MUAMMOLAR GIRDOBIDA QOLGAN YOSHLIK

Har yili 24 aprel kuni jahonda Xalqaro yoshlar birdamlik kuni nishonlanadi. Jahon Demokratik yoshlar federatsiyasi tomonidan ilgari surilgan bu tashabbusdan maqsad, bu kun jahon jamoatchiligi e’tiborini yoshlar muammolarini hal qilishga qaratish edi. Ilk bor Xalqaro yoshlar birdamlik kuni 1957 yilda “Tinchlik uchun, kolonializmga qarshi kurashish yo‘lida Xalqaro yoshlar birdamlik kuni” sifatida nishonlangan edi. Shundan buyon har yili yoshlar anjumanlari, kontsertlar, bayram tadbirlari o‘tkazib kelinadi. 

Bugungi kunda dunyoda   yoshlar muammosi alohida e’tibortalab mavzu. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda 15 dan 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hamon ishsizlik va qashshoqlik qarshisida sarsondirlar. Ayni damda yoshlar Yer yuzi aholisining taxminan 20 foizini tashkil qiladi. Bu 1 milliard 200 million kishi, yoki mehnatga yaroqli aholining 24 foizi demakdir.

Zamonaviy yoshlar bilimi va salohiyati jihatidan milliy taraqqiyotning muhim resursi ekani tan olingani holda, ayrim mamlakatlarda yoshlar orasida ishsizlik yuqori darajada. Ularda, ayniqsa, yoshlar tarbiyasi, ularni ish bilan band qilish, sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish o‘z holiga tashlab qo‘yilgani achinarli. Ko‘pgina muammolar zamirida aniq bir kasb-hunarga ega bo‘lmaslik va natijada, ishsizlik, bekorchilik yotibdi.

Ayni paytda Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida yoshlarning 33,6 foizi hech qaerda o‘qimaydi yoki hech qaerda ishlamaydi. Afrika, Sharqiy Yevropa mamlakatlarining yoshlari orasida OITS muammosi keskin bo‘lib turibdi. Sharqiy Yevropada VIChga mubtalo bo‘lganlarning 80 foizi 30 yoshgacha bo‘lganlar yoshlardan iborat. G‘arb  yoshlari balog‘at yoshiga yetgach, avvalo “qaerda yashayman” degan masalaga to‘qnash keladi. O‘z boshpanasiga ega bo‘lish esa oson emas. Buning uchun moddiy sharoit ham bo‘lishi kerak. Xorijiy mamlakatlarda yoshlar ota-onalariga ham, davlatga ham bu borada umid ko‘zi bilan boqishmaydi. Chunki buning uchun imkoniyat yo‘q.

O‘sha mintaqadagi yoshlar oldida turgan ikkinchi muammo qaerda o‘qish masalasidir. Shuningdek, bo‘sh vaqtlarini qaerda o‘tkazish ham asosiy muammolar sirasiga kiradi. Bekorchilik girdobidagi yoshlar bo‘lmag‘ur ishlarga qo‘l urishi aniq. Bekorchilik esa bezorilikdan qotillikkacha, giyohvandlikdan ichkilikbozlikkacha bo‘lgan bir qadamni anglatadi.

Yoshlar bilan bog‘liq muammolar bir necha o‘n yillardan beri to‘planib qolgani bois, mazkur masalani hal qilishning imkoniyati topilmayapti. Ularning bo‘sh vaqtlari, asosan, kuno‘tar maishiy mashg‘ulotlar girdobida qolmoqda. Dunyo miqyosida keng tarqalgan internet va kompyuter o‘yinlariga mubtalo bo‘lganlarining esa dunyo bilan ishi yo‘q. Ayrim mamlakatlarda “kompyuter giyohvandligi”dan davolash maqsadida maxsus shifoxonalar ham  ochilmoqda. Jonli muloqotdan ko‘ra ijtimoiy tarmoqlar orqali virtual muloqotga o‘rganib borayotgan yoshlarni bu illatdan xalos qilish ancha mushkul.

Bir qator mamlakatlarda yoshlar o‘rtasidagi ichkilikbozlik katta muammoga aylanib boryapti. Bugun alkogolizm jinsidan qat’i nazar, yoshlarning dolzarb ijtimoiy muammosi sanaladi. Ichkilikbozlikni erta boshlagan o‘smirning hayotga qiziqishi erta so‘nadi.

O‘smirlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning katta qismi mastlikda yuz bergani isbotlangan. Alkogolizm va giyohvand moddalar iste’moli yoshlarning umriga zavol bo‘layotgan asosiy vositalardir. Shunisi taassufliki, ular iste’mol qilayotgan giyohvand moddalar kattalar tomonidan sotilmoqda. Kimdir o‘zgalar fojiasidan boylik orttirmoqda. Surishtirib kelinsa, giyohvandlarning hammasi ham kambag‘allarning bolalari emas, taqiqlangan bu kabi moddalarni tatib ko‘rganlarning katta qismi boy-badavlat xonadon farzandlaridir.

