ADABIYOT — RUHIYAT TARBIYACHISI

Adabiyotimiz yukini katta iste’dodlar ko‘tarib turibdi. Ana shunday adiblarimizdan biri Nazar Eshonqulning “Yalpiz hidi” kitobini yaqinda yana qayta o‘qib chiqdim. Yozuvchi “Yalpiz hidi” hikoyasida Samandarning qishloqdan shaharga kelgan paytlari, tuyg‘ularining naqadar pokligi, hayotga zavq-shavqi, hayrati va armoni ilhom va mahorat bilan tasvirlangan. Uning “Urush odamlari”, “Momoqo‘shiq”, “Tun panjaralari” qissalarida ham samimiy, sof tuyg‘ular, iliq xotiralar aks etganki, kitobxonni aslo befarq qoldirmaydi.

 Adib bilan suhbatimiz adabiyot, kitob, badiiy asarlar… eng muhimi, inson tarbiyasiga bag‘ishlandi.

 Nazar aka, mamlakatimizda kitoblar, ayniqsa, yaxshi asarlar, xususan, mumtoz adiblar asarlarining targ‘iboti qay darajada deb o‘ylaysiz. Bugungi kun kishisiga qanday asarlar yoqadi?

– Agar kitobxon deganda keng omma tushunilayotgan bo‘lsa, unda bu toifaga bugun ham, kechagi kunda ham oldi-qochdi, ermak, vaqt o‘tkazishga, maishiy g‘urbatlarga qurilgan yengil-elpi asarlar yoqqan. Bozor esa ommaviy xaridorlar ehtiyojiga moslashadi. Shunday ekan, “bugungi kun kishisi” deganda kim nazarda tutilyapti?! Agar didi bozor talablariga mos o‘quvchi bo‘lsa, unda unga targ‘ibotning keragi yo‘q. Bozor nuqtai nazaridan “nodir asarlar” sifatida talqin qilinayotgan ommaviy didga mos asarlar targ‘ibotga muhtoj emas. Ular shusiz ham o‘z xaridorini topayapti. “Bestseller” yoki “ko‘p sotiladigan”, “ommaviy o‘qiladigan” degan mezon adabiyotning emas, tijoratning o‘lchovi. Omma ehtiyoji bilan adabiyot ham, san’at ham belgilanmaydi. Olomon didi bugunning maishiy mayl va istaklarini qondiradi, aql va ruhning ehtiyojini emas. Oddiygina qiyos: mumtoz usulning jonli ijrosida falsh darrov seziladi, bu usulda yasama hofiz yaratib bo‘lmaydi. Shuning uchun mumtoz usul ommaviy emas. Lekin haqiqiy ovoz, haqiqiy iste’dod shu usulda namoyon bo‘ladi. Qolganini esa ota-bobolarimiz “yalla”chilik degan. Yallachilikda soxta “hofiz”lar tiqilib yotibdi. Omma ham o‘sha soxta ovozlarga shaydo bo‘ladi. Bunga qarshi kurashishning birdan-bir yo‘li – ruhni haqiqiy san’at asari bilan to‘yintirishni o‘rganish kerak. Tafakkur va ruh ehtiyojini faqat haqiqiy adabiy asarlar qondiradi. Adabiyot ham san’atning shu qonuniga bo‘ysunadi. Lekin tijorat adabiyotlari did va saviyaga daxl qilayotgan ekan, asl adabiyotga nisbatan ongli ravishda targ‘ibot kerak. Bu sohada esa oqsashlarimiz ko‘p. Eng yomoni, targ‘ibot minbari bo‘lgan matbuot xodimlari ichida ham olomon adabiyoti bilan haqiqiy adabiyotning farqiga bormaydiganlar anchagina. Ommaviy tarzda o‘qiladigan nashrlarga bir e’tibor bering. Ularda qaysi shoir yoki adiblar, qanday asarlar qay yo‘sinda, qanday til, qanday usul bilan tar­g‘ib qilinayapti? Kimlarga salkam daholik maqomlarini “tuhfa” qilishmayapti ular?! Adabiy didimizga daxl qilayotgan yana bir manzara bor. Hukumat miqyosida til bilishga bo‘lgan e’tibor tufayli bugun xorij tilini bilguvchilar ko‘paydi. Xorij tilidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarjima qiluvchilar paydo bo‘ldi. Bu juda quvonarli hol. Lekin bu tarjimonlar aksariyatining adabiy didi haminqadar. Ular o‘zlari o‘girayotgan tildagi noyob asarlar sifatida tarjima qilishayotgan shoir-yozuvchilarning aksariyati yuqorida aytganimiz, tijoriy adiblar. Saviyasi shu pog‘onadan ko‘tarilmagan tarjimonlarning “sa’y- harakati” bilan o‘girilgan “yuksak adabiy asarni” o‘qigan yoshlarimiz dunyo adabiyoti mezonini ana shu “noyob asarlar”ga qarab belgilamaydi deb kim kafolat beradi?

