VIRTUAL OLAMDA

yangi imkoniyatlar

— Anchadan beri bir narsani o‘ylab yurgandim. G‘oyam to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini bilmayman. Uni qo‘llab-quvvatlashgan taqdirda ham rejamni amalga oshirish uchun  mablag‘ yo‘q. Xullas, bu shunchaki xomxayol, — deb qoldi bilimdon kursdoshlarimdan biri.

 — O‘rtoq, unday dema. Senda tug‘ilgan fikr boshqa hech kimda bo‘lmasligi mumkin, —  uning ruhini ko‘tarishga harakat qildim. — G‘oyadan mablag‘ yo‘qligi yoki o‘zingga ishonmaganing uchun voz kechish yaramaydi. Bugun axborot texnologiyalari asrida internet o‘zingga ishonishga, g‘oyangni moliyalashtirishga yordam beradi. Buning uchun kraudfanding va kraudsorsing texnologiyalaridan foydalanishni bilsang, kifoya…

Chindan ham, bugun internet maqsadimizni amalga oshirish yo‘lida biz uchun yaxshi vosita. Ishbilarmonlar undan xomashyo sifatida foydalanadi. Bugun shunday texnologiyalar bo‘y ko‘rsatmoqdaki, ular yordamida biznes loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, bir-biridan qiziqarli asarlar, faktlarga boy jurnalistik materiallar yaratilmoqda. Sotsial media — millionlab, hatto milliardlab insonlarni birlashtirishga qodir virtual maydon. Uning mana shu integrativ imkoniyatidan unumli foydalanish, ijtimoiy media taraqqiyoti samarasi o‘laroq vujudga kelgan yangi texnologiyalarni o‘rgatish va ularni amaliyotga tatbiq etish davr talabi. Ana shunday yangi texnologiyalarga misol sifatida kraudfanding va kraudsorsingni keltirishimiz mumkin. Bu texnologiyalarning mazmun-mohiyati nima va bizga qanday imkoniyatlar yaratishi mumkin? Ushbu savolga Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi anjumanlar zalida O‘zbekistonda internet jurnalistika rivojining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan talabalarning yettinchi an’anaviy mediakonferentsiyasida javob topishga harakat qilindi.

Talabalar konferentsiyasi yetti yildan beri an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda. Ahamiyatli jihati shundaki, konferentsiyaning moderatori ham, spikerlari ham talabalar.

— Ushbu mediakonferentsiyaning asosiy maqsadi — talaba yoshlarni birlashtirish, o‘z fikrlarini baralla aytishlari uchun imkoniyat yaratib berish hamda yangi-yangi g‘oyalar asosida milliy internet jurnalistikamizni rivojlantirishdir, — deydi O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti “Uslubiyat, tahrir va internet jurnalistika” kafedrasi dotsenti Sherzodxon Qudratxo‘jaev. — Bu galgi mavzu ham doimgidek dolzarb. Taqdimotlar har bir internet foydalanuvchisi uchun qiziqarli va foydali bo‘lishiga ishonamiz. Kraudfanding va kraudsorsing texnologiyalarini sodda tilda aytadigan bo‘lsak, o‘zbek xalqining qon-qoniga singib ketgan hasharning mohiyatini ifodalaydi. Ya’ni xalqimiz azaldan mehr-oqibatli, insonparvar bo‘lib kelgan. Tarixan farg‘ona kanalining qurilishi deymizmi yoki boshqa ko‘rsatilgan jonbozliklarmi, bari bu fikrni isbotlaydi. Kraudfandingning mohiyati ham shu — birdamlik, jamoaviylik asosida biror foydali ishga undashdir.  

Bu texnologiyalar yangi tushunchalar bo‘lsa-da, o‘ziga xos tarixga ega. “Kraudsorsing” atamasi ilk marta 2006 yilda jurnalist Jeff Hauining “Wired” jurnali uchun tayyorlagan “The Rise of Crowdsourcing” maqolasida qo‘llangan. Bu  muayyan ishlab chiqarish vazifalarini nomuayyan sonli shaxslar guruhi zimmasiga mehnat shartnomasi tuzmagan holda yuklashni nazarda tutuvchi texnologiyadir. O‘zMU jurnalistika fakulteti uchinchi kurs talabasi Nigina Hakimova nazariyadan chekingan holda “Televidenieda kraudsorsing imkoniyatlaridan foydalanish” mavzusida qilgan taqdimot ishi orqali bu texnologiyani amaliyotda qo‘llash imkoniyatlarini auditoriyaga tushuntirib berishga harakat qildi. Uning fikricha, televidenieda kraudsorsing imkoniyatlaridan foydalanish ko‘lami keng. Televidenieda kraudsorsingdan intervyu, tok-shou, tele-aktsiya, mobil reportaj kabilar orqali foydalanish mumkin. Ulardan tele-aktsiya va mobil reportajning qo‘llanilganiga deyarli ko‘zimiz tushmaydi. E’tibor beradigan bo‘lsak, ko‘rsatuvlarning ko‘pchiligi bir xil g‘oya asosida yaratilgan. Agar tele-aktsiya o‘tkazilib, auditoriyadan yangicha g‘oyalar yig‘ib olinsa, bir-biridan qiziqarli va muvaffaqiyatli ko‘rsatuvlar tashkil etilgan bo‘lardi. Auditoriyada olim ham, o‘qituvchi ham, fizik ham, san’atshunosu mexanik ham bor. Jurnalistning xayoliga ham kelmagan g‘oyalar ulardan chiqishi mumkin. Yoki mobil reportajni olaylik, jurnalistikada tezkorlik muhim omil hisoblanadi. Bitta jurnalist bir vaqtning o‘zida turli viloyatlarda bo‘layotgan voqealar haqida reportaj shaklida axborot berolmaydi-ku. Ammo mobil-reportaj yo‘lga qo‘yilsa, buning imkoni bo‘ladi. Bunday vaziyatda auditoriya va jurnalist o‘rtasida raqobat ham yuzaga kelishi mumkin. Raqobat bor joyda esa o‘sish bo‘ladi.

