Abadiyat qomusi

Ma’naviy kamolotda kitobning ulgisi hech bir ta’rifga sig‘maydi. Ayniqsa, bolalar tarbiyasida uning o‘rnini boshqa biror vosita to‘ldira olmasa kerak. Shundanmi, kimdir jujuqlariga atab kitob sotib olayotganini ko‘rsam, quvonaman. Ustoz adib Asqad Muxtor e’tirof etganidek, “Kitob — boylik, faqat sotib olingani emas, o‘qilgani”. Kitobxonlik bugun, ayniqsa, yoshlar orasida yana jonlanganidan ich-ichdan sevinayotganimiz rost. Bundan o‘qishli kitoblar tayyorlab chop etishni maqsad qilgan noshirlarning nechog‘li kayfiyat olganini tushunish mumkin. Ammo bu jarayon yanada miqyosli tus olishida noshirlik sohasi taraqqiyoti, ahli qalamning ishtiyoqiyu g‘ayrati yetakchi rol o‘ynashi tayin. Bu mavzuda ko‘ngilga tukkan savollarimiz bilan shu soha vakili — “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti bosh muharriri Habib Abdievga murojaat qildik.

 

— Habib aka, O‘zbekistonda yagona davlat ilmiy nashriyoti hisoblangan “O‘zME”da istiqlol davrida amalga oshirilgan eng ulkan ish, shubhasiz, o‘n ikki jildli milliy entsiklopediyamizdir. Bundan tashqari, boy madaniy merosimiz ilmiy jihatdan chuqur tahlil qilingan ko‘plab entsiklopedik asarlar chop etildi. Umuman, ushbu sohani ichdan biladigan mutasaddi sifatida asarlarning ahamiyati, mohiyati xususidagi fikrlaringiz hammamiz uchun qiziq…

— Aytish lozim, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997 yil 20 martdagi 154-qarori bilan tashkil etilgan “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti tomonidan 2000–2006 yillarda nashr etilgan 12 jildli “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” bevosita O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan MDH davlatlarining shu kabi universal entsiklopediyalari orasida birinchi bo‘lib dunyo yuzini ko‘rgan edi. Xususan, milliy entsiklopediyamizning 1-jildi bosh sahifasidan o‘rin olgan Islom Karimovning “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” o‘quvchilariga tabrigida shunday deyiladi: “Milliy qomusimizning mamlakatimiz tarixidagi hozirgi burilish pallasida yaratilishi muhim ahamiyatga ega. Chunki entsiklopediyaning ma’naviy hayotimizda axborot manbai sifatidagi ma’rifiy o‘rni beqiyos. Entsiklopediyaning asosiy vazifasi – avvalo, O‘zbekistonning buyuk tarixi, madaniyatini, ulug‘ mutafakkir va allomalarimizning umumbashariyat taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasini, tabiiy-iqtisodiy va ma’naviy salohiyatini, eng katta va noyob boyligimiz bo‘lmish mana shu muqaddas zaminda yashab o‘tgan va yashayotgan odamlarning ibratli faoliyatini butun dunyoga namoyish etishdir”. Chindan ham, milliy entsiklopediyamizni varaqlarkanmiz, uning har bir sahifasida Vatanimizning buyuk tarixi, madaniyati, xalqimiz dahosi bo‘y ko‘rsatib turganini ko‘ramiz. Agar entsiklopediyadagi bevosita yurtimiz bilan bog‘liq maqolalar tahlil qilinsa, O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng ro‘y bergan o‘zgarishlar, yangiliklar, egallangan marralar aks etgan maqolalar son jihatidan anchayin salmoqli ekaniga guvoh bo‘lish mumkin.

