BILIM VA TAFAKKUR MANBAI

Bugun qaysi yurtning odamlari ko‘proq o‘qisa, dunyoqarashi keng bo‘lsa, o‘sha yurt eng ilg‘or hisoblanadi. Hozirgi shiddatkor zamonda faqat bilim, intellektual salohiyat, teran tafakkurgina xalqni xalq, millatni millat sifatida ko‘rsatuvchi asosiy mezonlardan bo‘lib qoldi. Kundalik axborotlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lib borish juda muhim, biroq kitobning, mutolaaning o‘rni baribir bo‘lakcha.

Bularni e’tiborga olgan holda, mamlakatimizda yosh avlodning intellektual ehtiyojlarini qondirish maqsadida zamonaviy ko‘rinishdagi axborot-kutubxona tizimini yaratish borasidagi ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, axborot-kutubxona va axborot-resurs markazlarini rivojlantirishning qonunchilik asoslarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, davlvtimiz rahbarining aholini axborot-kutubxona bilan ta’minlashni tashkil etish, axborot kommunikatsion texnologiyalar bazasida axborot-kutubxona va axborot-resurs xizmat ko‘rsatishni keyinchalik sifatli rivojlantirishga qaratilgan qarorlari mamlakatimizda yagona axborot-kutubxona tizimini shakllantirish, axborot-resurs markazlarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishi va malakali kadrlar bilan ta’minlanishida muhim omil bo‘ldi.

 2011 yilda qabul qilingan “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida axborot-kutubxona resurslarini shakllantirish hamda aholiga sifatli axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni tashkil etish borasida davlat organlari va axborot-kutubxona muassasalarining vakolat va vazifalarini belgilab berdi.

Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanayotgan XXI asrda axborot madaniy hayotning bir bo‘lagi bo‘lib qoldi.

Mamlakatimizda xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan ko‘plab ma’rifat maskanlari barpo etilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosi bunyod etilgani ma’naviyat va ma’rifat rivoji yo‘lida ko‘rsatilayotgan ulkan g‘amxo‘rlik va e’tiborning yorqin namunasi bo‘ldi.

Ushbu ziyo maskanining boy va nodir axborot-kutubxona fondi ma’naviy merosimiz va milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismidir.

Mamlakatimizning ushbu ziyo maskanida xalqaro tajribani va kutubxona foydalanuvchilarining, eng avvalo, yoshlarning ehtiyojlarini inobatga olgan holda, qiroatxona zallarining ixtisoslashuvi va joylashishi takomillashtirildi. Ixtisoslashtirilgan elektron kutubxona zali, multimedia texnologiyalari zali tashkil etildi, barcha zallarda internet tarmog‘idan foydalanish ta’minlandi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tasarrufidagi 14 ta Axborot-kutubxona markazi avtomatlashtirilgan mahalliy kompyuter tarmoqlari bilan jihozlanib, internetga va “Ziyonet” axborot-ta’lim tarmog‘iga ulangan.

Asosiy maqsad yoshlarda mustaqil ravishda axborot olishga bo‘lgan intilish va qiziqishni kuchaytirish, ularni yangi chop etilgan ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy, o‘quv-badiiy adabiyotlar bilan batafsil tanishtirib borish hamda mutolaa madaniyatini oshirish, internet tarmog‘ida milliy kontentni rivojlantirishga hissa qo‘shish va internetning axborot-kutubxona xizmatidagi imkoniyatlarini yanada oshirishga qaratilgan.

Zero, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini integratsiyalashtirish nafaqat kitobxonlar foydalanadigan kitoblar sonini ko‘paytirish, balki mamlakatimizda madaniyat va ilm-fanning yanada ravnaq topishiga xizmat qiladi.

 Hafiza KARIMOVA,

Toshkent shahar «Bilim»  axborot-kutubxona markazi direktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four − 4 =