SOG‘LOM AVLOD KELAJAGI O‘Z QO‘LIMIZDA

Prezidentimiz Islom Karimovning tashabbusi bilan 1999 yilni Ayollar, 2000 yilni Sog‘lom avlod, 2001 yilni Ona va bola yili deb e’lon qilingani bejiz emas. Zotan, o‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda bolalar ta’lim-tarbiyasi, salomatlikni muhofaza qilish, onalik va bolalik masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, yoshlarimizga oila mas’uliyatini anglatish, homilador ayollarni e’zozlash, moddiy ta’minotini tashkil etish davlat va jamiyatimizning muhim yumushiga aylandi. 2016 yilning «Sog‘lom ona va bola» deb nomlanishi ham ayni shu maqsadlarga xizmat qiladigan sa’y-harakatlarning izchil davomidir. Xotin-qizlarimizning salomatligi, ma’naviyati qancha yuksak bo‘lsa, barkamol avlodni tarbiyalash shuncha oson kechadi. Haqiqatdan ham sog‘lom bolani dunyoga keltirish avvalo onaga bog‘liq. Qaerdaki, ayol e’zozlanib, sog‘lom bola haqida g‘amxo‘rlik qilinsa, shu joyda farovon va baxtli hayot kechirishga intilish kuchayadi. 

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati ham ana shu ezgu maqsadlarga qaratilgandir. Bugungi kunda yurtimizdagi yetakchi ixtisoslashtirilgan markazlar, ilmiy tadqiqot institutlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining malakali mutaxassislari jahonning sanoqli davlatlaridagina amalga oshirilayotgan murakkab amaliyotlarni o‘zimizda tatbiq etayotgani juda quvonarlidir. Bu borada olib borilayotgan ishlar bilan gazetxonlarni tanishtirish maqsadida mamlakatimizda bolalar salomatligini muhofaza qilishga ixtisoslashgan Toshkent pediatriya tibbiyot institutining ilmiy xodimlari bilan bolalar salomatligini ta’minlash va bu borada onalarning sog‘lomligi masalalarida fikr almashdik. 

Shahnoza ABZALOVA, 

Toshkent pediatriya tibbiyot ins­titutining dotsenti:

— Mamlakatimizda aholi salomatligini mustahkamlash, ularning tibbiy madaniyatini yuksaltirish yo‘lida salmoqli ishlar qilinmoqda. Ayniqsa, uzoq yillardan beri ona va bola salomatligini yaxshilash orqali sog‘lom avlodni voyaga yetkazish masalalariga katta e’tibor berilayotgani bois ham talabalarimizni ilmiy, amaliy mashg‘ulotlar olib borishi uchun ta’lim maskanimizning barcha bo‘limlarida yetarli sharoitlar yaratishga diqqatimizni qaratganmiz. Chunki, kelajak avlod salomatligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan bolalar shifokorlarining o‘zi, avvalo, istiqboldagi vazifalarini chuqur anglab yetgan bo‘lishlari kerak.

Shu bois ham tibbiy-ilmiy markazlarda faoliyat yuritayotgan  olimlar  va mutaxassislar talabalarni o‘qitish bilan birga,  joylarga  chiqib,  sog‘­lomlashtirish haftaliklarida shaxsan ishtirok etmoqdalar. Ilmiy-amaliy mashg‘ulotlarni uyg‘un holatda amalga oshirmoqdalar. Bunday tadbirlar davomida ayniqsa, qishloq joylarida yashayotgan bolalar ham mutaxassis tekshiruvidan o‘tkazilib, kerakli maslahatlar berilmoqda. 

