“KISS ME” YOXUD BEHAYO TUYG‘ULAR REKLAMASI
Bugun xarid qilaman degan kishi uchun bozorda istagan narsa muhayyo. Xaridor talabi — bozor talabi. A, labbay. Tadbirkorning bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi va uni qanchalar mustahkamlay olishi bevosita sifatli mahsulot savdosiga bog‘liq. Ammo…
Bozor “quchog‘i”ni to‘ldirib turgan ayrim mahsulotlarni, aniqrog‘i, kiyim-kechaklarni kuzata turib, “bizning talablarimiz qachon shu qadar “oshib” ketdi?” degan o‘yga borasiz. Gap shundaki, poytaxtimizning gavjum bozor rastalarida osig‘liq turgan kiyimlar (ko‘pincha, ayollar va qizlar ko‘ylagi!)dagi yozuvlarni o‘qib hushingiz boshingizdan uchadi.
Kamina ham bozor kezib shunday holatlarga guvoh bo‘ldim. Rastalarni birin-ketin oralab ko‘z tushganlari taassufki quydagilar bo‘ldi:
“Huge me” (Meni quch), “Kiss me” (Meni o‘p), “Love me” (Meni sev), “Give hot love to me” (Menga qaynoq muhabbat ber), “My heart belong to you” (Yuragim senga tegishli), “How sweet of you” (Sen qanchalar shirinsan), “You already know I love you” (Seni sevishimni allaqachon bilasan), “Think of your own my ideas” (Men haqimda o‘yla), “SICK” (Kasal), “I love New York” (Men Nyu-Yorkni sevaman), “Let’s meet in our dreams tonight” (Kel, orzularimiz oqshomida uchrashamiz)…
Bular-ku, mayli, har qancha uyatli yoki o‘zga yurtga mehr ifodalangan begona so‘zlar bo‘lmasin, imlosi to‘g‘ri. Allaqanday xususiy firmalarda tayyorlangan liboslardagi xato yozuvlarni ko‘rganda esa, ham kuyasan, ham kulasan.
“Newyofk” (aslida “New York”), “Londot” (“London”), “Tokyo” (“Tokio”); “Dont talk me” (Don’t talk me”), “Im every woman”…
Hatto ayrim yengil ustkiyimlar ijtimoiy hayotga munosabat sifatida aks etadi: “Your my friend likes my instagram” (Do‘stim bo‘lsang, instagramda layk bos), “I’m Lama” (Men Lamaman) kabi.
Bu kabi “dil izhorlari”ni o‘qib fikring tariqdek sochilib ketadi. Ushbu kiyimlarni xarid qilish uchun sotuvchi bilan tinmay narx talashayotgan qizlar xayolimda jonlanadiyu, yoqamni ushlayman. Qiziq, ular bu yozuvlarning mohiyatini tushunib olishmoqdami yoki…
Qizlar bunday liboslarni “zamonaviylik” deya tushunsa kerak-da. Ammo “Meni quch”, “Meni o‘p” singari jumlalarning egnida porlab turishiga qaysi yuz bilan chidashayotgan ekan. Yoki dugonalarimizning didlari shunchalik pastmi?
O‘zbek qizlari haqida gap borsa, ibo, hayo, iffat singari tushunchalar naq ularning egizagidek jarang topgan. Ammo yuqoridagi singari yozuvlar tushirilgan kiyimlarni kiyib, ko‘cha-ko‘yda bemalol yurgan qizlar ko‘rgan ko‘zni iymanishga majbur etayotganini o‘zlari bilarmikan? Hatto, oliy ta’lim muassasalarida bunday liboslar bilan kursdoshlari orasida “ishvalanib” yurgan, o‘z ustoziga shunday yozuvli kiyimda ro‘para bo‘layotgan talaba-qizlar borki, endi bunisi jiddiy masala.
Bu kabi “bezak” berilgan kiyimlarni faqat qizlarda emas, yigitlarda ham uchratamiz. Futbolkalardagi suratlarning aksari zo‘ravonlikni targ‘ib qiladi. Masalan, urush maydonidan chiqib kelayotgan askar surati, qon, olov, qurollar, jangari film qahramonlari; tatuirovka, qartalar surati va hatto alkogol ichib, quloqchin tutib olgan go‘dak(!) surati tushirilgan futbolkalar, yana yirtqich (bo‘ri, sher)larning vahshiyona qiyofalari aks etgan liboslar…
Achinarlisi, ushbu kiyim-kechaklarning aksari xorij mahsuloti emas, aynan o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda! Tadbirkorlardan biri bolalar kiyimlarida “Masha va ayiq”, “O‘rgimchak odam”lar o‘rniga milliy qahramonlar surati bilan ishlab chiqarish haqidagi taklifimga “Qaysi qahramonlarni aytyapsiz: Zumrad va Qimmatnimi?” – dedi istehzo bilan. To‘g‘ri, bozor qonuniyati shu: talabga yarasha taklif. Yoshlar yoqtiradi ekan deb “ommaviy madaniyat” niqobi ostidagi bir ko‘rinishini o‘zimiz targ‘ib qilishimiz kerak emas-ku.
– Milliyligimiz aks etgan futbolkalarni yaxshi ko‘raman, – deydi O‘zbekiston Milliy universiteti talabasi Islom Qoraboev. – Ularni nafaqat yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlar, balki ziyoratga kelgan boshqa viloyatlik yurtdoshlarimiz ham xarid qilishadi. Ammo bunday liboslar deyarli ko‘hna shahar obidalari atrofidagina sotiladi. Ularning savdo geografiyasi kengaytirilsa, nur ustiga nur bo‘lardi.
Qay makonda yashayotgan bo‘lmasin, bugun ilm-fan, texnika va madaniyat sohalarining rivoji har bitta kishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Natijada butun insoniyatda birlashuv, bir xillashuv jarayoni kechmoqda. Shu bois bugun o‘zlikni anglashga harakat doimgidan-da kuchliroq bo‘lishi tayin. Bu borada hech bir masalani maydaga yo‘yib bo‘lmaydi. Haqiqiy tuyg‘ular reklamaga muhtoj emas-ku!
Feruza XAYRULLAYEVA,
O‘zMU talabasi