HUQUQ VA BURCHINGIZNI BILASIZMI?

Ancha yillar avval chekka bir qishloqda shunday voqea bo‘lgan edi. Yuqori sinf o‘quvchilari orasida kelishmovchilik chiqib, bir yigitni maktabdan haydashdi. Andishali, or-nomusli o‘spirin o‘zining aybsizligini isbotlay olmadi. O‘z huquqini talab qilib, u eshikdan bu eshikka yugurmadi. Bu yerdagi muhit, atrofdagilar befarqligi uni uzoqroq maktabga ketishga majbur etdi. Yillar o‘tib, uni badnom qilganlarning ishi uning qo‘liga kelib tushdi. Negaki, u endi huquqshunos edi. 

Ish ancha chigal bo‘lib, chuqur tahlillarni talab qilardi. Vaziyatni o‘rganarkan, bu unga o‘spirinlik davrini eslatdi. Endi ular nohaq ayblanishayotgan edi. Ammo yigit o‘ch olishni o‘ziga ep ko‘rmadi, aksincha, adolatparvar huquqshunos yordami bilan haq qaror topdi…

Ha, adolat mezonini buzish oson, tiklash esa qiyin. Qonunlarsiz jamiyatlarda ham odamlar o‘z qadr-qimmati uchun kurashgan, o‘rni kelganda bir-birlarini himoya qilgan. Bugun manfaatlarimiz davlat himoyasida. Har bir fuqaroning huquq va burchlari Bosh Qomusimiz orqali kafolatlangan. Yurtimiz istiqlolga erishgach, Konstitutsiyadan boshlab, ko‘plab qonunlar yangilandi. Mamlakatimiz aholisining 60 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiladigan yoshlar uchun alohida qonunlar ishlab chiqildi. Bugungi kunda farzandlarimiz boshlang‘ich sinfdanoq Konstitutsiya saboqlarini o‘rganyapti. Ayni o‘rinda qisqa chekinish qilib, ona-bola o‘rtasida bo‘lib o‘tgan bahsga e’tibor beraylik.

– Oyi, darslarimni tayyorlashga yordam bering, – dedi 4-sinf o‘quvchisi Anvarjon.

– O‘g‘lim, meni yordamimga o‘rganib qolmasliging kerak, mustaqil tayyorlab ko‘r.

Anvarjon biroz arazlagan bo‘ldi:

– Nega endi, Konstitutsiyaning 64-moddasida aytilgan-ku, ota-onalar bolalarini tarbiyalab, voyaga yetkazishi kerak deb?

– Voy, mening bilag‘on o‘g‘lim-ey, huquqingni talab qilyapsanmi? – dedi oyisi kulib. Keyin ular yana birga dars tayyorlashdi.

Kishiga zavq beradigan bu suhbatdan ham ma’lumki, farzandlarimiz bolaligidan huquqini tanib ulg‘aymoqda. Bugungi avlod ancha zukko, ularni quruq gap bilan aldab bo‘lmaydi. Ular rivojlangan mamlakatlar yoshlaridan kam emasligini ta’lim, musiqa, sport kabi qator yo‘nalishlardagi muvaffaqiyatlari bilan isbotlab kelyapti. Asli, davlatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ham shu – sog‘lom, barkamol, intellektual salohiyatli kadrlarni tarbiyalab yetishtirish.

Kelajak avlod kamolotini ko‘zlab qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasida shunday deyiladi: “Yosh fuqarolarni huquqiy muhofaza qilish davlat va jamoat tashkilotlari, birlashmalar va korxonalarning yoshlarga nisbatan huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan vazifalarini, shaxsning qadr-qimmatini oilada, mehnat va o‘quv jamoasida, turar joyda har tomonlama himoya qilishni o‘z ichiga oladi”.

Darhaqiqat, qonunga muvofiq 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlarning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlar buni tasdiqlab turibdi.

Prezidentimizning 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “2014 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi” qabul qilindi. Dastur 7 bo‘lim 67 banddan iborat. Unda yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlarida ularning faolligini oshirish; yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimga ega bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash nazarda tutilgan. Turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish bugunning dolzarb vazifasi bo‘lib turibdi. Shunga ko‘ra, dasturda yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashlari uchun munosib sharoitlar yaratish, ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish, qo‘llab-quvvatlash, ijodiy va intelektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish orqali ularni bunday tahdidlardan asrashga e’tibor qaratilgan. Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, barkamol avlodni tarbiyalashda ommaviy axborot vositalari va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish ham ko‘zda tutilgan.       

