TAFAKKUR VA TABIATDAGI UYG‘ONISH UYG‘UNLIGI

Ko‘klam… Safar qarib, janub quyoshining taftli nurlaridan bahramand bo‘layotgan Qashqadaryodan poytaxtga qaytdim. Tabiatning behisob ro‘shnoligidan dashtu dalalarga, qir-adirlarga jon kirgan. Yo‘l bo‘yi ko‘m-ko‘k maysalar, qiyg‘os gullagan dov-daraxtlarga boqib zavqlanaman. Tabiatda ajib bir uyg‘onish oni…

 Toshkent – Termiz avtomagistralining yoqasidagi Qamashi tumaniga qarashli Chim qishlog‘idan o‘tayotib yo‘l bo‘yida qishloq odamlari to‘planib, o‘yin-kulgi qilib Yil boshi qilishayotganligining guvohi bo‘ldik. Besh-olti kilometr o‘tib, xuddi shu yo‘l bo‘yida joylashgan Jonbo‘zsoy qishlog‘i ustidan chiqdik. Qarangki, bu qishloq odamlari ham jamul-jam bo‘lib, katta-kichik, yosh-yalang barchasi to‘planib ota-bobolaridan meros qolgan ushbu marosimni o‘tkazmoqda. Bir qozondan osh, yana bir qozondan yig‘ilganlarga sho‘rva ulashilyapti. Yosh-yalanglar “chillak”, “zuvillatar”, “oq terakmi, ko‘k terak”, “kes-kes” o‘ynashmoqda, yigitlar esa, arqon tortish musobaqasini o‘tkazishmoqda.

O‘zini Dehqonobod tumanidagi umumta’lim maktabi o‘qituvchisi deb tanishtirgan hamrohimiz Ne’mat aka: “Bunday hamjihat, bir-birini qo‘llab-quvvatlaydigan xalqda albatta, baraka bo‘ladi-da” dedi, ko‘ngildan kechayotgan hislarni sezganday. Bu e’tirof suhbatimizga cho‘g‘ qaladi. — Kuni kecha radiodan eshitdim, — so‘zida davom etdi Ne’mat aka.

— Olimlarning aytishiga qaraganda, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyoda 840 milliondan ortiq kishi, ya’ni deyarli har sakkiz odamning biri to‘yib ovqatlanmas ekan. Sayyoramiz aholisining 30 foizidan ziyodi to‘laqonli ravishda ovqatlanmaslik, eng asosiy mikroelement va vitaminlar yetishmasligi muammosini boshidan kechirmoqda. Ana shunday sabablar tufayli 160 milliondan ortiq bola bo‘yining o‘sishi, jismoniy va intellektual rivojlanishiga doir kamchiliklardan aziyat chekmoqda ekan. Bilamizki, istiqlol yillarida O‘zbekiston g‘alla mustaqilligiga erishdi. Natijada birgina 2015 yilning o‘zida 7 million 500 ming tonnadan ortiq g‘alla yetishtirildi. Fermerlarimiz bug‘doyning o‘zidan gektaridan o‘rtacha 55 tsentner hosil olishdi, ayrim ilg‘or fermerlarda esa, bu ko‘rsatkich 60-70 tsentnerni tashkil etdi. Gapimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida ketar ekan, shuni alohida ta’kidlash joizki, mamlakatimizda oziq-ovqat bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan qishloq xo‘jaligining meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik hamda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik kabi tarmoqlari ham jadal sur’atlarda rivojlanib bormoqda. Mehnatkash va fidoyi dehqonlarimiz tomonidan o‘tgan 2015 yilda 12 million tonnadan ortiq sabzavot va kartoshka, qariyb 2 million tonnaga yaqin poliz mahsulotlari, 1 yarim million tonnadan ko‘proq uzum, 3 million tonnaga yaqin turli mevalar yetishtirildi.

Xullas, yo‘l bo‘yi birimiz qo‘yib, birimiz bu boradagi fikrlarimizni aytishda davom etdik.

Shu zaylda Samarqand viloyati Nurobod tumanining bepoyon kengliklaridagi Ibrohim ota qishlog‘iga yetib keldik. Bu yerda ham xuddi shu go‘zal manzara. Hamrohlarimiz bilan kelishib mashinadan tushdik.  80 yoshlarni qoralab qolgan qishloq oqsoqoli Rahmonqul bobo bizni samimiyat bilan to‘kin dasturxonga chorladi. Dasturxonda bahoriy taomlar…

Rahmonqul bobo dastlab, Ibrohim ota qishlog‘i tarixini gapirib berdi. Otaxon haqiqiy vatanparvar ekan. Bir zumda qishlog‘i haqida shunchalik ko‘p gaplarni aytib berdiki, uning tarixi ham, buguni ham havas qiladigan darajada yuksak ekan.   

Bobodan Navro‘z udumlari haqida gapirib berishini iltimos qildik. Uning gaplariga qaraganda, bu tadbirga har kim o‘z uyidan qurbi yetganicha taom pishirib chiqar ekan. E’tiborlisi, davraga tortiladigan ne’mat faqat o‘ng tomondan boshlab tortilar ekan. Bunda ham juda katta hikmat bor. O‘yin-kulgi, alyoru laparlar, qo‘shiqlar kuylanadi. Boboning gaplaridan anglash mumkinki, Sharqda yil boshi hisoblangan Navro‘z bayramining mazmun-mohiyatida EZGULIK va YaXShILIK mujassam. “Yana bir gapni eshitinglar”, – deb ovozini baland ko‘tarib qishloqdoshlariga qarata  gapida davom etadi Rahmonqul ota.

– Hammamiz televizordan, radiodan eshitamiz, Yurtboshimiz ko‘p bora o‘zbek xalqiga tinchlik va omonlik kerak, deb ta’kidlaydi. Bu bejiz emas. Tinchlikning va xotirjamlikning qadriga yetish kerak. Mening yoshim 86 da. Urushning, notinchlikning nima ekanligini men yaxshi bilaman. Boshimdan o‘tkazganman… Ming afsuski, bugun dunyo boshidan notinch va tahlikali zamonni o‘tkazayapti. Turli-tuman qarama-qarshiliklar. Televizorda berilayotgan xorijiy mamlakatlarda ro‘y berayotgan voqealar har birimizni chuqur mulohazaga chorlashi kerak. Men to‘g‘risini aytsam, shularni ko‘rib, eshitib qo‘rqib ketaman. Hali odamlarni otib tashlagan, hali bomba portlagan. Kim kimni garovga olgan. Eng achinarlisi, begunoh bolalar ota-onasidan ajralgan, tug‘ilib o‘sgan Vatanini tashlab qaysidir begona yurtga jon saqlash uchun qochgan. Yanada dahshatlisi o‘n gulidan bir guli ham ochilmay, bemahal ajalga duchor bo‘layapti. Kelinglar, barchamiz bugungi ushbu bayramimizda aziz vatanimizning shu bugungiday osoyishtaligi abadiy bo‘lishini Yaratgandan so‘raylik. Omin”, — deb duo qildi bobo. Biz ham Ibrohim otaliklar bilan xayrlashib, yana yo‘lga chiqdik. Yo‘ldoshlarimiz suhbati xuddi shu mavzuda davom etdi.

Kun bo‘yi, yo‘l bo‘yi ko‘rganlarimdan, VATANDOShlarimdan eshitganlarimdan xulosa qildim. Bu YuRTDOShlarim tafakkuridagi va YuRTIM tabiatidagi uyg‘onish uyg‘unligi edi…

 Arslon ESHMURODOV‚

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 5 =