MARDLIKNI MADH ETGANLAR TAQDIRLANDI

Yurt tinchligiyu xalq osoyishtaligini ta’minlashdek sharafli burchini bajarayotgan vatandoshlarimiz har qancha ehtiromga, e’zozu olqishga munosib. Ularning mashaqqatli mehnatini ko‘rsatib berayotgan kasb egalari ham shunday. Zero, ular kezi kelsa harbiylar bilan bir safda turib, qalam tebratadilar, ular chekadigan mashaqqatga sherik bo‘ladilar. Ikkinchi jahon urushida frontda turib, jangchilarning mardona xatti-harakatlarini maqolalar va fotolavhalar ko‘rinishida xalqqa taqdim etgan bobolarimiz qahramonligini kim unutadi?

 

Shukrki, bugun Vatanimiz sarhadlari tinch, osmonimiz musaffo. Jurnalistlar esa jasur harbiylar hayotiga oid maqola, ocherk va lavhalarini hadigu ehtiyotkorlik bilan emas, zavqu shavq bilan yoritadilar. 

2017 yil 28 aprel kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Armiya — yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi ramzi” respublika tanlovida ishtirok etib, g‘olib va sovrindor bo‘lgan ana shunday hamkasblarimizni tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Matbuot va axborot agentligi, Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Mudofaa vazirligi, Milliy teleradiokompaniya hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining yigirma besh yilligiga bag‘ishlandi.

Tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka ta’sirchan vositalar orqali targ‘ib etish, zamonamiz qahramonlari bo‘lgan Vatan himoyachilari obrazini yaratish, yoshlarimizni milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat, harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakatimiz fuqarolarida sharafli kasbga nisbatan faxr, iftixor tuyg‘ularini yuksaltirish, respublika ommaviy axborot vositalari xodimlarining mazkur yo‘nalishdagi ijodiy faoliyatini rag‘batlantirishga qaratilgan.  

Joriy yil ilk bor o‘tkazilayotgan tanlovda televidenie, radio, internet, bosma OAV va fotojurnalistika  yo‘nalishlarida harbiy-vatanparvarlik mavzuida qalam tebratib kelayotgan yuzga yaqin jurnalist mingdan ortiq ijodiy ishlari bilan qatnashdi. Ijodiy ishlarning har birida yurtga sadoqat, vatanparvarlik ruhi sezilib turadi. 

— Bu soha vakillariga hurmatim yuksak, shu sabablimi ijodiy ishlarimning aksariyati harbiy-vatanparvarlik ruhida. Harbiylar — zamonamiz qahramonlaridir. Ular haqida qancha yozsak, e’tirof etsak kam. Chinakam vatanparvarlikni ulardan, ularning hayot yo‘lidan o‘rganish kerak, — deydi “Xabar” gazetasi muxbiri Muborak Mirkamolova. — To‘g‘risini aytsam, bugun mening kamtarona mehnatim yuksak baholanganidan qalbim g‘ururga to‘ldi. Bu esa, ushbu yo‘nalishda bundan keyin yanada samaraliroq qalam tebratishga undaydi. 

Harbiylar va jurnalistlar ishtirokida bo‘lgan tadbirda “jurnalistlar — ushbu jonkuyar kasb egalarining quroldosh do‘stlari” deya e’tirof etildi. Bu bejiz emas, albatta. Tadbirning ko‘tarinki ruhda o‘tganiga ham mana shunday samimiy munosabat sabab bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.  

Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli ijrosidagi kuy va qo‘shiqlar auditoriyaga xushkayfiyat ulashdi. O‘tirganlarning yuzidan tabassum, mamnuniyat ifodasi tadbir yakunigacha arimadi. Askarlarning ko‘zlaridagi shijoat, g‘urur, kasbga sadoqat ifodasi yurt sarhadlari ishonchli qo‘llarda deya qalam tebratishimizga yana bir bor asos bo‘ldi. Tanlovning 9 may — Xotira va qadrlash kuni oldidan o‘tkazilgani ham bejiz emas. Bu kun vatan mustaqilligi yo‘lida jon fido qilganlar, vatanparvar insonlar, ayniqsa, urushlarda jon fido qilgan askarlar nomi tilga olinadi, yod etiladi. Ular haqida ocherklar, maqolalar yozish, ko‘rsatuv, eshittirishlar tayyorlash jurnalistlar zimmasida ekan, bugungi tadbir ularni ruhlantirib, yanada ildam harakat qilishga undaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda milliy armiyamiz ming-minglab yoshlar uchun chinakam mardlik, fidoyilik, haqiqiy vatanparvarlik maktabiga aylangani, harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilish, harbiy shaharchalarda zamon talablariga javob beradigan ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar shu soha rahbarlari tomonidan tantanali ravishda diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi. 

 

Marosimda jamoatchilik vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi mas’ul xodimlari, vazirlik qoshidagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi qoshidagi “Yosh jurnalistlar klubi” a’zolari ishtirok etdi. 

 

Shohsanam KOMILOVA,

“Hurriyat” muxbiri

Sholaziz SHOXIDOYEV

olgan surat

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

8 + 3 =