Bilim dargohimizda darsdan tashqari 47 ta fan bo‘yicha ilmiy, 5 ta ma’naviy-ma’rifiy, 2 ta ijodiy va 9 ta sport to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda. Iqtidorli talabalar ilm maskani tasarrufidagi markaziy ilmiy-tekshirish laboratoriya­si hamda “Yosh olimlar sektsiya­si”da tadqiqot ishlarini olib boradi. Ular orasida Ibn Sino nomli Davlat stipendiatlari, respublika fan olimpiadasi g‘oliblari bor. O‘quv yili davomida tanlagan kasblarining o‘ta mas’uliyatli ekanini anglatish maqsadida pediatriya, tibbiy pedagogika va davolash fakultetlari uchun o‘quv-metodik qo‘llanma asosida talabalar mustaqil ishi o‘tkaziladi. Amaliy mashg‘ulotlarda interfaol usullardan keng foydalaniladi. Ko‘zlagan asosiy maqsadimiz, vrach-pediatr malakasiga ega soha vakillari sog‘lom bolalar dunyoga kelishiga o‘z hissasini qo‘shib, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishini istaymiz. Muhimi, farzandlarimizning benuqson o‘sib-ulg‘ayishi uchun ularning salomatligini ta’minlashda shifokorning burchi va mas’uliyatini anglatishdir. Shu maqsadda, bir qancha mutaxassislarimiz dunyoning yetakchi tibbiyot muassasalarida tajriba almashib kelmoqda. Dars jarayonida soha yangiliklaridan talabalarni xabardor etmoqda. Bu albatta, yurtimizda ona va bolalar salomatligini mustahkamlashda o‘z samarasini beradi.

 

Dilbar XADJAYEVA,

“Bolalar yuqumli kasalliklari, mikrobiologiya, immunologiya, virusologiya” kafedrasi dotsenti:

— Mavzuga oid masalada fikr yuritilar ekan, men, avvalo, bolaning aqliy qobiliya­ti, idrok, zehni qay darajada bo‘lishiga asosan ona suti orqali poydevor qo‘yilishini alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Davlatimiz rahbari kelgusi yilni «Sog‘lom ona va bola» yili deb taklif etganlarida soha vakillaridan biri bo‘lganim uchun ham quvonib ketdim. Haqi­qatan ham tani sog‘, aqli rasolik millatimiz genofondining mustahkamligini ta’minlaydigan omillardir. Tabiatning bebaho ne’mati bo‘lgan ona suti tarkibida har xil foydali tuzlar, vitaminlar, oqsillar, gormonlar va yana boshqa o‘ta faol biomoddalar mavjud. Ular bola me’da-ichak tizimida benuqson so‘rilib, oson hazm bo‘ladi. Ayniqsa, ona organizmida  prolaktin gormoni homiladorlik davridan boshlanib, chaqaloq tug‘ilgan paytda eng ko‘p miqdorda bo‘ladi. Bu modda ona suti bilan organizmga o‘tib, qiz bolalarning kelajakda ona bo‘lishini ta’minlaydi. Momolarimiz kelinlarga hech bo‘lmasa, olti oygacha farzandini ona suti bilan parvarishlash kerakligini uqtirishlari bekorga emas. Olti oy mobaynida faqat ko‘krak suti bilan oziqlantirilgan bolaning immuniteti mustahkam bo‘ladi.

Bolasi erta sutdan chiqqan  ona organizmida gormonlar muvozanati buzilib, bu kelgusi farzandning tug‘ilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ilm­da isbotlangan. Shunga qaramay, ba’zi ayollar o‘z majburiya­tini unutib, bolasini parvarishlashdek o‘ta muhim vazifani har xil ozuqalar ishlab chiqaruvchi fabrikalar ixtiyoriga berib qo‘yishini oqlamagan bo‘lardim. To‘g‘ri, bugun sun’iy sut ishlab chiqaradigan korxonalar ko‘p. Bu mahsulotlar qancha foydali va to‘yimli bo‘lgani bilan baribir ona suti o‘rnini bosolmaydi. Qachonki, ko‘zi yorgan ayolda OITS kabi xavfli kasalliklar aniqlansa, shundagina sun’iy vositalardan foydalanish mumkin. O‘shanda ham shifokor bilan maslahatlashib, uning tarkibiga e’tibor berilishi lozim. Hatto donor sutlaridan ham ehtiyotkorlik bilan foydalangan ma’qul.