Xo‘sh, ushbu dasturdan yoshlar nechog‘li xabardor? Ular o‘z huquq va burchlarini biladilarmi? Huquq bilimdonlari yoshlarning necha foizini tashkil etmoqda? 

“Hurriyat” gazetasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining  “Huquqiy ong yuksakligi – komillik kafolati” loyihasini bajarmoqda. Uning doirasida bir qator kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida tashkil etishni rejalashtirgan tadbirlardan ko‘zlangan maqsad ana shu savollarga javob topishga, huquq bilimdonlari safini kengaytirishga qaratilgan. Yaqinda shunday tadbirlardan biri Yunusobod tumanidagi iqtisodiyot kollejida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati O‘tkirbek Tursunov, Toshkent shahar adliya boshqarmasi targ‘ibot va huquqiy ma’rifat bo‘limi boshlig‘i Abror Berdiev hamda gazeta xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari, loyiha ijrochilari jarayonda istiqlol davri yoshlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, huquqini tanigan yoshlarning istiqboli va bu kabi tadbirlarning ahamiyati xususida so‘z yuritdilar.

Mustaqillikning ilk yillaridanoq mamlakatimizda qabul qilingan yoshlar manfaatlarini nazarda tutuvchi qonun va qarorlar sharhi, yangi qonun loyihalarining yuzaga kelishi hamda ayni vaqtda Qonunchilik palatasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida deputat O‘.Tursunov tushuncha berdi. Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazish, ularning atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga munosabati, mafkuraviy immuniteti mustahkam o‘g‘il-qizlar bilan yo‘ldan adashganlar taqdirini qiyoslab bergan adliya boshqarmasi vakili A.Berdievning ma’lumotlari ham tadbir qatnashchilari diqqatini tortdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Abdumajid Azimning Vatan haqidagi mulohazalari va she’rlari yoshlar qalbiga ona yurtga muhabbat, sadoqat timsoli bo‘lib singgan bo‘lsa ajabmas.

Tadbir so‘ngida har sohada ilg‘or, bilimdon yoshlarga tahririyatning diplomi hamda “Hurriyat” gazetasining keyingi sonlari taqdim etildi va  “Huquqiy madaniyat – kuchli fuqarolik jamiyati garovi” mavzusida insholar tanlovi o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

– Mana shu diplom va sovg‘alar menga ham nasib etganidan mamnunman, – deydi taqdirlanganlardan biri, 3-bosqich o‘quvchisi Dilshoda Rashidova. – Yoshlarga oid davlat siyosati haqida ko‘p eshitamiz, Konstitutsiyada ko‘rsatilgan bepul ta’lim, tibbiy xizmat olish huquqlarimiz borligini bilamiz. Ammo bu hujjatlar va bugun berilgan ma’lumotlarning barchasidan xabardorman, deyolmaymiz. Bu tadbir huquq, qonunchilik borasidagi bilimlarimizni boyitdi.

Yana bir diplom sohibi, 2-bosqich o‘quvchisi Husan Sultonbekovning fikrlari esa yanada teranroq:

– O‘z yo‘nalishim bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘laman, degan kishi faqat o‘sha sohani emas, hamma fanlarni puxta o‘zlashtirishi kerak, deb o‘ylayman. Huquq ham shulardan biri. Huquqini bilmagan, qonunlardan bexabar odam zamondan ortda qoladi, menimcha. Hozir axborot olish yo‘llari va vositalari shu qadar ko‘pki, faqat vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va xohish kerak, hamma sohani o‘rganish mumkin. Ayni paytda bu nafaqat imkoniyatimiz, balki burchimiz hamdir.

Darhaqiqat, kuchli fuqarolik jamiyati uchun huquq va burchlarini to‘g‘ri anglagan bilimdon yoshlar kerak. Ular ana shunday tadbirlar davomida o‘z bilimlarini shakllantirib boradilar. 

X. AHMADJONOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 2 =