Dunyoda birinchi entsiklopediyani yaratgan Deni Didro “millatni uyg‘otgan mutafakkir” deya e’zozlanishi bejiz emas. Entsiklopediya – millatning shonli o‘tmishi haqida aniq ma’lumot beruvchi manbagina emas, balki muayyan millat vakillarini zamon bilan hamnafas bo‘lib yashashga ko‘maklashadigan, yoshlarning qalban uyg‘oq, ruhi va tafakkuri hur inson bo‘lib kamolga yetishi uchun ishonchli vosita ham hisoblanadi. Tezkor axborot asrida, chinni yolg‘ondan, haqni bo‘htondan ajratish qiyin bo‘lgan bir davrda, ilmiy jihatdan asoslangan, aniq va to‘g‘ri ma’lumotlar bilan boyitilgan manbaga har qachongidan ko‘ra ehtiyoj katta. Shularni hisobga olgan holda, bugun nodir kitoblar sirasiga kirgan “O‘zME”ning yangi faktik materiallar bilan boyitilgan nashrini amalga oshirish vaqti keldi deb o‘ylayman.

— To‘g‘ri aytasiz, Habib aka, entsiklopediyamizning oxirgi jildi 2006 yilda nashr etilganini hisobga olsak, respublikamiz o‘sha 15 yil ichida quvonarli darajada taraqqiy etgani ko‘rinadi. Xolisona aytganda, bu rivojlanishlar Mustaqilligimiz me’mori, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi bilan ham bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, Islom Karimov nomini abadiylashtirish borasida uning hayoti va faoliyati to‘lig‘icha o‘z ifodasini topgan entsiklopediyani nashrga tayyorlash ilmiy jamoatchilik va, xususan, “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti oldida turgan muhim vazifa hamdir. Umuman olganda, tarixiy manbadan uzoqlashmay yaratilgan asarlarning umri uzoq bo‘ladi. Shu jihatdan ushbu nashrga kelajak avlod bot-bot murojaat qilishi bor gap. Shu masalada fikringizni bilsak…

— Ayni ko‘ngildagi savol bo‘ldi. Albatta, Tangri ato etgan baxtimiz shuki, millatimizdan yana bir Mangulik yetishdi va u xalqimizni hurriyatga olib chiqdi. Zero, qahramon shoir Abdulla Oripov aytganidek: 

Bugun judolik bor 

gar qalbimizda,

Lekin g‘urur yashar 

havas qilgulik.

Abadiyat o‘sdi 

ko‘z oldimizda,

Shundoq yonimizdan 

o‘tdi mangulik.

Binobarin, xalqimiz asrlar davomida Islom Karimov nomini faxr bilan tilga oladi. 

Siz aytgan entsiklopedik asarni tayyorlash barchamizning ko‘nglimizdagi ezgu niyat. Bilasiz, nashriyotimizda bu borada yetarlicha manba va adabiyotlar mavjud, tajriba ham bor. Mazkur entsiklopediyada Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonning 25 yillik shavkatli tarixi to‘la aks etishi lozim. Bu jihatdan nashrga tayyorlanajak entsiklopediya joriy 12 jildli “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” kabi muhim va qimmatli manbalardan biri bo‘lib qolishi shubhasiz. O‘ylaymizki, bu loyiha ko‘pchilikka ma’qul keladi. Agar shu tashabbus amalga oshsa, mamlakatimiz yangi tarixida katta voqea bo‘ladi. “Islom Karimov entsiklopediyasi”ni boshqa shu turdagi entsiklopediyalardan ajratib turuvchi o‘ziga xoslik ham shunda bo‘ladi.

Dunyoda universal, soha entsiklopediyalaridan tashqari alohida tarixiy shaxslar nomi bilan bog‘liq qomusiy adabiyotlar yo‘q emas. Yurtimizda ham bu borada yaxshigina tajriba to‘plangan. So‘zimiz isboti uchun “Bobur entsiklopediyasi”, “Alisher Navoiyning qomusiy lug‘ati” singari asarlarni sanash mumkin. Ana shunday xayrli ishlarning mantiqiy davomi sifatida “Amir Temur entsiklopediyasi”, “Abdulla Qodiriy qomusi”, “Islom Karimov entsiklopediyasi” kabi yirik, fundamental asarlarni yaratish va chop etish nashriyotimizning galdagi vazifalaridan sanaladi. Bunday entsiklopediyalar mangulikka daxldor siymolar hayoti, faoliyati bilan bir qatorda ma’lum davrdagi jamiyat taraqqiyotini ham o‘zida mujassam qilgani bois ularni “Abadiyat qomusi” deb atasak, to‘g‘riroq bo‘ladi.  