Yaqinda mahallalardan birida xotin-qizlar o‘rtasida ona suti afzalliklari haqida so‘rovnoma o‘tkazdik. Buni qarangki, ayrim ayollar sun’iy ovqat vositalarini o‘ziga berilgan katta imtiyoz deb bilsa, ba’zilari qaddi-qomatini saqlash uchun bolasini o‘z sutidan bebahra etayotgani ma’lum bo‘ldi.  Qizlarimiz kelajakda ona bo‘lish baxtidan quvonish, dilbandiga mehribon bo‘lish, uni asrab-avaylashi uchun ham avvalo, o‘zi ona sutiga to‘ygan bo‘lishi kerak. O‘shanda bor mehrini berib parvarishlagan o‘z jigargo‘shasini ko‘chaga tashlab ketish yoki bolasidan voz kechish kabi holatlar uchramaydi. Onalar, qaynonalar, qo‘ni-qo‘shnilar yon atrofidagi yosh onalarga bolasini  o‘z suti bilan oziqlantirishga qat’iy da’vat etishlarini istardim. Axir, inson qalbida tug‘ilajak yurt, ota-ona, qarindosh-urug‘ga mehr-muhabbat tuyg‘ulari faqat ona suti orqali o‘tadi. Shunday ekan, onaning ma’nan boyligi bolalar salomatligining asosini mustahkamlaydi.

 

Fatxulla UMARXO‘JAYEV, Toshkent pediatriya tibbiyot ins­tituti dotsenti:

— Men ham shu mavzuni davom ettirib, o‘z fikrlarimni bildirmoqchiman. Haqiqatdan ham onaning ma’nan yetukligiga ko‘p narsa bog‘liq. Hamonki, ona bolasini yurt koriga yaraydigan, jasur, fidoyi, aqli raso bo‘lib voyaga yetishini chin dildan istasa, avvalo o‘z salomatligiga e’tibor bersa, avlodlarimiz ham barvasta, o‘ktam yigit-qizlar bo‘lib yetishadi.

Bugungi yoshlar dono, kuchli, go‘zal bo‘lishni orzu qiladi. O‘zimiz ham shuni istaymiz. Ularni uzoq va baxtli hayot kutmoqda. Lekin, farzandlarimiz yoshligidan biror jismoniy nuqson bilan xastalikka chalinmasligi uchun onalar bolasining sog‘ligi haqida har doim qayg‘urishi kerak. Umurt­qa pog‘onasi qiyshayishi asosan bolalik va o‘smirlik davrida yuzaga keladi. Bo‘y o‘sgan sari kasallik avj olib, umurt­qa pog‘onasi va ko‘krak qafasida kuchli o‘zgarishlar yuzaga keladi. Oqibatda, jismoniy nuqson ya’ni, bukrilik paydo bo‘ladi. Fidoyi shifokorlar qadimdan ma’lum bo‘lgan bu xas­talikni davolashga harakat qilishgan, ammo biron bir usuli ijobiy natija bermagan.

Hozirgi zamon tibbiyotida ushbu kasallikka boshlang‘ich davrida aniq tashxis qo‘yilsa, uni to‘xtatish imkoniyati mavjud. Bunday dardga chalingan bolalar uchun maxsus internatlar bor.

Skoliozning og‘ir turini  boshidan o‘tkazayotgan yigit-qizlarni faqat jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin. Bir emas, bir necha operatsiyalarga tayyorlash jarayonida umurtqa pog‘onasi obdon cho‘ziladi. Bu kasallikni davolash davri yarim yilni oladi. Ke­yin umurtqaga o‘rnatiladigan maxsus temir moslamasi tayyorlanadi. Ota-onalardan hech narsani pinhon tutmaymiz.

