MEHR VA G‘AMXO‘RLIK IFODASI

yosh oilalar mustahkamligi yo‘lida

Konstitutsiyamizning 63-moddasida “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega” deya qayd etilgan. Binobarin, o‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda yosh oilalarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

 Prezidentimizning 2014 yilda qabul qilingan “Yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni yosh oilalar uchun juda keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Mazkur farmonga muvofiq tijorat banklari tomonidan “Oila farovonligi” va “Yosh oila” deb nomlangan imtiyozli kredit turlari joriy etildi. Natijada ko‘pgina yosh oilalar uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditlari, uy-joylarini ta’mirlash hamda turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida turli iste’mol kreditlarini qo‘lga kiritishmoqda. Eng muhimi, bu bilan oilalar farovonligi ta’minlanmoqda.

Gap yosh oilalarga berilgan imtiyozlar haqida borar ekan, bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentyabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va shunga asosan tasdiqlangan “Kamolot”ning ko‘p kvartirali uylaridan yosh oilalarga kvartiralar berish masalalarini ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni alohida tilga olish lozim. Mazkur Nizomga ko‘ra, “Kamolot” uylari Harakatning tegishli tavsiyanomasini qo‘lga kiritgan yosh oilalarga tijorat banklari tomonidan sotib olinadigan kvartira qiymatini to‘lash uchun, shu jumladan, 5 yillik imtiyozli davr bilan, dastlabki badalni to‘lamasdan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasiga teng foizli stavka bilan 20 yil muddatga beriladigan imtiyozli ipoteka kreditlari ajratish yo‘li bilan mulk qilib beriladi. “Kamolot” uylarini ipoteka krediti asosida sotib olish huquqiga turarjoy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida hisobda turgan hamda fan, san’at, adabiyot, sport sohalarida va boshqa sohalarda yuksak natijalarga erishgan yosh oilalar (qoidaga ko‘ra, davlat mukofotlari, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohiblari, nufuzli xalqaro va respublika musobaqalari, tanlovlar va olimpiadalar sovrindorlari) ega bo‘ladi. Turarjoy sharoitlarini yaxshilashga muhtojlar sifatida yosh oilalarni hisobga qo‘yish esa er-xotinlar doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyi bo‘yicha yosh oila ijara shartlarida yoki yashash uchun yaroqsiz binolardagi turar joyda yashaydigan joy bo‘yicha uy-joy mulkdori bo‘lmasa, oila a’zolari orasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq surunkali kasalliklarning o‘tkir shakllaridan azob chekuvchi va alohida kvartirada yashashga muhtoj bo‘lgan shaxslar bor bo‘lsa, «Kamolot» YoIH Markaziy kengashi tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun yosh oilalar Harakatning tegishli tuman, shahar bo‘limlariga murojaat qilishlari zarur.

Tuman (shahar) kengashi hujjatlarni qabul qilib olgach, ikki kun muddatda ko‘rib chiqish uchun hududiy komissiyaga yuboradi. Hududiy komissiya esa 10 ish kuni mobaynida hujjatlarning belgilangan talablarga muvofiqligini har tomonlama o‘rganadi va haqiqiyligini tekshiradi. So‘ng komissiya tomonidan joyning o‘ziga chiqib, ariza beruvchining turar joy sharoitlarini, kreditga layoqatliligini (ariza beruvchi va oila a’zolarining daromadini) o‘rganadi. O‘rganish natijalari bo‘yicha tekshirish dalolatnomasini tuzadi. Shu bilan birga, yosh oilani turar joy sharoitlarini yaxshilash uchun muhtoj sifatida hisobga qo‘yish yoki hisobga qo‘yishni rad etish to‘g‘risida xulosaga kelinadi. Keyin hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi xulosa, tekshirish dalolatnomasi taqdim etilgan hujjatlar ilova qilingan holda uch kun muddatda «Kamolot» YoIH Markaziy kengashiga yuboriladi.

Agar er-xotinning har ikkisi yetimlar — Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari bo‘lsa, imtiyozli ipoteka krediti oluvchi oila a’zolarining biri yoki bir nechtasi surunkali kasalliklarning o‘tkir shakllaridan azob cheksa, «Kamolot» YoIH Markaziy kengashining tavsiyanomasi navbatdan tashqari beriladi.

 Iqboljon HOMIDOV,

Qo‘shtepa tuman DNI notariusi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × 3 =