“Sizning televizoringiz”da nimani ko‘rsatishayapti?!

“Odobnoma” o‘qituvchimiz: “Hali katta bo‘lsalaring, oldilaringdan ikki yo‘l chiqadi: biri to‘g‘ri, biri egri. Sizlar to‘g‘ri yo‘lni tanlashlaring kerak”, deya nasihat qilardi. O‘shanda inson aqlli bo‘la turib nega qing‘ir yo‘lni ko‘rmas ekan, deya o‘zimga savol berardim. Endi bilsam, sinovli dunyoda nima to‘g‘ri-yu, nima egriligi haqida kishining vijdonigina hukm chiqararkan. Tanlagan yo‘ling esa sening axloqing, ma’naviy qiyofang orqali belgilanarkan.

Bugun butun dunyoni o‘rgimchak to‘ridek qamrab olayotgan internetga kirganimizda ham oldimizdan yana o‘sha ikki yo‘l chiqadi. Birinchisi, xatarli bo‘lib, unda oltinga teng vaqtingdan ham, qiynalib topgan naqdingdan ham ayrilasan. Ikkinchisi esa ezgu bo‘lib, bu yo‘lda olgan bilimlaringiz o‘zingizga bir kun kelib boylik bo‘lib qaytadi. U axborot olishu ilm egallash uchun katta imkoniyatlar maydonidir. Kishi ongini zaharlovchi axborotlar esa vaqtingni oladi, xolos. Masalan, videomateriallar taqdim etuvchi Youtube sayti. 

Ma’lumki, inson ko‘rish orqali eng katta axborotni oladi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda internetda turli videosaytlarning ko‘payishi, videolavhalarga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirmoqda. Shu kunlarda uz domenidagi saytlarda ma’lum darajada cheklovlarning borligi bois insoniylikka zid turli axborotu videolarni deyarli uchratmaymiz. Biroq shuni tan olib aytish joizki, bugun aksariyat internet ishqivozlari som, ru kabi xorij domenlarini ma’qul ko‘radi. Chunki ularda to‘siq yo‘q. Hammasi oshkora. Biroq o‘sha “oshkoralik” to‘g‘ri kelgan narsani joylash deganimikan? 

Youtube  (inglizcha so‘z bo‘lib, you – sen yoki siz, tube – truba, quvur degan ma’noda qo‘llaniladi. Axborot uzatish ma’nosida esa televizor deganidir.) videomateriallar xostingini taqdim etuvchi Googlening yordamchi dasturidir. Youtubedan foydalanish qulay va ko‘rish osonligi tufayli juda ham mashhur va ko‘ruvchilar soni ko‘pligi bo‘yicha dunyoda yuqori o‘rinda turadi. Uni kuniga 2 milliarddan ortiq kishi tomosha qiladi. Saytda professional videolavhalardan tortib, havaskor videolar, videobloglargacha taqdim etiladi. 2005 yil 15 fevraldan  buyon mashhur video ulashuvchi  vebsayt bo‘lib, unda foydalanuvchilar tasvirlarni  yuklashi, tomosha qilishi va bir-biri bilan baham ko‘rishi mumkin. 

Albatta, buning uz domenidagi muqobili ham ishga tushgan. Bu Mytube.uz saytidir. Biroq u xorijning “yutub”lari bilan raqobatlasha olmayapti-da. Ayniqsa, Youtube.som bilan. Ushbu saytda har qanday mavzudagi videorolikni uchratish mumkin. Kishilarning yegani, ichgani, boqqani, tuqqani, borgani, ko‘rgani, yiqqani, tergani, urgani, xullas, unda joylanmagan ishning o‘zi yo‘q. Har kim o‘zi xohlagan kino, klipiyu hayotiy tasvirlarini joylashi mumkin. 

So‘nggi yillarda bu saytda yurtdoshlarimiz anchagina faollashdi. Ular har soat, har kuni videolarni yangilab borishadi. Aksariyati shov-shuvli yoki yasama videolardir. Ayniqsa, u shou-biznesga aloqador shaxs haqidagi tasvirlar bo‘lsa, bir pasda keng tarqaladi. 

Yutubda to‘ylardagi turli “prikol”larni joylash ham moda tusiga kirmoqda. Hatto xorij to‘ylaridagi ayrim voqealarni ham o‘zimizniki qilib ko‘rsatayotganlar bor. Bularni joylashdan maqsad nimaligini anglash qiyin. Qolaversa, har bir viloyatning o‘ziga xos odati, raqslari bor. Shuningdek, to‘yda turli voqealar bo‘lishi tabiiy. Biroq buni butun dunyoga jar solib ko‘rsatishning nima keragi bor? Bunday tasvirlarni joylashdan maqsad, internetdagi “do‘st”lar oldida ochko to‘plashmi yoki eng ko‘p “layk”ka ega bo‘lishmi? Bundan ham yomoni yutubda o‘ta shaxsiy yoki yashirincha olingan tasvirlarning keng tarqalayotganiyu turli kishilarning so‘kishdan tortib behayo qiliqlarigacha uyalmay joylashtirishlaridir. 