Skoliozning turiga qarab, jarrohlik amaliyoti bir necha marta o‘tkaziladi. Operatsiyadan chiqqach, bemorning umurtqa pog‘onasi va beliga yana maxsus moslama o‘rnatiladi. Jarohatlari bitguncha, ular o‘tirishi mumkin emas. Faqat yurish va yotish imkoniyati bor. Hozirga qadar men 130 dan ortiq jarrohlik ishini amalga oshirdim. Bemorlarim orasida kelin bo‘lib, farzandli bo‘lganlar ko‘p. Bu amaliyot ilgari mamlakatimizda bo‘lmagan. Har bir jarrohlikdan keyin bemorlarning bo‘yini 10, 20, 30 santimetrgacha cho‘zish hazil gap emas. Bir paytlar shu xastalikka chalinganlar uchun ko‘zgu keraksiz bir matoh bo‘lsa, sog‘ayganidan keyin qaddi-qomatiga qarab to‘ymaydi. Chunki, ularning tashqi ko‘rinishi bilan birga ruhiy dunyosi ham o‘zgaradi.

Nogironlik bu hayotiy faoliyatni cheklab qo‘yish deganidir. Buning oldini olish uchun yurtimizda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan  Skrining va perinatal markazi hamda uning viloyatlardagi filiallari faoliyat ko‘rsatib turibdi. Bu markazlarda homila rivojini  kuzatish, chaqaloqlardagi tug‘ma xas­taliklarni  aniqlash, irsiy va tug‘ma xastalik bilan tug‘ilgan bemorlarga tibbiy-genetik maslahat va davolash xizmati ko‘rsatiladi. Bola tug‘ilgandan bir oy o‘tgach, kardiolog, nevropatolog, ortoped kabi mutaxassislarning tibbiy ko‘rigidan o‘tishi zarur. Avvallari maktabgacha ta’lim muassasalarida har oyda maxsus jadval asosida sog‘­lom­lashtirish haftaliklari o‘tka­zilardi. Unda ortoped ko‘rigiga alohida e’tibor berilardi. Chunki, ortopedik kasalliklar birlamchi, surunkali bo‘lib, bolada o‘sish davri tugaguncha davolash tugamaydi. Bunga jiddiy e’tibor berilsa, aholi salomatligi yuqori darajaga ko‘tariladi. Qachonki, dil­bandlarimiz ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom bo‘lsagina, ulardan kelajakda  katta ishlarni kutish mumkin. Zotan, har bir oila a’zosi sog‘­lom bola dunyoga kelishi uchun qayg‘urishi kerak.

 

Zuhra JO‘RAYEVA,

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti dotsenti, mustaqil izlanuvchisi:

— Homila uchun ona vujudi asosiy muhit hisoblanadi. Bu davrda onadan bolaga o‘ta faol moddalar bilan birga allergik kasalliklar ham o‘tadi. Chaqaloqning nafas, oshqozon, ichak yo‘llari shikastlangan bo‘lsa, xastalik xavfi yanada ortadi. Buni bartaraf etish uchun avvalo, homilador ayol infektsion kasalliklarga chalinmaslik, kim­yoviy moddalar ta’siriga uchramaslik, iloji boricha, terini qichishtiradigan ki­yimlarni kiymasligi kerak. Bu paytda kuchli dorilarni iste’mol qilish ham mumkin emas. Bunga amal qilinmasa, salbiy ta’siri homilada kuzatilib, chaqaloq tug‘ilganda har xil kasalliklarga tez-tez chalinadi. Hatto gul, uy changi ham ularni bezovta qila boshlaydi. Bundan tashqari, ovqat allergenlarning takroriy organizmga tushishi teri zararlanishiga olib keladi. Keling, shu aytganlarimning tajribada tasdiqlanganiga e’tibor beraylik. Ovqat allergiyasi tashhisi bilan davolangan bolalarni to‘rt guruhga ajratib, tekshiruvlar o‘tkazdim. Har bir bemor va uning ota-onasidan maxsus co‘rovnoma orqali ma’lumotlar yig‘dim. Natijada, ovqat allergiyasi bolalarda yanoqlarining qizarishi, bosh terisi va qoshlarining po‘st­log‘idagi o‘zgarishlarda kuzatildi.

