SO‘Z ERKINLIGI MAS’ULIYATI

Bugungi globallashgan zamonda gazetxon, tomoshabin yoki tinglovchining tezkor va xolis axborotlarga ehtiyoji tobora ortib bormoqda. CHunki har bir inson — keksayu yoshning kundalik hayoti, turmushi shiddat bilan rivojlanib, taraqqiy etib borayotgan axborot-kommunikatsiya sohalari, xususan matbuot, ommaviy axborot vositalari bilan uzviy bog‘liq. Zero, mustaqillik yillarida sohada tub islohotlar, ulkan o‘zgarishlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Boshqacha qilib aytganda o‘tgan yillar mobaynida milliy jurnalistikamiz, matbaachiligimiz son va sifat jihatidan tobora takomillashmoqda.

 Hozirda mamlakatimizda 1400 ga yaqin gazeta va jurnal, elektron, internet media-vositalari faoliyat olib bormoqda. Mavjud televideniya va radiokanallarning 60 foizidan ko‘pini, bosma nashrlarning 50 foizidan ortig‘ini nodavlat ommaviy axborot vositalari tashkil etadi. Ushbu o‘rinda raqamli va mobil televidenie, internet televidenie, internet-radio, umuman internet jurnalistikasi ommaviy axborot vositalari safidan alohida joy egallagani quvonarlidir. Bu kabi ijobiy o‘zgarishlarni ta’kidlash asnosida yana bir muhim jihatga e’tibor qaratish o‘rinlidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yilda qabul qilingan qaroriga asosan raqamli televideniega o‘tish respublikamizda ikki bosqichdan iborat bo‘lib, bu boradagi dastlabki ishlar 2012-2015 yillarda amalga oshiriladi va 2015-2017 yillarda texnik-texnologik jarayonlar yakuniga etkazilishi belgilab qo‘yilgan. Hozirgi kunda yurtimiz shahar va qishloqlari aholisining 55 foizdan ortig‘i teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarni raqamli formatda tinglab, tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bugungi kunda birgina O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi negizida 13 ta markaziy va hududlarda 12 ta teleradiokanallar tomonidan rang-barang ko‘rsatuv va eshittirishlar jumladan “O‘zbekiston”, “YOshlar”, “Mahalla”, “Toshkent” hamda Namangan viloyati teleradiokompaniyasining “Oltin zamin” radiokanallari ham raqamli asosda efirga uzatilmoqda. “O‘zbekiston” telekanalining dasturlari esa sun’iy yo‘ldosh global tarmoq orqali dunyoning ko‘plab mamlakatlari bo‘ylab namoyish qilinmoqda. Birgina Farg‘ona vodiysi viloyatlari hududlarida 7 ta turli kuchlanishni raqamli uzatkichlar o‘rnatilishi ham ko‘rsatuv va eshittirishlar qamrov doirasi va sifatini keskin oshirdi. Ayni kunlarda esa Qamchiq dovonida qo‘shimcha teleradiouzatkichlar o‘rnatish ishlari yakunlanadi.

Davlatimiz rahbarining matbuot va ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi g‘amxo‘rliklari natijasida ularning mustaqilligini ta’minlash, moddiy texnika bazasini rivojlantirish sohasida katta o‘zgarishlar yasalmoqda. O‘z navbatida matbuot, ommaviy axborot vositalarining zamon bilan hamnafas yuksalishi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari ustidan jamoat nazoratini o‘rnatishda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi  Qonuni fuqarolarning so‘z erkinligini ta’minlash, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mas’uliyatini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Xalqimizda “So‘zdan-so‘zning farqi bor, o‘ttiz ikki narxi bor”, “So‘zning qadrini bilmagan o‘z qadrini bilmas”, “O‘ynab gapirsang ham, o‘ylab gapir” kabi  purma’no hikmatli so‘zlari borki, bu so‘z erkinligi mas’uliyatiga bevosita daxldor. Bugun biz televidenie-radio orqali turli xil ko‘rsatuv va eshittirishlarni tomosha qilamiz, tinglaymiz yoki gazeta-jurnallar sahifalarini, internet tarmog‘idagi veb-saytlar orqali axborotlar izlaymiz, o‘qiymiz, mushohada qilamiz. Biroq, bugungi globallashayotgan zamonda axborot makonini Prezidentimiz ta’birlari bilan aytganda «temir to‘siq» bilan berkitib bo‘lmaydi. Turli g‘oya va manfaatlar kurashi tobora kuchayib borayotgan bir paytda yolg‘onni rostdan farqlay bilish, quruq safsatalarga osonlikcha berilmaslik, yoshlarimizni axborot, ma’naviy xurujlar, “ommaviy madaniyat”dan asrash o‘ta muhim dolzarb vazifa sanaladi. Bugun “sanamay sakkiz” deyotgan ayrim xorijiy axborot vositalarining “to‘ri”ga ilinib qolish esa jamiyatimizda yoshlarning tarbiyasiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatishi bor gap. o‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish esa har birimizdan huquqiy bilim va huquqiy madaniyatni oshirib borishimiz, so‘z mas’uliyatini chuqur his etmog‘imizni  taqozo etadi. Xo‘sh, bugun biz qabul qilinayotgan qonunlar, farmonlar, qarorlar mohiyatini aholi turli qatlamlariga to‘laqonli etkaza olayapmizmi? Afsuski, bu borada hali ko‘p ish qilishimiz darkor. Zero, YUrtboshimiz O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining Qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida “… biz qonunchilikni erkinlashtirish haqida ko‘p gapiramiz. SHu bilan birga, odamlar o‘z hayotida bunday erkinlashtirish jarayonini qanday his etayotganiga, bu haqda jurnalistlar, sharhlovchilar nimalarni gapirayotganligiga qarab, bu ishlarning natijasiga aniq baho berish mumkin”, — deya alohida ta’kidlash bilan bir qatorda qabul qilinayotgan qonunlar hududlar manfaatlarini inobatga olgan holda joylarda qanday ta’siri bo‘layotganini ko‘rsatib turuvchi o‘lchov – axborot almashish mexanizmini ta’komillashtirishga alohida diqqat-e’tiborni qaratdi. SHu o‘rinda davlatimiz rahbarining qonun ijodkorligi, ularning muhokamasi, qabul qilinishi bilan bog‘liq jurnalistik materiallarning o‘rni va ahamiyatiga to‘xtalish zarur. CHunki qabul qilinayotgan yangi qonunlar yoki ayrim qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq huquqiy normalar haqida shunday maqola yozish yoki intervyu berish kerakki, uni o‘qigan gazetxon yoxud tomoshabin – tinglovchi, u xoh oddiy dehqon yoki ishchi, ziyoli yoki talaba bo‘lsin tezda mohiyatini tushinib etsin.