Bu holat esa asl adabiyot targ‘ibotini yanada xiralashtiradi, asl adabiyot, asl so‘z san’ati haqidagi tasavvurni, mezonni, me’yorni o‘zgartiradi. Asl adabiyot bilan tijorat adabiyotining, haqiqiy shoir bilan yallachi shoir­ning farqiga bormaydigan o‘quvchilar ana shu nashrlarni, ana shu tarjimalarni o‘qib, paydo bo‘layapti. Didsizlikning bu tarzda “omma­viylashishi” juda xatarli. Shuning uchun ham asl bilan “yasama”ning farqini tushuntirib turadigan ziyolilar targ‘iboti kerak.

Adabiyot ezgulik va yovuzlik, Rahmon va shayton o‘rtasidagi kurash sahnasi bo‘lib kelgan. Lekin bugun, o‘quvchi taassuroti bilan aytganda, adabiyotda “yomonlar” va yaxshilar”ning qiyofasi ko‘rinmay qoldi. Shu jihatdan uning ham vazifasi xiralashdi. Shu paytgacha, adabiyot insonning ezgulik va yovuzlik tasavvurlarini tarbiyalash bilan shug‘ullanib kelardi. Zotan, adabiyot bu – adab, ya’ni odob fani edi. Lekin ayni kunda bu ilmni ikkinchi darajali deb o‘ylovchilar ham yo‘q emas. Siz bu masalada nima deysiz?

– Adabiyotdagi obrazlarning “yaxshilar” va “yomonlar”ga bo‘linishi, o‘quvchida faqat shu taassurotlar uyg‘otishi bugun ibtidoiy vazifa bo‘lib qoldi. Chunki bugun Rahmon va shayton o‘rtasidagi kurash odamzodning ichiga ko‘chdi. Adabiyot ham endi kurash sahnasini voqealarga emas, zamon kabi o‘ta murakkablashgan odamning ichiga ko‘chirdi: u o‘zi haqidagi tasavvurlari va qarashlari murakkablashgan, xiralashgan odamni tahlil qilishga, odamning o‘ziga uning o‘zi haqida “bilim” berishga majbur bo‘layapti. Jannatdan quvilgan odam bugungi kunda o‘zi bilan o‘zi besamar kurashishga, shu kurash orqali yo o‘zini tiklab yuksaklikka ko‘tarilishga yoki tanazzulga botishga mahkum etilgan. Mabodoki, muqaddas kitob­larda bitilgandek, nabotot, hayvonot, jami tabiat inson uchun yaratilgan ekan, demak, “tabiat”, “olam” degan tushuncha insonning o‘zidir. Undan o‘zga narsa emas. Biz tabiatning bir bo‘lagi, uning markazi, ongli qismimiz. Biz nimani tanlasak, ertangi dunyo bizga o‘sha tomondan yuz ochadi. Qachon inson tashqaridagi olam o‘ziniki va uning o‘zi ekanini anglab yetgandan so‘nggina o‘sha azaliy kurashda maqsad paydo bo‘lishi mumkin. Adabiyot odamzodga ana shu maqsadni anglatish uchun yaralgan. Birinchi ongli inson bilan bugungi insonning qalbida, ko‘nglida, niyatida deyarli o‘zgarish yo‘q. Faqat taraqqiyot, harakat, shakllar, qiyofalar, usullar o‘zgardi. Maqsad va mohiyat esa o‘sha holicha turibdi. Inson qalbi hali ham o‘sha ilk daf’a his etilgan va “zabt etish” boshlangan ezgulik va yovuzlikning kurash maydoni bo‘lib turibdi. Shuning uchun adabiyotning vazifasi ham zarracha bo‘lsa-da o‘zgargani yo‘q. Men haqiqiy adabiyotni o‘tkinchi mafkuralardan baland qo‘yaman. Uning bosh mafkurasi — inson qalbidagi o‘sha ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashni, farqni ko‘rsatib berish, insonning ruhini bu kurashda matonatli qilishdir. Folkner buni soddaroq tushuntirgan: “Adabiyot insonni bardosh berishga o‘rgatishi kerak!” Shunday. Adabiyot insonni bardosh berishga, yengib o‘tishga o‘rgatishi kerak. Buning uchun uning tasarrufida ko‘plab usullar, shakllar, go‘zallik va joziba bor. Men shu paytgacha adabiyotdan bir narsani o‘rgandim: gumanizmdan xoli har qanday asar adabiyot emas, inson qalbini go‘zallikdan mahrum qiladigan, uning dag‘allashishiga xizmat qiladigan har qanday asar adabiyot emas. Adabiyot go‘zallik degani, go‘zallik bilan dunyoni qutqarish, unga da’vat qilish degani.

