HUQUQIY MADANIYAT — FUQAROLIK JAMIYATI ASOSI

Bugungi kunda har birimiz hamma joyda va hamisha huquqiy munosabatga ro‘para kelamiz. Ayniqsa, har jihatdan yetuk jurnalist bo‘lish uchun huquqshunoslik sohasini chuqur bilishga to‘g‘ri keladi.“Yosh jurnalistlar klubi”ning navbatdagi mashg‘ulotiga yuridik fanlar doktori Akmal Saidovning tashrifi yosh jurnalistlar qalbida huquqshunos jurnalist bo‘lish istagini uyg‘otgan bo‘lsa ajab emas.

 Jurnalistika va huquqshunoslikning bir-biriga bog‘liqligi shundaki, ikkala soha ham insonlar manfaatini himoya qiladi. Jurnalistika huquq bergan imkoniyatlardan foydalanib erkin faoliyat yuritadi. Huquq esa jurnalistika orqali o‘z qonun-qoidalarini xalq ongiga singdiradi. Ushbu hamkorlik davom etar ekan, jamiyat taraqqiy etaveradi.

— Dunyo bo‘yicha shifokorlar, dasturchilar, yuristlarning xizmatiga  talab yuqori, — deydi  Akmal Saidov.  —Ammo kuzatishim bo‘yicha, aksariyat yurtdoshlarimiz faqat qonun buzilish holatlaridagina huquqshunosga murojaat qiladi. Ko‘pchilik qonunga jazolovchi vosita sifatida qaraydi. Holbuki, qonunlar inson huquqini himoya qiladi. OAVda ham ko‘pincha qonunbuzarlik sodir etgani uchun jazolanganlar haqida gapiriladi. Ammo qonun bergan imkoniyatlar asosida muvaffaqiyatga erishayotgan, tom ma’nodagi tadbirkor insonlar haqidagi axborotlar sanoqli.

Inson dunyoqarashini shakllantirishda jurnalistlarning o‘rni beqiyos. Jurnalist so‘zi jamoatchilik e’tiborida. Shunday ekan, uning har bir maqolasi fuqarolik jamiyatini yuksaltirishga qaratilishi kerak.

A.Saidov so‘zida davom etib, har qanday inson kuniga bir marta bo‘lsa ham kitobga, televidenie yoki radioga murojaat qilishini ta’kidladi. Huquqiy bilimlarni aholiga zerikarli ma’ruzalar, an’anaviy usullar orqali emas, bilvosita badiiy asarlar, ko‘rsatuvlar, radioeshittirishlar orqali berilsa yaxshiroq samara beradi.

Bugun hayotni internetsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Oz fursat ichida u insonlar hayotinning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ommaviy axborot vositasi sifatida ham eng ko‘p auditoriyaga ega. Ijtimoiy tarmoqlarda har kuni, har soatda turli mavzularda bahs-munozaralar bo‘ladi. Aynan global tarmoqda huquqiy bilimlar beradigan, kimnidir qiynayotgan muammolarga huquqiy yechim topadigan, savollarga javob bera oladigan sayt ochilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Yurtimizda eng ko‘p uchraydigan qonunbuzarlik holati belgilab qo‘yilgan nikoh yoshiga rioya qilmay turmush qurishdir. Eng achinarlisi, aksariyat holda buni oila qurayotgan ikki yosh emas, oqu qorani tanigan, hayotiy tajribaga ega ota-onalar xohlashyapti. Natijada esa turmushning mushtiga chiday olmay farzandlar jabrlanayapti. Qonunga hurmat, mas’uliyat hissini xalqimiz ongiga singdirish biz jurnalistlarning vazifamiz.

A.Saidov professional jurnalist qanday bo‘lishi kerak va uning vazifalari nimalardan iboratligi haqida gapirganda xorijiy tillarni bilish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Globallashuv natijasida global tarmoq orqali butun dunyo axborot maydonidan axborot qabul qilish yoki joylashtirish mumkin. Chet tillarini, ayniqsa, ingliz tilini bilgan jurnalist xohlagan manbadan foydalanib maqola yozishi va kutilgan natijaga erishishi mumkin. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan siyosat, o‘zbek yoshlarining yutuqlari, xalqimizning bag‘rikengligi, insonparvarligi haqida butun dunyoga baralla aytish imkoni bor. Adiblarimiz tomonidan yaratilgan asarlar, bir-biridan purma’no she’rlarni boshqa tillarga tarjima qilib adabiyotimizni ko‘z-ko‘z qilishimiz mumkin. Bunga erishishning kaliti, albatta, til bilishga borib taqaladi. Shunday ekan, biz jurnalistlar boshqa soha vakillaridan ko‘ra ko‘proq til o‘rganishga e’tibor qaratishimiz lozim. Kasb sirlari doirasida  shu kabi fikr-mulohazalar yuritilar ekan, yoshlarning aksariyati huquqiy savodxonlikni oshirishga, xorijiy tillarni o‘rganishga bel bog‘lashdi. Uchrashuv so‘ngida A.Saidov yoshlarning qiziqarli va dolzarb savollariga javob qaytardi.

— Biz o‘z faoliyatimizni qonunlarni o‘rganishdan boshlashimiz, nafaqat o‘zimizni balki butun ommaning manfaatlarini himoya qiladigan darajada salohiyatga ega bo‘lishimiz lozim, — deydi O‘zMU jurnalistika fakulteti birinchi bosqich talabasi Zuhra Noryigitova. — Shu yil huquqshunoslik darsidan ustozimiz konstitutsiyani yod olishimizni maslahat berdi. To‘g‘ri, yodlash biroz qiyin bo‘ldi, ammo bu yodlash jarayonida uning mohiyatini anglab, ancha huquqiy savodxonligim oshdi. O‘ylaymanki, bugungi yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishida huquqiy savodxon bo‘lishi juda ham muhim.

— Litseyda ijtimoiy gumanitar yo‘nalishida o‘qiganman. Ustozlarim kelajakda jurnalist bo‘lmoqchi ekanimni bilib qayta-qayta til o‘rganishim kerakligini takrorlashgan, — deydi Yelena Cho‘yanova. — O‘sha paytda bunga e’tibor bermaganman. Endi tushundimki, jurnalist nafaqat o‘zi yashayotgan davlat, balki boshqa mamlakatlarda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lishi bevosita o‘zi ham axborot tarqata olishdek salohiyatga ega bo‘lishi kerak ekan.

 SH. KOMILOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =