HAYDOVCHIGA MILLIY G‘URUR KERAKMI?
Ma’lumki, haydovchi jamoat transportini boshqarib borar ekan, uning har bir xatti-harakati yo‘lovchilar nazarida bo‘ladi. Uning o‘zini tutishi, muomala madaniyati, kiyinishi, salondagi saranjom-sarishtalik kishi ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatadi. Binobarin, haydovchining o‘z ona tilida emin-erkin gapira olishi juda muhim.
Esimda, bir vaqtlar haydovchi kerakli ma’lumotlarni mikrofon orqali yo‘lovchilarga yetkazardi. Afsuski, keyingi paytlarda poytaxtimiz ko‘chalarida va shaharlararo reyslarda qatnayotgan yangi rusumdagi zamonaviy avtobuslarda negadir ana shu jihat e’tibordan chetda qolayapti. Vaholanki, mikrofonda yetkazilgan har qanday ma’lumot yo‘lovchilarni befarq qoldirmaydi.
Darhaqiqat, o‘zini hurmat qilgan haydovchi transport vositasining saloniga alohida e’tibor qaratadi. Shuningdek, saranjom-sarishtalikdan tashqari, haydovchi bajarishi kerak bo‘lgan boshqa yumushlar ham bor. Avvalo, yo‘nalish manzilini ko‘rsatuvchi nomlar to‘g‘ri qilib yozilgan bo‘lishi shart. Eng asosiysi, bunday yozuvlar davlat tilida va o‘zbek lotin alifbosida bo‘lishi lozim.
Endi haqiqiy ahvolga e’tibor qarataylik: Buyuk ipak yuli—Kuylyuk, Tashkent—Gazalkent, Kadisheva—Yunus-Abad, Keles—Char-Su, MUM—Kara-Su, TTZ—Kuylyuk, M.Gorkiy—Kibray… E’tibor bering, M.Gorkiy! Bu nom bilan ataladigan joy nomi o‘zgarganiga ancha bo‘lgan-ku! Bunday ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Mana shu holatning o‘ziyoq transport egalarining davlat tiliga bo‘lgan “hurmati”ni ochiq-oydin ko‘rsatib turadi. Vaholanki, yurtimiz tarixidan ozgina xabari bor inson biladiki, ko‘rsatib o‘tilgan joy nomlarining yozilishi butunlay boshqacha. Haydovchilarni hamda ular xizmat qiladigan korxona rahbarlarini esa bu jihatlar mutlaqo qiziqtirmaydi.
Poytaxtimizning Qorasuv va Yunusobod mavzelari orasida 192-yo‘nalish marshruti xizmat ko‘rsatadi. Mana o‘sha avtoulovdagi yozuvlardan namuna: “Qora-Su – 6, 4, 3, 2, 1, tsentr. Lunacharskiy, Nalogovaya, Voenkomat, Zoopark, inst. Svyazi, Universam, Yunus-Abad-10”. Mana shu lavhaning o‘zi ham kishini chuqur o‘yga toldiradi. “Davlat tili haqida”gi qonun talablarini so‘zsiz bajarish lozim bo‘lgan bir pallada ko‘rsatib o‘tilgan holatlarning uchrashi, insofsizlik, yuridik jihatdan olganda, qonunbuzarlik hisoblanadi. Ma’naviy jihatdan esa, bunday holat o‘zini anglamaslik, o‘z tarixi va milliy an’analarini hurmat qilmaslik nishonasidir. Chunki yuqoridagi lav-hada ikkita so‘z o‘zbek tilida yozilgan bo‘lib, har ikkalasi ham imloviy noto‘g‘ri: Qora-Su (Qorasuv), Yunus-Abad (Yunusobod). Qolgan so‘zlar rus tilida bitilgan: tsentr Lunacharskiy, Nalogovaya, Voenkomat, Zoopark, inst. Svyazi, Universam. O‘zingiz o‘ylang, sobiq SSSRning xalq maorifi komissari bo‘lib ishlagan kimsa – Lunacharskiyning Toshkentga qanday aloqasi bor? Bugungi avlod o‘sha “zot”ni har kuni eslashi shartmi? Shunday ekan, Lunacharskiy nomi allaqachon toponim sifatida Toshkent xaritasidan o‘chirilgan bir paytda har kuni, har soatda minglab kishilarning “tsentr Lunacharskiy”dan “bahramand” bo‘layotganini qanday tushunish kerak?!
Ta’kidlab o‘tilganidek, haydovchi kabinasidagi mikrofon haydovchi uchun juda qulay vosita sifatida yo‘lovchilarga eng muhim ma’lumotlarni yetkazishi mumkin. Shulardan asosiysi – bekatlarning nomlaridir. Aslida xuddi metropolitenda bo‘lgani kabi keyingi bekat nomi avvaldan aytilishi va bekatga kelganda yana takrorlanishi kerak. Bunday ma’lumotlar faqat davlat tilida, ya’ni o‘zbek adabiy tilida berilishi, adabiy talaffuz me’yorlariga mos kelishi shart. Masalan, metroda eshittiriladigan “Keyingi bekat – Amir Temur xiyoboni” jumlalari yo‘lovchilarga ham ma’lumot beradi, ham ijtimoiy vazifa bajaradi. Agarda mana shu holat barcha avtoulovlarda joriy etilsa, uning ahamiyati beqiyos bo‘lishi shubhasizdir. Masalan, “Hozir Xadra maydonidasiz, keyingi bekat – “Istiqlol” san’at saroyi” kabi jumlalarning sof o‘zbek adabiy tilida jaranglab turishi har bir millatdoshimiz uchun faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otsa, rusiyzabon yurtdoshlarimiz uchun esa davlat tilini o‘rganishlariga qulaylik yaratib beradi.
