SUDLANGANLIK HOLATINING TUGALLANISHI VA OLIB TASHLANISHI

Ommaviy axborot vositalarida chop etilayotgan huquqiy mavzudagi chiqishlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, fuqarolar tomonidan sudlanganlik holati va uning oqibatlari, sudlanganlik holatining tugallanishi yoki olib tashlanishiga oid savollar tez-tez uchrab turadi. Ayniqsa, Oliy sud Plenumining «Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingach, matbuotda bu mavzuda chiqishlar ko‘paydi. Shu o‘rinda mazkur masala yuzasidan atroflicha fikr yuritib, Oliy sud Plenumi qarorining mohiyati haqida to‘laroq ma’lumot berib o‘tmoqchimiz.

 Darhaqiqat, mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalar kabi sud-huquq tizimi ham bosqichma-bosqich, izchil liberallashtirib borilmoqda. Bunda umume’tirof etilgan xalqaro huquq qoidalari ustunligini tan olgan holda, dunyo standartlariga mos ravishda qabul qilingan, ayrim taraqqiy etgan davlatlarda uzoq yillar davomida ilgari surilmagan, biroq bizda atigi yigirma yildan ko‘proq vaqt ichida hatto xalqaro me’yorlardan ustun tarzda ishlab chiqilgan teran huquqiy-normativ hujjatlar, puxta strategik dasturlar asosida amaliyotga joriy etilgan islohotlar o‘zining keng qamrovi, olamshumul ko‘lami va miqyosi, eng muhimi, yuksak samaradorligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi islohotlar jarayonida qabul qilinayotgan qonunlarning amaliyotda aniq va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash, yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida muntazam ravishda sud amaliyotini umumlashtirib, ishlarni ko‘rishda yuzaga kelayotgan muammolar va tushunmovchiliklar yechimini topish, qonunlarni qo‘llash jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rib bormoqda.

Jumladan, Oliy sud Plenumi tomonidan yaqinda qabul qilingan «Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori bu borada alohida e’tiborga molik bo‘lib, MDH davlatlari orasida ilk bor mamlakatimiz Oliy sudi tomonidan bu masalaga tushuntirishlar berilgani bilan ahamiyatlidir.

Ta’kidlab o‘tish lozimki, jinoyat qonunchiligida belgilangan sudlanganlik holatining tugallanishi yoki muddatidan oldin olib tashlanishi insonparvarlik tamoyilining bir ko‘rinishi bo‘lib, inson huquqlarini himoya qilishning muhim jihatlaridan hisoblanadi.

 

Chunki sudlanganlikning tugallanishi yoki olib tashlanishi mazkur shaxsga nisbatan yuzaga kelgan jinoyat huquqiy va umumhuquqiy xususiyatga ega bo‘lgan muayyan salbiy oqibatlarni bekor qilib, oddiy so‘z bilan ifodalaganda, uni Bosh Qomusimizda belgilangan ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy huquqlari tiklangan holda jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylanishiga imkon beradi.

Sudlanganlik — shaxsga sud hukmi bilan jazo tayinlanganidan so‘ng kelib chiqadigan huquqiy holat bo‘lib, Jinoyat kodeksining 77-moddasiga muvofiq, sudlanganlik holati jinoyat ishi yuritilgan shaxsga nisbatan jazo tayinlangan sud hukmi qonuniy kuchga kirganidan boshlab, u tugallangan yoki olib tashlangan vaqtga qadar davom etadi. Sudlanganlik holati kelgusida shaxsga nisbatan huquqiy xususiyatga ega muayyan salbiy oqibatlar kelib chiqishida ko‘rinadi.

Jinoyat kodeksida shunday normalar mavjudki, ularni insonparvarlik tamoyillarini huquqiy ta’minlashning kafolatli jihatlari deya e’tirof etish mumkin. Masalan, ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etgan shaxs ishi sudda ko‘rilgunga qadar namunali xulq-atvori bilan o‘zini ko‘rsatsa, uning qilmishi amnistiya yoki afv etish asosida kechirilsa yoxud u qonunda ko‘rsatilgan majburiyatlarni bajarib, jabrlanuvchi bilan yarashsa va shu kabi boshqa asoslar mavjud bo‘lsa, u javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilinadi yoxud unga nisbatan jazo tayinlanmaydi va bular jinoyat qonuni talabiga ko‘ra, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadigan holatlar sifatida e’tirof etiladi.

Shuningdek, shaxsga tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilishi, Jinoyat kodeksiga muvofiq, javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi, qilmish yoki shaxs ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi kabi boshqa holatlar ham shaxsning sudlanmagan deb hisoblanishi uchun asos bo‘ladi.

Sudlanganligi tugallanmagan va olib tashlanmagan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan holda sudlanganlik holatining huquqiy oqibatlari yuzaga keladi. Binobarin, sudlanganlik ayrim hollarda jinoyat kvalifikatsiyasiga ta’sir etib, jinoiy javobgarlikni kuchaytiradi. Sudlanganlik muayyan hollarda shaxsning o‘ta xavfli retsidivist deb topishga asos bo‘ladi. Agar shaxs muqaddam sudlanib, ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tab chiqqan bo‘lsa, bu holat yangi jinoyati uchun tayinlanayotgan jazoni ijro etish koloniyasi turini belgilashda inobatga olinadi.

