BARAKA HALOLLIKDA

Joriy yil xalqimizning dasturxoni dehqonchilik mahsulotlari bilan to‘kin bo‘ldi. “Qish g‘amini yozda ye” deganlaridek, yetishtirilgan meva-chevalar hozir ham bozorlarimizga fayz- baraka bag‘ishlab turibdi. Shu kunlarda aholi dasturxonining to‘kinligini ta’minlash maqsadida respublikamizning barcha hududlarida yangi yil savdo yarmarkalari uyushtirilmoqda.

  Qayta ishlash korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik hamda asalarichilikka ixtisoslashgan xo‘jaliklar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etayotgan mazkur yarmarkalarda xaridorlarga arzon narxlarda saksonga yaqin turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari taklif etilayotir. Barcha savdo-sotiqlar naqd pul yoki plastik kartalari orqali amalga oshirilayapti. Bu esa iste’molchilarga qulaylik tug‘dirmoqda.

Poytaxtimizning Yunusobod dehqon bozorida bo‘lganimizda xaridorlar ko‘pligiga qaramay savdo-sotiq ishlari chaqqon davom etayotganiga guvoh bo‘ldik.

Halol mehnati bilan niyatiga yetgan, suhbati shirin, har qanday savolga qisqa-lo‘nda javob beradigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidan kelib yarmarkada ishtirok etayotgan fermer To‘xtavoy aka Bobojonovni suhbatga chorladik.

– Mana to‘rt yildirki, yangi yil bayrami arafasida aholini o‘zimizning sifatli va arzon go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlab kelamiz, – deydi  u samimiylik bilan. – Ayni damda kuniga 700-800 kilogrammdan oshiq go‘sht sotilmoqda. Xaridorlarimiz go‘shtning sifatidan ham, narxidan ham rozi. Bundan o‘zimizning ham ko‘nglimiz ravshan.

Keyingi suhbatdoshimiz Lalixon Mirboboyeva ancha gapdon va xushmuomala ekan:

– Men “Master delikatesev” kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasining sotuvchisiman. Korxonamiz yuz turdan ortiq kolbasa mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Mana bir necha kundirki, Yunusobod dehqon bozorida xaridorlarga o‘z mahsulotlarimizni tavsiya qilyapmiz. Xaridorlar ham bundan minnatdor. Yangi yil arafasida xalqimiz dasturxonini to‘kin qilishga oz bo‘lsa-da hissa qo‘shayotganimizdan xursandman. Bularning bari mamlakatimizda tadbirkorlikning taraqqiy etayotgani samarasidir.

– Necha yildirki, shu bozordan ro‘zg‘orga bozorlik qilaman, – deydi pensioner Nuriddin aka Jalolov. – Keyingi yillarda Yunusobod dehqon bozorida aholiga qulayliklar yaratish uchun ko‘pgina ishlar qilindi. Yangi yil savdo yarmarkasi ham shular jumlasidandir. Bu yerda barcha mahsulotlar arzon va sifatli. Bundan xaridorlar, albatta, mamnun bo‘lmoqda. – So‘nggi yillarda bozorlarda jamoatchilik nazorati shtablari tashkil etilgani aholi uchun ayni muddao bo‘ldi, – deydi fikrini davom ettirib u. – Ba’zan xarid jarayonida sotuvchi va xaridor o‘rtasida muammolar bo‘lib turadi. Ilgari bunday vaziyatlarda shikoyatni kimga aytishni bilmasdik. Mana jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yilganidan buyon bu masala o‘z yechimini topdi. Ayniqsa, “terminal ishmayapti”, “tarozi noto‘g‘ri ekan” degan bahonalar bo‘lmayapti. Shu vajdan bozorda halollik, baraka aks etib turibdi.

Bozorni aylanib, hammani bayramona kayfiyatda ko‘rdik.

 

Bobur YO‘LCHIYEV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + 14 =