ODAM SAVDOSI —QULLIK BALOSI

—Arzimagan sariq-chaqa uchun ertayu kech yelib-yugurish jonga tegdi, xorijga ketaman. Ana mahalladoshim bir yilda o‘zini tiklab oldi. Yana katta-katta to‘ylar qilib, el oldidan o‘tdi. Bugun tagida mashinasi bor…

 

— Chetga deysizmi? Istasangiz, mening bir o‘rtog‘im bor. Uning chet ellardagi tanishlari doim ishchi so‘raydi. Har xil korxona yoki firmalarga oddiy ishlarga joylashtiradi. Ammo oyligiga gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas — ming, ikki ming…

— Zo‘r-ku, borish qanchaga tushadi, hozir tayyorgarligim ham yo‘q, yana hujjat masalasi…

— Ey, bular muammo emas, o‘ylamang! Bir zumda yo‘l chiptasiga yetadigan pul jo‘natadi. Xarid qilasizu uchasiz. Borgach, ish haqingizdan to‘lab beraverasiz. Bu yog‘iga mana biz kafil!

— Oson ekan-ku… Menga ma’lumotlaringizni bering, tezda aloqaga chiqaman!

Tez-tez qulog‘imizga chalinib turadigan bunday suhbatlar aslida o‘zga yurtdagi qullik sari birinchi qadam bo‘lishi mumkin. Afsuski, unga begona emas, oldindan tanish kishimiz yoki mahalladoshimiz bo‘lgan odam boshlab boryapti. Xalqimizning “Har yerni qilma orzu, har joyda bor toshu tarozu” iborasini e’tiborsiz qoldirgan ayrim yurtdoshlarimiz ularning chaqirig‘iga “Labbay” deya javob qaytaryapti. Oqibatda keyin pushaymon bo‘lmoqda.

Jomboylik o‘ofir Qarshiev joriy yilda oltmish bir yoshni qarshilaydi. Taassufki, u “nuroniy” nomiga nomuvofiq ravishda jirkanchli illat — odam savdosi bilan shug‘ullana boshladi. Besh nafar o‘g‘il-qizning otasi bo‘laturib, qizi, nevarasi tengi bo‘lgan xotin-qizlarni turli aldovlar bilan jalb qilib, jinoiy sheriklari orqali Turkiya davlatidagi fohishaxonalarda ishlashga mahkum etib keldi. O‘z qilmishlarini “ishbilarmonlik”, “ishning ko‘zini bilish”, “uddaburonlik”, “tadbirkorlik”, deb tushunib qolgan o‘.Qarshiev uchun vijdon, insoparvarlik, oqibat tushunchalari eskilik sarqitiga aylandi. O‘z nafsi yo‘lida vatandoshini pullashdan tab tortmadi!

o‘ofir Qarshiev 1987 va 1999 yillarda o‘zgalarning mulkini talon-toroj qilgani, qonunga zid xatti-harakatlari tufayli ikki marta sudning qora kursisiga o‘tirdi. Ozodlikdan mahrum bo‘lgan chog‘lari o‘zicha pushaymon ham bo‘ldi. Biroq belgilangan jazoni o‘tab bo‘lgach, yana eski qiliqlarini tusab qoldi. Allaqachon harom luqmaga ko‘nikkan o‘ofir Qarshiev xotin-qizlarni mo‘maygina pul evaziga xorijdagi firma, korxona yoki oshxonalardan ish topib berish bahonasida jalb qila boshladi. Biror kasb-hunar egallamagan, dunyoqarashi shakllanib ulgurmagan qizlar “savdogar”ning soxta chorloviga ishonib, odam savdosining qurboniga aylanganini sezmay ham qolishardi. Ularni aylanma yo‘llar orqali Turkiyaga olib borib, fuqarolik pasportini olib qo‘ygan holda turli do‘q-po‘pisalar bilan qo‘rqitib fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlardi. Bunday g‘arazli faoliyatida unga avvaldan tanish bo‘lgan “sodiq ishchisi” Zuhra Ochilova yaqindan yordam berardi. Ko‘zlangan g‘arazli maqsadlarini xamirdan qil sug‘urgandek amalga oshirish uchun ularga Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Turkiya Respublikalaridagi turli millatga mansub Mehmet, Baxtiyor, Murod, Oybek, Feruza, Xolida, Aziza ismli hamtovoqlari ko‘maklashardi.