Kino haqidagi bir ko‘rsatuvni ko‘rikdan o‘tkazayotganimizda juda zamonoviy kiyingan, soch o‘stirishi, gapirish usuli, hatto chulchutligi ham zamonaviy, o‘zini zamonaviy kinoning zamonaviy dahosi hisoblaydigan bir rejissyor shunday dedi: ”Men kinoning tarbiya vositasi ekanligiga sira ham qo‘shilmayman. Kino odamni ekstaz holatga tushirishi kerak. Uning vazifasi shu!” Bugun adabiyotga shunday yorliq iluvchilar tiqilib yotibdi. O‘z fikrlarini isbotlash uchun dunyoning daho rejissyorlaridan, san’atkorlaridan iqtiboslar keltirishadi. O‘sha daho san’atkorlar tushungan “tarbiya vositasi emas” degan fikr tagida aslida tarbiyaga undov yotganini tushunishmaydi. Ular bu xil ulug‘lar fikrining, saviya­lariga yarasha, tashqi qatlamini olishadi. Bunaqa iddaolar o‘zining yo iste’dodsizligini, yo savodsizligini yoki asarining bir pulga qimmatligini yashirish, xaspo‘shlash uchun aytiladi. Istaymizmi, yo‘qmi, har qanday san’at asari bu — tarbiya vositasi. Faqat “tarbiya vositasi” ekanini o‘quvchining qo‘lidan ushlab, “seni bir tarbiyalab qo‘yay” deb pand-nasihat qilish, odob axloqdan ma’ruza o‘qish deb tushunish kulgili bo‘lardi. San’at, jumladan, adabiyot ham o‘quvchining ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik haqidagi qarashlarini, estetik didini, dunyoqarashini, iymon-e’tiqodini, olam va odamga munosabatini, go‘zallik haqidagi tushunchalarini, hissiyotini, tuyg‘ularini tarbiyalaydi. San’at tarbiyalamagan nafaqat odob-axloq, balki tuyg‘u va hissiyotlar ham qo‘pol va tiyiqsiz bo‘ladi. Bir zamonoviy “alloma” shunday deb vaj ko‘rsatgandi: “Mening momom g‘irt savodsiz bo‘lgan. Lekin ezgulik va yovuzlik haqidagi tushunchalari ham, odob-axloqi, tuyg‘u-hissiyotlari, odamparvarligi ham havas qilgulik edi”. O‘sha “savodsiz” bo‘lgan, lekin havas qilgulik tarzda “odamiy” bo‘lgan momoni tarbiya­lagan muhit adabiyot (og‘zaki yoki yozma) va san’at (marosim, urf, kundalik yumush ko‘rinishidagi), shu san’at va adabiyotdan o‘sib chiqqan asriy madaniyat asosida shakllanganiga e’tibor ham bermaydi. San’atning siz aytmoqchi, “odob fani” ekanini inkor qiladigan, uning o‘rnini bosadigan tushuncha hali paydo bo‘lgani yo‘q. Paydo bo‘lmaydi ham. Mash­hur musavvir Van Gogning ukasi Teoga yozgan xatlarida shunday gapi bor: “Ijod dunyosini aks ettiradigan bitta so‘z ayt. Agar u rostdanam ijod hosilasi bo‘lsa, bu so‘z ijodkorni, albatta, parvardigor tomon boshlab boradi”. Adabiyot azaldan inson qalbini, ruhini yovuzlashishdan, xunuklashishdan, tubanlashishdan, toshga (bugungi kun tili bilan aytganda, temirga) aylanishidan, boshqacha aytganda, xudosizlashishidan himoya qilgan va bundan ke­yin ham shu vazifasini bajarishda davom etaveradi. Ana shu narsalarga ko‘nglida, ruhida ehtiyoji borlar unga murojaat qilaveradi.