Ommaviy axborot vositasi Oliy Majlis palatalari, jumladan Senat faoliyatining ochiqligini, oshkoraligini ta’minlab, saylovchilarga parlamentdagi o‘z vakillari xususida muntazam axborot berib boradigan  manbaa hisoblanadi.

SHu o‘rinda ommaviy axborot vositalari senatorlar bilan aholi o‘rtasida mustahkam “So‘z ko‘prigi”ni qurishga yordamlashadi. Unda asosiy e’tibor  hududlardan saylangan senatorlar o‘sha hududlar ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha jabhalarida islohotlar islohotlar uchungina emas, balki  islohotlar inson, uning manfaatlari uchun xizmat qilishi bo‘yicha xalq deputatlari viloyat, shahar, tuman kengashlari faoliyatining samaradorligini oshirishga, xususan, Prezident farmoni va qarorlarining aniq  hudud uchun keltiradigan foydasi, aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishi uchun ularning ijrosi yuzasidan parlament, deputat so‘rovi va nazoratini tashkil etishga ko‘maklashadilar. So‘zsiz bu jarayonlarda xalq saylagan vakillar islohotlarning borishi, natijalar va olg‘a siljishga to‘siq bo‘layotgan g‘ovlarni olib tashlashda ommaviy axborot vositalarining ta’sirchan kuchiga tayanishlari darkor. CHunki, Senatorlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha jabhalarida siyosiy shaxs sifatida o‘z o‘rnini topib, nufuzi ortib bormoqda.

Qonun qabul qilindi, xo‘sh istiqbolda u qanday samara keltiradi?

Bu savolga javob izlashda albatta senatorlarning qonunlar ijrosi, qonunosti hujjatlarining keng aholi qatlami o‘rtasida chuqur o‘rganilishiga alohida e’tibor qaratishlari, hududlardagi senatorlar uchun mamlakat miqyosida va hududlarida ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarishlar, tarixiy voqea – yangiliklar, erishilgan yuksak yutuqlar, senator so‘rovining natijalari to‘g‘risida briffing, matbuot anjumanlari tashkil etilishi va bunday tadbirlar saviyasi va ahamiyatini “Senator darajasi”da bo‘lishiga erishish juda muhim. Bir so‘z bilan aytganda gazetxon, tomoshabin, tinglovchi Sizni gazeta sahifalarida e’lon qiladigan maqolalaringizni, qiziqarli va jozibador intervyularingizni ekran, efir orqali intiqlik bilan kutib qolsin. Ana shunda so‘z san’ati, notiqlik mahoratingiz bilan ular qalbiga kirib borasiz.

