“Bu rollar sizga atab yozilgan…”

O‘zbek kino va teatr san’ati darg‘alarining ko‘pchiligi o‘z nomidan ko‘ra yaratgan mukammal rollari bilan atalib, xalqimiz tilidan tushmay kelayotgani bejiz emas. Ular yonginamizda yurgan tanish chehralar, yaqinimiz, qarindoshimiz yo hamkasbimiz bo‘lishi mumkin. Boshqacha aytganda, ana shunday hayotiy, jonli obrazlar qalblardan chuqur o‘rin egallaydi.

 

Muxlislariga goh Nigora, goh Sotti (“Kelinlar qo‘zg‘oloni”) bo‘lib zavq ulashadigan va yo Momo (“Chimildiq”) bo‘lib hayotiy saboq beradigan, bir qarasa munisu mushfiq, ammo bardoshi tog‘dek zalvorli ona (“O‘zbekcha raqs”, “Qirmizi olma”) bo‘lib tomoshabinni hayratga solib kelayotgan O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ikromovani ham, shubhasiz, shu safga qo‘shish mumkin.

Xalqimizda artistlar qarimaydi, degan ibora bor. Haq gap, yoshi yetmishdan oshgan bo‘lsa-da, sevimli aktrisamiz o‘tgan yillarda barakali ijod qildi. Xususan, bir necha yildan buyon sahnadan tushmay kelayotgan “O‘zbekcha raqs”, “Qirmizi olma” spektakllaridagi ona va buvi obrazlari yolg‘iz unga nasib etdi. Ushbu rollarni oyida ikki-uch bora dublyorsiz o‘ynab kelyapti. Teatr zali ayni shu spektakllarda liq to‘ladi va har gal tomoshabinni kuldirib-yig‘latadi yoki yig‘latib-kuldiradi. Spektakl tugagach, uning muxlislari bir gapni takrorlaydi: “Bu rollar sizga atab yozilgan ekan…” 

Ha, bayram arafasida O‘zbek  milliy akademik drama teatrining ustoz aktrisasi Dilbar Ikromova ijodiy faoliyatiga bir nazar tashlashni lozim topdik. Sahnada ba’zan sho‘x-shaddod, “o‘zini xafa qildirib qo‘ymaydigan”, ba’zida esa jaydari Dilbar opaning aslida o‘ta kamtar, sodda, samimiy insonligini ko‘pchilik bilmasa kerak.

– Yoshligimda tortinchoq, bir chetda jimgina o‘tiradigan qiz edim, – deydi aktrisaning o‘zi biz bilan suhbat asnosida. – Onam sendan qanaqa artistka chiqadi, qo‘y bu orzuingni deganlar. Ammo otam (O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan agronom bo‘lgan) monologlar o‘qib, ayrim asarlardan parchalar aytib biz farzandlarni hayratga solardi. O‘qishni bitirib, mana shu teatrda ishlay boshlaganimda, buni eshitgan qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilish ishonmagan. “Yo‘g‘-e, bor-yo‘qligi bilinmaydigan bu qizingizdan qanaqa artist chiqadi” deyishgan. O‘zim ham birorta rolni qoyil qildim deyolmayman, ammo yaratgan obrazlaringiz orasida qaysi biri o‘zingizga ko‘proq ma’qul, degan savolga “O‘zbekcha raqs”dagi ona rolim deyman. O‘zbekiston xalq artisti Turg‘un Azizov sahnalashtirgan ushbu pesani o‘qiganimdayoq shu obrazni yaxshi ko‘rib qoldim. Ustozimiz Turg‘un aka “Dilbar, shu rolga sendan boshqani tasavvur qilolmadim” deb ishonch bildirganlari menga yanayam kuch bag‘ishladi. Bir olam orzu-umidlar bilan yashayotgan ona yolg‘iz o‘g‘li rus qizni uyga yetaklab kelgach, har qancha og‘ir bo‘lmasin, uni qabul qiladi va ko‘p qiyinchiliklardan so‘ng kelinini haqiqiy o‘zbek ayoliga aylantirishga erishadi. Oddiygina o‘zbek onasining oilaga, farzandga, millatga sadoqati tarannum etilgan ushbu sahna asari ko‘pchilikka ma’qul bo‘layotganidan mamnunman. Hamkasblarim ham sahnada rolingizni emas, o‘zingizni ko‘rganday bo‘ldim deyishsa, ko‘nglim ko‘tariladi. “Chimildiq”dagi momo obrazini ham ko‘pchilik gapiradi. Haqiqatan ayolni ancha o‘zgartirib yuborgan bugungi kunimiz uchun ana shunday nuktadon, zukko momolar juda zarur. Hozirgi yoshlarga, kelinu qizlarga bir rolimdagi gapni aytgim keladi: shunday yashangki, yetti pushtingizga sizdan nopisand farzand chiqmasin… Kasbimni shu jihatini yaxshi ko‘ramanki, hayotimizda uchraydigan har xil holatlar, dilxiraliklarni ikki soatlik spektakl davomida unutaman, boshqa dunyoga olib kirib ketadigan sahnadagi hayotim tugamasaydi, shu tarzda davom etaversaydi, deyman…

