SOVCHIMISAN, OVCHIMISAN, NAMASAN?

E, bu tushlar ham bor bo‘lsin-da! Ba’zi tushlar naq ertakning o‘zginasi. Bir tush ko‘ribman: eshik qo‘ng‘irog‘i tugmasi bosilibdi. Ochsam, tog‘ora ko‘targan ikki ayol turganmish. Salom-alikdan so‘ng tanimasdan hayratda turganimni tilimdan avval nigohim “aytib” qo‘ydi, shekilli, haligilar qulchilikka keldik, deyishdi. 

— Manzilni adashtirgan ko‘rinasiz, mening qizim yo‘q, — dedim.

— Bilamiz, o‘rgilay, ikki o‘g‘lingiz bor, biz ulardan biriga sovchi bo‘lib keldik, — deb turaverishdi.

 Yo, tavba, hech zamonda yigitlarga ham sovchi kelarkanmi, dedim ichimda va noiloj ularni ichkariga taklif qildim. Dasturxon yozib, choy damladim. Choy icha turib, sovchilar muddaoga o‘tishdi. Gapira boshlaganlarida nima bo‘ldi deng, birining og‘zi teshik cho‘ntakka, ikkinchisiniki g‘orga aylanib qolganmish. E, qoyil-e, shunaqayam tush bo‘ladimi?! Kapalagim uchib, cho‘chib uyg‘ondim. Tuf-tuf, xayriyat-ey, tush ekan, deb xotirjam tortdim, so‘ng ishga otlandim.

MAKLER KERAKMI?

Yo‘l-yo‘lakay tushimni qanday ta’birlashni bilmay, o‘ylanib ketayotsam, qo‘shni tahririyatda ishlaydigan bir opaxonni ko‘rib qoldim. Sergap bo‘lsa-da, hangomasi qiziq.

– Kecha qo‘shnim chiquvdi, – deb gap boshladi u. – Siz kasbingiz tufayli turli odamlar bilan uchrashasiz, iloji bo‘lsa menga ichmaydigan, chekmaydigan, aqli-hushi joyida bir kuyov topib bersangiz, deydi. Aybga buyurmaysiz, hozir hamma shunday qilyapti, xizmatingizni quruq qo‘ymayman, ikki yuz-uch yuz dollar berarman, – deb qo‘shib ham qo‘ydi.

Bitta kuyov topish uchun shuncha pul bersangiz, yaxshi ekan desam, “Qo‘shnichilik haqi-hurmati shuncha deyapman, begona maklerlarga aytsam, besh yuz dollardan ming dollargacha so‘raydi”, emish…

Opaning gapini eshitib, ko‘rgan tushimni esladim va ta’birini ham tushunganday bo‘ldim.

– Bilasizmi nimani to‘ldirib bo‘lmaydi? – dedim unga javoban. – Teshik cho‘ntak bilan g‘orni.

– To‘g‘ri, – dedi u hayron bo‘lib, – lekin bunga nima aloqasi bor?

– Bor-bor, opa, ishonavering. Hozirgi ayrim “sovchi” (yoki makler)larning masxaraboznikiga o‘xshagan teshik cho‘ntagi va g‘ordek oshqozoni bor… Ota-bobolarimiz ikki o‘rtadagi munosabatlarni shunday olib borganmidi?! Sovchilar hech qachon biror nima tama qilib emas, savob, udumlarimiz hurmati uchun qilgan-ku, bu ishni! Qolaversa, sovchilikka to‘g‘ri kelgan odam emas, mahalla-ko‘yda obro‘-e’tibori yuqori, so‘zi salobatli, gapi yerda qolmaydigan kishilar tanlangan. Ularning bu xizmatlari nari borsa bitta to‘n bilan siylangan. O‘shanda ham oriyatli insonlar o‘zini shu ishga munosib ko‘rilganidan mamnun bo‘lib, berilgan sovg‘a-salomdan g‘urur bilan voz kechgan. Qiz o‘stirgan oila-ku, sirayam g‘ururini yerga urmagan. Hozir qiz tomon birinchi bo‘lib og‘iz solishi hecham uyat sanalmayapti. Farzand, uning baxti hamma uchun shirin, lekin bugungidek biznesga aylangan sovchilik to‘g‘rimikin, bu ishlar o‘zini oqlarmikin? O‘sha avvalgi g‘ururlar qayda qoldi?!

– Teshik cho‘ntakdan tushib ketgan, shekilli, – hazilga burdi opa.

Shu bilan ikkimiz ikki tomon ketdik. Ishxonaga kelsam, yana shu mavzuda gap ochildi. Hamkasbim: “Opam kelin izlab yuruvdi. Islom universiteti qoshidagi litseyga boring, o‘sha yerda yaxshi qizlar o‘qirmish”, deb maslahat beribdi birov. Litsey atrofida sovchilar yig‘ilarmish, yaxshi-yaxshi qizlar haqida ma’lumot to‘plab, keyin uylariga borisharmish”, dedi. Jurnalist xalqi yangi mavzuga o‘ch emasmi, ikkalamiz sovchi rolida o‘sha tomon oshiqdik. Ichkari kirmoqchi edik, eshikbon:

– Opalar, sovchilarni kiritolmaymiz, – dedi.

