'rib, alqardilar: “Buncha chiroyli ishlaring-a!” deb. Dasturxon atrofidamanmi… ko'proq yeyishim kerak edi. Lekin choyni ham tezroq ichishim kerakligini aytib turardilar. Kelinoyilarim-chi?.. Voybo', bu iltifotni ko'rmabsiz… Kelib ketguningizgacha ming marta aylanib o'rgilishardi, uylaridagi eng chiroyli narsa sizniki bo'lardi. Choyni dam-badam piyolaning tagida uzatib, kuzatib o'tirishar, birlari “Nastinka” deb erkalashar, ikkinchilari o'tirgan ko'rpachamni, yostig'imni tekislashar, nima qilishsa-yu meni xursand qilishsa… Oshxonaga kirib olib, turli shirinliklar pishirishar, ertalabki choyga qatlama, somsa, holvaytar, shirin kulchalar, patirchalar… Albatta, noringa harakatga tushib qolishardi. Yoki xonim qilib, arzanda bankalardagi tuzlamalarni olib chiqib, oldimga qo'yishar, xuddi bir allambalo mehmonmi, quda xolami kelgandek izzat-ikrom ko'rsatishardi. Men-chi, men nima bilan qaytardim shu odamlarning mehr, muhabbatlarini?.. Arziydigan biror ish qilolganim yo'q, aslida. Azob beradi shu narsalar… Universitetga o'qishga kirdim, keyin Oybek metro tomonlarga uzatilib ketdim, farzandlarim tug'ildi, uy-ro'zg'or, ijod — shular bilan umrim ham o'tib ketibdi….
Ertasi kuni yakshanba tushlikdan keyin meni kuzatish marosimi bo'lib, hamma chiqib, meni kuzata boshlashdi… Endigina ko'chaga ketayotganimizda, buvim voyvoylab qoldilar: “…Abdulla, sen yugur, lopatkani olib kel, binafshadan olib ber… Habibulla, sen yalpiz ko'chatidan olib ber…”
Keyin Abdulla amakimning mototsikllariga o'tqizishgan, kelganman, qo'limda buvim menga ilingan sellofanga o'ralgan ko'chatlar. Shunday xursand bo'lib kelyapman… Chunki bir umr havasim kelardi hovlisida binafsha o'sadigan sinfdoshlarimga. Endi menam olib boradigan bo'ldim-da ularga.
Shu-shu hovlimizda binafsha o'sadigan bo'ldi. Maktabda o'qib yurganimda “Binafsha” degan she'r yozganman va u “Lenin uchquni” gazetasida chiqqan. Hamza Imonberdiyev juda hayratga tushib o'qib berganlar, Abdusaid aka Ko'chimovga ham juda yoqqan ekan, mas'ul kotib ekanlar o'shanda, aytdilar-da borganimda: “Yaxshi she'r bo'lgani uchun ikkita katta shoirning she'rlari o'rtasiga qo'yib chiqardik…”
O'sha binafshalar, yalpizdan bugun bizning Ko'kchadagi hovlimizga ham kelgan. Halima opaning bir lutflari bo'lar edi: “Har bir maysaga “Salom” degim keladi”, degan.
“Salom, binafshalar!”, “Salom, yalpizim!” deyman ularga qarab…
Buvimning joylari jannatdan bo'lsin! Omin!
2020 yil, mart.
“Dilfuza opamning tavallud kunlariga…”
Kecha kun bo'yi ko'nglimga qil ham sig'madi. Uyga kirdim, hovliga chiqdim, rayhonlarim qarshisiga cho'kdim… “Adam tirik bo'lganlarida, kechagi kunni ko'rganlarida” deb…
Ikki kun avval Dilfuza opamning tavallud kunlarini nishonladik. Bu qutlug' sanaga Dilfuza opa imonli, e'tiqodli turmush o'rtog'i, mehribon, butun qalbi bilan sizga joni achiydigan tavozeli qudalar, aqlli, mehnatkash kuyov, shodligi ham, quvonchi ham — sizniki, kuysangiz sochidan boshlab to yerga tekkuncha kuyadigan mehribon kelin, bir-biridan asal nabiralar, minglab shogirdlar, “fan doktori, professor” unvoni bilan yetib keldilar.
Kecha esladik yana… birinchi sinfda o'qituvchisi Sofiya opa Dilfuza opamga qirq nafar o'quvchining siyohdonini ishonganini, kechga yaqin ularni stolga tizib, hammamiz siyoh quyib chiqishimiz, keyin ertalab ularni bir sumka qilib olib ketishlarini… Esladik, maktabimiz direktori, urush qatnashchisi Hamidulla akaning oltin medal topshirish marosimidagi so'zlarini: “Hayotimda birinchi bor shunday voqeaga duch kelishim, jurnallarni qarab chiqdik. Dilfuza biron kun ham dars qoldirmagan, biron marta ham “4” baho olmagan ekan”, degan so'zlarini.