Keyingi paytda yaxshi asar bilan yomon asarning farqiga bormaydigan kitobxonlar ko‘payib borayapti. Bular ta’bir joiz bo‘lsa, oldiga nimani qo‘ysangiz shuni tanovul qilib ketuvchi didsiz xo‘randalarga o‘xshaydi. Xususan, yaqinda bir noshir bilan suhbatlashdim. U kishi hozir badiiyatdan birmuncha yiroq, ko‘proq oldi-qochdi voqealar bilan to‘ldirilgan kitoblarga talab yuqori ekanini aytganda, ochig‘i, hayron qoldim. Bu ketishda asta-sekin adabiyotni teran his etuvchi, savodxon, ziyolilardan ajralib qolmaymizmi?

– Oldiga nimani qo‘ysa, farqiga bormay yeyaveradigan “xo‘randa” yo uzoq vaqt o‘rmonda yo sahroda yovvoyi tarzda kun kechirgan, yo uning ta’m, hid bilish instinktlari o‘lgan, ya’ni miyasi kasallangan. Ehtimol, u hozir o‘zining kasalligini bilmas, biroq baribir “isitma” kasallikni oshkor qiladi. G‘arb dunyosidagi ma’naviy o‘pirilishlar, oila, mehru oqibat tanazzuli ana shu kasallikning “isitmasi”dir. Olomonning istak va mayllarini “demokratiya” deb talqin qilganlarning o‘zi bugun boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Inson tabiatida baribir yovvoyi mayllar yashaydi. Bu mayllar insonni hayvoniy nafs va hirslar bilan bog‘lab turadi. Faqat iymon tarafida turgan adabiyot va san’atgina bu mayllarning inson ruhida hukm­ronlik qilishini cheklab, hovurini pasaytiradi. Shu sababli san’atsiz dunyo yovvoyilikka olib keladi. Gap chinakam san’at haqida borayapti. G‘arb ma’naviyatida an’analar, qadriyatlar o‘z mohiyatini yo‘qotishi bilan ularning o‘rnini insonning biologik mayllari egallab oldi — bu jiddiy kasallik edi. Bu xil kasallikning bir ko‘rinishi olomon madaniyati deb ataladi. Olomon madaniyati tez tarqaluvchi, tez va oson yuquvchi o‘ta xavfli “kasallik”. U hali tasavvurlari shakllanmaganlarni osongina o‘ziga maftun qilib oladi. U didni, saviyani o‘ldiradi, odamni ildizidan uzadi, sekin-asta manqurtga aylantirib qo‘yadi. Aslida uning orqasida turganlarning maqsadi ham shu: oldin alohida insonni, keyin butun millatni o‘z qiyofasidan, fazilat va suyanchlaridan, an’ana va qadriyatlaridan ayro qilishdir. Qiyofasidan, suyanchidan, suv ichib turgan sarchashmalaridan ayrilgan insonning ham, millatning ham quldan farqi qolmaydi. Shunday ekan, bu holatga faqat “ziyoli o‘quvchidan ajralib qolish”gina deb qarab bo‘lmaydi. Bu yerda asl adabiyot faqat “o‘z o‘quvchisi”ni yo‘qotmaydi, balki badiiyat shakllantirgan did, madaniyat, go‘zallik, zavq, teranlik, tafakkur, eng dahshati insoniyat erishgan ulug‘ madaniyat — gumanizm xavf ostida qoladi. Bu holat millatga, uning didiga, insonga va uning mohiyatiga xatar tug‘diradi. “Payg‘ambarlar kitobi” (“Kniga Ilaya”) filmini eslaysizmi? Kelajak haqidagi antiutopiya. Koinot miqyosidagi halokatdan so‘ng odamzodning bir qismi zo‘rg‘a jon saqlab qoladi. Bu paytda tamaddunlar erishgan barcha narsa odamzodning xotirasidan chiqib ketgan. Odamzod deyarli hayvon tusini olgan, bugungi insoniy fazilatlar qolmagan, yashash uchun kurashadigan, qornini to‘yg‘izishdan bosh­qasini bilmaydigan vahshiy to‘daga aylangan. Ana shu yovvoyi to‘dani faqat kitobgina madaniy yo‘lga boshlaydi, kitob bilan odamzodni tiklash boshlanadi. Ayanchli, lekin achchiq, saboq chiqaradigan xulosa. Kinodagiday odam qiyofasidagi to‘daga aylanmaslik uchun birgalikda, ongli va rejali tarzda kurashish kerak. Asl adabiyotning o‘z o‘quvchisini boy berishiga faqat adabiyotning fojiasi deb qarash noto‘g‘ri. Bu ijtimoiy, olamiy fojia. “Payg‘ambarlar kitobi” filmi odamzodni kitobning, kitobxonlikning, tabiiyki, adabiyotning, “adab fanining” boy berilishi, xatari nimalarga olib kelishidan ogohlantirayapti. Masalaga ana shunday qarash kerak.