Uyushgan jinoiy guruh 2013 — 2015 yillar davomida inson huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini oyoqosti qilib, o‘zgalarning ishonchiga kirib, g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish, firibgarlik, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarga qo‘l urishdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari amal qilishga majbur bo‘lgan qonun-qoidalar, xorijga chiqishni rasmiylashtirish va mamlakat hududiga kirish, fuqarolik pasportini yuritish tartibini qo‘pol ravishda buzishdi.

“Ko‘za kunda emas, kunida sinadi”, deganlaridek jinoiy guruhning mash’um faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi. O‘tgan yilning may oyida guruh boshqaruvchisi o‘ofir Qarshiev “shogirdi” Zuhra Ochilovaga doimgidek bir qancha qizlar topishni, ularni Turkiya davlatining Istanbul shahridagi restoranlarda ishchi-xizmatchi bo‘lib ishlab, yaxshigina daromadli bo‘lishiga ishontirib, hujjatlarini olishni buyurdi. O‘zbek ayoliga xos iffat, sharmu hayo va ma’sumalikdan yiroq bo‘lgan Zuhra Ochilova bunday topshiriqlarni bajarib, mo‘maygina pul olishini o‘yladiyu ishni “do‘ndirib” bajardi. Kimyogarlar qo‘rg‘onida istiqomat qiluvchi Baxtigul Berdieva, Klara Meliboeva hamda Shodiya Narziqulovalarga “Susambil”ga olib borishini aytib, ishonchiga kirdi. Ota-ona tarbiyasidan yiroq, odam savdosidek illatning xavf-xatarlariga mutlaqo bepisand, loqayd qarab kelgan bu “mehnatsevar” qizlar “xayrli ishga qo‘l urayotgan” Zuhra Ochilovaning chiroyli so‘zlariga ishonib qo‘ya qolishdi. Shunday paytda ular mazkur illat domiga ilingan o‘zi kabi ayrim xotin-qizlarning begona yurtda hujjatini qo‘ldan chiqarib, sariq chaqaga zor bo‘lib, ota-onasining bag‘riga, o‘z Vataniga qayta olmay qon yig‘lab yurgani, ishlatilib-ishlatilib yaroqsiz bo‘lib qolgach, tashlab yuborilgan matohdek xarob yurishganini xayolining bir burchiga ham keltirishmadi.

Zuhra Ochilova hujjat tayyorlab berish va’ji bilan qizlarning fuqarolik pasportlarini oldi. Har qanday xarajatlarni avval o‘zi to‘lab, keyin qizlarning ishlab berishlarini uqtirdi. 2015 yilning 7 mayida Mirzo Ulug‘bek avtoshohbekatidan dastlabki manzil — Qozog‘iston Respublikasi safariga otlangan “sayyohlar” huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining tezkor tadbiri natijasida qo‘lga olindi. Baxtigul Berdieva, Klara Meliboeva hamda Shodiya Narziqulovalarga “Susambil” orzuligicha qoldi. Jinoyatchilar o‘ofir Qarshiev hamda Zuhra Ochilovalarga esa ozodlik.

Jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudi tomonidan jinoyatchilarning barcha qilmishlari tegishli qonunlarga muvofiq jazoga tortildi. o‘.Qarshiev sakkiz, Z.Ochilova esa to‘rt yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Shu o‘rinda bir gap. Agar odam savdosini muayyan qiyofaga ega, deb tasavvur qilsak, uning peshonasiga ba’zi kishilarga qarata: “Sen menga aniq qul bo‘lasan, inon-ixtiyoring faqat va faqat mening qo‘limda. Buyruqlarimni so‘zsiz bajarasan, bo‘yin tovlasang nom-nishonsiz, hujjatsiz odam qiyofasidagi mavjudotga aylanib qolasan, xarob bo‘lasan”, degan so‘zlar bitilgan bo‘lardi. Bugungi kunda u muayyan qiyofada namoyon bo‘lsa-bo‘lmasa-da, ayrim fuqarolar bilaturib uning domiga o‘zini otishadi. o‘ofir Qarshiev hamda Zuhra Ochilova kabi bel og‘ritmasdan pul topish ilinjida bo‘lgan kimsalar esa ulardan unumli foydalanadi, xolos. Ogoh bo‘laylik, aziz yurtdoshlar!

 

Abduhoshim ZIYODOV

 
Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × three =