“TEATR – MENING HAYOTIM”
Xorij filmlari yoki seriallarini tomosha qilayotganda ba’zan uning original tili va qaysi xalqqa mansubligini unutayozamiz. Bunga sabab nima? Filmning mahorat bilan o‘zbekchaga o‘girilgani — dublyaj yoki kadr orti sinxron tarjima qilingani emasmi?! Darvoqe, kadr orti mashaqqatlaridan o‘tib, ekran yuzini ko‘rgan yuzlab chet el filmlari dublyajning mohir ustalari sabab bizga qadrdon bo‘lib qolgan.
Tahririyatimizning bugungi mehmoni ushbu soha ustasi, O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov bilan suhbatimiz shular xususida kechdi.
– Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrli, deganlaridek, ba’zan bolalikning sirli sarhadlarida kezinamiz, o‘sha beg‘ubor damlarni qo‘msaymiz. Insonning bolalik orzulari umri davomida hamroh bo‘larli ishlarga undaydi va bu hayotiga mazmun bag‘ishlaydi. El ardog‘idagi san’atkor, O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqovning bolalik orzulari ne chog‘lik amalga oshdi?
– Yoshlikda orzular nihoyatda balandparvoz bo‘ladi. Bir kun uchuvchi bo‘lishni orzu qilsang, ikkinchi kun boshqa kasbni xohlab qolasan. Men ham shu jarayondan o‘tganman. Aniq fanlardan a’lo bahoga o‘qiganim bois fizik yo matematik olim bo‘laman, deb yurardim. O‘n olti yoshimda qattiq kasal bo‘lib qolganimda, shifokorlarga mehr qo‘yib, shu kasbni ham orzu qilganman. Mening nazdimda aktyor yo xonanda bo‘lish uchun shunday tug‘ilish kerak, tasavvurimda bu kasbni o‘qib o‘rganib bo‘lmaydi, degan tushuncha bor edi. Aviatsiya texnikumida o‘qib yurgan paytlarimda teatr san’ati institutining gazetadagi e’loniga ko‘zim tushib qoldi. Drama va kino aktyorligi bo‘yicha yoshlar o‘qishga qabul qilinayotgan ekan. Shunga qiziqib, aktyor bo‘lish orzusi miyamga o‘tirib qoldi. Texnikumni bitirib, zavodga borib ishladim. Lekin o‘sha orzu tinchlik bermadi va institutga bordim. Qarasam, tumonat odam – kimdir qo‘shiq aytgan, kimdir she’r aytgan, ularni ko‘rib, men buni eplolmayman deb, qaytib ketdim. Dadam orzuimdan xabardor bo‘lgani bois meni kinostudiyada ochilgan kechki kursga yetaklab borganlar. Bu kurslar ommaviy sahnalarga tashqaridan odam olmaslik uchun unda ishtirok etadigan yoshlarga sohadagi boshlang‘ich ta’limni berish maqsadida ochilgan ekan. Shu kursda o‘qiy boshladim va kinostudiyaga kinomexanik bo‘lib ishga kirdim. Kursda bizga san’at instituti o‘qituvchilari saboq berardi. Men sahna nutqidan dars o‘tadigan domlamiz, O‘zbekiston xalq artisti Nazira Alievaga ma’qul tushdim. U kishi meni institutga tayyorladilar, nasriy asarlardan parchalar o‘qirdik. Hujjat topshirgach, birinchi turda bitta qo‘shiq aytib berishimni so‘rashdi, “men otarchi emasman”, deb yuboribman. Keyin qovun tushirganimni bilib, uzr so‘radim va dutor chalib, “Baland tog‘ ustida bir qizni ko‘rdim…”, yana bir nimalar deb qo‘shiq aytib berdim (musiqa maktabida rubob bo‘yicha o‘qiganim qo‘l keldi). Ammo tarix fanidan bilimim yetmadi. Ikkinchi yil shu fandan ham zo‘r javob berganimni ko‘rib, domla “Mana, shu bola o‘tgan yili o‘qishga kirolmagan edi. O‘qisa bo‘larkan-ku!” dedi-da, baribir to‘rt qo‘yib berdi. Balim yetmagani uchun meni sirtqi bo‘limga olishdi. Sirtdan o‘qib, hozirgi O‘zbek davlat milliy akademik drama teatriga sahna ishchisi bo‘lib ishga kirdim. O‘sha paytda teatrda xizmat qilgan barcha atoqli san’atkorlar men uchun katta saboq maktabi bo‘lgan. Institutni bitirar-bitirmas rejissyor yordamchisi vazifasigacha bo‘lgan pog‘onani bosib o‘tdim. O‘qishni tugatgach, shu dargohga ishga olishdi, truppaga qabul qilishdi. O‘sha yili Bahodir Yo‘ldoshev bosh rejissyor etib tayinlandi va u yoshlarga alohida e’tibor bera boshladi. Shillerning “Qaroqchilar” pesasi asosida sahnalashtirilgan spektaklda bosh qahramonning o‘rtog‘i Shveytsar rolini menga berishdi. Bu teatrdagi birinchi rolim edi…
– Kasbidan, qilayotgan ishidan qoniqib yashash ham baxt. Xalqimiz sizni nafaqat yaxshi aktyor, balki noyob ovoz sohibi, dublyaj ustasi sifatida ham qadrlaydi. Kasbingizning, tom ma’noda, san’atning qaysi qirrasi muhimroq?