Ta’kidlash kerakki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning qo‘shma majlisida bildirilgan ayrim fikr va mulohazalar, e’tiroz va tanqidlardan so‘ng qonunlarning mazmun-mohiyatini to‘laqonli ochib berish, uning yangiligi nimalardan iborat, istiqbolda u mamlakat barcha hududlari manfaatlariga mos kelishi bo‘yicha jiddiy chora tadbirlar belgilab olindi. Senatning 2015 yilga va undan keyingi davrga mo‘ljallangan Harakat dasturi asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining faoliyatidan jamoatchilikni keng xabardor qilish media-rejasi ishlab chiqilgan. Unga asosan qonunchilik faoliyatida senat a’zolarining ommaviy axborot vositalarida chiqishlari ta’sirchanligini oshirishga qaratilgan ishlar amalga oshirilyapti. Bugunga qadar respublika, viloyatlar, tarmoq va sohalar  ommaviy axborot vositalarida Senatorlarning mamlakat siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’daniy hayotiga, xalqaro masalalarga bag‘ishlangan ko‘plab dolzarb maqolalari chop etilmoqda va intervyulari berib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlislari to‘g‘risida respublika barcha matbuot nashrlari, televideniya va radiokanallar orqali Senat matbuot xizmatining rasmiy axboroti muntazam e’lon qilib turiladi. Jumladan avgust oyida bo‘lib o‘tgan, Senatning ikki kunlik yalpi majlisida mamlakatimizda demokratik, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish va izchil chuqurlashtirish sohasidagi aniq vazifalarni hal qilishga, asosiy Qonunimizning nizomlarini amalda ro‘yobga chiqarishga shuningdek, respublikaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga, tadbirkorlik faoliyatini kuchaytirishga, ishchanlik muhitini oshirishga va aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan 11 ta masala, shu jumladan, 6 ta qonun ko‘rib chiqilib ma’qullandi. Senatning ikkinchi va uchinchi yalpi majlislaridan so‘ng gazeta sahifalarida, teleradiokanallarda qonunlar yuzasidan senatorlarning munosabatlari berila boshlandi. E’tiborlisi shundaki, ko‘plab maqola va intervyularda yuqorida ta’kidlaganimizdek quruq dalillarni keltirishdan voz kechilib, mazkur ma’qullangan qonunning yaratilishi, uning amalda tutadigan o‘rniga, hududlar aholisining shaxsiy hayoti, mehnat jamoasi uchun qanday naf-foyda keltirishi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Bir misol, Namangandagi “Istiqlol dizayn” korxonasining yosh tadbirkor rahbari, “Do‘stlik” ordeni nishondori Baxtiyor Umarov Senatning ikkinchi, uchinchi yalpi majlislarida ma’qullangan qonunlar haqida gapirib shunday deydi:

– Men Oliy Majlis Senatining uchunchi yalpi Majlisida ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub’ektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni yuzasidan bergan intervyungizni qiziqib ko‘rdim. Darhaqiqat, mazkur qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning barchasi xalq uchun, uning porloq istiqboli uchun xizmat qilishi shubhasiz. Bundan tashqari ikkinchi yalpi majlisda ma’qullangan va kuchga kirgan “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga yangi tahrir infratuzilma obligatsiyalarining chiqarilishi, yoki “Kafolat fondi”ning tuzilishi bilan bog‘liq moddalarning kiritilishi biz tadbirkorlarni bo‘sh mablag‘larimizni obligatsiya hisobiga ishlab chiqarish infratuzilmasini va boshqa infratuzilmani barpo etish yoki rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish uchun pul mablag‘larini jalb etish imkonini beradi yoki ikkinchi misol, investitsiya vositachisi tomonidan investorga etkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun kafolat fondining yaratilishi haqidagi yangiliklarni shu intervyu orqali tez tushinib etdim, desam mubolag‘a bo‘lmaydi, — dedi.

YAna bir misol, yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim muassasalarning rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilinishi munosabati bilan “Xalq so‘zi” gazetasi sahifalarida “Munosabat” rukni bilan berilgan senator Zayniddin Nizamxodjaevning maqolasida kadrlar tayyorlash tizimi samaradorligini oshirishda farmonning muhim ahamiyatga ega ekanligiga chuqur mulohaza, mushohadalar asosida yondoshilgan.

YUqoridagi misollardan ham ko‘rinib turibdiki, ommaviy axborot vositalari senator va aholi o‘rtasida ishonchli munosabatlar o‘rnatilishiga ko‘maklashadi. SHu o‘rinda muhtaram YUrtboshimizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida “Ayrim deputatlarning ommaviy axborot vositalari va televidenie vakillari bilan muloqotdan o‘zini tortish holatlari ham, afsuski uchrab turadi” degan so‘zlari har birimizni so‘z erkinligi mas’uliyatini chuqur his etishga undaydi. Zero, mamlakatimizni demokratik yangilash, modernizatsiya va isloh qilish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining o‘rni beqiyosligi kundan-kunga yanada oydinlashib borayotgan ekan, biz senatorlar erishilayotgan yutuqlarni nafaqat yurtimizda balki xorijda ham keng targ‘ib etishimiz, bunda bor salohiyatimiz, bilim – g‘ayratimizni ayamasligimiz, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan ijodiy hamkorligimizni yanada rivojlantirishimiz, mustahkamlashimiz darkor.

 

Muhammadjon MAQSUDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 17 =