Nimasini aytasiz, bizning jamiyatimizda fan doktori, professor bo'lish… juda qiyin, juda ham qiyin… Qirq yoshdan o'tar-o'tmay fan doktori bo'ldilar opam. Sharof Rashidov: “O'ttizga bormay professor bo'ladigan qiz ekan”, degan ekanlar dastavval ko'rganlarida va topshiriq berganlar Oqilxon Salimovga: “Shu qizga qaranglar”, deb… Shunga ham qirq yil bo'ldi…
Dilfuza opam Surxondaryoning Denov tumanidagi Hazarbog' xo'jaligida tug'ilganlar. Bir kun ilgari buvim boribdilar Toshkentdan, yakshanba kuni bo'lgan — adam Termizga borib kelganlar va tunda bomdod namozi o'qilayotganda, dard boshlangan va ikkalalari sekin yo'lga tushishgan. To'rttagina xonasi bor doyalik punktida. Shu qadar issiq bir kunda, tepalikda ekan bu doyaxona, Amudaryo ko'rinib turarkan, u yog'i Afg'oniston… Menga bir umr shu voqea qiziq bo'lib ko'rinardi. Adamdan so'rardim: “Ada, u yog'i Afg'oniston, siz dushmanlardan qo'rqmadingizmi, nega tepalikka chiqardingiz, nega daryoning oldiga bordingiz? Sizni otib tashlashsa nima qilardim?” deb kuyinib o'tirardim.
Hozir o'ylayman, musofirchilikda ota-onamga naqadar qiyin bo'lganini. ToshMI diplomini olib, adam Surxondaryoga ketganlar, keyin uylanib, opamlarni ham olib ketganlar. Tasavvur qilolmayman hozir bu holatni, yuz nafar qarindosh-urug'larimiz kuzatgani chiqishgan ekan vokzalga. Ular ikki yosh qirq kunlik chaqaloqni olib, poezdga o'tirishgan, tunda yetib borgan poezd Denovga, stansiyada tunab qolishgan, notanish odamlar uylariga olib kirib ketishgan, notanish odamlar o'zlariga va chaqaloqqa qarashgan. Ketar chog'larida bir sumka sovg'a-salom bilan kuzatishgan o'sha notanish odamlar. Keyin hech qachon ko'rishmagan bir-birlarini. Opam dasturxonni har gal mehmonlarga solganlarida, shuni eslar, “Buni menga Denovdagi stansiya yaqinida turadigan ayol sovg'a qilgan”, derdilar… Menimcha, hali ham bor shu dasturxon… Zig'ir tolasidan tayyorlangan hashamdor dasturxon… Oppoq dasturxon…
Ming bir qiyinchiliklar bo'lgan musofirchilikda, shu qiyinchiliklarni ko'rib ulg'ayishgan opalarim… Juda ko'p qiyinchiliklar… Shuning uchun ular irodaliroq, sobitroq, jasoratliroq mendan ko'ra.
Adam hayot bo'lganlarida… Ehhe, qancha quvonardilar dedim Dilfuza opamni ko'rib.
Joylari jannatdan bo'lsin.
Dilfuza opamga uzoq umr, yangi zafarlar, “akademik”lik matlabini ham tilab qolaman.
2022 yil, 10 iyul.
“Samarqand”
Samarqand — sharqu g'arbni mahliyo aylagan sehrli, sirlar vodiysi, dunyo malikalarining malikalari yurti, shohu ipaklarga o'ralgan, oltin tuproqli zamini uzra karvon qo'ng'iroqlari mudom tinmagan dunyo go'zali! Keldilar-ketdilar dunyo zobitlari, sobitlari, iskandarlari-yu sohibqironlari, elchilari… Yondirding, qalblariga hayrat solding, tubsiz havas bilan qaytdilar ortlariga! Men ham muhibingman sening, hayratlarga tushib qolganman ilk bor kelganimda, qirq yilki, sening maftuningman, tafakkur va aql sohiblari, adolat va e'tiqod peshvarlari, ilm-fan, ijod gulshani bo'lolgan Samarqandim — yana keldim bag'ringga, uzoq yo'llar va yillarni bosib, ko'ngilga qil ham sig'magan damlarda tushlarimga kirarding, keldim yana bag'ringga.
Dunyoning buyuk sarkardalari ko'p. Atilla-yu Chingizxon, Sezar va Iskandar Maqduniy… Bular bir yon-u, Amir Temur siymosi bir yondir. Yig'lab bordim bu qabrga.
Rum fotihi Iskandar, sening jasur qalbing haqida emas bugungi so'zlar, muhabbating haqida keyin aytarman, sevgi nomalaring yurak qatlamlarimga kirib olgan korsikalik noma'lum yigit Bonapart, sen haqingda ham emas, Sezar, Chingizxon, sizlarning har biringiz buyuk zotlarsizlar, lekin bugun boshqa buyuk bir zot haqida yozaman.
Amir Temur qabrlariga kirib borayotib yig'lab yubordim. Hayron boqdilar er-xotin amerikaliklar, so'zlab turib, qotib qoldilar; inglizlar boshlaridan shlyapalarini oldilar — tushunmadilar ular ham, fransuz ayollari oppoq soyabonlari osha qarab qoldilar.
Taqdir izmi bilan tug'ilgan inson taqdiri… Hali tug'ilmasidanoq, ozodlik, Vatan mustaqilligi tuyg'usi bilan tug'ilish osonmi? Osonmas sira ham (qorin to'ydirish g'ami kuchliroq odam bolasida)! Isyon bilan tug'ilish, tomirlaridan oqqan qonda shu iliq mujda bo'lmasa, shu deb tunlari xotirjam uxlolmasa, oddiy insoniy saodatdan mosuvo bo'lsa nima qilsin odamzod? Qayga qochsin bu qismatidan, qaylarga borib boshini ursin, yig'lasin, dod solsin — hammasi befoyda. Chorrahalarda uchrashgan yulduzlar ostida tug'ilgan inson. Shoh va oila, hukmdor va muhabbat, siyosat va farzandlar… og'ir bu narsalar. Juda qiyin bir-birining muvozanatini ushlash.
2022 yil, avgust.
“Hademay sen tug'ilgan kun, qizim…”
Hozir qanday ko'rinishga ega bo'larding? Bilolmayman… o'n to'qqizga ham kirmagan, o'n sakkiz bahoridan nariga o'ta olmagan odamning keyinini tasavvur qilish qiyin bo'larkan axir. Seni har xil ko'rinishlarda tasavvur qilib ko'raman. Baribir, qay bir tomondan qaramay, go'zal, maftunkor, olijanob, mehribon, shafoatli, munis, eng muhimi, men uchun, adang, singillaring, ukang, yaqinlaring uchun aziz bo'larding, sevimli bo'larding, kerak bo'larding, shubhasiz.
Charos qizim, go'zalim, jonim bolam, bilaman, gaplarimni eshitib turibsan.
Bilasanmi, tug'ilganingda juda qattiq azob yedim, seni birinchi bor ko'rganimda darhol hammasi unut bo'ldi, onalik futuvvati barcha azoblarimga barham bergandi. Ertasi tong bilan turganimda ko'zimni ochib ko'rganim deraza ortida oppoq bo'lib, bodrab gullab yotgan oq olmalar bo'lgan. “Biz olmamiz” deb yozgandilar Halima opa qiz bolaning taqdiri haqida. Keyingi kunlar yomg'ir yog'ib, qattiq shamolda olma gullari har tomonga uchib ketgan edi. Qismating shunday bo'ldiki, olma gullariday qaylargadir uchib ketding.
Uchinchimi, to'rtinchi sinfda o'qiyotganingda xafa bo'lib kelding maktabdan: “Men endi tushundim hammasini, yaxshi odamlar qiynalib yashasharkan. Nega siz, adam bunday yashaysizlar?” deding va yig'lab yuborgansan. Xafa bo'lganman Surayyo opadan. “Nima qiladilar bolalarga haqiqatni gapirib?” deb.
Hayotda yuz berayotgan adolatsizliklarni murg'ak vujudingga ko'mib yashading.
Shu bo'yi o'tib ketamizmi ham deb o'ylardim o'zimam.
Biz oilada sen haqingda o'n uch yilki, gaplashmay kelyapmiz. Hammamiz uchun og'ir sening ismingni esga olish ham. Karim Bahriyev rafiqasi bo'lishdan ham farzandi, sevimlisi bo'lishning qismati undan ham og'ir bo'ldi. Alloh bilguvchidir.
Adang bilan qanday faxrlanib yashading, ayniqsa, universitetga kirganingda, talabalaru domlalar seni boshlariga ko'tarishibdi. Bu obro', e'tibor adang tufayliligini tushunarding. Boshimga tushgan og'ir qismatga qaramay, menam adang bilan bir umr faxrlanaman. Adashtirmasin Allohim, to qiyomat qadar shunday bo'lib qolay.
Kipriklari uzun bo'lib, ko'zlaring charos bo'lib tug'ilganding.
Qaniydi, bu dunyoda tengsizlik, adolatsizlik bo'lmasa, nafs o'pqoni odamlarning girdidan ushlamasa… Balki, birga bo'larmidik, hozir yonimda bo'lgan, yaqin kunlarda seni 31 yoshlik tavalludingni birga nishonlagan bo'larmidik, bolam? Allohim, kechir meni, sinovlaringga sobit bir bandang xayolidan o'tgan fikrlar uchun.
Go'zal Charosxon, Allohning oldida elchim, kutib olguvchim, tinch uxla, bizdan endi xavotir olma.
2023 yil 5 aprel…
Ilmira RAHMATULLAYEVA