Bugun adabiyotimizda qandaydir sokinlik holati kuzatilmoqda. Zamonamizga hamohang, badiiy yuksak, odamni hayratga soladigan roman, qissa, hikoya va hatto she’rlar ham kam yaratilayotgandek… 

– Sokinlik asli adabiyotga xos hodisa. U sokin rivojlanadi, sokin o‘zgaradi, sokin evriladi. Adabiyotimizdagi sokinlik ham shunga o‘xshaydi. Masalan, Ahmad A’zamning Gulxaniy va Svift an’analarini davom ettirib yozilgan “Ro‘yo” asari sokin qabul qilindi. Aslida bu asar turli talqinga, shov-shuvli muhokamaga loyiq asar edi. “Ro‘yo…” romanini XXI asr o‘zbek nasrining yangi romani sifatida bemalol baholash mumkin. Isajon Sulton, Ulug‘bek Hamdam romanlari, Nurulla Raufxon, Bahodir Abdurazzoq hikoyalari haqida ham shunday deyish mumkin. Shoirlarimiz ijodida ham sokin she’r­ga qaytish boshlandi. Bugun Faxriyor, H.Ahmedova, Z. Mirzaeva, Salim Ashur, Aziz Said, Gulnoz Mo‘minova kabi shoirlar eng yaxshi, shu davrning yutug‘i bo‘lgan she’rlarni yozishyapti. O‘tgan yili Shodiqul Hamroning yangi qissasini o‘qigandim, lekin hali e’lon qilinmadi, chog‘i. Bu asar ham o‘ziga xos adabiy hodisa bo‘ladi. E’lon qilinmagan asarlar ko‘p. Muhimi, sokinlik ijodkorlarning ruhiga o‘tirishayapti. Ular asarlarini shon-shuhrat, shov-shuv uchun yozishmayapti. Badiiyat va Ko‘ngil uchun yozishayapti. Bu o‘ziga ishonchni, adabiyot ko‘ngilga qaytayotganini bildiradi. Bu asarlarda inson qalbi himoya qilinayotganining o‘zi adabiyot kim tarafda turganini ko‘rsatib turibdi. Umuman olganda, adabiyot o‘z vazifasini “ado etayapti” yoki “ado etmayapti”, boringki, “qisman ado etayapti” degan javobim baribir bugungi adabiy jarayonning to‘laqonli manzarasi bo‘lolmaydi. Chunki tirikchilik va o‘z tashvishlarimiz bilan o‘ralashib qolganimiz tufayli biz adabiy jarayonning barcha qirralaridan to‘laqonli xabardor emasmiz. Savolingizga javob berish uchun esa adabiy jarayonning “badiiyat” deyishga arziydigan barcha asarlaridan, hatto kichkina she’rlardan ham xabardor bo‘lishimiz talab etiladi. Bunga esa bizda eng avvalo hafsala ham, qolaversa, xohish, keyin vaqt ham yo‘q. Biz bo‘ynimizdan bog‘lab olib, izidan yetaklagancha chopayotgan Vaqt izidan hansirab yugurib borayapmiz. Atrofga alanglashga yoki anglashga o‘zimizda kuch ham, xohish ham topolayotganimiz yo‘q. Vaqtida adabiyotning oldi qatorlarida turgan, ke­yin yigirma yilcha umuman boshqa bir ish bilan mashg‘ul bo‘lgan bir adib bir-ikki yil oldin shunday degandi: “Yaqinda keyingi yillarda e’lon qilingan asarlarni hafsala bilan o‘qib chiqib, adabiyot yigirma yil oldin to‘xtab qolmaganini sezdim”. Adabiyot to‘xtab qolmaganini his qilish va xolis baho berish o‘sha adibga o‘xshab hafsala bilan o‘qishimiz, bunga o‘zimizda kuch va hafsala topa olishimiz kerak bo‘ladi. Adabiyotimizda hayratga tushadigan asarlar, kam bo‘lsa ham, yozilayapti, lekin hayratlanadigan o‘quvchi kamayib borayapti.

