BUGUNGI O‘QUVCHI — YURTNING ERTANGI TAYANCHI
Farzandi maktabni bitirayotgan ota-ona qalbidan qanday his-tuyg‘ular kechishini bu holatni boshidan o‘tkazganlar yaxshi biladi. Kechagina «otajon» yoki «onajon» deya bo‘yniga osilib, erkalanib yurgan, bugun esa bo‘y-basti o‘zi bilan tenglashib qolganini ko‘rish qanday quvonchli bo‘lsa, uning kelajagi haqidagi xayollar shunchalik totli va hayajonlidir.
O‘tgan o‘quv yilida Samarqand shahar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tasarrufidagi 75 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabini 6747 nafar o‘quvchi, jumladan, 3506 nafar o‘g‘il bola hamda 3241 nafar qiz bitirdi. Endi ularning ota-onalari va o‘qituvchilari yuzidagi sevinchni ko‘z oldingizga keltiring. Yurtning ertasi uchun salkam yetti ming yigit-qizni kamolga yetkazib berish oson bo‘libdimi? Biroq bugungi milliy ta’lim tizimimiz shundayki, yoshlar kamoloti yo‘lidagi bor yuk-mas’uliyat bir tarafga tushmaydi. Ta’lim-tarbiyaning har bir bosqichi o‘z o‘rni va vazifasiga ega. Binobarin, maktabgacha ta’lim muassasalari, maktablarda olgan bilim va saboqlarini 6747 nafar yosh yurtdoshimiz endi ta’limning keyingi bosqichi bo‘lgan akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida davom ettirmoqda.
— Ayni paytda bo‘limga qarashli yetmish beshta umumta’lim maktabi, to‘qson beshta maktabgacha ta’lim muassasasi, uchta sport maktabi, bitta «Barkamol avlod» bolalar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda, — deydi Samarqand shahar xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri Xurshidjon Hojiqulov. — Ularda to‘rt mingga yaqin, xususan, umumta’lim maktablarimizda 3681 nafar pedagog xodim o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berib kelyapti. Ularning 95 nafari oliy, 408 nafari birinchi hamda 1659 nafari ikkinchi toifali o‘qituvchilardir.
X.Hojiqulovning aytishicha, bo‘lim tasarrufidagi barcha — 174 ta ta’lim muassasasidagi ishlar 2015-2016 o‘quv yili ish rejasiga asosan bajarilmoqda.
— Albatta, ish bor joyda kamchilik, e’tibortalab ishlar bo‘ladi, — deydi u. — Biroq oldimizdagi vazifalarni bajarish yo‘lida aniq maqsad-rejaga egamiz. Bo‘lim tomonidan har o‘quv yili yakunida bajarilgan va ulgurilmay qolgan ishlar chuqur tahlil etiladi. O‘quv va amaliy ishlarimizni yanada takomillashtirish, ta’lim jarayonida sifat va samaradorlikni ta’minlash, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olinadi.
Bugun ta’lim muassasalarida barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, o‘quv-laboratoriya jihozlari deysizmi, hammasi muhayyo. Bolalarning puxta bilim olishlari uchun nimaiki zarur bo‘lsa, bor. Ularning ham ma’nan, ham jismonan yetuk insonlar bo‘lib kamol topishlari uchun har bir ta’lim dargohida axborot-resurs markazlari, zamonaviy sport inshootlari barpo etilgan. Fan, san’at, kasb-hunar va sport to‘garaklari ishlab turibdi. Darvoqe, qadimiy va hamisha navqiron shaharda o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun qanday sharoitlar mavjud? Bu haqda so‘raganimizda Xurshidjon Hojiqulovning chehrasi yanada yorishdi.
— Fan olimpiadasi yoxud bilimlar bellashuvida birorta o‘quvchimizning zafar quchganini eshitsam, xuddi o‘zimning bolam yutuqqa erishgandek quvonaman, — deydi u. — Xuddi shuningdek, o‘quvchilarimizning sport musobaqalaridagi g‘alabalari ham ko‘nglimizni tog‘ qiladi. Xalq ta’limi vazirligining 2015 yil 20 oktyabrdagi va Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasining 2015 yil 22 oktyabrdagi buyruqlari ijrosini ta’minlash maqsadida joriy o‘quv yilida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida «Umid nihollari» sport o‘yinlarining maktab va shahar bosqichlari yuqori saviyada o‘tkazildi. Bolalarimiz 20 ta sport turi bo‘yicha bellashdi! Qarang, aksariyati o‘n besh yoshga ham to‘lmagan o‘g‘il-qizlar, ammo g‘ayrat-shijoatda Alpomishu Barchinoy bo‘laman deydi. Musobaqalarning shahar bosqichida minifutbol, yengil atletika, gimnastika, shaxmat va shashka bo‘yicha 2775 nafar 1—4-sinf o‘quvchimiz ishtirok etdi. Ularning 1200 nafari qizlardir. 5—7-sinflararo 20 ta sport turi bo‘yicha 22 886 nafar o‘quvchi o‘z iqtidorini namoyish qildi. Ularning 7178 nafari qizlar. Shuningdek, 8—9-sinf o‘quvchilaridan ham 22 866 nafari musobaqalarda qatnashdi. Mamlakatimizda bolalar sportiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida bugun farzandlarimiz nafaqat sog‘lom, jismonan baquvvat bo‘lib ulg‘ayishmoqda, balki ularda mustahkam iroda, intiluvchanlik, yengilmaslik xislatlari, vatanparvarlik tuyg‘usi tarbiyalanmoqda.
Tomchida quyosh aks etadi, deganlaridek, biz yurtimiz ta’lim tizimidagi islohotlar samarasini birgina shahar misolida ko‘rishga harakat qildik. Ishoning, bugungi muvaffaqiyatlar shu sohada xizmat qilayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni aslo havolantirgani yo‘q. Zero, hali qilinajak ishlar ko‘pligini, oldinda qanchadan-qancha marralar turganini ular yaxshi bilishadi. Inson hayoti maqsad, ezgu orzu-umidlar bilan mazmunli ekan-da. Yurtimiz ana shunday jonkuyar, orzu-umidli, xushniyat va eng muhimi, oldiga qo‘ygan maqsadi sari hamisha dadil odimlaydigan xalqi bilan olg‘a intilaveradi.
Ubaydulla XO‘JANIYOZOV,
«Hurriyat» muxbiri