BOG‘DORCHILIKNING BIZ BILMAGAN SIRLARI

Yurtimizda bog‘u-rog‘lar, uzumzorlar ko‘p. Bog‘larimizning sarxil, shirindan-shakar mevalari esa dunyoga mashhur. Buning sababi, mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlarning bebaho xususiyatlari, ya’ni tarkibida salomatlik uchun g‘oyat foydali mikroelementlar, turli biologik moddalarning borligidir. 

O‘tgan yili respublikamiz aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash, iste’molchilar talabini o‘zimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavot, poliz mahsulotlari, uzum va kartoshka hisobiga to‘la qondirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Dehqonlarimizning fidokorona mehnati evaziga 2015 yilda yurtimizda 10 million 128,1 ming tonna sabzavot, 1 million 853,1 ming tonna  poliz, 2 million 696,7 ming tonna kartoshka, 2 million 746,2 ming tonna meva va 1 million 579 ming tonna uzum yetishtirishga erishildi. Boshqacha aytganda, aholi jon boshiga yillik o‘rtacha 320 kg sabzavot (tibbiy me’yorga nisbatan 2,8 marta ko‘p), 86,8 kg meva (1,2 marta ko‘p) va 49,9 kg uzum (3,3 marta ko‘p) mahsulotlari yetishtirilgan. Bundan tashqari, shirindan-shakar o‘rik, olxo‘ri, olcha, shaftoli kabi mevalarimiz 186 davlatga eksport qilindi.

Bu yutuqlar meva-sabzavot, poliz, kartoshka va uzum mahsulotlarini yetishtirishni ko‘paytirish, ichki bozorni to‘la ta’minlash barobarida qayta ishlash korxonalari quvvatini va eksport hajmlarini oshirish, zamonaviy texnologiyalar asosida pakana va yarim pakana intensiv mevali bog‘lar va yangi tokzorlar barpo etishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar samarasidir.

Albatta, bunda akademik M.Mirzaev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining ham o‘ziga yarasha hissasi bor. Bugungi kunda mutaxassis va olimlar tomonidan respublikamiz mintaqalarining tuproq-iqlim sharoitiga mos, sovuqqa, qurg‘oqchilikka, issiqqa, kasallik va zararkunandalarga chidamli, uzoq saqlanadigan, sifatli va yuqori hosilli navlarni yaratish borasida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Ilmiy muassasada qilinayotgan ishlar va ayni kunda bog‘bonlarimiz bajarishi lozim bo‘lgan yumushlar xususida mazkur institut Meva-rezavor ekinlar selektsiyasi va uni o‘rganish bo‘limi mudiri Ravshan Abdullaev bilan suhbatlashdik.

– Yurtimizda bog‘dorchilikning rivojlanishi ayniqsa, intensiv bog‘larning barpo etilishi xalqimiz dasturxonini qishin-yozin turli mevalar bilan to‘ldirish barobarida, mevachilikni yangi bosqichga olib chiqdi. Ayni damda 269 ming umumiy, 23,5 ming intensiv bog‘lar mavjud. Intensiv bog‘lar tez hosilga kirishi va serhosilligi bilan an’anaviy bog‘lardan afzal hisoblanadi. Bunday bog‘larni yangi oliy navli ko‘chatlar bilan ta’minlash borasida institut tomonidan sezilarli ishlar qilindiki, endilikda ularni xorijdan keltirishning hojati yo‘q. Qolaversa, har bir viloyatda 5-6 tadan ko‘chatchilik fermer xo‘jaliklarining tashkil etilgani ham bog‘dorchilik xo‘jaliklarini oliy navli ko‘chatlar bilan ta’minlash imkonini bermoqda. Ular Serbiya, Ukraina, Polsha, Turkiya kabi  davlatlardan turli meva ko‘chatlarini keltirib, payvandlab, bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklariga yetkazishmoqda.

Bugungi kunda institutda intensiv bog‘lar uchun mevali daraxtlarning pakana va yarim pakana navi ko‘chatlarini tayyorlash ham o‘zlashtirildi. Jumladan, shu paytgacha xorijdan keltirilgan daraxt ko‘chatlarining o‘ndan ziyod turi mahalliy muhit, yer, suv, iqlim sharoitlari hisobga olingan holda yetishtirilmoqda. Birgina “MM-106” payvandtagli yarim pakana ko‘chatlar qish sovug‘i va yoz jaziramasi, sizot suvlarining yuzaga ko‘tarilishi va boshqa tabiat sinovlariga chidamliligi bilan barcha hududlarga mos keldi. Shu bois ayni paytda ushbu nav ko‘chatlari asosida intensiv bog‘lar yaratilmoqda. Buning asosiy xususiyati hozirgi intensiv bog‘lardagi kabi temir to‘sinlarga muhtojlik sezmaydi. Tanasining o‘zi baquvvat bo‘ladi. Pakana payvandtagdan farqi hosil olish ikki yilga kechikadi, biroq uning umri ularnikidan 10-15 yil uzoqroq. Hozirgi payvandtaglar ikkinchi yili hosil bersa, yarim pakana payvandtaglar uchinchi yili hosil beradi. Uning balandligi 3-4 metr bo‘lib, ishlov berish va oziqlantirish ham oson. Eng asosiysi, u arzonga tushadi.

