QIZ QO‘SHIG‘I

Anchadan buyon “GULAG mahbuslari she’riyati” kitobini izlar edim. Sababi, bu asarda o‘zbek shoirlaridan biror kishi bormikan, degan ilinj meni tinch qo‘ymas edi. Go‘yo nazarimda Cho‘lpon yoki boshqa o‘zbek shoirlari  haqida bir narsa bordek tuyulaverardi…

 

Yaqinda Cho‘lpon ijodiga qiziqib yuruvchi va qatag‘on masalasida talaygina salmoqdor asarlari bilan mutaxassislaru el orasida o‘z o‘rni va ovoziga ega bo‘lgan olim, tarix fanlari doktori Rustam Shamsuddinovning “O‘zbekistonda sovetlarning qatag‘on siyosati va uning oqibatlari” kitobini mutolaa qilib turib Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon ijodiga oid bir  xabarga ko‘zim tushdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xabar o‘sha men qidirib yurgan kitob — “GULAG mahbuslari she’riyati”dan olingan ekan. Cho‘lpon haqidagi ko‘chirmaga ko‘zim tushdi-yu, quvonib ketdim. Tuyg‘um aldamagan ekan. Mashhur vijdonli rus shoirasi Tatyana Bek buyuk shoirimizning “Qiz qo‘shig‘i” va “Qush hadigi” she’rlarini tarjima qilgan ekan. Kitobda Cho‘lpon haqidagi ma’lumot o‘ziga xos tarzda bitilgani bilan e’tiborni tortadi. Shu bois shoir haqidagi o‘sha parchani  “Hurriyat”xonlarga ilingim keldi.   

“GULAG mahbuslari she’riyati” kitobida shunday ma’lumot beriladi: “Abdulhamid Cho‘lpon 1897 — 1938. Abdulhamid Cho‘lpon (Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Yunusov) shoirlikdan boxabar ma’rifatli savdogar oilada tug‘ilgan. Rus-tuzem maktabini bitirgandan so‘ng otasi o‘g‘lini madrasada o‘qishga yuboradi, bu joyda bo‘lajak shoir arab, fors va turk tillarini o‘rganadi. Inqilobiy g‘oyalar ta’siri ostida buyuk milliy shoir bo‘lish uchun madrasadan Toshkentga boradi. Va shunday bo‘ldi ham.

U hayot chog‘idayoq uning haqida buyuk Navoiydan keyin o‘zbek tili va adabiyoti shu qadar qudratli lirikani bilmagan, deb aytishgan. “Uning she’riy nutqi — hozirgi zamon o‘zbek tilinining sarchashmasiga yo‘l ochib beruvchi kalitdir. Hozirgi zamon o‘zbek tili bu — Cho‘lpon tilidir” deb aytgan o‘sha zamon tanqidchilaridan biri. Cho‘lpon inqilobni zavq-shavq bilan kutib oladi va hatto uni ko‘pasrlik an’anaviy mumtoz she’riyat shakllaridan ozod etib, o‘zbek tiliga olib kirdi. 1918 yilda E.Potening “Baynalmilal”ini o‘zbek tiliga tarjima qiladi, “Turk ROSTA”ning bosh muharriri bo‘lib ishladi.

1927 yildan boshlab uning she’rlarini bosish to‘xtaydi. Partiya mansabdorlari bu she’rlar o‘quvchilar uchun zarar deb hisoblaydilar. 10 yil ichida Chexov, Turgenev hikoyalarini, Gogol pesalarini, Pushkinning “Boris Godunov”, Shekspirning “Hamlet”, K.Gotstsi, K.Galdoni, Moler pesalarini o‘zbek tiliga tarjima qiladi. 1937 yilda qatag‘on qilingan”. Ushbu matndan keyin quyidagi she’rlarning tarjimasi berilgan. Binobarin, bu Cho‘lpon she’riyatining sarhad bilmasligiga shohidlikdir.

 

Qiz qo‘shig‘i

O‘ksuk ko‘ngil qushi

Tushdi qafasga,

Sira yetolmaydir

Erkin nafasga.

Qora kunlar tushdi mening boshimga.

Siqiq qafaslarda,

Yayray olmayman.

Jannat bog‘lar bor-ku,

Sayray olmayman.

Yomon kunlar tushdi mening boshimga.

Qip-qizil qon bo‘lib

Kunlar botadir…

Yomon hidga to‘lib

Tonglar otadir…

Og‘ir kunlar tushdi mening boshimga.

Jannat kabi bog‘lar

Bulbulsiz qolgan…

Osmon bo‘yi tog‘lar

Qulunsiz qolgan…

Qiyin kunlar tushdi mening boshimga

Ko‘z yoshimda yuvsam

Yurtning bag‘rini,

Tilim bilan so‘rsam

Oqqan qonini…

Qonli kunlar tushdi mening boshimga.

Hasratim ko‘p, elga

Ayta olmayman.

Armonim ko‘p, dilda

Joylay olmayman.

O‘tli kunlar tushdi mening boshimga.

Qafaslarni buzib

Uchsam osmonga!

Kishanlarni uzib

Yetsam jononga!..

Yorsiz kunlar tushdi mening boshimga.

Andijon, 1923 yil

 

Qushning hadigi

Qush bechora qo‘rqadirkim, uyasidan ayirgaylar,

Uyasidan ayirmoq-la qanotini qayirgaylar.

Mayda simdan silliq qilib, mohirona to‘qilgan bir

Qafas topib, darchasini ochib derlar: “Maskanga kir!”

Miskin qush ham yangi maskan chakkasiga qo‘nib olar,

Maskaniga ko‘z yugurtar, tegrasiga nazar solar.

Va ko‘rarkim, maskan o‘zi mashinada qo‘yilmishdir,

Uni hozir qilmoq uchun, ko‘p zehniyat sarf bo‘lmishdir.

Darchalari mahkamgina, puxtagina, xotirjamlik,

Suv ichgali, don yegali teshiklar bor kichik-kichik.

Simlar bilan ishi yo‘qdir, chiqmoq uchun uchib ko‘rar,

O‘rmonlarning xayolida har tomonga o‘zni urar.

Faqat, zaif vujudini qancha ursun devorlarga,

Balki uning yumshoq tani, to‘lib ketsun ol qonlarga.

Devorlarning sezgisi yo‘q, tuyg‘usi yo‘q, tovush bermas

Tegra butun ruhsiz gavda, “Nechun mundoq bo‘lding?” demas.

Uning butun tasallisi — to‘lib-toshib sayramoqdir,

Ko‘m-ko‘k dala, eslab-eslab yig‘lamoqdir, yig‘lamoqdir!..

O‘sh, 1924 yil 

Tayyorlovchi: Sirojiddin AHMAD

 

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

7 − six =