Shu o‘rinda yana bir mulohazani bildirsam. Ertalab va kechki payt transportda yo‘lovchi juda tirband bo‘ladi. Ayniqsa, kechki paytda yo‘lovchilarning charchagani, asabiylashgani yaqqol seziladi. Nazarimizda, ayni shunday holatlarda avtoulov salonidagi radiokarnaylardan biror diltortar musiqa yoxud mumtoz ashulaning berilishi yo‘lovchining kayfiyatini ko‘tarishga xizmat qiladi. Tabiiyki, salondan taralib turgan mumtoz ohang qulog‘iga pleyer “naushnik”ni taqib, yengil-elpi qo‘shiq tinglab ketayotgan talabani ham, o‘quvchini ham befarq qoldirmaydi. Shaharlararo qatnaydigan avtobuslarda esa Milliy teleradiokompaniyamiz xazinasida saqlanayotgan badiiy filmlar, teleseriallardan foydalanish mumkin. Shuningdek, el sevgan hofizlarimiz ijrosidagi kontsert dasturlarini, televidenie fondidagi telespektakllarni namoyish etish ham maqsadga muvofiqdir.
Avtobusda haydovchi bilan tengma-teng mehnat qiladigan, yo‘lovchilar nazoratini olib boradigan shaxs – chiptachi ham bor. Aslida chiptachi faqatgina pul yig‘uvchi emas, balki har bir yo‘lovchi bilan ro‘baro‘ keladigan, keksalar, bolali ayollarning transportga chiqib-tushishiga ko‘maklashadigan, hatto ularning qaerdan chiqib, qachon tushishini yaxshi biladigan odam. Shu sababli ham uning muomalasi juda ko‘p narsalarni hal qilishi mumkin.
“Yunusobod — San’at instituti” oralig‘ida qatnovchi 140-avtobusda yoshi elliklardan oshgan bir kishi chiptachi bo‘lib ishlaydi. Nihoyatda xushmuomala, deyarli barcha yo‘lovchilar bilan qadrdonlardek so‘rashadi. Chiptani o‘z vaqtida olishni, navbatdagi bekatlarni eslatib turadi. Keksalar va ayollarga joy bo‘shatib berishni yoshlardan talab qiladi. “Yaxshi boring, kuningiz xayrli o‘tsin, ishingiz baroridan kelsin” kabi kalimalarni bot-bot takrorlab turadi. Bir talaba qiz o‘zidan katta ayolga joy bo‘shatib bermagan ekan, unga maslahat berdi: “Ona qizim, sen yoshsan, vaqti kelib ona bo‘lsang, tepangda turib qolgan ayolning ahvolini tushunib yetasan. Shu gaplarning mag‘zini chaqib olgin, jon qizim”. Talaba qizimiz ham bu gaplardan o‘ziga tegishli xulosa chiqarib oldi. Men oddiy bir chiptachining kishilar ruhiyatiga qay tarzda ta’sir ko‘rsata olishiga amin bo‘ldim.
Kuzatishlardan ma’lum bo‘ladiki, ko‘pchilik nazarida oddiy kasb egalari bo‘lgan haydovchilar chiptachilar hamda sohaning katta-kichik mutasaddilari oldida milliy manfaat bilan bog‘liq vazifalar talaygina.
Chunki jamoat transporti shunday bir vositaki, undan millionlab kishi foydalanadi, o‘zaro muloqotda bo‘ladi. Haydovchi yoki chiptachining har bir xatti-harakati, muomala va kiyinish madaniyati istaydimi-yo‘qmi, yo‘lovchilarda ma’lum bir taassurot qoldiradi. Avtoulovlardagi har qanday yozuv haydovchilarning o‘zbek adabiy tilidan qanchalik foydalana olishi, o‘z yurti tarixidan xabardorligi yo‘lovchilarga ruhiy ta’sir o‘tkazadi. Shunday ekan, transport vositalarini zamonaviy texnik vositalar bilan ta’minlash, ular orqali xalqimizning ma’naviy va madaniy merosini targ‘ib etish, mazkur masala bo‘yicha haydovchilarning bilim saviyasini oshirib borish zarur. Zero, Vatanimizning har bir qarich yeri muqaddas bo‘lgani kabi mana shu zaminda yashayotgan har bir fuqaroning, har bir kasb egasining ona yurtimiz oldidagi burchi ham muqaddasdir.
Ravshan JOMONOV,
Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi dotsenti,
filologiya fanlari nomzodi