Kitob o‘qib tushunmagan vazir yoxud CHATOQdan maktublar turkumidan
Assalomu alaykum, Bo‘sh muharrir do‘stim, mening shoh bitiklarimga gazetangning bir burchagidan bulbulning dumicha keladigan joy ajratibsan. Shuni ham ijaraga beramiz, deb iddao qilibsan. Bir-ikki kun chapaqay jahlim chiqib yurdi. Buning ustiga bo‘sh muharrirmasman, Tosh muharrirman, deb nimalargadir sha’ma ham qilibsan!
E’tibor bergan bo‘lsang, “to‘rt ti¬yinlik” pirashkaga navbatda turganing¬da salom ham bermay, yoningdan o‘tib ketdim. Ammo, ochig‘ini aytsam, bir-ikki qadamdan so‘ng vijdonim biroz qiynaldi. Bilasan, sal qiziqqonroqman. Qilmishimdan uyaldim. Uzr.
Xo‘sh, maqsadga o‘tsak, sho‘rolar davrida bir voqeaning guvohi bo‘lganman. Xalq¬ning bolasini ma’rifatli qilishga mas’ul vazirlardan birining yoniga biz uch-to‘rtta noshir maktab kutubxonalariga sotib olinadigan asarlar ro‘y¬xatini olib kirgandik. Bilasanmi, Chingiz og‘aning o‘sha mashhur “Oq kema”siga nav¬bat kelganda u nima dedi? Bilmaysan, aytib bersam, og‘zing ochilib, ko‘zing g‘ilay bo‘lib ketadi. Xuddi kinodagiday. U kishim, o‘sha kitobni o‘qib, ma’nosiga tushunmagan ekan. “Men o‘qib tushunmagan kitobni o‘quvchilar tushunarmidi, ob tashla, ro‘yxatdan” dedi yordamchisiga. Ustimdan qahratonda sovuq suv quyganday bo‘lib ketgandi o‘shanda. Mana senga ma’naviyatga munosabat! Tosh bo‘lsang, ur, shundaylarning boshini yor. Bunday odamlar hozir ham kam, deysanmi? Izla, o‘yla, top! Gazetang o‘shanda obro‘ topadi. Jamiyatni loqayd, tanballardan tozalashga yordami tegadi. Obuna, obuna, deb ku¬yib-pishib eshikma-eshik ranging za’farondek sarg‘ayib, sarson bo‘lib yuribsan. Gazetangni obuna ro‘yxatidan olib tashlaganlar ham o‘shalar aslida. Bo‘lmasa, har bitta maktab kutubxonasiga bittadan taqsimlaganida ham to‘qqiz mingta tiraj yig‘arding! To‘qqiz mingta! Qancha o‘qituvchiyu o‘quvchilar manfaat topardi. Savodini charxlagan bo‘lardi, ma’naviyati bir g‘ishtcha bo‘lsa ham ko‘tarilardi. Tushgan puldan esa xonangdagi yelkasi tushgan derazangga parda-marda olarmiding. Bir kamingga yarardi-da, har qalay. Mana shunaqangi maqolalarga ko‘proq o‘rin bersang, gazetangni o‘zlari izlab, topib o‘qiydi. Menga rahmat deysan hali. Darvoqe, “Otam qilgan ishni qilaman”, deganing nimasiydi, deb so‘ragan ekansan. Aytmayman, ayt¬sam, qizig‘i qolmaydi. Vaqti kelganda o‘zingga alohida shipshitaman. Bu gaplar gazetga olib chiqiladiganlaridan emas, bilding!
Bilasanmi do‘stim, shu desang, kechasi bilan uyqum qochib ketadi. Kechayu kunduz yurganim-yurgan. Yaqinda boshim aylanib, Sirdaryo shahriga borib qoldim. Oybek ko‘chasida yetmishdan oshgan “okaxonim” yashaydi. Bir otamlashay, yangi yil bilan tabriklab qaytay, degandim. Borganimga ming afsus qildim. Uy egasiyam xijolat, o‘zim ham. Qishning shu qirovli kunida xonadonlarda gaz yo‘q. Ertalab naq 09.00da quvurlardagi gaz oqimi kimningdir buyrug‘i bilan taqa-taq o‘chiriladi. Shu bilan kechqurungacha suhbatdoshlarning iyagi shaqillab, dildirab, bir-biriga termulib o‘tirishdan boshqa iloji ham yo‘q ekan. Na choy qaynaydi, na osh-ovqat. Shahar o‘rtasida o‘choq o‘yib, qumg‘on qaynatishga oriyat kuchlilik qiladi. Xullas, o‘zimizning Toshkand¬dan qo‘ymasin. Hamma narsa badastir, rohatijon.
Umuman olganda, uyqusizlikning foydasi ham tegayapti. Senga o‘xshagan xonada o‘tirib maqola yozadigan do‘stlarimga ko‘zimga chalingan ana shunday nuqsonlar haqida yozib, hayotda nimalar bo‘layotganini yetkazib turishni dilimga tugub qo‘ydim. Xudoga shukur, qarindosh-urug‘larim, jon jigarlarim mamlakatimizning har bir shahar-qishlog‘iga sochilib ketgan. Ularning ham turish-turmushidan xabar olib, kezishni, gazetang¬bop biror narsalar uchrab qolsa, senga havolatishni niyat qilib yuribman.