– Biz hali nima uchun kelganimizni aytmadik-ku, nega unday xulosa qilyapsiz? – so‘radik hayron bo‘lib.

– Aytish shart emas, tanish emassizlar, demak sovchi bo‘lsangiz kerak?! – dedi ishonch bilan.

Tashqari chiqib qarasak, haqiqatan darslar tugashi bilan mashinalarda kelib kutib turgan odamlarga, ayollarga ko‘zimiz tushdi. Bir ayol yolg‘iz turgan ekan. U bizni ham sovchi deb o‘yladi, shekilli, suhbatlashgisi keldi.

– Bu yerga birinchi kelishim, qanday qilib qizlarni gapga tutsam ekan, kelinglar, birga gaplashib ko‘raylik, – dedi u. – Avvalgi safar ko‘proq qizlar o‘qiydigan boshqa kollejlarga borgandim, ishni pishirolmadim. Bizga ro‘mol o‘ragan, itoatli qiz kerak. Institutda o‘qiydiganlardan izlaylik desam, o‘g‘lim “yo‘q, yoshrog‘i kerak, kollej-litseylardan izlang” deydi. Endi, birinchi bor kelin tushirishing bo‘lgach, garangsib qolarkansan kishi. Birov undoq deydi, birov mundoq. Qo‘shnim bir maklerning telefon raqamini berdi. Qo‘ng‘iroq qilsam, “Sizga universitetda o‘qiydigani kerakmi yo kollejdagilardanmi?” deb so‘radi. Yana deng, har bir qiz haqida bergan ma’lumoti o‘n ming so‘m ekan. Tanlab olish uchun besh nafar qizning kontaktlarini olaman desangiz, ellik ming so‘m berarkansiz. Qo‘lida ikki-uch xil ro‘yxat bo‘larkan, oliy va o‘rta ma’lumotlilar alohida, qulog‘i tishlanganlariyu bozori qaytganlari alohida tanishtirilarkan…

Ol-a, ana sizga bozor! Shu paytgacha har turli bozorlarni ko‘rdik: dehqon bozori, kiyim-kechak bozori, mashina bozori, mol bozori, uy-joy bozori, mardikor bozori… Hademay, qizlar to‘g‘risida ma’lumot beradigan bozor paydo bo‘lsa, ajablanmang, mana, poydevor qo‘yila boshlabdi-ku!

 HIS-TUYG‘ULAR MO‘RTLASHDI…MI?

O‘zini qoraqamishlikman, deb tanishtirgan dugonamiz bilan qizlarni kuzata boshladik. Sho‘rlik qizlar shu atrofda sovchilar to‘planishini bilgani bois emin-erkin o‘tib ketishga xijolat bo‘lisharkan. To‘g‘ri, ayrimlari parvoyam qilmaydi. Lekin, qay birimiz to‘rga ilinarkinmiz deb, o‘zini noqulay sezib, uzoqroqdan sipogina bo‘lib o‘tib-qaytganlarini ko‘rib, biz ham xijolat tortdik.

Qizlarga gap tashlashga jur’at etolmayotgan dugonamizga savol berdik:

– O‘g‘lingizning tanlagani yo‘qmidi, yoki…

– Yo‘q, birortasini sevmadiyam, sal-pal yoqtirganiga gapirolmaydi, xullas, o‘zimga havola qilib qo‘ydi. Aksiga olib, menam eplolmayapman, qarang. Bu qizlarning ortidan yuramanmi? Yaxshisi, keyingi gal boshqalarga o‘xshab o‘zi bilan birga kelaman. Qaysi qiz yoqib qolsa, ortidan borib o‘zi gapirgani yaxshi-da!

To‘g‘ri, yoshlar bir-birini o‘zlari topgani ma’qul. Afsuski, hozir buyam muammoga aylandi. Sovchi dugonamiz aytgan gaplar bugun ko‘p oilada bor. Astoydil bir qizni sevib qolib uylanadigan yigitlar kamayib, shoxdan-shoxga sakraydiganlar ko‘payib ketdi. Onda-sonda uchrayotgan sevgi qissalarining esa mag‘zi puch bo‘lib chiqyapti. Bir-ikki yilga bormay, bir-biridan bezishadi. Qiziq, bir-birisiz yasholmaydigan Tohir-Zuhrolar, kuyib-yonib sevishlar qayda qoldi?!

