BOLA HUQUQLARI HAR NEDAN AZIZ…

Rahbarimiz chorlab, ro‘parasidagi ayolga ishora qildi:

— Bu singlimizning talabiga nima deysiz? Eri bizda ishlarkan, aliment miqdori oz, ishdan bo‘shating, deyapti?..

Ayolning g‘arazli maqsadini anglaganday bo‘ldim. Uch nafar farzandni ta’minlash, yedirib-ichirish o‘z-o‘zidan bo‘lavermaydi. Xodimimizning to‘layotgan alimenti ish haqining teng yarmidan iborat. Agar u ishdan bo‘shatilsa, hech qayoqda ishlamasa yuqori miqdordagi alimentni talab qilish mumkin ekan.

 Men ayolga bu talabi noqonuniy ekanini tushuntirdim. Mehnat qilish shaxsning kons­titutsiyaviy huquqi. Har kim o‘zi istagan joyda, qulay sharoit va qonuniy daromad topish imkoniga qarab faoliyat yuritish hamda mehnat qilishga haqli. Xotini eriga nisbatan o‘zboshimchalik bilan, ya’ni faraz qilingan huquqlarini talab etib, o‘zganing qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga ziyon yetkazishga haqqi yo‘q. Aks holda, ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Afsuski, ba’zi tashkilot rahbarlari mana shunday holatda «Och qornim – tinch qulog‘im» deganday tuppa-tuzuk xodimlarini ishdan chetlatib, mash-mashadan qutilib olishadi. Vaholanki, erining ishxonasiga asossiz janjal qo‘zg‘ab kelgan shaxslarni qonun yo‘li bilan ti­yib qo‘yish mumkin.

Alimentchi otalar haqida achchiq-achchiq gaplar aytilgan maqolalarni ko‘p o‘qiganmiz. Ular «qochoq otalar» sifatida ayovsiz hajv qilinadi. Hozir ham bunday hodisalar uchrab turadi. Ammo tanganing ikkinchi tomoni ham borligini tushunib yetishimiz kerak. Ba’zan shaxsiy kelishmovchiliklarga ijtimoiy tus berish, vaziyatni bir tomonlama baholash oqibatida ba’zi “yumshoqfe’l” ayollarning asossiz ta’qibi sabab jabr ko‘rayotgan erkaklar ham oz emas. Shunaqa ayollar borki, sobiq turmush o‘rtoqlarining halol, qonuniy daromadlariga sherik bo‘lish ilinjida turfa nayranglarni o‘ylab topadilar, mahkamadan mahkamaga sudrab, zug‘um o‘tkazmoqchi bo‘lishadi. Shunday kimsalar borki, ular ayol sha’niga dog‘ tushirib, mo‘may daromadga ega bo‘lish niyatida bir vaqtning o‘zida ikkita erkakdan aliment undirish maqsadida yeng ichida boyroq odamlarga ikkinchi turmushga ham chiqib olishadi.

Xonamga bolasini yetaklab olgan ayol qimtinibgina kirib keldi. U ta’minot undirish uchun bir xonadonga borishimni iltimos qildi. O‘zi uyalishini aytdi. Men sud ijrochisi emasligimni tushuntirdim. Ammo uning gaplari meni qiziqtirib qo‘ydi. Buni qarangki, bolaning otasi shu paytgacha ixtiyoriy ta’minot berib kelgan. Yigitning otasi hoji bobo ko‘pchilik oldida o‘g‘lining va’dasini olib bergan ekan. «Sudlashishni oilamizga oriyat biling, bolalarim! Farzand siznikimi, demak, o‘z zurriyodimiz. Sulton suyagini xo‘rlamas. Boladan xabar oling, ta’minotini o‘z vaqtida qiling! Aks holda, sizlardan rozi emasman…» deya e’tirozga o‘rin qoldirmapti. Anglashilicha, bir necha oylardan buyon nimagadir aliment kelmay kolgan, bolani maktabga tayyorlash kerak…

Hoji bobo gaplarimni diqqat bilan eshitdi. Bolaga termuldi.

Darvoqye, bu bola mening zurriyodimdan-ku? Onasi nega kelmadi? Nimaga uyaladi? O‘g‘lim uzoq yurtga ish bilan ketgandi. Shu sabab bu masala xayolimizdan ko‘tarilib­di-ya! Ogohlantirib ketmaganini qara-ya?! Bolaning onasiga yetkazing, farzandini uch-to‘rt kunga olib qolaman. Rangini oldirib qo‘yibdi. Bizda meva-cheva mo‘l, maza qiladi. Kiyim-kechagini butlab, qo‘­liga ta’minot berib, maktab arafasida yetkazib beramiz. Xavotir olmasin, xo‘pmi?

Bolaning onasi o‘zimni yolg‘iz uchratiboq mamnun jilmaydi:

– Aytsam ishonmagandingiz, nabirasini olib qoldimi? Hoji bobo jannati odam! Umrini uzoq qilsin, xudo­yim!..

Hayot murakkab, sertashvish. Bunday holatlarda ajrim sababi, haq-nohaqlik borasidagi tortishuvlar befoyda. Har qanday holatda ham otaning o‘z farzandi oldida juda katta mas’uliyati bor.