Shuni ham alohida ta’kidlash joizki, internetda turli vahshiylik yoki terrorizmni targ‘ib qilayotgan lavhalar ham talaygina. Misol uchun, yaqinda bir tanishimning aytgan gapi lol qoldirdi. U telegram guruhidan kelgan dahshatli videoni hech qanday hayajonlarsiz gapirib berdi. Qaysidir davlatda mushuklarni urib o‘ldirib, qonini ichish odat ekan. Uning gaplarini eshitib, etim junjikib ketdi. Biroq u hech qanday ta’sirlanmadi ham. Afsuski, bu kabi vahshiyliklarni targ‘ib qilayotgan videolar internet tarmog‘ida kun sayin ortib bormoqda. Yana ham achinarlisi, o‘sha videolar telefonimizda telegram orqali ko‘p sonli kishilarni o‘ziga jalb qilayotir. Bu esa bora-bora jamiyatga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi tayin. Bir paytlar vahshiy kinolarni kattalar “yoshingga to‘g‘ri kelmaydi” deb ko‘rsatishmasdi. Endi kinolar ortda qolib, hayotiy videolar keng tarqalmoqdaki, bu yosh avlodning miyasini zaharlayotgani ayanchlidir. Bu fikrlarimiz bilan saytni butunlay yomonga chiqarib tashlamoqchi emasmiz. Balki unga nimadir joylashdan oldin ommaga qay tarzda ta’sir qiladi. Shu haqda ham o‘ylab ko‘rsak, yomon bo‘lmasdi. 

Bugungi kunda ommani o‘ziga qamrab olayotgan telegram tarmog‘i nafaqat muloqot, balki ayrimlar uchun hayot mazmuniga ham aylanganki, kechayu kunduz uning ichida yashayotganlar ham bor. Bunga esa undagi keng imkoniyatlar sabab bo‘lmoqda. 

Keling, shu o‘rinda internetga tegishli ayrim ma’lumotlarni ham keltirib o‘tsak. Mutaxassislar qirq olti mamlakatda ellik ming kishi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazishgan. Unga ko‘ra Yaqin Sharq, shuningdek, Xitoyda internetdan foydalanuvchilar rivojlangan mamlakatlar aholisidan o‘zib ketishgani ma’lum bo‘lgan. Misr va Saudiya Arabistonining ellik besh foiz aholisi internetga “sho‘ng‘igan”. Birorta Yevropa mamlakati o‘ntalik ro‘yxatga kira olmadi. Rivojlangan mamlakatlar aholisi internetda, asosan do‘stlari bilan suhbatlashadi. Janubiy Amerika, Yaqin Sharq va Xitoyda esa foydalanuvchilar haftada besh soatdan ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadi. Qolgan to‘rt soat esa elektron pochta orqali xat jo‘natishga sarflanadi. Rivojlangan mamlakatlarda, aksincha, asosiy e’tibor elektron pochta orqali muloqotga qaratilar ekan. Ijtimoiy tarmoqdan eng ko‘p foydalanadiganlar malayziyaliklar bo‘lib, har bir foydalanuvchining o‘rtacha ikki yuz o‘ttizdan ko‘p virtual do‘stlari bor. Malayziyadan keyingi o‘rinni braziliyaliklar egallab turibdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham axborot texnologiyalari tez sur’atlarda rivojlandi. Aksariyat aholi telefonida internet bor. Shunday ekan, keling, faqat yaxshi axborotu videolarni bir-birimizga ulashaylik. Qaysidir san’atkor yoki birovning qilmishini muhokama qilmasdan, bola-chaqa, yoshlarimiz kelajagi haqida bosh qotirsak, foydali bo‘larmidi?! 

Har qanday ishga kirishmaylik, miyamizda ikki – to‘g‘ri va egri yo‘l turadi. Qay birini tanlash esa insonning ixtiyorida. Tanlov orqali biz kelajagimizni, ertangi taqdirimizni belgilaymiz. Internetdagi ulkan ma’lumotlar bazasidan faqatgina aqliy salohiyatimiz, dunyoqarashimizni kengaytiraylik, azizlar. 

 

Bobur MUHAMMADIEV

Янгиликларни дўстларингизга улашинг

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine + eight =