ZAMONAVIY SHIFOXONA EL XIZMATIDA

Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 4-shahar klinik shifoxonasi tubdan rekonstruktsiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, shifokorlar ishtirok etdi.

 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimini isloh etish borasida amalga oshirilgan uzluksiz chora-tadbirlar inson salomatligini asrash va  jamiyat taraqqiyotini yuksaltirishning muhim omili bo‘layotganini alohida ta’kidladi.

“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida bu boradagi ishlar ko‘lami tobora kengaymoqda. 4-shahar klinik shifoxonasi poytaxtimizning Yashnobod, Bektemir, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Sergeli tumanlari aholisiga xizmat ko‘rsatadi. 

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2013 yil 18 noyabrdagi O‘zbekiston Respublikasining 2014 yilgi  investitsiya dasturi to‘g‘risidagi qarori asosida ushbu tibbiyot muassasasida bosqichma-bosqich qurilish-rekonstruktsiya ishlari amalga oshirildi. Bu ishlarga 27 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ yo‘naltirildi. 

Rekonstruktsiya ishlari natijasida klinikaning barcha bo‘limlari zamonaviy qiyofaga kirdi. Binolarning atrofi tubdan obodonlashtirilib, yashil hududlar barpo etildi. Barcha bo‘limlar jahon tibbiyotining eng so‘nggi yutuqlari asosida yangi tibbiy diagnostika vositalari, jihozlar bilan ta’minlandi. Zamonaviy UTT, MSKT, rentgen, laparoskopik vositalar, fizioterapiya muolajalarini o‘tkazishda qo‘llaniladigan tibbiy asbob-uskunalar bunga misoldir. 

– Muassasamiz aholiga tibbiyotning barcha yo‘nalishlari, xususan, tez va shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish borasida eng zamonaviy  sharoitlarga ega bo‘ldi, – deydi 4-shahar klinik shifoxonasi bosh shifokori Sodiq Alimov. – Bu imkoniyatlardan oqilona foydalanish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish muhim vazifamizdir. Shu maqsadda diagnostika va davolash amaliyotiga jahon tibbiyotining yangi uslublarini  tatbiq etish borasida izchil ish olib borilmoqda. Shifoxonamizda Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va bir qator ixtisoslashgan markazlarning maxsus kafedralari joylashgani ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish, tibbiyot yutuqlaridan oqilona foydalanishda muhim omil bo‘layotir.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.

B.XIDIROVA,

O‘zA muxbiri

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − thirteen =