— Rahmat, ushbu ezgu niyatlarga xayrixohmiz. O‘ziga xos entsiklopediyachilik, lug‘atchilik maktabini yaratgan nashriyotning faoliyati, ayni damda qilinayotgan ishlar, galdagi rejalar haqida ham o‘rtoqlashsangiz.

— O‘tgan davr mobaynida nashriyotimiz tomonidan tayyorlangan ko‘pgina salmoqli adabiyotlar kitobxonlar qo‘liga yetib bordi. Xususan, 5 jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, 2 jildli “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”, 2 jildli “Pedagogika” entsiklopediyasi, “Xotin-qizlar entsiklopediyasi”, “Bolalar entsiklopediyasi”, “O‘zbek ismlari izohi”, “Ish yuritish” amaliy qo‘llanmasi va boshqa ko‘plab fundamental ilmiy-ommabop adabiyotlar nomini sanash mumkin. Yaqindagina Mustaqillikning 25 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan “O‘zbek hunarmandchiligi va amaliy san’ati” entsiklopediyasini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. “Mening rasmli entsiklopediyam” kitobi, shuningdek, “Ming bir so‘zni bilaman” deb nomlanib, bolalar uchun nashr etilgan rasmli izohli lug‘at respublikamiz nashriyotlari orasida shu paytgacha qo‘llanilmagan usuldagi adabiyot bo‘ldi. “Shaxmatdan ilk saboqlar”ning bolalarning ma’rifiy kamolida o‘rni beqiyos. 

Bundan tashqari, rang-barang mavzularda minglab nusxalarda, turfa nomu janrdagi adabiyotlarni chop etib kelyapmiz. Miraziz A’zamning milliy va dunyo adabiyoti vakillari hayotidan so‘zlovchi esselaridan tuzilgan “Buyuklar muhabbati”, adabiyotshunos olim Bahodir Karim bilan hamkorlikda to‘plaganimiz “XX asr: muhabbat haqida 20 hikoya” singari kitoblar adabiyot ishtiyoqmandlari uchun chinakam sovg‘a bo‘ldi. 

Bu jarayon jadal davom etayotir. “Dunyo adabiyoti” ruknida “Avliyo Sergiy”, “Bolakay nidosi” kabi zabardast adiblar qalamiga mansub asarlarni taqdim etish taraddudidamiz. “XXI asr: muhabbat haqida 21 hikoya” to‘plami esa bugungi nasrimiz havosini o‘quvchilarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonamiz.

Hazrat Alisher Navoiy yubileylariga to‘yona tarzida tayyorlayotgan kitoblarimiz ilmiy jamoatchilik uchun ham katta hadya, kelgusi ilmiy izlanishlar uchun turtki bo‘lishidan umidvormiz. Bu borada “Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”ga kirmay qolgan so‘z va iboralar” lug‘ati, mutafakkir shoir g‘azallarining yangicha nazar ila qilingan tahlillaridan tarkib topgan “Timsol tadriji” maqolalar majmui, “Munshaot”ning zamonaviy tilimizga tabdili – “Navoiy maktublari” kitobini alohida ta’kidlashni istardim.

Chop etilish arafasida turgan “Insoniyat tarixidan lavhalar” esa bolalar uchun chin sovg‘adir. Shuningdek, “Badoe’ ul-vaqoe’” asari ham kitobxonlar orziqib kutayotgan adabiyotlar safida ularning xonadonlariga kirib boradi. Davlat dasturi asosida tayyorlangan “Sog‘lom ona va bola: xalqaro amaliyot” kitobi ham nashr etilyapti.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat, Habib aka. Siz va nashriyot jamoasiga ma’naviy kamolotning ulkan qismi – kitoblar nashr etishdek ezgu va sharafli ishda kuch-quvvat tilaymiz.

 

“Hurriyat” muxbiri Elmurod NISHONOV 

suhbatlashdi.

 
Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 − seven =