Aksariyat oilalarda bolalar taomnomasiga e’tibor bermaslik, dori-darmonlarni pala-partish ishlatishdan kelib chiqadi. Buning oldini olish uchun onalarimiz mas’ul bo‘lishi kerak. Bolaning muzlatkichda turib qolgan yoki chala pishirilgan ovqatni iste’mol qilishi organizmdagi allergik kasalliklarni qo‘z­g‘atib yuboradi. Teri toshmalari, qichuvchi tugunlar, mayda pufakchalar muttasil davom etsa, bolaning nafas olishida o‘zgarishlar yuz beradi. Allergiyaning dastlabki belgilari ham asosan insonning ana shu a’zosi orqali seziladi.

Ayni paytda ayrim ayollar bolasini kesar jarrohlik  yo‘li bilan qo‘lga olishga harakat qilmoqda. To‘g‘ri, bugun tibbiyot beqiyos darajada rivojlanib ketdi. Ehtimol, homiladorlik davrini katta qiyinchilik bilan o‘tkazganlarga bu qo‘l kelar. Ammo tabiiy yo‘l bilan dunyoga kelgan chaqaloqning nafas olish yo‘llari ochilib, bosh qismi ham normal holatda bo‘ladi. Tashqi muhitga moslashishi oson kechadi. Emlash jarayonlarini ham yengil o‘tkazadi. Bola har xil virusli kasalliklarga chidamli bo‘lishi uchun chaqaloqlik davridayoq hazm qilish tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kerak. Birinchi navbatda, ona sutidan tashqari, bola iste’mol qilayotgan qo‘shimcha oziq-ovqatlar tarkibiga katta ahamiyat berish lozim.

Ayniqsa, go‘sht va sut mahsulotlari yaxshilab pishirilishi kerak. Aks holda  hayvonlardagi har xil kasalliklar bolaga o‘tishi mumkin. Allergik kasallikka irsiy moyilligi bor go‘daklarga qo‘shimcha kimyoviy mahsulotlar solinmagan, tabiiy meva va sabzavotlardan pishirilgan oziq-ovqatlar berilsa, har xil teri toshmalari yuz bermaydi. Masalan, gazli ichimliklar o‘rniga o‘rik sharbati, ishtahasini ochish uchun tog‘ asalidan qilingan shirinliklar, tabiiy sabzavotlardan salatlar iste’mol qilish koni foyda. Bular kam­qonlikning oldini olib, bolani tetik qiladi. Qadimdan o‘zbek oilalarida ko‘zi yorgan ayolga alohida ov­qat pishirilishining sababi ham shunda. Mamlakatimizda mikronutrient tanqisligining oldini olish hamda bartaraf etish, ya’ni iste’mol tuzini yodlash, unni to‘yintirish, temir, foliy kislotasi va A vitaminini saplementatsiya qilish yuzasidan dasturlar amalga oshirilayotgani bejiz emas. Bu polivitaminlar onalar salomatligini mustahkamlab, bolalarning tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilishining oldini oladi.

Akmal RAHMATULLAYEV, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti dotsenti, mustaqil izlanuvchisi:

— Chaqaloqning ruhan va jismonan sog‘lom bo‘lishi ona endokrin bezlarining faoliyatiga ham bog‘liq. Agar ichki sekretsiya bezlarida o‘zgarish bo‘lsa, bolaning biron bir a’zosida nuqson paydo bo‘ladi. Xususan, ona homiladorlik davrini asabiy holatda o‘tkazsa, ayniqsa, o‘g‘il bolalar gipospadiya kasalligi bilan dunyoga keladi. Ular ul­g‘ayganda ham bo‘shang, qat’iy so‘zini ayta olmaydigan insonlar bo‘lib qoladi. Bunday tug‘ma nuqsonlarning sababini o‘rganganimda, yosh kelin-kuyovlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tmagani, tug‘ruq orasi rejalashtirilmasdan ketma-ket farzand ko‘rilayotgani yoki qaynona hamda turmush o‘rtog‘ining dashnomlarini eshitib, jig‘ibiyron bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. Tushkunlik ta’sirida uretra yo‘li oxirigacha shakllanmay qoladi. Homilador ayolning shamollashi yoki oddiygina bir uchuq ham bunga sabab bo‘lishi mumkin.

Urolog sifatida, shu paytgacha 600 ga yaqin bolalarni peshob yo‘lidagi siydikning buyrakka oqishini to‘xtatish bo‘yicha tig‘ tekkizmasdan endoskopik yo‘li bilan davolashga muvaffaq bo‘ldim. Avval bunday operatsiyalarni qilish juda qiyin, darddan forig‘ bo‘lgan bemorlar bir haftagacha o‘ziga kelolmasdi. Hozir bolalar jarrohligi yurtimizda beqiyos darajada o‘zgarib ketdi. Zamonaviy jarrohlik amaliyotlarimizdan keyin bemor bir kunda hech narsa ko‘rmaganday bo‘lib ketadi. Qolaversa, bu kasallik erta aniqlanib, o‘z vaqtida davolansa, og‘ir darajaga yetmaydi.

Bunday nogironlik nosog‘lom muhitdan ham kelib chiqadi. Masalan, hozirgi yoshlarimiz internetsiz yasholmaydi. Telefon vositalaridan me’yoridan ortiq foydalanish yoki yon cho‘ntakda olib yurish bepushtlikni keltirib chiqaradi. Bu dardning davosi haligacha topilgani yo‘q. Iloji boricha, o‘zidan ultrabinafsha nuri chiqaradigan vositalardan bolalarning kamroq foydalangani ma’qul. Shunda ko‘ruv nerv holati va eshitish qobiliyatiga ham zarar yetmaydi, nur kasalligiga chalinmaydi. Har xil kompyuter o‘yinlari, televizor oldida mixlanib qolmasligi uchun bolalar yoshligidan ochiq tabiat qo‘ynida sayr qilishi, musiqa tinglashi, kitob o‘qishi, turli xil sport to‘garaklariga qatnagani ma’qul. Buning uchun mamlakatimizda bolalar musiqa va san’at, sport maktablari, ularning qobiliyatini to‘g‘ri rivojlantirishga ko‘maklashuvchi markazlar ko‘p. Niyatimiz, Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek: “Tug‘ilgan bola sog‘lom o‘ssin, ul­g‘ayib voya­ga yetgach, jamiyatimizning barkamol a’zosi bo‘lsin, yangi quriladigan oiladan yanada sog‘­lomroq avlod dunyoga kelsin”.

 Soha mutasaddilari bilan suhbatimiz jarayonida ularning izlanishlari, dunyoning yetakchi mamlakatlarida malaka oshirib, ilg‘or davolash usullarini amaliyotga tatbiq etayotganidan xabardor bo‘ldik. Bolalar ko‘z xirurgiyasi, yurak qon-tomir tizimini yaxshilash borasida olib borilayotgan kardiojarrohlik amaliyotlari ham diqqatimizni tortdi. Kelgusi «Sog‘lom ona va bola yili»da gazetamiz sahifalaridan birida «Shifokor maslahati» rukni ostida salomatlik mavzusida bu kabi targ‘ibot-tashviqot materiallari, bugungi tibbiyotimiz oldida turgan dolzarb vazifalar, uning yechim yo‘llari va istiqbolli amaliyotlarini yoritib borishni niyat qildik. Zero, sog‘lom bola tarbiyasi uchun jamiyatning har bir vakili mas’uldir.

Suhbatni Adiba UMIROVA tayyorladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + 16 =