EHTIYOJSIZ ZAMONAVIYLIK YOKI «OMMAVIY MADANIYAT»NING TURFA TA’SIRLARI
Tabiatimizdagi orzu-havas, ta’sirchanlik, taqlidchilik kabi xususiyatlarga ko‘proq ayollar beriluvchan bo‘ladi. E’tibor bersangiz, har qanday qiz va yoki ayol eng avvalo go‘zal bo‘lishga, chiroyli kiyinishga, yaxshi yashashga intiladi.
Kimningdir ko‘ngli dugonasi yoki qo‘shnisi kiygan libosni, unga o‘xshab hashamatli xonadon bekasi bo‘lishni tusasa, boshqasi undan-da ustunlikka harakat qiladi. Ehtimol, bir qaraganda, ko‘pchilik bunday ezgu niyatning nimasi yomon deyishi mumkin. Biroq shu o‘rinda hatto me’yoridan ortib iste’mol qilingan eng foydali asal ham inson salomatligi uchun zarar keltirishini unutmagan ma’qul.
Demoqchimizki, bugun me’yoridan ortib borayotgan shirin orzu-havaslar aksar hollarda go‘zal, farovon va tinchgina turmushga ziyon yetkazib, ortiqcha tashvish, muammolarni keltirib chiqarmoqda. Gohida esa achchiq qismatlarga sabab bo‘lyapti. Binobarin, ota-ona, farzand, og‘a-ini-singil, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh, do‘stu birodarlik o‘rtasidagi rishtalarga, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, hamjihatlik singari noyob qadriyatlarimizga ham aynan shunday me’yoridan ortiqchalik tufayli putur yetayotir.
Kinorejissyor Hilol Nasimov tomonidan hayotiy voqealar asosida suratga olingan «Ajal jodusi» nomli film ta’sirchan syujetlarga boyligi bilan tomoshabinni befarq qoldirmasa kerak. Chunki unda me’yoridan ortiq orzu-havasga berilib dabdabali to‘y qilib qarzga botgan oilaning ayanchli taqdiri aks etganki, bu har bir mulohazali insonni chuqur fikrlashga undaydi. Qisqasi, oilaviy ahvolini hisobga olmagan erkak ayolining orzu-havasi va xonadoniga kelayotgan kelinning keragidan ortiq istaklarini deb to‘ng‘ich o‘g‘lining to‘yini shahardagi katta restoranda yangicha dabdaba bilan o‘tkazish uchun qulog‘igacha qarzga botdi. Bir marta chetga borib ishlab kelsa, undan qutulishdan tashqari hammadan zo‘r yashash mumkinligini aytib qistayvergan xotinining gapidan keyin yangi uylangan kuyovbola va kollejni tugatmagan o‘g‘lini ergashtirib Rossiyaga jo‘naydi…
Film restorandagi shohona to‘y, kelin-kuyovning shahar va shahar tashqarisida ijaraga olingan qimmatbaho mashinalar, hatto daryo bo‘ylab paroxodlardagi sayr-sayohatlari, baxtli lahzalari namoyishidan boshlanib har bir oila a’zosining achinarli qismati bilan tugaydi. Aniqrog‘i, begona yurtda ota va o‘g‘illarga halol ish va pul topish oson kechmaydi. Sodda aka-uka musulmon masjidida, islom dini niqobi ostidagi yovuz niyatli kimsalar to‘riga ilinib qolishadi. Ularning aldoviga ishonib, o‘zlari istamagan holda kunduzlari jang mashg‘ulotlari, kechqurunlari tinch aholiga hujum qilib, mol-mulkini tunash bilan shug‘ullanishadi. Garchi ekstremistik guruh vakillari aka-ukalarga qilayotgan ishlari gunoh emas, aksincha islom dini himoyachilarining moddiy ta’minoti uchun savob ekanini uqtirishsa-da, aslida ular tobora katta gunoh va jinoyat botqog‘iga cho‘kib borishardi. Farzandlarining qanday odamlarga qo‘shilib qolishganini payqagan ota o‘g‘illarini yo‘ldan urgan soxta imomning payiga tushadi. Afsuski, alamzada ota baquvvat va buning ustiga sobiq sportchi bo‘lishiga qaramasdan odam o‘ldirishni kasb qilgan vahshiylarga bas kelolmay jon beradi. O‘zini yaxshi inson deb ko‘rsatgan kimsalarning asl ko‘zlagan niyati va haqiqiy basharasi aka-uka ko‘zini moshdek ochadi. Shuning uchun bir amallab ulardan qochishadi. Yuragi tilka-pora