– Bundan ikki-uch yil avval o‘quvchilarimiz – bir boyning o‘g‘li va o‘rtacha sharoitdagi oila qizi bir-birini sevishardi, – deydi Toshkent Islom universiteti qoshidagi akademik litsey boshlang‘ich xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Surayyo Yo‘lchieva. – Bundan ko‘pchilik xabardor edi. Ammo yigitning ota-onasi boshqa qizni tanladi. Litseyni tugatishi bilan to‘y bo‘lishi kerak edi. Yigit sevgan qiz esa qattiq iztirobda o‘zini bir balo qilib qo‘yishiga oz qoldi. Shuni bilib, ko‘rib turgan yigit parvoyam qilmadi. Biz esa saboq bo‘lsin uchun yigitning ota-onasi tanlagan qizni unga munosib emasligini aytdik. To‘y qoldirildi. Keyinroq yigitni butunlay boshqa qizga uylantirishdi, sevgani esa yig‘lab qolaverdi…

Aslida, oila mustahkamligini ta’minlaydigan kuch ana shu sohir hislar emasmi? Nahotki, tuyg‘ular shu darajada mo‘rtlashib, soxtalashib ketayotgan bo‘lsa?! Eh, muhabbat, shuncha bozorlar ichida sening ham bozoring bo‘lganda edi, farzandlarimizga sotib olib berarmidik?!

 AVLONIY BOBO HAQ EDI…

– Yosh oila maktablari ish olib boryapti, muntazam suhbatlar o‘tkazilyapti, ammo har qancha targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib bormaylik, ota-onalar o‘z bilganidan qolmaydi, – so‘zini davom ettiradi Surayyo opa. – Shunday paytda jillaqursa o‘qish tugashini kutishlarini so‘raymiz, mahallangizga xat jo‘natamiz, farzandingizni o‘qishdan haydaymiz, deyishgacha boramiz. Ayrimlarining konstitutsion huquqlari yodiga tushib, qonunda qizlar uchun turmush qurish 17 yosh deb belgilangan, demak, mumkin-da, deb ro‘kach qiladi. Litseyda o‘qish uchun farzandlari hujjat topshirayotganda ota-onalarga o‘qish tugamaguncha qizim yo o‘g‘limning turmush qurishiga yo‘l qo‘ymayman, degan mazmunda tilxat yozdiriladi. Shunga qaramay, ba’zan qizlarini yashirincha uzatishyapti. O‘tgan yillarda o‘sha tilxatlarga asoslanib, ikki qizni kollejlarga o‘tkazib yubordik. Birining to‘yi bo‘lganini bilmay qoldik. Afsuski, qizning onasi boylikka uchib, kuyov tanlashda adashgan ekan. Qizi ikki oy yashab, qaytib keldi. Keyin uni qaysidir viloyatdagi bir yigitga ikkinchi xotin qilib berib yuborishdi. Ana shunday holatlarning oldini olish uchun ularga ko‘mak berayotganimizni qani endi ota-onalar tushunsa?! Ayrim qizlarning o‘zini tutishiga qarab, avval bularning onalarini tarbiyalash kerak, shekilli, deb o‘ylaysan kishi…

“Qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paxmoq, qo‘li to‘qmoq onalarnimi? O‘zlarida yo‘q tarbiyani qaydan olib berurlar? Qaysi ota? To‘ychi, uloqchi, bazmchi, do‘mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni ko‘zlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o‘zlarini o‘qutmak, tarbiya qilmak lozimdur…”. Bu kuyunchak fikrlar bundan yuz yillar avval buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniyni bezovta qilgan edi. Ha, Avloniy bobo, kuyunchakligingiz bejiz emas ekan. Axir, ona emasmi millat tarbiyachisi? Ota emasmi or-nomus qo‘riqboni? Taassufki, “orzu-havas”imizu nafsimiz bulardan ustun kelyapti. Aks holda ko‘ra-bila turib o‘g‘limiz yo qizimizning kelajagini barbod qilarmidik?!

“Shunday tabarruk xonadonni jinnibozor qilib yuboribsanlar-ku! Bu turishda rahmatli Azimsher go‘rida tikka turadi-ku!” Allambalo kiyimlarni kiyib olib, G‘arb musiqasiga raqs tushayotgan kelinlariga qarata Farmonbibi aytgan edi, bu gaplarni. Biz esa shunday demoqchimiz: udumlarimiz toptalib, sovchilik biznesga aylansa, mehr-muhabbat emas, boyligu shon-shuhrat taqdirimizni hal qilsa, qadriyatlarimizni avaylab kelgan ota-bobolarimiz ruhi bezovta bo‘lmaydimi? Asrlar osha saqlanib kelgan urf-odatlarimizga zabon bitguday bo‘lsa, yangicha udumlarga qarab: “Hoy, tirrancha, meni oyoq osti qilishga ma’naviy haqqing yo‘q”, deb qolsa kerag-ov!

Aziz ota-onalar, keling, vaqtida esimizni, etagimizni yig‘ib, farzandlarimizga tuyg‘ularini tarbiyalashni, qadimiy an’analarimizga, chin mehr-muhabbatga hurmat bilan qarashni o‘rgataylik. Tag‘in, vahimali tushlar o‘ngga aylanmasin…                                    

 Xolida FAYZIYEVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × five =