O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti uchinchi bosqich talabasi Mohlaroyim Qayumova o‘z taqdimot ishida bu haqda to‘xtalib o‘tdi:

– Aslida, bu texnologiyalar azaldan mavjud edi. Matbuotda uning xatlar, aks-sado kabi ko‘rinishlari bor. Ammo internetda kraudsorsing texnologiyasi qaytadan tug‘ildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Agar siz o‘zbek xalqi urf-odatlari haqida maqola yozmoqchi bo‘lsangiz, kraudsorsing texnologiyasidan foydalanib auditoriyadan ma’lumot olishingiz mumkin. Ijtimoiy tarmoqda buning uchun birgina savol bilan murojaat qilish kifoya.

Bu texnologiyalardan noshirlikda ham foydalanish mumkin. Qaysi kitob auditoriyaga ko‘proq yoqadi? Qaysi birini chop etmaganimiz ma’qul kabi savollar nashriyot rahbarlarini qiynashi tabiiy.

— Ishni maqsadli amalga oshirish uchun ijtimoiy tarmoqda birgina sahifa yoki nashriyotning saytida birgina rukn ochilsa kifoya. Bu sahifaga chop etilishi mumkin bo‘lgan kitoblarni joylashtirib, auditoriya hukmiga havola etish kerak. Auditoriya uni tahlil va tanqid qiladi, o‘z fikrini bildiradi, ovoz beradi.  Qaysi kitob ko‘p ovoz olsa, chop etish uchun tanlab olinadi, — deydi O‘zMU jurnalistika fakulteti ikkinchi bosqich talabasi Yelena Chuyanova. — Chet el tajribasiga tayangan holda “havaskor.uz” saytini tashkil qilishni taklif qilardim. Bu sayt ham auditoriyaning o‘ziga ishonchi ortishiga, fikrlash qobiliyatini shakllantirishga yordam beradi, ham o‘zbek adabiyotining rivojiga hissa qo‘shadi. Yana bir taklifim, ijtimoiy tarmoqda g‘oyalar bozorini tashkil qilish. Unga kimda qanday g‘oya bo‘lsa joylashtiriladi, u auditoriya tomonidan takomillashtiriladi va moliyalashtirilib, amaliyotga tatbiq qilinadi. Bu nuqtada kraudfanding o‘z ishini boshlaydi.

Agar sizda qandaydir yangi g‘oya yoki taklif paydo bo‘lgan bo‘lsa-yu, uni amalga oshirishga mablag‘ingiz bo‘lmasa yoki o‘zingizga ishonmayotgan bo‘lsangiz, kraudfanding texnologiyasidan foydalanganingiz ma’qul.

Mediakonferentsiya davomida mana shunday bir-biridan qiziq mulohazalar yuritildi, takliflar bildirildi.

— Yettita universitet talabalari ishtirokida o‘tkazilgan ushbu mediakonferentsiyada talabalar milliy internet jurnalistikamizni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan loyihalari bilan ishtirok etdi. Kraudsorsingning vizual imkoniyatlari, farmatsevtika yo‘nalishida kraudfandingdan foydalanish kabi mavzularda so‘z yuritishdi. O‘ylaymizki, bu loyihalar o‘z natijasini beradi, — deydi O‘zMU jurnalistika fakulteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Nozima Muratova.

Tadbirda tajribali mutaxassislardan iborat ekspertlar guruhi talabalar ishini munosib baholadi. Mediakonferentsiya so‘ngida taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi taqdimot”, “Eng yaxshi moderator”, “Eng yaxshi savol” va boshqa nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. 

Internet har qanday inson uchun ochiq maydon. Undan nima topish, uni nima bilan to‘ldirish o‘zimizga bog‘liq. Keling, uni milliy axborotga, bir-biridan ezgu g‘oyalarga to‘ldiraylik. Buning uchun yangi texnologiyalarni bilishimiz, zamon bilan hamnafas bo‘lishimiz kerak. 

Shohsanam KOMILOVA, 

“Hurriyat” muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 2 =