E'tibor, e'tirof, ehtirom!

Siylov, e'tibor, e'tirof hamisha ham o'z egasini topavermaydi yoki topgunicha ancha-muncha so'qmoqlar bosib o'tiladi. Nima bo'lganda ham munosiblik, mutanosiblik degan o'lchamlardan qaralganda 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan onlayn tarzda o'tkazilgan “Yilning eng faol jurna­listi“ an'anaviy tanlovi qalam ahlini qalqitgani rost.

Biz jurnalistni e'zozlar ekanmiz, uning timsolida Haqiqatga, Jasoratga bosh egamiz. Odam ba'zan o'z tashvishlarini ko'tara olmay qolgan bir paytda o'zidan ortib, xalqning, millatning g'amu qayg'usi bilan yashayotgan jurnalistlarga “Barakalla!” deganingizni bilmay qolasiz.

Ma'lumki, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mamlakatimizdagi ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko'rsatayotgan jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirish, ijodiy salohiyatini yuksaltirish, islohotlar jarayonidagi ishtirokini qo'llab-quvvatlash va  rag'batlantirish maqsadida 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan onlayn tarzda “Yilning eng faol jurnalisti“ an'anaviy respublika bosqichini ijodiy tanlovini o'tkazgan edi.

O'zbekiston ijodkorlarini qo'llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan ushbu tanlov g'oliblariga koronavirus pandemiyasi xavfi hali tarqalmaganligi hisobga olinib, sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilgan holda, Toshkent shahridagi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi binosida mukofotlar topshirildi.

Mukofotlarni Uyushma raisi Sa'dulla Hakimov topshirar ekan:

— So'nggi yillarda davlatimiz tomonidan yurtimizda milliy jurnalistika sohasini rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlarning ijodiy, kasbiy salohiyatini yuksaltirish masalasiga ustuvor vazifa sifatida ahamiyat qaratildi. Ommaviy axborot vositalari xodimlarining yanada erkin, samarali ijod qilishi, xalqimiz uchun dolzarb bo'lgan mavzularni dadil ko'tarib chiqishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilayotibdi, — dedi.

Prezidentimiz jurnalistlarning kasb bayrami munosabati bilan yo'llagan tabrigida: “Biz bugun huquqiy demokratik davlat qurayotgan ekanmiz, jurnalistikaning butun dunyoda e'tirof etilgan, o'zgarmas talab va mezonlariga amal qilishimiz zarur.

Bu mezonlarning eng asosiysi — xolislik va haqqoniylikdir”, dedilar.

Mazkur tanlovda ham ishtirok etgan jurnalistlarning materiallarida ijtimoiy masalaga yoki yechimini kutayotgan muammoga xolis va haqqoniy yondashganligiga, birinchi navbatda, e'tibor qaratildi.

— Ushbu tanlovda birinchi marta ishtirok etishim edi, — deydi SevimliTVningZamonaxborot dasturi bosh­lovchi muharriri Dilobar Kabulova, — debyut men uchun omadli keldi.  Bilasizki,  mamlakatda telekanallar soni ko'payib bormoqda. Bu esa sog'lom raqobat muhitida ishlashni  talab etadi. Shu bois bizning “Sevimli” telekanalida ham talablar qattiq, natijalar esa faqat xalq, jamiyatga xizmat qilishi kerak degan tushuncha asosida tahlil qilinadi. Tezkorlik, zamon bilan hamnafaslik, aniq hamda sifatli axborot  yetkazish esa mening shiorim.

Nuriddin Ubaydullayev, “Jamiyat” ijtimoiy-siyosiy gazetasi bosh muharrir o'rinbosari:

— Jurnalistlik mashaqqatli kasb. Shunga qaramay, bu kasb egalarining mehnati deyarli ko'zga tashlanavermaydi, osonlikcha e'tirof etilmaydi. Bundan ikkilanmaslik lozim, jurnalist doimo izlanishda bo'lsa, har qanday mashaqqatni yenga olishga o'zida kuch topsa, albatta, qilgan mehnati o'z samarasini beradi. Kamtarin mehnatlarim samarasi hay'at a'zolari tomonidan ma'qul ko'rilib, sohaning eng katta mukofotlaridan biri — “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g'olib­ligi nasib etdi. Bundan juda xursandman.

— Har qanday e'tirof yutuqlarimizga berilgan bahodir. Bugungi kun jurnalisti zamondan bir qadam oldinda yurishi kerak. Sohada kamchiliklarimiz yo'q emas, albatta. Buni davlatimiz rahbari ham: “Afsuski, aksariyat axborot vositalarida ijtimoiy salmog'i yengil bo'lgan, hisobot va balandparvozlik ruhidagi materiallar hanuz ustunlik qilmoqda. Yana bir muhim masala — ayrim jurnalist va blogerlarimizda bilim va professional malaka, bahs madaniyati yetishmasligi jamoatchilikni tashvishlantirmoqda”, deya ta'kidlab aytdilar.

Haq gap. Bugun oshkoralik, xalq bilan hamnafas bo'lib yashash, demokratik tamoyillarga tayangan jurnalist yuqoridagi so'zlardan o'ziga kerakli xulosalar olishi kerak. Bu borada biz — jurnalistlar uyg'oq, sergak bo'lishimiz shart, — dedi O'zbekiston Milliy axborot agentligi bosh muharrir o'rinbosari Abdujalol Taypatov.

Islom Asilbekov,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

mutaxassisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen + 17 =