Bugungi axborot asriga, xususan, Internetga munosabatingiz qanday?

Munosabatim ijobiy. Internet ham inson kashf qilgan bir mo‘’jiza. Faqat undan kim qaysi maqsadda foydalanayapti, masala shunda. Agar g‘arazli niyatda foydalansangiz, u yovuz, boshqarib bo‘lmas kuchga aylanadi. Yaxshi niyatda foydalansangiz, qulay, oson zamonaviy vosita. Bozordan pichoq sotib olayotganlarning hammasini qotillik qiladi, deb o‘ylash qanchalik kulgili bo‘lsa, o‘zimizdagi aybni ham internetga taqash ham shunchalik kulgili.

– «Maymun yetaklagan odam» hikoyangiz adabiyotimizda katta shov-shuv, voqea bo‘lgandi. Undan keyin yozilgan ko‘plab qissa va hikoyalaringiz ham kitobxonlar mehrini qozondi. “Sharq yulduzi” jurnalida “Go‘ro‘g‘li” nomli romaningiz chop etildi. Lekin bu asarga kam munosabat bildirildi. Sababini nima deb o‘ylaysiz?

Bu holatni adabiyotshunoslardan so‘rash kerak. “Go‘ro‘g‘li” romani so‘zboshida yozganimdek, o‘tgan asrning 90-yillari boshida, naq yigirma besh-yigirma olti yil oldin yozilgan. Men uni bir necha marta qayta ishlashga urindim. Lekin qanday tug‘ilgan bo‘lsa shu holatda qoldi, o‘zgartirolmadim. E’lon qilishdan oldin besh-o‘nta o‘zim hurmat qiladigan adiblar, adabiyotshunoslar o‘qidi. Ularning undovi bilan nashr qilishga rozi bo‘ldim. Jurnalda romanning taxminan uchdan bir qismi e’lon qilindi. Kitob holida e’lon qilishga o‘zimda hali hafsala sezganim yo‘q. Jurnal variant tugal xulosa qilishga xalaqit beradi. O‘zini hurmat qiladigan tanqidchimi, adibmi, asarni to‘la holda o‘qimay fikr bildirmaydi. Fikr bildirgan taqdirda ham u birlamchi tasavvur bo‘ladi, xolos. Sababi shu bo‘lsa kerak…

Yo‘ldosh Solijonov “Go‘ro‘g‘li” romanini Kafkaga taqlid qilib yozilgan desa, Umarali Normatov bu fikrga qo‘shilmadi…

— Umarali Normatov men yuqorida aytgan, romanni to‘la holda o‘qigan besh-o‘nta kishining bittasi edi. Yo‘ldosh Solijonov domla esa jurnal variantidan kelib chiqib, fikr aytgan bo‘lsa kerak. Men u kishiga qo‘lyozma taqdim qilganim yo‘q. Men domlaning adabiy faolligi uchun juda hurmat qilaman. To‘g‘risi, yigirma besh yil avvalgi Nazar Eshonqul ulug‘ Kafkaga qanday taqlid qilgani mening uchun ham qiziq tuyuladi.

