VATAN BU – ONA DEMAK

Men asli Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida tug‘ilganman. Ammo taqdirning izmi bilan Buxoro shahridagi yuridik kollejida tahsil oldim. Kollejni tamomlab, ishga kirgan kezlarim edi. Bir tumandosh kursdoshimning nikoh to‘yi bo‘ladigan, xabarchilikka, qishloqchasiga aytganda, to‘y «kayvoni»ligiga saylandim. Shahardan tashqariga chiqib ko‘rmagan bir o‘rtog‘imni o‘sha to‘yga aytsam, «To‘y qaerda bo‘ladi?» deb qoldi.

 – Qaerda bo‘lardi, Qiziltepada-da, – dedim hayron bo‘lib.

– Hovlida bo‘ladimi?

– Yo‘q, restoranda.

– Ie, sizlarda restoran bormi? – kulib so‘radi o‘rtog‘im.

 – Yo‘q, bizda restoran yo‘q, –  dedim hazil aralash. –  Elektr toki ham, suv quvurlari ham yo‘q. Odamlar kiyim o‘rniga barg yopinib yuradi, xalqimiz chodirlarda yashaydi. Xullas, Qiziltepani bir qabila desa ham bo‘ladi, – dedim kinoya bilan.

Oradan vaqt o‘tib, do‘stim bilan uchrashib qoldim. Biroz istihola bilan uzrxonlik qilgan bo‘ldi:

 – Do‘stim, o‘sha gapim uchun kechirasan. Men tuman, qishloq deganda ko‘chalari loy, uyida gaz o‘rniga tezak yoqadigan, kompyuter, zamonaviy qurilmalar nima ekanini bilmaydigan odamlar yashaydigan joyni tushunardim. Imorat, inshootlar ham loysuvoqdan bo‘lsa kerak, deb o‘ylovdim. Aslini ko‘rib, hayron qoldim. Sizlarda yaratilgan imkoniyat, barpo etilgan inshootlar shaharda ham yo‘q-ku! – deb qoldi u.

Haqiqatan, bugun qaysi tumanni olmang, har qanday shahardan go‘zal. Bizning Qiziltepa tumanimiz ham ana shunday zamonaviy tumanlardan. Mustaqillikning o‘tgan chorak asrida tumanimiz shu qadar o‘zgardi-ki, uning bugungi qiyofasi haligi do‘stimga o‘xshaganlarni haqiqatan hayratga soladi. Eh-he, maktabu kollejlar, zamonaviy inshootlarni bir ko‘rsangiz edi. Ayniqsa, istirohat bog‘larimiz hech bir shaharnikidan qolishmaydi. Yangidan barpo etilgan tibbiyot birlashmasi-yu, undagi xizmat ko‘rsatish sifatidan hamma mamnun. So‘nggi yillarda barpo etilib, eng zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan «Bolalar sport markazi» yoshlarning sevimli maskaniga aylangan. Uning yonida esa yopiq suv havzasi uchun poydevor qo‘yildi. Mustaqilligimizning 25 yillik to‘yi oldidan ushbu ob’ekt tumanimiz bolalari uchun haqiqiy sovg‘a bo‘ladi.

Bundan tashqari, eng chekka hududlardagi muassasalar, xususan, QVPlar ham havas qilarli ko‘rinish kasb etgan va zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.

Yaqinda chet eldan kelgan o‘rtog‘im bilan suhbatlashdim. U borgan mamlakat ob-havosi, tabiati to‘g‘risida meni lol qoldirmoqchi bo‘lib gapira ketdi. So‘zining oxirida «Baribir o‘zimning tug‘ilgan joyimga, hatto Qiziltepamning cho‘lu biyobonlariga ham teng kelolmaydi u yerlar», deb qoldi. Undan o‘sha mamlakat yoshlari va ularga bo‘lgan e’tibor haqida so‘radim.

 – Avvaliga ishim yurishmadi, shu sabab ko‘plab joylarda bo‘ldim, – deya taassurotlarini gapira boshladi u. – Maktablar, korxona tashkilotlarni ko‘rdim. Bolalar ko‘pchiligi eski maktablarga borisharkan. Biznikidek kollejlar qayda, chekka hududlardagilari qulab tushay deydi. O‘qib yurgan kezlarimiz o‘zimga yaratib berilgan imkoniyatlarning qadriga yetib, a’lo o‘qisam bo‘larkan, institutga kirsam, xorijda tentirab yurmasdim. Ko‘p tengdoshlarimiz maktabni bitirgach, pivoxona, kafe, bardan beri kelishmaydi. Ularni so‘roqlaydigan odamning o‘zi yo‘q. Bizlarning bo‘y yigit-qizlarimizdek kitob ko‘tarib, tayyorlov kurslariga boradiganlari kamdek tuyuldi menga. Markaziy shaharlarda ham bo‘lib qaytdim. U yerda ahvol bir muncha yaxshi, lekin muhojirlarga past nazar bilan qarashlari odamning g‘azabini qo‘zg‘aydi. Bundan tashqari, kechalari ko‘chaga ham chiqa olmaysan, sog‘ qolishing gumon. Bizda esa chet elliklar o‘zining yurtidan ham erkinroq yurishadi, kechasimi, kunduzimi – har doim hammaning tinchligi ta’minlangan, kafolatlangan. Vatan qadrini boshqa yurtlarda bo‘lganlar biladi, deganlari rost ekan, ikki xil muhitni chog‘ishtira boshlar ekansan. O‘zbekistondek go‘zal, farovon, tinch mamlakatni hech qaerdan topa olmasligimni tushunib yetdim…

Ha, tengdoshim, ota-onadan kechib bo‘lmaganidek, Vatandan ham kechib bo‘lmaydi. Buni o‘z vaqtida anglab, kindik qonimiz to‘kilgan yurtning qadriga yetish farzandlik burchimiz-ku, axir…

 

Ulug‘bek KARIMOV, Qiziltepa tumani

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 1 =