Sudlanganlik, shuningdek, ish holatlariga qarab, shaxsga nisbatan jazo tayinlash vaqtida jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida e’tirof etiladi. Ilgari sodir etgan jinoyati uchun jazo o‘tayotgan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan hollarda, unga jazo belgilashda bu holat hukmlar majmui tariqasida qattiqroq qoidalar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari tugallanmagan va olib tashlanmagan sudlanganlik holatining mavjudligi ayrim asoslar bo‘yicha, masalan, aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi, alohida hollarda esa, (og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlanganlik holati mavjud bo‘lganda), jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishiga, shuningdek, shartli hukm qilinishiga yoxud voyaga yetmagan shaxsga nisbatan majburlov choralarini qo‘llashga to‘sqinlik qiladi.

Qonun talabiga ko‘ra, sudlanganlik holati — uning tugallanishi va olib tashlanishi bilan yakunlanadi. Sudlanganlik holatining tugallanishi sud tomonidan shaxsga tayinlangan jazo o‘tab bo‘lingani hamda Jinoyat kodeksining 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlar o‘tganligi natijasida o‘z-o‘zidan barham topadi.

Sudlanganlikning olib tashlanishi esa, sud tomonidan shaxsga tayinlangan jazo o‘tab bo‘lingan bo‘lsa-da, sudlanganlik holatining o‘z-o‘zidan barham topishi uchun qonunda belgilangan muddatlar o‘tmasdan turib, muddatidan avval sud qarori bilan olib tashlanishi bilan yakunlanadi.

Sudlanganlikning olib tashlanishi uchun shaxs jazoni o‘tab chiqqanidan so‘ng unga ma’muriy jazo yoki intizomiy ta’sir chorasi qo‘llanilmagani, jamoat birlashmasi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi, jamoa yoki shaxsning o‘zi Jinoyat kodeksining 79-moddasida nazarda tutilgan muddatlar o‘tgandan so‘ng bergan iltimosnomasi asos bo‘ladi.

Qamoq, intizomiy qismga jo‘natish, ozodlikdan mahrum qilish kabi jazolarga qo‘shimcha sifatida muayyan huquqlardan mahrum qilish tariqasidagi jazo tayinlangan hollarda, qo‘shimcha jazo asosiy jazolarni o‘tashning barcha vaqtiga va hukmda belgilab qo‘yilgan muddatga tatbiq etiladi. Bunda sudlanganlik holati tugallanishi yoki olib tashlanishi muddati asosiy jazodan so‘ng qo‘shimcha jazo o‘tab bo‘lingan paytdan boshlanadi.

Bunda sudlanganlik holatining tugallanish muddati ozodlikdan mahrum qilish joylaridan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan shaxsga nisbatan muayyan huquqlardan mahrum qilish kabi qo‘shimcha jazo tayinlanmagan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 73-moddasi qo‘llanilgan paytdan, jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan shaxsga nisbatan ushbu kodeksning 74-moddasiga muvofiq belgilangan yengilroq jazo o‘talgan paytdan boshlab hisoblanadi.

Jinoyat kodeksining 80-moddasida belgilangan sudlanganlik holati tugallanishini hisoblash tartibi yengilroq jazoni nazarda tutuvchi yangi qonun normasi amalga kiritilishi munosabati bilan jazosi qisqartirilgan shaxslarga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Sudlanganlik holati o‘tmasdan turib sodir etilgan yangi jinoyat uchun tayinlangan jazo shaxsning ilgarigi sudlanishida tayinlangan jazodan og‘irroq bo‘lgan hollarda, sudlanganlik holatining tugallanish muddatini hisoblashda shaxsning yangi jinoyati uchun tayinlangan og‘irroq jazo muddatidan kelib chiqiladi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq, sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash to‘g‘risidagi iltimosnoma sudlanganlik holati mavjud bo‘lgan shaxs, uning himoyachisi yoki qonuniy vakilining yoxud jamoat birlashmasi yoki jamoa tomonidan jazoni o‘tab chiqqan shaxsning yashash joyidagi tuman (shahar) sudiga beriladi.

Sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash to‘g‘risidagi iltimosnoma rad etilgan taqdirda, takroriy iltimosnoma rad etish to‘g‘risidagi sud ajrimi chiqarilgan kundan boshlab kamida bir yil o‘tgandan keyin berilishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qo‘llashda yuzaga kelayotgan masalalarni hal etish borasida berilgan tushuntirishlar, shubhasiz, sud hamda dastlabki tergov idoralarining protsessual qonun talablari asosida ishni tashkil etishlariga yaqindan ko‘maklashadi. Bu, o‘z navbatida, yurtimizda inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga xizmat qiladi.

Olimjon O‘SAROV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Axborot xizmati rahbari

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one − one =