O‘zingiz bu roman haqida qanday fikrdasiz?! O‘zingizning ko‘nglingiz to‘lganmi? Bu roman orqali nima demoqchisiz o‘zi? Nega Go‘ro‘g‘li? Vaholanki, doston haqida hech qanday gap yo‘q asarda.

— Sizning bu savolingizga javob topganimda yigirma besh yil avval e’lon qilgan bo‘lardim. Haligacha roman haqida tugal xulosam yo‘q. Men uni o‘sha paytdagi taassurotlarim va qarashlarim bilan yozdim. Keyin o‘zgartirishga qurbim yetmadi. Bor gap shu. To‘g‘ri, asarda “Go‘ro‘g‘li” dostoni haqida gap yo‘q. Lekin dostondagi mohiyat bor: Go‘ro‘g‘li go‘rda tug‘iladi, N. esa o‘zining tirikligini, mavjudligini, o‘zining “men”i borligini isbot qilib berolmagan lahadga o‘xshash jamiyatda yashaydi. Men ikkita holatni tahlil qilishga urindim: birinchisi, ismi marhumlar ro‘yxatiga tushib qolgan odam o‘zining tirik ekanligini isbot qilib berolmagani, ikkinchisi jamiyatning qahramonga munosabati. Bu munosabat boshliq yordamchisining qahramonga “Ism barcha harflar kabi bir harf, shu chalkashlikka xafa bo‘lasizmi?” degan gapi. N. esa “men harf emasman, so‘zman” deydi. U taqdirga tan bermaydi. Barcha fojia ana shu ikki to‘qnashuvdan tug‘iladi. Harfda ma’no yo‘q. So‘zda esa ma’no, ya’ni “men” bor. Go‘ro‘g‘lining qudrati uning go‘rda tug‘ilganida, N.ning fojiasi go‘rga aylangan jamiyatda yashab turib, o‘zining tirikligini isbotlamoqchi bo‘lganida. Go‘ro‘g‘li turli o‘lkalarga safar qilib, ulug‘ qahramonliklar ko‘rsatadi, N. esa butun roman davomida turli muassasalarga bosh urib, o‘zining bor-yo‘g‘i tirik ekanligini isbotlab berolmaydi, jamiyat qonun va tartiblari bunga yo‘l bermaydi. Oxir-oqibat unga marhumlar kabi yashashdan boshqa imkoniyat qolmaydi. U lahadga qaytishga majbur bo‘ladi. N.ning qahramonligi shu. Bular shunchaki roman uchun to‘qilgan, o‘ylab topilgan kechinmalar emas. O‘tgan asrning 80-yillarida har bir ziyoli xuddi shunday kechinmalarni his etardi. Kechagi kunning tahlili biz shunday yashaganimizni ko‘rsatadi… Lekin baribir roman haqida adabiyotshunoslar gapirgani ma’qul.

Keyinga yillarda matbuotda kam ko‘rinayapsiz. Sababi nima?

— Sababi ko‘p. Xalq tilida bunday vaziyat “O‘zimdan ortmayapman” deyiladi. Men ham o‘zimdan, o‘z tashvishlarimdan ortmayapman…

Sizning muallifligingizda yaratilgan “Opa-singillar” teleseriali tomoshabinlar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Tabiiyki, asar fabulasida, uning asosiy ichki mazmun-mohiyatida professional yozuvchining dastxati, mehnati sezilib turibdi. Xo‘sh, o‘zingizning mazkur serialdan ko‘nglingiz to‘ldimi? Umuman, stsenariylar yozuvchilikka xalaqit bermaydimi? Uslub, did siyqalashib qolmaydimi?