Bugun intensiv bog‘larning 80 foizida olma yetishtirilmoqda. Shuning uchun danakli mevalarning payvandtaglarini ko‘paytirish borasida ham ishlar olib borayotirmiz. Shu kunlarda gilos, shaftoli ko‘chatlarini chet eldan olib kelib payvandtag qildik. Natijalar biz kutgandan ham ziyod. Kelgusida danakli o‘simliklarning yarim pakana payvandlarni ko‘paytirib, fermer xo‘jaliklariga taqdim etish niyatidamiz.

Ko‘pchilik shaftolini 3-4 yil hosil beradi, deb o‘ylaydi. Biroq undan 15-20 yil hosil olish mumkin. U tez o‘suvchan daraxt, shuning uchun uni ko‘proq kesish lozim. Bog‘bonlar “shaftolini tokqaychida ushlab turish kerak” deya bejiz aytmaydi. Shaftoli tanasining o‘sib ketmasligi uchun mevasiga kuch berishni ta’minlash kerak. Agar bir yillik ko‘chat 1,5 metr o‘sgan bo‘lsa, shundan yarim metr qoldirib, qolganini kesib tashlaymiz. Shunda shaftoli tanasi kuchini mevaga qaratadi. Unga kosa shaklida shakl berilib, har yili qaychilab turish maqsadga muvofiq.

Oxirgi yillarda behizorlar kuyish kasalligiga chalinib, unga o‘z vaqtida ishlov berilmadi. Natijada kishi salomatligi uchun o‘ta foydali bo‘lgan meva kamayib ketdi. Bu kasallikning oldini olish borasida institutimizda ishlar olib borilib, behining bir necha yangi navlari yaratildi.

Bog‘dorchilikda eng asosiy tadbirlardan biri shakl berishdir. Urug‘li mevalarga asosan kuzda shakl beriladi, danaklilarga esa bahorda. Ayni damda institut olimlari mevalarga yozgi shakl berish ustida ish olib bormoqda. Bu mevalar uchun juda foydali. Hozirda olmaga yozgi shakl berishni boshladik. Bu usulni oldinlari ota-bobolarimiz ham qilishgan, ammo keyinchalik e’tibordan chetda qolgan. Ayrim rivojlangan davlatlarda bunga yangilik sifatida qaralmoqda. Yozda ko‘chatning ko‘p o‘sishiga yo‘l bermasak, u hosil kurtagiga kuch beradi. Bu ko‘chatning nihol, ya’ni tez o‘suvchi davrida qilinadi. Iyul oyi nihollarning tinim davri bo‘lib, shu paytda u kesilsa, bor kuchini mevalarga qaratadi. Yosh ko‘chatlar bir yildan so‘ng meva beradi. O‘suvchi shoxning uchdan ikki qismi olib tashlansa, yoniga yana mevali shox berishga harakat qiladi. Natijada bir-ikki yil oldin hosilga kiradi.

Ko‘pchilik “nega tog‘li joylarning mevasi boshqacha bo‘ladi?” deb so‘rab qoladi, chunki u yerning ob-havosi toza, quyoshning ultrabinafsha nurlari mevaga yaxshi tushadi. Ayniqsa, tog‘li joylarning mevasida qand moddasi ko‘p. Shuning uchun tog‘li hududlarning mevasi shirin. Agar iqlimga e’tibor berilmasa, ayrim mevalar kutilgan hosilni bermaydi. Buni inobatga olgan holda hozir har bir hududning iqlimini o‘rganib, kerakli navlarni tavsiya etayotirmiz.

Eng muhim tavsiyalarimizdan yana biri bu — ko‘chatlarni sovuqdan asrash. O‘tgan yilgi bemavrid sovuq ko‘plab mevalarni urib ketdi. Shuning uchun sovuq kunlarda ota-bobolarimiz bog‘larga tutun chiqarib ularni asrashga harakat qilishgan. Bu ko‘chatni 1-2 darajagacha  isitadi. Sug‘orish orqali ham sovuqdan saqlash mumkin. Eng asosiysi, qish oylarida 2-3 marta yaxob suvi berishdir. Buning muhim jihati shundaki, daraxt suvga to‘yinib, erta “uyg‘onmaydi”. O‘ziga kerakli ozuqalarni yig‘ib, ikki metrgacha zaxlaydi. Shundan keyin to iyungacha sug‘ormasa ham bo‘ladi. Mevaning sifati ham yaxshi bo‘ladi. Har bir narsaga e’tibor lozim bo‘lganidek, bog‘ qilishning ham o‘z qonun-qoidalari bor. Uni har bir bog‘bon bilishi lozim. Qadimgilar bekorga “Bog‘ni boqsang bog‘ bo‘lar, boqmasang yuragingga dog‘ bo‘lar” deyishmagan.

 Bobur MUHAMMADIEV

tayyorladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − 12 =