ULUG‘LIKKA MUNOSIB AYOL
Ayolning qudrati — uning mavjudligida. U hamma yerda bor va har bir zarrada aks etadi. U quyosh yanglig‘ mehr nurlarini atrofga sochganda borliq yasharib, yashnab ketadi. Latif va zarif hislarini qalbiga sig‘dirolmay xayol surganida olam tin oladi.
“Qisasi Rabg‘uziy” asarida keltirilishicha, Odam tuproqdan yaratilib, unga ruh berilib Yaratganning do‘sti, habibi deya butun olamga ovoza qilinibdi. So‘ngra afsonaviy Buroq otiga mindirilib, 18 ming olam sayr qildirilibdi. Qancha-qancha mo‘’jizalaru tilsimotlar ko‘rsatilganda ham Odamni zerikish tark etmabdi. Shunda uni uyqu holiga solib, chap qovurg‘asidan Ayol yaratilibdi. Dunyodagi jamiki yaratilmishlar unga o‘zlaridagi eng yaxshi jihatlarni tuhfa aylabdilar. Masalan, sabo o‘zining mayinligini uning sochlariga taqdim etsa, tun o‘zining qora rangini uning qosh-kipriklariga ulashibdi, ufq o‘zining qizg‘ish ranglari bilan uning yonoqlarini bezatibdi. Quyosh o‘zining taftini uning yuragiga jo aylabdi. Uni Havvo deya nomlabdilar.
Odam ko‘z ochib, qarshisida Havvoni ko‘ribdi va hayrat ila:
— Sen kimsan? — deya so‘rabdi.
— Havvoman…
Darvoqe, Havvo havodek kerakli, havodek aziz ne’mat bo‘lsin, deya niyat qilgan bo‘lsalar, ajab emas. Odam Havvoni yoniga chorlabdi. Havvo ibo ila, noz ila unamabdi. Odam o‘zi kelibdi. Butun olam mo‘’jizalariga dil bermagan Odam Havvoga ko‘ngil qo‘yibdi. Muqaddas nikoh va muborak oila ulardan dunyo ahliga meros bo‘libdi…
Har bir rivoyatda hayot haqiqatlari aks etadi. Havvoning haqiqati shuki, u tufayli Odam yashab qoldi. U tufayli jannatdan mosuvo bo‘lib, Yerga tushirildi, azoblarga giriftor bo‘ldi, U tufayli bariga chidadi… Sababi…
Sababi, Havvo unga baxt va’da etdi. Va’dasiga binoan, turmushning mashaqqatli yo‘llarini kulganda to‘kilgan marvaridlar, yig‘laganda sochilgan injular bilan bezadi. Har bir ayol buni Havvodan o‘zlashtirdi. Har bir Ayol baxt qasrini mehr ustunlari bilan, yurak qo‘rida yo‘g‘rilgan zuvalalar bilan barpo etadi. Fayz-marhamatdan ko‘zlari qamashgan Odam izdoshlari bu qasrga rishtasiz bog‘lanib qoladilar.
Sharq mamlakatlarining xalqlarida birdek eng go‘zal deya ta’riflangan “Yusuf va Zulayho” qissasida ham ayolning makri, mehri va qahrining chegara bilmas jihatlari insonni hayratga soladi. Go‘zallikda tengsiz va katta mulk egasi bo‘lgan Misr malikasi Zulayho Yusuf ishqida oxir-oqibat gado holiga tushadi. U eldan non-tuz emas, Yusufni tilaydi. Yusufdan xabar keltirgan har insonga boyliklarini ulasha-ulasha tamom qiladi. Yusuf taqdir taqozosi bilan Misr eliga podshoh bo‘ladi. Zulayhoni saroyga keltiradi. Ular turmush quradilar. Osmonlarda o‘qilgan nikoh yerga tushganda yanada aziz va yanada fayzli bo‘lar ekan chog‘i, Zulayho avvalgidan ham go‘zallashib ketadi. Avvallari u Yusuf ortidan yugurib ne-ne malomatlarga duchor bo‘lgan bo‘lsa, oila qurganlaridan keyin Yusuf unga zor bo‘ladi. Zulayho endi kechalarni iltijo, istig‘for va ibodat bilan o‘tkazar edi. Zulayhoning insoniy muhabbati ilohiy muhabbatga aylanadi.
Ayol qalbi tilsimlarga, sirlarga boy. Uning yurak kengliklarida ertaga qanday his-tuyg‘ular jilva qilishini hech kim bilmaydi. Bu tuyg‘ular yengil shabboda singari yelib, o‘tib ketmaydi. Ayolning tuyg‘ulari idrokka uyg‘unlashib, hayotning yangi sahifalari bo‘ylab yangi bitiklar bita boshlaydi. Oilada, jamiyatda sodir bo‘layotgan barcha yangiliklar, kashfiyotlar ortida ayolning daldasi, taskini va o‘tkir tafakkuri yashirin.
Sharqda ayol ulug‘lanadi. Zero, ayol o‘z-o‘zini ana shu ulug‘likka munosib ayladi. San’atda ne-ne ijodkorlarga ilhom va ma’naviy quvvat ulashgan ayol Vatan va yurt sha’nini himoya qilishda ham alp kelbatli pahlavonlarga mardlik va jasoratda namuna bo‘ldi. To‘maris o‘zini zaifa deb bilganda dunyoda o‘zbek diyori bo‘lmasdi, u turkiy qabilalik davridayoq eroniy bosqinchilar tomonidan zabt etilardi. Ammo, unday bo‘lmadi… Jahon tsivilizatsiyasining ulkan vakili Amir Temur saltanatining buyukligiga Saroymulkxonim o‘ziga xos zakovat bilan hissa qo‘shganligi bugun hech kimga sir emas. Temurning to‘rtinchi o‘g‘li Shohruh mirzo o‘z sarhadlarini shu qadar o‘tkir siyosat va tadbirlar bilan kengaytirib boradiki, bu xatti-harakatlarning ortida uning aql-zakoda tengsiz rafiqasi Gavharshodbegimning fikr va maslahatlari ham bor edi. Ha, ayollar o‘z oqilaligi, iste’dodu zakovati bilan tarix varaqlariga muhrlangan har bir voqea jarayonida mezon va me’yorni belgilab berganlar.
Bugun jahon hamjimiyatida munosib o‘rin egallayotgan mustaqil O‘zbekistonimizda ham ayolga hurmat va e’tibor yuksak darajada. Ayollar mamlakatimizning barcha jabhalarida munosib faoliyat yuritayotir. Ilm-fan sohasida olimalar jaxon miqyosida kashfiyotlar qilmoqdalar. Yer egalari fermer ayollar 40, 50 gektar yerga ekinlar ekib, yurt dasturxonini to‘kin va nonining butun bo‘lishiga hissa qo‘shmoqdalar.
Ayollar samolardan baxtni endiradilar. Har bir qalbga orzu va umidlar taqdim etadilar. Olamni gullarga, go‘zalliklarga burkaydilar…
Malika AHMYEDOVA