Alangali salom yo‘llovchi, o‘zing bilgan
Muhammad CHATOQ
Assalomu alaykum,
do‘stim Muhammad CHATOQ!
Biroz arazlabsan, sezdim. Xafa bo‘lma, do‘st. Mening ham vaqtim ziq. Hammaning ko‘nglini olib bo‘lmaydi, bilasan. Ijara masalasida. Endi do‘st, aslini olganda, bu dunyoda hammamiz ham ijaradamiz. Shuni yuzimga solaverma. Kitob o‘qib, tushunmagan vazir haqidagi hikoyangni chop etish-etmaslikni o‘ylab ko‘rarman. Juda qiziq voqea ekan. Ammo Sirdaryo shahridagi voqeani tekshirib ko‘ramiz. Shaharning Firdavsiy ko‘chasida o‘zimning ham tanishim bor. Yaxshi odam. To‘g‘riso‘z. Shahar ma’murlariga bog‘lanib o‘tirmaymiz. Ular gapingni eshitar-eshitmas, bir quloch qog‘ozni bur¬ning¬ga tiqadi.
Tumanlardan birining rahbari oldiga aholi gaz masalasida murojaat qilganida nima deganini eshitganmisan? Bo‘lmasa, eshit. U shikoyat qilib kelgan odamlarga: “Yuringlar mening uyimga, men ham sizlarga o‘xshab, bir uy bola-chaqam bilan sovqotib o‘tiribman”, debdi. Ishni tashkil etolmasang, bu kuning¬dan battar bo‘l, deydigan odam yo‘q.
Ularni xalqimiz “Oyog‘i yerdan uzilgan”¬lar deydi.
Bilmadim, bu masalalarda birdan xulosa chiqarish qiyindir-ov, inson sha’ni, degan gaplar ham bor. Har holda, u kishilar ham tasodifan o‘sha joylarga borib qolmagandir.
Kel, avvaldan kelishib olaylik, ustozlarim o‘rgatgan, osmonga tosh otib o‘ynama, bittasi bo‘lmasa, boshqasi qaytib kelib, boshingni yoradi, deb. Shuning uchun tosh masalasida ehtiyot bo‘lgan ma’qul, kelishdikmi? Otam ham bu nasihat esidan chiqmasin, deb ismimni Tosh deb qo‘ygan. Toshligim shundan!
O‘ylab qarasam, uyqusizlikdan galdirab qolibsan, senga biror mashg‘ulot topish kerakka o‘xshaydi. Kel, o‘sha bedorligingdan unumli foydalanaylik. Bilasan, o‘zing aytganday tiraj past, birgina obunadan tushadigan tushumga qarab qolganmiz. Birov yordam beray, demaydi. Qalami nayzaday jurnalistlarni ijodiy safarlarga jo‘natishga qurbim yetmaydi. Ularning ham yeyish-ichishi, yotish-turishi bor. Kimningdir qo‘liga qaram bo‘lsa, yozgani ham shunga yarasha bo‘ladi. Buni bilasan, “Yegan og‘iz uyalar!” Shu bois bu vazifani senga yuklasam. Har holda nagzing to‘q, nosvo¬yingga yarasha qalam haqi ham chiqib turardi. Buning ustiga tekingina xizmat. Bor-yo‘g‘i bedananing qanotiday muxbirlik guvohnomasini bersam, kifoya. Iltimos, uni biror kimsaga ko‘rsatib yurma, ta’magirlikda ayblashadi. Bo‘lmasa, senga birinchi topshiriq shunday bo‘ladi. Bilasan, Toshkentdan Buxoroga yo‘l olganingda, Kattaqo‘rg‘ondan o‘tib, Mirbozorgacha bo‘lgan oraliqdagi yo‘lda transport vositalari bir necha yillardan beri bir tomonlama harakatlanishga majbur! Qancha yo‘l halokatlari sodir bo‘ldi. Bilmadim, ayrim yerli noskashlar eshonbuvalarning ko‘nglini qoldirganmi, har holda shu o‘ramga qarg‘ish tekkan. Nazoratchilar ham shu yerga kelganida mashina beshikday likillataverganidan, uxlab, asl holatni ko‘rmay, o‘tib ketaverishadi. Yo‘l nega bu ahvoldaligining sababini hech kim bilmaydi. Yo Samarqandda tosh kam deb o‘ylaysanmi. Yo bo‘lmasa, yo‘l qurilishiga mas’ul mutasaddilarning ko‘zlarini qorasaqich bosganmi, o‘zim ham o‘ylab tagiga yetolmayman. Shu oraliqdagi yo‘l hech songa kirmadi-kirmadi-da. Zo‘r bo‘lsang, shularni aniqlab, bittagina qalampirli maqola tayyorlaysan. Sahifaning qulog‘iga tiqib yuboramiz, tamom. Maqola kattaroq bo‘lib ketsa, “podvalda” ham joy serob.
Muddati ra’yingga tovun. Qachon tayyor, desang, shunda bosamiz. Hozircha shuni eplab ko‘r-chi, agar yozganlaring ma’qul kelsa, o‘zimga ham tekinga ishlaydigan senday bir chapaniroq muxbir kerak edi. Ishga olaman. Va’dam qat’iy. E’tirozga o‘rin yo‘q!
TOSHVOY