MILLATGA EHTIROM
ayolga ehtiromdan boshlanadi
Axborot texnologiyalarining bugungi rivoji shu darajaga yetdiki, endilikda olamni kaftingda turgandek kuzatishing mumkin. Xulosa shunday — olam suvda qalqib turgan olma holatida.
N otinch mintaqalarda ahvol nihoyatda tanglashib, vaziyat chigallashib boryapti. Vaziyatni xolisona baholash o‘rniga jazava va manfaatlar taloshi ustuvorlik qilyapti. Odamlar talvasada. Qochqinlar – biron daqiqa farzandini xotirjam bag‘riga bosib, orom olishni istagan onalar, kelajagi kafolatsiz xotin-qizlar, yoshlarning tang ahvolda qolganini ko‘rib, vahming keladi. O‘yga tolasan. Axir, ular ham haq-huquqlariga ega insonlar-ku! Nega ularning huquqi, insonlik sha’ni poymol etilmoqda. Dunyoga haq-huquq haqida jar solayotgan og‘zi polvonlar qaerga qarayapti? Shular haqida fikr yuritar ekansan, beixtiyor Yaratganga shukrona keltirasan. Yurtimizda fuqarolarga, ayniqsa, biz ayollarga bo‘lgan etibordan behad mamnun bo‘lasan. Mamlakatimiz bosh Qomusi – Konstitutsiyamizda belgilangan huquqlarimiz kafolati amalda o‘z tasdig‘ini topmoqda.
Yurtboshimizning 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston xotin-qizlariga yo‘llagan bayram tabrigida ayollarning jamiyatdagi o‘rniga yuksak baho berilganiga olam ahli guvoh bo‘ldi. Opa-singillarimizning mehnat va turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, farzandlarimiz, ayniqsa, qiz bolalarning zamonaviy bilim va kasb-hunar, ilm-fan cho‘qqilarini egallab, hayotda munosib o‘rin olishlari uchun boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirishimiz kerakligi alohida uqtirildi. Bu so‘zlar ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardi, yanada faol, mas’uliyatli bo‘lishga undadi.
Darhaqiqat, ayol — millat kelajagi, hayot davomchisi. Xotin-qizlar e’zozlangan, qadrlangan yurtning buguni va ertasi tinch, farovon bo‘ladi. Ayol mehnati bilan jamiyat to‘laqonli rivojlanadi, taraqqiy etadi. Shuning uchun mamlakatimizda xotin-qizlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularning og‘irini yengil qilishga tobora katta e’tibor qaratilmoqda. Konstitutsiyamizning 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jinsi, millati, diniy e’tiqodidan qat’i nazar teng huquqli ekani, 46-moddasida esa erkak va ayollarning teng huquqliligi, 117-moddasida esa saylash va saylanish huquqlari kafolatlangan.
Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridanoq xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan qator xalqaro Shartnoma va Konventsiyalarni ratifikatsiya qilingan. Jumladan, davlatimiz BMTning «Xotin-qizlar kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida»gi Konventsiyasiga qo‘shilgan. Umuman olganda, mamlakatimiz taraqqiyotining o‘tgan yillari davomida ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan 80 dan ortiq qonun hujjatlari kuchga kirdi, xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilindi. Xotin-qizlarning yurtimiz siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash, ma’naviy saviyasini yuksaltirish davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Prezidentimiz tashabbuslari bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilishi ham, mamlakatimiz xotin-qizlarining ezgu intilishlarini ro‘yobga chiqarish borasida yaratilayotgan keng imkoniyatlarning bir ko‘rinishidir. Zukko qizlarimiz, fozila ayollarimiz esa fan, san’at, madaniyat va sportda yuqori marralarni zabt etib kelayotganligi va ularning bu yutuqlaridan har birimiz faxr-iftixor tuyamiz. Xususan, raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston aholisining 51 foizi, ishchi kuchining 45 foizini ayollar tashkil etadi. Oliy Majlis Qonun palatasidagi 150 nafar deputatlarning 24 nafari ayollardir. Oliy ta’lim muassasalarida ayol professor-o‘qituvchilar jami 9511 nafar, ulardan fan doktorlari 234, dotsentlar 1282, fan nomzodlari 1804 tani tashkil etadi. Sog‘liqni saqlash tizimidagi ayollarimiz 326370 nafar bo‘lib, 52,7 foizdan iborat. Ularning 38 mingga yaqini oliy ma’lumotli, 288312 nafari o‘rta ma’lumotlidir. Respublikada jami 6 nafar akademik, 514 nafar fan doktori, 4780 nafar fan nomzodi bo‘lgan ayollar bor. Tadbirkorlik sub’ektlari 278450 tani tashkil etadi va ularning 119811 nafari ayollardir. 1997 yildan buyon 14 nafar faol va ibratli ayollarimizga «O‘zbekiston qahramoni» unvoni berildi. O‘zbekistonda bugun 1 million 4 ming 916 nafar xotin-qizlar sport bilan muntazam shug‘ullanib kelmoqda. 2013-2015 yillar davomida 487 ta xalqaro musobaqalarda ishtirok etgan 5369 ta sportchining 1955 nafari qizlar va qo‘lga kiritilgan 1886 ta medallarning 516 tasi qizlarga tegishlidir. Bunday ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.
Joriy yilimizda ham aynan xotin-qizlar masalasi muhim ustuvorlik kasb etadi. Jumladan, «Sog‘lom ona va bola yili» Davlat dasturida ham oila institutini mustahkamlash, ayollarning jamiyat hayotidagi roli va nufuzini yuksaltirish, ularning qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, xotin-qizlarni, xususan, qishloq joylarida ish bilan ta’minlash, oilaviy biznes va kasanachilikni rivojlantirish, ayollarga kredit ajratish orqali ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish kabi ustuvor vazifalarga alohida o‘rin berilgani xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, har bir ayol o‘zi ishlayotgan sohaga mehr berib, uning rivoji uchun sidqidildan ishlashi, bir so‘z bilan aytganda, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishi uchun keng yo‘l ochadi.
Xulosa qilib aytganda, erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash islohotlarining uzviy qismi sifatida xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishidagi ishtiroki va uning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratish mustaqil davlatimiz ichki siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tirof etilmoqda. Mazkur masaladagi chora-tadbirlarning uzviy qismi sifatida fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat, notijorat tashkilotlari faoliyati va davlat boshqaruvi organlarida ayollarning keng ishtirok etishini kafolatlaydigan huquqiy asoslar yaratilib kelinmoqda. Zero, jamiyatimizda siyosiy faol huquqiy bilimga ega, zamon bilan hamnafas, yurtimiz ravnaqiga kamarbasta ayollar safining kun sayin kengayib borayotgani esa porloq kelajagimizning muhim garovidir.
Ayol – ijodkor, ayol – har ishda madadkor. Hayotni hayotga, avlodni avlodga ulovchi ayol. Ayol – oilaning, jamiyatning ishonchi, tayanchidir.
Muharram DADAXO‘JAYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston «Adolat» SDP fraktsiyasi a’zosi