Fuqarolik ishlari sudida ishlayotgan bir hamkasbim taklif qilib qoldi: «G‘alati bir ishni sudda muhokama qilayapmiz, kuzatmaysizmi? Maqolaga zo‘r mavzu …» Bordim, qatnashdim.

Da’vogar yetmishlardan oshgan otaxon. Yolg‘iz, qarovchisi yo‘q. Ikki nafar farzandi go‘daklik paytidayoq onasi bilan ketgan ekan. O‘sha ikki farzandidan o‘zi uchun doimiy ravishda ta’minot undirilishini so‘rayapti. Sud zaliga dastlab katta o‘g‘il taklif etildi. Cholning da’vosi unga tushuntirildi. Yigit hang-mang:

– Qanaqasiga bu kishi bizning otamiz bo‘lsin? Otam uyda, ukam qaramog‘ida yashaydi. U ham yetmishdan o‘tgan. Shu paytgacha birov bizga otang mana shu kishi deb tanishtirmagan…

– Haqiqatan ham, bu nuroniy otangiz bo‘ladi. Sizlarga bolaligingizdan aliment to‘lab kelgan, – tushuntirdi sudya. – Qonun talabiga ko‘ra, endilikda ta’minot berish va holidan xabar olishga majbursiz… Nechta farzandingiz bor?

– Ikkita.

Sud zaliga uning ukasi chaqirtirildi. U ham xuddi shunday javob qildi. «Axir otamiz o‘zimiz bilan birga. Biz otamiz boshqa ekanini endi eshityapmiz. Qachon aliment to‘labdi bizga? Bu haqda hech eshitmagan ekanmiz… O‘zimning ikki nafar farzandim va otam uchun topganim zo‘rg‘a yetadi. Bu odamga ta’minot berolmayman».

Sud ukaning karamog‘ida nuroniy borligini hisobga oldi. Akasiga da’vogarning ta’minoti uchun har oyda eng kam ish haqi miqdorida pul va har ikki o‘g‘ilga cholning holidan xabar olish, parvarishlash majburiyatini yukladi. Aka-ukalar jig‘ibiyron bo‘lib chiqib ketishdi. Da’vogar otaxon esa iztirob ichida hassasiga boshini qo‘ygancha qoldi. Achinib ketdim. Yigitlarni murosaga chorlash niyatida ortidan chiqdim. Tash­qarida boshqa bir nuroniy kishi bilan turishgan ekan.

– Men sizlarni mehrsiz qilib tarbiyalaganmidim? – derdi otaxon o‘g‘illarini ko­yib. – O‘sha oqsoqol haqiqatan ham otangiz bo‘ladi. Men zurriyodsiz edim, bolalarim. Xudoyim shu otangizdan bo‘lgan ikki o‘g‘ilni menga farzand kilib berganiga shukr qilib yashaganman. Bolaligingizda u sizlarni yo‘qlab ko‘p kelgan. Onangiz sizlarga yaqinlashtirmadi. Men esa ular o‘rtasiga tushishdan istihola qilganman. Sizlarni olib ketib qoladi, deb qo‘rqoqlik qilgan ekanman… Kiring, qo‘ltig‘idan suyang…

Tushlik paytida choyxonada ularga ko‘zimiz tushdi. Ikki qariya berilib suhbatlashishar, aka-ukalar esa ularning xizmatida girdi-kapalak, topganlarini tashib kelishardi. Sudya hamkasbim ham kuzatib, mamnun kulardi.

– Adolatli qaror chiqarding, – dedim uni alqab.

– Yo‘q, adashding, – e’tiroz bildirdi sudya. – Mamlakatimizda qabul qilingan qonunlarning o‘zi adolatli. Bizdan to‘g‘ri tatbiq qilish kifoya xolos!..

Ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Sud zalidan chiqiboq, ajrashib ketgan ayollar yanib qo‘yishadi:

– Bolamning tirnog‘iniyam ko‘rsatmayman!

Kechirasiz, bunga sizning haq-huquqingiz yo‘q. Bola huquqlarini poymol etishga hech qaysi insonparvar davlat ruxsat bermaydi. Bola haq-huquqlari jahon miqyosida himoyaga olingan. Bola, garchi otasi va yoki onasi nogiron yoki ruhiy kasal bo‘lsa-da, ular bilan uchrashishga, bag‘rida erkalanishga haqqi bor. Faqat, ota-onasi uning sog‘lig‘iga va hayotiga tajovuz qiladigan ahvolda bo‘lmasa bas. YAqinlarini tanishi, akuzviy huquqlari. Shuningdek, ota yoki onasi bola bilan birga yashamayotganlari taqdirda ham ular tarbiyasi a-uka va opa-singillari bilan birga yashashi, ular bilan muntazam aloqada bo‘lishi bolaning bilan shaxsan shug‘ullanish huquqiga ega. Bolaning yaxshi sharoitlarda yashayotganligi va sifatli ovqatlanayotganini nazorat qilishga va shunga shart-sharoit yaratilishiga tashabbus ko‘rsatishga haqli. Shunday ekan, bolaga shaxsiy manfaatdorlik nuqtai nazaridan emas, bola huquqlarining himoyasi nuqtai-nazaridan muomala-munosabat ko‘r­satish muqaddas burch va qonuniy majburiyatdir.

 Muhammadqodir OTAXONOV,

«Grand educational service» MCHJ huquqshunosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen − three =