TADBIRKORNI QONUN HIMOYA QILADI,
faqat undan xabardor bo‘lish kerak
Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatiga nisbatan har qanday to‘siqni bartaraf etishda qonun hamda qonunosti hujjatlari talablariga qat’iy amal qilish va ularning ijrosini bir xilda ta’minlash huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sudlarning diqqat markazida turibdi.
Prezidentimizning “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi roli va mavqeini tubdan oshirish, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini ko‘paytirish uchun zarur sharoit yaratish borasidagi tizimli ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi.
Ushbu farmonga muvofiq, xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining ishonchli himoyasini ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish bilan bog‘liq kompleks chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi.
Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining barcha jihatlariga, jumladan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, biznes yuritish tartibi, nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlardan tortib, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid qirqdan ortiq qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ushbu yangiliklar xususiy mulk va tadbirkorlik faoliyatining yanada erkin rivojlanishi, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini yaratish imkonini berdi.
Yana bir muhim jihati – qonun tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va noqonuniy aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini yanada kuchaytirdi, bu borada sud organlarining mas’uliyatini oshirdi.
Shu nuqtai nazardan, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid bo‘lgan barcha huquqbuzarliklar uchun, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilgani, noqonuniy aralashgani uchun javobgarlik to‘g‘risidagi moddalarning Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning alohida, mustaqil boblarga birlashtirilishi xususiy mulk himoyasini kuchaytirdi.
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ham qonun hujjatlarida tadbirkorlik sub’ektlari uchun nazarda tutilgan imtiyoz va preferentsiyalardan foydalanish tartibini takomillashtirdi. Unga muvofiq, interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida tadbirkorlik sub’ektlari uchun imtiyoz va preferentsiyalarning yagona reestri yaratilishi tadbirkorlarga sohadagi o‘zgarish va imtiyozlardan o‘z vaqtida xabardor bo‘lish imkonini beradi.
Xo‘jalik ishlarini tezkorlik bilan ko‘rib chiqish maqsadida Xo‘jalik protsessual kodeksining 116-, 122- va 125-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ularga muvofiq, xo‘jalik sudlari tomonidan da’vo arizasini ko‘rib chiqish uchun qabul qilish va ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrim chiqarish muddati 10 kundan 5 kungacha kamaytirildi. Shuningdek, davlat organi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjatni (butunlay yoki qisman) haqiqiy emas deb topish, mansabdor shaxsning shunday harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 15 kunga qisqartirildi. Bu esa sudga murojaat qiluvchi shaxslarga qisqa muddatda buzilgan huquqlarini tiklash imkonini beradi.
Xo‘jalik sudlariga taalluqli ishlar doirasi kengaytirilib, mehnatga oid nizolardan tashqari barcha korporativ nizolar xo‘jalik sudlari tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilandi. Xo‘jalik protsessual kodeksi “Korporativ nizolar bo‘yicha ish yuritish” deb nomlangan yangi 204-bob bilan to‘ldirildi. Unda sud tomonidan hal etiladigan korporativ nizolar turlari belgilandi, mazkur nizolar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiqish tartibi va o‘ziga xos xususiyatlari, nizo bo‘yicha da’vo arizasiga qo‘yiladigan talablar, da’voni ta’minlash choralari tartibga solindi.
Barcha korporativ nizolarning xo‘jalik sudlariga taalluqliligini belgilash natijasida fuqarolarning sudma-sud ovora bo‘lib yurishlari bartaraf etildi, ishlarni yanada sifatli ko‘rib chiqish va mazkur sohada yagona sud amaliyotini shakllantirish imkoniyati yaratildi.
Shu bilan birga, xo‘jalik sudlari tomonidan hal etiladigan nizo turlariga davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan, tashkilotlar va fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb topish to‘g‘risidagi nizolar ham kiritildi.
Kassatsiya instantsiyasi sudi tomonidan ishlarni yangidan ko‘rish uchun yuborish asoslarining kamaytirilishi kodeksga kiritilgan o‘zgartishlardan biridir. Shu paytga qadar kassatsiya instantsiyasi sudi quyi sudning hujjati yetarlicha asoslanmagan bo‘lsa, uni bekor qilish hamda ishni tegishli instantsiya sudiga yangidan ko‘rish uchun yuborishi mumkin edi. Endilikda kassatsiya instantsiyasi sudi quyi sudlar tomonidan ishlarni ko‘rishda faqat protsessual huquq normalari buzilganini aniqlagan taqdirda, sud hujjatini bekor qilish hamda ishni tegishli instantsiya sudiga yangidan ko‘rish uchun yuborishi mumkinligi belgilandi. Kassatsiya instantsiyasi quyi sudlarning qarorlarini har tomonlama asosli va qonuniy ekanini batafsil ko‘rib chiqishi ish yuzasidan yakuniy to‘xtamga kelish, shuningdek, quyi sudlar uchun to‘g‘ri sud amaliyotini shakllantirish imkoniyatini yaratadi. Asosiysi, nizolarning sudda uzoq vaqt mobaynida ko‘rib chiqilishi va fuqarolarning sudlarda instantsiyama-instantsiya yurishlariga deyarli chek qo‘yiladi.
Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq esa, soliq to‘lovchi tomonidan soliqqa oid bir necha huquqbuzarlik sodir etilgan taqdirda, jarima tarzidagi moliyaviy sanktsiyalar uncha og‘ir bo‘lmagan moliyaviy sanktsiyani og‘irroq jarima bilan qamrab olish yoxud tayinlangan jarimalarni to‘liq yoki qisman qo‘shish orqali soliqqa oid huquqbuzarliklar majmui bo‘yicha qo‘llanilishi belgilandi. Bunda jarimaning uzil-kesil va yuqori miqdori nazarda tutilgan huquqbuzarlik uchun belgilangan eng ko‘p miqdordan oshishi mumkin emasligi ko‘rsatildi.
Qo‘llaniladigan moliyaviy sanktsiya huquqbuzarlikning oqibatlariga nomutanosib bo‘lgan, javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar aniqlangan taqdirda, shuningdek, huquqbuzarning moddiy ahvolini inobatga olib, sud moliyaviy sanktsiyaning eng kam darajasidan ham kamroq, biroq belgilangan sanktsiya eng kam miqdorining 25 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda, sabablar va asoslarni, albatta, ko‘rsatgan holda moliyaviy sanktsiya qo‘llashga haqli ekani haqida yangi norma kiritildi.
Bundan tashqari, kirim qilinmagan tovarlar qo‘zg‘atilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yoki jinoyat ishi doirasida davlat daromadiga o‘tkazilgan taqdirda, Soliq kodeksi 114-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan moliyaviy sanktsiya qo‘llanilmasligi nazarda tutildi.
Mazkur yangi normalar tadbirkorlar mulkiy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishiga, ular moliyaviy holatining haddan tashqari yomonlashishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Soliq kodeksining 330-moddasiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, mulkdorlar – xususiy mulk huquqini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani to‘g‘risida davlat organlari, boshqa organlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish haqidagi ishlar yuzasidan, arizachi va javobgar – huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha xo‘jalik sudlarida davlat bojini to‘lashdan butunlay ozod qilindi. Bu ham mulkdorlar va tadbirkorlarga xo‘jalik sudida o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun qulay imkoniyat yaratdi.
Qonun hujjatlariga kiritilgan bu o‘zgartish va qo‘shimchalar sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish, tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishda xo‘jalik sudlari rolini oshirish barobarida, tadbirkorlik faoliyati yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga, pirovard natijada, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Nazokat BAYZAQOVA,
Toshkent shahar xo‘jalik sudi sudyasi