o‘g‘illar otaning sovuq jasadini begona yurtning tuprog‘iga topshirmasdan ne-ne azobda poezdda uyga jo‘nashadi. Tanburga tik holda joylashtirilgan katta gilam orasida jasad borligi hech kimda shubha uyg‘otmaydi. Navbatma-navbat poyloqchilik paytida akaning ko‘zini uyqu eltib, gilam nazoratsiz qoladi. Voqeaning fojeali jihati gilamni poezd to‘xtagan stantsiyalarning birida katta miqdordagi boylik deb o‘ylab o‘g‘irlab ketishadi. Erining o‘limi haqidagi shumxabar qishloqda katta-katta orzu-xavaslarda yurgan ayolga qattiq ta’sir qiladi. Bir alpozda aza ochib o‘tirganda nihoyat abgor ahvoldagi ikki o‘g‘il uyga qaytadi. Ulardan mayit o‘g‘irlab ketilganini eshitishi bilan beholgina «Mayit ham o‘g‘irlanadimi?» degancha joni uziladi. Onaning ko‘mish marosimi o‘tgach, aka-uka chet eldagi jinoyatlariga yarasha qonun oldida jazo o‘tash uchun olib ketiladi. Huvilagan hovlida esa yaqindagina to‘yi o‘zi istagandek shahardagi eng zo‘r restoranda dabdabal bilan o‘tgan, chet eldan keltirilgan eng qimmatbaho libosda hammaning ichini kuydirgan yosh kelinning bir o‘zi qoladi.
Aslida kinoda aks etgan bunga o‘xshash voqealar hayotda ham uchrab turadi. Sababi aksariyat hollarda bo‘lg‘usi qaynonalar, kelinlar orzu-havas degan narsalarni haddan tashqari oshirib yuborishyapti. Yangicha urf-odatlarning hammasi ham bizning mentalitetimizga to‘g‘ri kelish yoki kelmasligi va bu milliy qadriyatlarimiz, o‘zbekchiligimizga, kelajakka ziyon yetkazayotgani o‘zgalarga taqlid qiluvchilarni mutlaqo tashvishga solmayapti.
Umuman olganda, restoranda to‘y o‘tkazishni madaniyat, to‘qchilik, farovonlik deb tushunish mumkin. Har kim ham ezgu niyatiga yetsin, ammo, imkoniyat bilan hisoblashish ham kerak-da.
Shu o‘rinda turli yosh va tabaqadagi odam yig‘ilgan to‘y bazmida kelin yelkasi butkul ochiq fasondagi libos kiygani, kuyovjo‘ralari bilan qadah urishtirib, shampan ichishi yetmaganidek, kuyov bilan valsga tushishi nahotki, madaniyatimizga to‘g‘ri kelsa?! Axir bularni o‘zgalarga ko‘r-ko‘rona taqlid, «ommaviy madaniyat» ta’siriga berilishdan boshqa yana nima deb baholash mumkin?!
Mana shunaqa «zamonaviylik» tufayli bo‘lajak kelin-kuyov to‘ydan bir necha kun avval tortishib qoldi. Chunki «Farhod va Shirin» filmidan ta’sirlangan qiz bo‘lg‘usi umr yo‘ldoshiga to‘y kuni birgalikda «kelin-kuyov» valsini ijro etib, barchani lol qilish istagini bildiribdi. Yigit birinchidan buni o‘ziga ep ko‘rmagani, ikkinchidan umrida vals tushmaganini aytib, qarshilik qilibdi. Qiz esa, vals zamonaviylik belgisi, agar ozgina xarajatini to‘lab vaqt topsa to‘ygacha birgalashib raqs to‘garagiga qatnab o‘rganishlarini uqtirishga uringan ekan. Ko‘ndirolmagach, orzusini ushaltirmagan bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘idan qattiq achchiqlanib, «namuncha madaniyatni tushunmaydigan, qurumsoq bo‘lmasangiz. Axir, hozir ko‘pchilik shunday qilishadi-ku?!» deb gap bilan uzib olibdi. Bu yigitning nafsoniyatiga qattiq tegibdi va unga uylanish niyatidan qaytibdi, to‘y to‘xtabdi.
Yaxshiki, bizga mutlaqo yot va begona, keragidan ortiqcha mana shunaqangi yangi an’analar, dabdabalar, tantana va marosimlarni rostdan hamma ham birdek hazm qilib, ko‘r-ko‘rona urf deb ketavermaydi. Demoqchimizki, biz uchun umuman zarurati bo‘lmagan bu kabi urf-odatlarning ommalashishiga nafaqat chet el filmlari, balki o‘zimizning milliy seriallarimizdagi taqlidchilik ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shahzoda AKBAROVA
Namangan viloyati