Xalqimizda “Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil” degan maqol bor. Hozirgi tahlikali dunyoning bir qator mamlakatlarida kuzatilayotgan turli to‘s-to‘polonlar, tartibsizliklar negiziga e’tibor beradigan bo‘lsak, ularda davlatning o‘sib-unib kelayotgan yoshlarga, ularning hayotdagi qiziqishlari, huquq va manfaatlariga e’tiborsizligi, ulardagi yoshlarga oid siyosatning hozirgi zamonning yangi tahdidlariga javob bermasligi oqibatini ko‘rish mumkin. Kuzatuvchilarning fikricha, bugungi g‘arblik yoshlarning oyoqqa turib olishlari, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari qiyin kechadi. Bunga birinchi o‘rinda axborot vasvasasi aybdor ekani aytiladi. Axborot shu qadar tezlikda harakatlanmoqdaki, uning oqimini to‘xtatib qolishning imkoni bo‘lmayapti. Bu oqim yo‘lida uchragan hamma narsani, hatto axloq, odob, ma’naviyat, ezgulik kabi qadriyatlarni, yoshu qarini “oqizib ketmoqda”. Axborot yangi avlod uchun ommaviy qirg‘in quroliday gap ekani tan olinsa-da, ammo unga qarshi kurashishga hech kim jazm qila olmayapti. Xorij telekanallarining deyarli har bir ko‘rsatuvida ur-yiqitlar namoyish etiladi. Dunyo ommasiga zo‘ravonlik, otishma, qotillik kabi illatlar aks etgan ko‘rsatuv, film va tok-shoularni kun bo‘yi tomosha qilgan bolalar ertaga qanday inson bo‘lib voyaga yetadi, degan savolni kim beradi.

Hayot so‘qmoqlarida qiynalgan yosh yigit-qizlarning yashab qolish maqsadida jinoyat olamiga kirib qolayotgani, ishsizlar armiyasida ularning safi kengayib borayotgani pirovardida ma’naviyatsizlik tubanlik ustuvorlik qilayotgani, bu esa o‘sha mamlakatlarda jamiyatning inqirozi kuchayib borishiga sabab bo‘lmoqda. Oilalarda bolalar va ota-onalar o‘rtasidagi o‘zaro tushunmovchilik oqibatida o‘smirlarning uydan bosh olib ketishi, ayrim hollarda esa bolalar o‘zining joniga qasd qilishi odatiy holga aylanmoqda. 

Jahon hamjamiyatining ajralmas bir bo‘lagi bo‘lgan O‘zbekistonda bu kabi muammolar o‘z vaqtida e’tiborga olingani quvonarlidir. Jonajon O‘zbekistonimizda yoshlarning hayotiy muhim masalalarini hal etishga qaratilgan davlat siyosati izchil amalga oshirilayotgani samarasida yoshlarimiz barcha sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Navqiron avlodning dunyo standartlari darajasida ta’lim-tarbiya olishiga, o‘z iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Konstitutsiyamizda va qator qonunlarimizda yoshlarimizning huquqlari va manfaatlari himoyalangan. Bular esa  yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazishga xizmat qilmoqda.

Istiqlol yillarida mamlakatimizda ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ga hamda kuchli ijtimoiy siyosat printsiplariga asoslangan holda yoshlar huquq va manfaatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qator qonunlarda mustahkamlab qo‘yildi. 1991 yil 20 noyabrdayoq qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonun yoshlarning ijtimoiy hamda ma’naviy kamol topishi uchun shart-sharoit yaratib berishga qaratilgan yoshlarga oid siyosatni ishlab chiqish va uni amalga oshirishning qonuniy asosini yaratdi. Davlatimiz rahbarining 2014 yil 6 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mustaqillik yillarida olib borilgan islohotlarning mantiqiy va qonuniy davomi bo‘lib, bu boradagi ishlarning yangi bosqichini boshlab berdi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlash, yuksak ma’naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida 2014 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi  ma’qullandi. Dasturda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar ko‘lami keng bo‘lib, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, sud-huquq sohalarini o‘zida mujassamlashtirgan.

Unda yoshlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish jarayonlarida ular faolligini oshirish, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlovchi, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimga ega bo‘lgan vatanparvar yoshlarni tarbiyalash, ularda turli mafkuraviy tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish asosiy vazifalardan qilib belgilangan. Bundan tashqari, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, zamonaviy kasb-hunarlarni puxta egallashlari uchun munosib sharoitlar yaratish, ularni ish bilan ta’minlash va tadbirkorlikka jalb qilish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda.

Shuningdek, yoshlarni jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishga keng jalb etish, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, barkamol avlodni tarbiyalashda ommaviy axborot vositalari va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish kabi eng muhim va dolzarb yo‘nalishlarda salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

  Sharofiddin TO‘LAGANOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 1 =