– Butun hayotim teatrda o‘tyapti. Shu dargohning past-balandini o‘rgandim. Doim bir gapni aytaman: asosiy ishim – teatr. Bu dargohda tomoshabin bilan muloqot qilish imkoni bor. Eng qiziqarli joyi ham shu – jonli muloqot. Undan tashqari, bajarayotgan rolingni rivojlantirish, yanada yaxshiroq ijro etish imkonini beradi. Men uchun bu nihoyatda zavqli jarayon. Sahnadayoq qilayotgan ishingning natijasini ko‘rasan. Zaldagi muhitni sezib, shundan ilhomlanib turasan. Bularning bari mening hayotim.
– Dublyaj haqidagi fikrni to‘ldirsak, bu san’atda ham maktab yaratgan darg‘alarimiz ko‘p. Hamza Umarov, To‘lqin Tojiev, Mukambar Rahimova, Hojiakbar Nurmatov, Rimma Ahmedova, Oybarchin Bakirova – yuzlab qahramonlarning qiyofasi ularning salobatli, shirali ovozi orqali muxlislar qalbidan chuqur joy egallagan. Hozirgi kunda-chi, o‘zbek dublyaj san’ati bugun qaysi pog‘onada turibdi, deb hisoblaysiz?
– 90-yillargacha bizda yiliga 60 ta film dublyaj qilinardi. Bitta plyonkaga film yozilgan bo‘lsa, magnit plyonkalarda – birida turli shovqinlar, birida musiqa, yana birida aktyorlarning ovozi bo‘lardi. Ruscha ovoz o‘rniga o‘zbekcha ovozlar yozilib, tasmaga ko‘chirilardi. Bu juda murakkab jarayon bo‘lib, laboratoriya sharoitida amalga oshirilardi. Natijada, filmdagi aktyorlar s’yomka jarayonida xuddi o‘zbekcha gapirganday bo‘lib chiqardi. Mana buni dublyaj deyishadi. O‘sha paytlar dublyaj san’at darajasiga yetkazilgan, o‘zbek dublyaj maktabi mavjud edi. Dublyaj qilingan filmlar festivalida har yili “O‘zbekfilm” mahsuloti yuqori o‘rinlarni egallab kelgan, uchinchi o‘rindan pastga tushgan emas. Ham badiiy, ham aktyorlik mahorati, ham rejissura jihatidan yuqori baholanardi. 1990-yillarga kelib, ilgarigidek shovqinlar, aktyorlar ovoziyu musiqa alohida magnit plyonkalarda emas, shularning hammasi bitta “dorojka”da ketadigan qilib olinadigan bo‘ldi. Bunday filmlarni dublyaj qilishning imkoni yo‘q edi. Chunki texnologiya o‘zgardi, oqibatda asosiy ovoz pasaytirilib, ustiga o‘zbekcha ovoz yoziladigan bo‘ldi. Bunda filmdagi original ovoz ham eshitilib turadi va bu tomoshabinga xalaqit beradi. Boshqa yo‘li bo‘lmagach, ovozlashtirish uchun faqat ikki kishini – erkak, ayol ovozini qo‘yib ko‘rishdi, bo‘lmadi, har bir personajga alohida ovoz berib ham ko‘rishdi, baribir avvalgidek chiqmadi. Xullas, 1992 yilda uloqni televidenie olib ketdi. Hindlarning “Mahobhorat” filmini o‘zbekchaga o‘girishdi va ovozlashtirish uchun eski dublyaj maktabidan chiqqan to‘rt kishi – Rimma Ahmedova, Oybarchin Bakirova, Hojiakbar Nurmatov va meni taklif qilishdi. Texnika rivojlanmagan, biz esa avvalgi dublyaj ishiga moslashganimiz bois nihoyatda qiynaldik. Negaki, hind aktyorlarining ovozi eshitilib turibdi, masalan, personaj u yoqda yig‘lab turganda biz ham yig‘lab