Drama, melodrama, komediya… Ham kino, ham teatr yo‘nalishida bu janrlarning har biridagi o‘nlab obrazlar uning iste’dodini sinovdan o‘tkazgan, har birida qoyilmaqom obrazlar yarata olgan. Ayrim aktyorlar o‘zini yo unisiga, yo bunisiga xos deb hisoblaydi va shunga yarasha rol tanlaydi. Dilbar Ikromova esa aksincha, qaysi rolga munosib ko‘rishsa, rejissyor ishonchini oqlashga urinadi, epizodik rolni ham tomoshabinning yodidan chiqmaydigan tarzda uddalaydi. “Drama janrida o‘ynasam, komediyani sog‘inib qolaman yoki komediya bilan ko‘proq mashg‘ul bo‘lib qolsam, jiddiyroq obrazlarni yaratishni qo‘msayman, – deydi u. – Har ikkalasi aralash asar bo‘lsa, unda sahnada yanayam maza qilib “yashayman”.

Bahor bayramlari arafasida hamma o‘z volidasi tomon oshiqadi, hayot bo‘lmasa, yodga olib, qo‘msaydi. Qaysi bir xislatlarini eslab, yuragida shirin orziqish tuyadi. Dilbar opa ham o‘z volidasining oilaga, farzandlarga bo‘lgan sadoqatini to‘lib-toshib gapiradi. O‘zi yemay yedirgan, kiymay kiydirgan, sakkiz farzandning barini oliy ma’lumotli qilish uchun yelib-yugurgan ota-onasini alqaydi, joylari jannatda bo‘lsin, deb duo qiladi: 

– Otam insult bo‘lib o‘n besh yil yotib qolganlar. Mushtipar onaginam shunda ham biror marta bo‘lsin, voy-dod deganlarini eshitmadik. Avvalgi onalar soddaroq bo‘lgan ekan, shekilli-da…

Sevimli yozuvchimiz Said Ahmad Dilbar opaga: “Farmonbibining ayrim xislatlarini sening oyingdan olganman” degan ekan. Haqiqatan Farmonbibi o‘nta bo‘lsa o‘rni boshqa deb, nafaqat farzandlarning har biriga, balki nevarayu evaralargacha g‘amxo‘rlik qilishga kuch topib, bir olam mehr ulasha oladigan o‘zbek onalarining yorqin timsoli edi. Dilbar Ikromovaning ham yolg‘izgina o‘g‘liga cheksiz muhabbatini, nabiralariga bo‘lgan ulkan mehrini so‘zu ko‘zlari “aytib” turadi.

– Nabiramga kitob sovg‘a qilishni odat qilgandim, – deydi opa jajjilar haqida sevinib so‘zlarkan. – Bir gal o‘yinchoq olib borsam: “Buvijon, o‘zingiz aytgansiz-ku, eng yaxshi sovg‘a kitob deb, nega o‘yinchoq olib keldingiz” degan. Buni eshitib xursand bo‘lganman. Haqiqatdan, kitob bu – bilim, kitob bu – hayot. Biz talabalik davrimizda ham o‘zbek, ham dunyo adabiyotini muntazam o‘qib borardik. Hozir ayrim yoshlar chet el adabiyotining ayrim asarlarini eshitmaganini bemalol aytib o‘tiradi. Mana, endi kitobxonlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, xudo xohlasa, bilimdon yoshlar ko‘payadi, deb o‘ylayman…

So‘zlari ijro etgan rollaridek samimiy, sodda, ammo yuki zalvorli bo‘lgan Dilbar Ikromovaga ijod yo‘llari hamisha yorqin, umrining har bir kuni sahnadagi hayotidek totli bo‘lishini tilab qolamiz.

 

Xolida Fayziyeva

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × four =