ISLOHOTLARIMIZNING MUSTAHKAM ASOSI

Mustaqil va farovon yurtimiz bu yil 25 yoshga qadam qo‘ymoqda. Bu tarixiy qisqa davrda mamlakatimiz qo‘lga kiritgan yutuqlar, albatta, muhtaram Yurtboshimiz boshchiligida izchillik bilan bosqichma-bosqich amalga oshirilgan islohotlarimiz natijasidir. Buni nafaqat yurtdoshlarimiz balki, xalqaro jamoatchilik ham chuqur e’tirof etmoqda. 

Bugun dunyo jamoatchiligi o‘rtasida o‘zining o‘rni va e’tirofiga ega bo‘lib borayotgan mamlakatimiz, xalqimizning bunday natijalari avvalo istiqlol sharofati bilan tanlab olingan o‘ziga xos noyob yo‘lning samarasi deyish mumkin. Buni birgina so‘nggi yillarda hatto o‘zini yetakchi davlatlar qatorida sanab kelayotgan ba’zi mamlakatlarning ijtimoiy, iqtisodiy muammolarga duch kelayotgan bir paytda O‘zbekistonning strategik rivojlanish yo‘li — “o‘zbek modeli”ning dunyo jamoatchiligi tomonidan alohida qiziqish bilan o‘rganilayotgani timsolida ko‘rish mumkin. Undagi kuchli ijtimoiy siyosat, qonun ustuvorligi, iqtisodiyotning siyosiy masalalardan ustunligi, bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish va davlatning bosh islohotchiligi to‘g‘risidagi tamoyillarning qat’iy belgilanishi bugun xalqaro maydonda ro‘y berayotgan turli muammolar oldida, mamlakat va xalqlarni tinchlik va taraqqtiyotga olib chiqishning eng to‘g‘ri yo‘li ekanligini ko‘rsatmoqda.

Eng muhimi bu yo‘lni tanlashda Prezidentimiz qayd etganidek, biz yurtimizda o‘zimizga xos, o‘zimizga mos hayot qurishda shoshma-shosharlik, kaltabinlik holatlariga, pala-partish ishlarga aslo yo‘l qo‘ymadik. Bu esa pirovardida “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan tamoyilning amalda o‘z isbotini topishiga xizmat qilmoqda.

Buni Yurtboshimizning mamlakatimizni 2015 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasi majlisidagi “Bosh maqsadimiz – mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, olib borayotgan islohotlarni, iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni izchil davom ettirish, xususiy mulkchilik, kichik biznes va tadbirkorlikka yanada keng yo‘l ochib berish hisobidan oldinga yurishdir” nomli ma’ruzasi misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Prezidentimiz o‘z ma’ruzasida aytib o‘tganidek, “jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi hamon davom etayotganiga qaramasdan, hisobot yilida yalpi ichki mahsulot 8 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari qariyb 7 foiz, qurilish-montaj ishlari hajmi salkam 18 foizga oshdi.

Yillik byudjet yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz profitsit bilan bajarildi. Inflyatsiya darajasi 5,6 foizni tashkil qildi, ya’ni prognoz ko‘rsatkichlari doirasida bo‘ldi.”

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning 2014-2015 yilgi natijalariga ko‘ra Jahon iqtisodiy reytingida O‘zbekiston dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy olganligi ham bugun barchamizga g‘urur, faxr-iftixor bag‘ishlamoqda.

Bularning barchasi Prezidentimiz boshchiligida xususiy mulkchilik, kichik biznes va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish borasida olib borilgan ishlar natijasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida qonun va qonunosti xujjatlarga kiritilgan o‘zgartirishlar orqali, ma’ruzada ta’kidlanganidek, davlat, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari bilan tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlarda tadbirkorlar huquqlarining ustuvorligi ta’minlandi. Bu boradagi ishlarimiz halqaro iqtisodiy reytinglarda ijobiy baholanmoqda, bu baholarni bugun har bir yurtdoshimiz yoddan biladi.

O‘tgan o‘n besh yil davomida yalpi ichki mahsulotimizda kichik biznes va tadbirkorlikning ulushi salkam ikki barobar oshganligi va bugungi kunda aholimizning 77 foizi mazkur tarmoqda mehnat qilayotganligi Yurtboshimiz tomonidan alohida mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tildi.

Bu borada tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini huquqiy jihatdan mustahkamlash borasida 40 dan ortiq qonun va qonunosti xujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar ularning faoliyat yuritishini yengillashtirdi. Xususan, tadbirkorlar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarga nisbatan javobgarlikning liberallashtirilganligi, tadbirkorlar faoliyati kafolatlarini jamiyatda sud organlari rolini yanada oshirish orqali ishonchli ta’minlanganligi, tadbirkorlik sub’ektlarini tekshirish muddatlarini yanada tartibga solinganligi, tekshiruvni amalga oshirish muddati 30 ish kunidan 10 ish kuniga tushirilganligi, tadbirkorlarni mablag‘ ajratish bilan bog‘liq xayriya ishlari va boshqa tadbirlarga majburiy jalb qilish ta’qiqlanganligi, tadbirkorlik sub’ektiga yetkazilgan zararni to‘liq hajmda qoplash mexanizmi qonuniy asosda joriy etilganligi shular jumlasidandir.

Joriy yilning 1 yanvaridan faoliyat boshlagan tadbirkorlik sub’ektlariga «yagona darcha» tamoyili asosida Davlat xizmatlari ko‘rsatish yagona markazlari ham tadbirkorlarimiz uchun yana bir qo‘shimcha imkoniyat bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilingan huquqiy-me’yoriy xujjatlarni aholi, ayniqsa, tadbirkorlarga tushuntirish, ularning faoliyat yuritishiga ta’sir etayotgan to‘siqlarni olib tashlashga oid qonun loyihalarini shakllantirishda tadbirkorlar fikr va mulohazalarini o‘rganib borish yuzasidan targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazib borish bugun tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Chunki, “huquqiy ta’lim-tarbiyani yangi bosqichga ko‘tarishimiz, uning sifatini tubdan yaxshilashimiz” amalga oshirayotgan islohotlarimizni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

Jamshid PIRMATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zbekiston “Adolat” SDP fraktsiyasi a’zosi

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × four =