ovoz bersak, tasavvur qiling, nima bo‘ladi. Bu esa o‘sha personaj roliga kirib ovoz berish imkonini cheklaydi. Shuning uchun ham tez-tez uzilishlar bo‘lib qolardi. O‘sha uzilgan joyini qirqib, tasmani to‘g‘irlab olguncha yarim soatlab kutib turardik. Eski dublyaj jarayonida har bir personajga alohida, o‘ziga mos ovoz tanlanardi. Televidenieda bunday imkoniyat yo‘q. Shu bois o‘sha paytdagi rejissyorimiz Bahodir Muhamedov neytral ovoz egasi sifatida ana shu to‘rt kishini tanlagandi. Agar ovozlarni suyuqlikka qiyoslaydigan bo‘lsak, bizniki oddiy suv. Kimningdir ovozi zaytun yog‘idek, boshqasiniki o‘rik sharbati yoki konyak. Personajning ovozi “achchiq” bo‘lsa-yu, unga “o‘rik sharbati”ni qo‘shsa, bundan ma’ni chiqmaydi. Suv esa universal suyuqlik, hamma narsa bilan “ketaveradi”. Qisqasi, hozirgi qilinayotgan ishlarni dublyaj deb bo‘lmaydi, bu kadr ortidan sinxron tarjima…
– Bir filmda bir necha qahramonga, hatto butun boshli filmning barcha obrazlariga ovoz bergan vaqtlaringiz bo‘ladi, masalan, shotlandlarning “Sheryurak” filmi dastlabki varianti. Nega, qaysi paytda shunday yo‘l tutiladi?
– Haqiqatan bir kishining ovozi bilan ham sinxron tarjimani binoyiday qilish mumkin. Film matni tarjima qilingan va efirga ketishi rejalashtirilgan, tezda ovozlashtirish kerak. Shunday paytda bitta tajribali, neytral ovozdan foydalaniladi. Mana, “Sheryurak”ni misol keltirdingiz. Samarqandlik bir muxlisimiz aynan shu filmning ikki variantini ham ko‘rgan ekan. Telefon qilib, “Afzal aka, siz ovoz bergan birinchi variant yaxshi edi-ku, nega boshqatdan qilishdi. Bunisi menga ma’qul bo‘lmadi, ko‘rib bo‘lmayapti-yu” deydi. Bir o‘zim ovoz bergan filmlar ko‘p edi, hozir ularning hammasini ko‘p ovozli qilishyapti…
– Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, bugun nafaqat dublyaj san’ati, balki badiiy o‘qish borasida ham ibrat ko‘rsatyapsiz. Xususan, anchadan buyon televidenie orqali berib borilayotgan klassiklarimiz dostonlaridan o‘qiyotganingiz she’riy kompozitsiya yoki radiokanallarda berilgan muqaddas kitoblarimizdan parchalar, Payg‘ambarlar qissasi sohir ovozingiz orqali kishi qalbiga orom bag‘ishlaydi, ruhiga quvvat beradi. Ushbu jarayonlarda o‘zingizda hosil bo‘ladigan taassurotlaringiz haqida ham bilishni istardik.
– Ha, Payg‘ambarlar qissasini “Oriyat dono” radiosida o‘qiganman. Bu jarayondagi taassurotlarni tushuntirish, so‘z bilan ifodalash qiyin. Ulardan hech birining hayoti yengil kechmagan. Ayniqsa, Muhammad alayhissalom qissasini o‘qiganimda necha martalab yig‘lab yuborardim va “stop, stop” deb tanaffus qilib, o‘zimga kelib olgach, keyin yana davom ettirardik. Qandaydir kuch qattiq hayajonga solib, to‘lqinlantirardi. Ta’sirlanmay iloj yo‘q, o‘zingiz ta’sirlanmasangiz, boshqalarni qanday qilib ta’sirlantirasiz?!