— Yozuvchi sifatida ko‘nglim to‘lgani yo‘q. Stsenariynavislik esa yozuvchilikka ko‘pam xalaqit beravermaydi. Albatta, stsenariynavis adabiyot bilan stsenariynavislikning orasidagi chegarani, me’yorni bilishi va hamisha ushlab turishi kerak. Aslida bu serialdagi syujetni Asqad Muxtor domlaning an’anasiga mos tarzda “Opa-singillar” nomli romanga aylantirmoqchi edim. Bir uchrashuvimizda Milliy universitet talabalari “Siz nega syujetli asar, masalan, muhabbat haqida yozmaysiz?! Zamonaviy muhabbat haqida asar yozish qo‘lingizdan kelmasa kerak?!” qabilida savol berishgandi. Zamonaviy mavzudagi muhabbat “syujeti” haqida ko‘p o‘yladim. Turli voqealar yaratdim. Shu niyatda uch opa-singil taqdiri aks etgan bir emas, uch muhabbat syujeti paydo bo‘ldi. Lekin voqeaga asoslangan asar yozish qo‘limdan kelmadi. Qoralamalardan ko‘nglim to‘lmadi. Jumlalar meni qoniqtirmadi. O‘sha paytda menga radio va kinodan turli takliflar tushgandi. Men topgan syujetdan adabiy asar chiqmagach, tirikchilik uchun takliflarni qabul qilishga to‘g‘ri keldi. Oqibatda romanga aylanishi kerak bo‘lgan yo‘nalishlar turli tele-radio-kino mahsulotga aylanib ketdi. “Opa-singillar”dagi Nafisa bilan bog‘liq yo‘nalish tuguni, yechimi, hatto o‘g‘il tug‘ishi bilan bog‘liq yakuni bilan 760 qismli “Har dardning davosi bor” nomli radioserailga Parigul obrazi bo‘lib singib ketdi. Ikkinchi qiz Nasiba bilan bog‘liq yo‘nalish esa “Sevgi farishtasi” nomli serialda Maftuna nomi bilan bo‘y ko‘rsatdi. Shahnoza bilan bog‘liq yo‘nalish Nargiza obrazida “Bilaguzuk” nomli filmning stsenariysi edi. Uch taqdir, ular bilan bog‘liq serialda Murod, Sarvar, Sardor, Javlon, Ikrom sifatida tanilgan obrazlar asli o‘sha yozolmagan romanning boshqa nomlardagi qahramonlari edi. Roman baribir yozilmadi. Ularni romanga aylantirishga kuchim yetmadi. Shunda teleserialga aylantirish istagi tug‘ildi. Juda katta hajmdagi stsenariy paydo bo‘ldi. Bu ko‘lamning ichida kerakli, keraksiz sahnalar, xullas, romanga aylanmagan sahnalar ko‘p edi. Shunda men o‘zimga televidenie talablarini biladigan hammuallif izladim. Zamira Begimqulovani taklif qildim. Boshqa bir rejissyor, chamamda, bu ishni eplolmasdi. Opa epladi. Birinchi marta 140 qismdan iborat serial olindi. Shu sababli “Opa-singillar” adabiy asar sifatida meni qoniqtirgani yo‘q.

Ayni paytda O‘zbekiston teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma`rifat» telekanalida faoliyat ko‘rsatib kelmoqdasiz. Bu kanal yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularning ma’rifati va madaniyatini yuksaltirish borasida ko‘ngildagidek xizmat qilmoqda. Sir bo‘lmasa, yana qanday yangi loyihalar ustida ish olib borayapsiz?

— Hukumatimiz bu telekanalni tashkil qilishidan bosh maqsad ham ma’rifat beruvchilar va ma’rifatga intiluvchilar minbari va auditoriyasini paydo qilish edi. Ana shu vazifani to‘liq bajarishga intilayapmiz. Jamoamiz televizorda yo qiyofasi yo nomi ko‘rinishi uchun dasturlar tayyorlashmaydi, balki ma’rifat, fikr, munosabat uyg‘otish uchun televizorga chiqishadi. Loyihalar ko‘p, lekin yaxshisi, ekranga chiqqach, ziyolilarning o‘zlari baho berishsin.

Mazmunli suhbatingiz uchun sizga rahmat.

 

Adiba Umirova

gurunglashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 4 =