1991 yilda teatrimizda “Iskandar” spektakli qo‘yilgan va unda men Navoiy rolini ijro etgandim. Buning uchun, avvalo, Navoiy asarlarini o‘rganib, ijodi bilan yaqinroq tanisha boshlagach, unga shu qadar ishqim tushdiki, afsus, ilgari ana shu ne’matdan bahramand bo‘lmaganmiz. Chunki davr shuni taqozo qilgan. Ko‘p asarlar bekitib o‘qilardi. Xullas, 25 yil bo‘ldiki, men Navoiyning ijod ummonida suzib yuribman. Hazratning asarlaridan parchalar o‘qish rejalashtirilgach, navoiyshunos olimlar bilan maslahat qilganmiz. Asarlarni nasriy bayonlarsiz original variantini xalq qanday qabul qilarkin, meni shu qiziqtirgan va shunday o‘qiyman deganimda, olimlar “Afzal aka, ortidan nasriy bayonini bermasangiz, odamlar tushunmaydi”, deyishgan. Men ishonmadim va yig‘inlarda dostonlardan kichik-kichik parchalar o‘qiy boshladim. To‘g‘ri, satrlardagi asl ma’no-mag‘ziga to‘liq tushunishmas balki, lekin bu buyuk allomaning asarlarida qandaydir sehr, sir-sinoat borki, undan har bir kishi nimadir kashf qiladi o‘zi uchun. Nasriy bayonlarsiz o‘qiganimda ham diqqat bilan tinglashadi. Menimcha, tushunilmay qolgan o‘rinlarni hissiyot bilan tushunishadi, chunki qonimizdagi genlar ajdodlarimizdan o‘tib kelgan-ku! 10-12 yoshli o‘smirlarni bir yerda tinch ushlab turish, diqqatini jamlash qanday mushkulligini hammamiz bilamiz. Uch yuztacha shu yoshdagi bola yig‘ilgan joyda “Saddi Iskandariy” asaridan Iskandarning onasiga yozgan xatini o‘qib berdim. Shu qadar diqqat bilan, ko‘zlari yonib tinglashdi, xursand bo‘ldim, shu ishga hissa qo‘shayotganimdan g‘ururlandim. Tugagach, shunday qarsak chalishdiki, kattalar bunday olqishlamaydi. Menimcha, hali Navoiyni hamma tushunib o‘qiydigan davr keladi.
Mana, bu yil hazrat Navoiy tavalludining 575 yilligi keng nishonlandi. “Xamsa” asarini avval simfonik orkestr bilan o‘qiganimni ko‘pchilik ko‘rgan. Shuning teatrlashtirilgan variantini rus drama teatrida qo‘yib berdik. Men asarni o‘zbekchada o‘qiyman, aktyorlarimiz rus tilida ijro etib berishadi. Ajoyib spektakl chiqdi, zaldagilar hayajon bilan tomosha qildi.
– Respublikamiz teatrlarida, shuningdek, kino sohasida turli mavzu va janrlarda ko‘plab spektakllar, filmlar yaratilmoqda, o‘ziga xos ijodiy izlanishlar davom etyapti. Sohadagi ko‘p yillik tajribangizdan kelib chiqib, ayni paytda bugungi hayotimizni, zamonamiz qahramonlari qiyofasini har tomonlama chuqur ochib beradigan, ham dramaturgiya, ham rejissura nuqtai nazaridan badiiy yuksak asarlar sifatida qaysilarini ko‘rsatgan bo‘lardingiz? Umuman, bugun teatr va kino ijodkorlari oldida qanday vazifalar turibdi?
– Bir siyosiy-ijtimoiy tuzumdan ikkinchisiga o‘tish hamma vaqt ham oson bo‘lmagan. Shukrki, 25 yildan buyon osoyishta yurtda xotirjam yashayapmiz, ijod qilyapmiz. Davlatimiz rahbari doim zamona qahramonlari obrazini yaratish haqida gapiradilar, shu muhim masala turibdi oldimizda. To‘g‘ri, bugun ham iste’dodlar bor, sohada muayyan ishlar qilinyapti. Ammo mukammal asar yaratish uchun, avvalo, bo‘layotgan o‘zgarishlar, turli jarayonlarni ijod ahli hazm qilib olishi kerak. Shundan so‘ng haqiqiy asarlar yaratiladi. Adabiyot, dramaturgiya bu publitsistika yo yangiliklar xabari emaski, kechagi ishni bugun darrov yoritib berishsa. Buning uchun vaqt kerak. Zamonamizni to‘laqonli ochib beradigan asarlar, albatta, yaratiladi…
– Hozir rus drama teatrida ishlayotgan ekansiz. O‘zbek teatri ixlosmandlari – muxlislaringiz uchun ham taqdim etiladigan nimadir bormi?
– Bir paytlar rus madaniyatida suyagim qotgan, buning ustiga doim yangilik qidiraman. Hech kim qo‘l urmagan ishlarni qilsam, deyman, chunki avlodlar yodida qoladigani shu. Bu dargohda yangilik topganday bo‘ldim. Mana, yuqorida aytganim Navoiy hazratlari tavallud kuniga bag‘ishlab sahnalashtirilgan spektakl ham hech qaerda qo‘yilgani yo‘q. Yoki hazratning asarlarini simfonik orkestr bilan o‘qish, Qur’oni karim ma’nolarining o‘zbekcha tarjimasini o‘qish – mana shulardan qoniqib ishlayman. Agar shunga o‘xshash yangiliklar bo‘lsa, taklif qilishsa, bajonidil hissa qo‘shgan bo‘lardim.
– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat, omon bo‘ling.
Xolida FAYZIYEVA suhbatlashdi.