“WHITE CASTLE” HIYLASI yoxud tansiq taom haqida cho‘pchak

Globallashuv sharoitida davlatlar orasidagi masofa tobora qisqarib borayotir. Inchunin, madaniyatlar mushtarakligi ham kun sayin jadallashmoqda. Bunga misollar juda ko‘p. Oddiygina bir haqiqat, xorij taomlarining tez iste’molga kirayotganidir.

 

Yolg‘on biznes

Tezpishar taomlarning tarixi  Rim imperiyasi davriga borib taqalsa-da, uning keng tarqalishi va sanoat miqyosida ishlab chiqarilishi 1920 yillarda Amerikadagi “White castle” (Oq qasr) kompaniyasi nomi bilan bog‘liq. Tez orada bu kabi taomlar butun Amerika bo‘ylab ommalasha boshladi. Boisi “fast food”lar narxi shu darajada arzon ediki, hatto okean ortida kechgan tushkunlik paytida, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi hamda 1945 yilga qadar yirik kompaniyalar boshidan kechirgan inqiroz davrida ham ularning narxi atigi 5 tsentni tashkil etgan. Keyinchalik odamlar orasida taomning sifati borasida shubhalarning paydo bo‘lishiga ham ayni uning narxi sabab bo‘ldi. Odamlarda “Nega uning narxi bunchalar arzon?”, degan savol tug‘ildi.

Kompaniya rahbari Billi Ingram o‘z firmasi haqida paydo bo‘lgan asosli shubhalarga barham berish maqsadida ajoyib hiyla o‘ylab topdi: uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, shifokor kiyimidagi bir necha yosh kunlik choychaqa evaziga yemakxonaga kelib “gamburger” buyurtma berishlari kerak edi. Bu esa odamlar nazdida “Shifokorlarki iste’mol qilayotgan ekan, demak, sog‘liq uchun xavfli emas”, degan tasavvur uyg‘otishi lozim edi. Shunday ham bo‘ldi va “fast food”larning zarari haqidagi haqiqat “bo‘hton”ga uchradi.

 

Kasalni yashirsang…

O‘tgan asrning 20—30-yillariga kelib, Amerika aholisi orasida ortiqcha semirib ketish kasali bilan bog‘liq muammo kuzatila boshladi. Avvaliga kamharakatlilik — kun davomida stol va kompyuter oldida o‘tadigan ish jarayoni xastalik sababi sifatida keltirildi. Ammo bugun xastalikka chalinganlar orasida yoshlar soni tobora ortayotgani yuqorida keltirilgan sabablarning Billi Ingram kabi “ishbilarmonlar” tomonidan o‘ylab topilganiga shubha qoldirmadi va “fast food”lar haqidagi bor haqiqat oshkor bo‘ldi. Zero, ilm-fan taraqqiyoti ommaviy semirishning keng tus olishida tezpishar taomlar birlamchi omil ekanini tasdiqlab ulgurgan edi.

Olimlarning ta’kidlashicha, tezpishar taomlar asosini yuqori quvvatli “hot-dog”, “gamburger”lar tashkil qiladi. Ular tarkibida esa tuz, yog‘ va shakar miqdori ko‘p bo‘lib, organizm uchun kerakli vitamin va minerallar juda kam. Ya’ni tushlik paytida tanovul qilinadigan “fast food” tarkibidagi 1500 kilo kaloriya inson organizmi uchun talab qilinadigan kunlik normaga tengdir. Demak, kunida ikki yoki uch marta tezpishar taom tanovul qilgan inson ixtiyorsiz ravishda semirish kasaliga duchor bo‘ladi.

 

Salomatlik yo‘lida

Tan olish kerakki, “fast food”lar yurtimizda ham keng ommalashgan. Shu bois yuqoridagi kabi muammolar bizda uchramaydi, deya hech kim kafolat bera olmaydi. Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimizda sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. 

Yurtimiz aholisining aksariyatini yoshlar tashkil etishini inobatga olsak, umumta’lim, o‘rta-maxsus va kasb-hunar ta’limi muassasalarida to‘g‘ri ovqatlanishni tashkil etishga alohida ahamiyat qaratilayotgani quvonarli. Bunga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 maydagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.

Qarorga muvofiq, 2017—2020 yillarga mo‘ljallangan umumta’lim muassasalarida oshxonalarning faoliyatini tashkil etish bo‘yicha hududiy manzilli dastur ishlab chiqilib, respublikamizning uzoq hududlaridagi oshxonasi bo‘lmagan 400 dan ortiq maktablarda bufet tarzi oshxonalar barpo etish ko‘zda tutilgan. Faoliyati to‘xtab qolgan oshxonalarda qayta jihozlash ishlari amalga oshirilib, sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, qarorda 2017 yilgacha har bir viloyatda, 2018 yilga qadar esa har bir tumanda tayyor va yarim tayyor taom tayyorlovchi kombinatlar ishga tushirilishi belgilangan.

— Insonda kuzatiladigan xastaliklarning 80 foizi to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga amal qilinmasligi sabab yuzaga kelishini tib ilmining asoschisi Ibn Sino asoslab bergan, — deydi O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi a’zosi, “Xalqaro O‘zbekiston pazandachilik san’ati” markazi rahbari Anvar Allabergenov. — Sihat tilasang, kam yegin”, degan hikmatda ham ayni shu ma’no mujassam. Shu bois bugun yurtimizda, xususan, yoshlar orasida sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish va ularni tezpishar taomlar zararidan himoya qilish muhimdir. Bu umumta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan oshpazlar zimmasiga mas’uliyat yuklaydi. Boisi farzandlarimizga tezpishar taomlar iste’mol qilish ayrim holatlarda aynan ta’lim muassasalaridagi oshxonalarda taklif etilayotir. 

Haqiqatan, navnihollar ulg‘ayib, komil inson bo‘lib voyaga yetishi uchun ularning nafaqat ruhi, balki jismu joni ham sog‘lom bo‘lishi darkor. Bunda esa ular tanovul qilayotgan taomlarning sifati muhimdir. Shu bois O‘zbekiston Oshpazlar uyushmasi, Xalq ta’limi vazirligi va bir qator mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda respublikamizdagi ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan oshpazlar malakasini oshirish, qayta tayyorlash rejasi ishlab chiqilgan. 2017 yildan boshlab hududlarda tashkil etiladigan malaka oshirish kurslarida esa 7—10, 10—17 yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan haftalik taomnomalar tayyorlash, sanitariya-gigiena qoidalari, to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish asoslari, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, oziq-ovqat mahsulotlari tovarshunosligi, texnologik jihozlardan foydalanish, pazandachilik texnologiyasi  asoslari, bolalar va parhez taomlar tayyorlash texnologiyasi borasida tavsiyalar beriladi.

— Yangi qarorga ko‘ra, markazimiz xodimlari umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining oshxonalarida Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi bilan kelishuvlarsiz har chorakda nazorat ishlarini olib borish imkoniga ega, — deydi Toshkent shahar Chilonzor tumani davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bolalar va o‘smirlar gigienasi bo‘limi mudiri Dildora Mirakbarova. — Bu sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, texnologik jihozlarning sanitariya qoidalari, oshxona xodimlarining sanitariya-gigiena tadbirlarining bajarilishini monitoring qilish imkonini beradi. Kamchilik aniqlangan taqdirda, Muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi roziligi bilan tekshiruv o‘tkazishimiz va kamchilikka yo‘l qo‘ygan mas’ulga qonun doirasida chora ko‘rishimiz mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda yoshlarning to‘g‘ri ovqatlanishini tashkil etish masalasiga alohida ahamiyat qaratilayotir va bu borada olib borilayotgan islohotlar e’tiborga molik. 

 

Tanganing ikkinchi tomoni…

Aytish joizki, yuqoridagi qaror ta’lim muassasalaridagi oshxonalar faoliyatini qayta tashkil etish, rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, kelgusida “fast food” singari taomlarning o‘quv muassasalari hududida sotilishini cheklashni nazarda tutadi. Biroq bugun ta’lim muassasalari atrofida ayrim “olg‘irlar” tomonidan bolalar uchun taklif etilayotgan tezpishar taomlarni tartibga solish masalasi ham alohida e’tiborni talab etadi. Mavjud qonunchilikka ko‘ra, umumta’lim muassasalaridan 500 metr radiusda joylashgan savdo shoxobchalarida tamaki va spirtli ichimliklar bilan savdo qilish ta’qiqlangan. Fikrimizcha, maktab hududiga yaqin joylarda sanitariya va gigiena talablaridan kelib chiqqan holda tezpishar, kuchli gazlangan va tarkibida turli zararli ranglar bo‘lgan mahsulotlar sotishga ham chek qo‘yish yoki butunlay ta’qiqlash zarur. Bunda jamoatchilikni, jumladan, mahallalar qoshidagi Jamoatchilik nazorati va iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha komissiya faollarini keng jalb qilish maqsadga muvofiq.

Ikkinchidan, ta’lim muassasalaridagi oshxonalar malakali oshpazlar tomonidan ishlatilishiga erishish kerak. Zero, aksariyat oshxonalar bugun tadbirkorlar tomonidan yuritilayotgan bo‘lib, ular oshpazlik mahorati, malakasi va mas’uliyati borasida yetarli bilimga ega emas. Ayrim ixtiyoriy ravishdagi yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ham shuning ortidan kelib chiqayotir. Shu bois respublikamizdagi 116 ta ta’lim dargohida oshpazlik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis tayyorlash tizimini isloh qilish, ularni o‘quv-uslubiy, ilmiy adabiyotlar va darsliklar bilan ta’minlashni tashkil etish zarurati tug‘iladi. Zero, mazkur ta’lim muassasalarida bugun “Bolalar uchun parhez taomlarni tayyorlash” fani mavjud bo‘lsa-da, respublika miqyosida yagona o‘quv qo‘llanmasi yaratilmagan. Darslar esa metodik majmualar asosida o‘tilayotir. Balki shuning uchun ham ta’lim muassasalaridagi oshxonalarda parhez taomlar tayyorlashning aniq texnologiyasi mavjud emas. Bugun allergik kasallikka chalingan hamda shifokor tomonidan parhez buyurilgan yoshlar aynan ana shunday taomlarga ehtiyoj sezishayotir. Sirasini aytganda, farzandlarimiz organizmining kundalik ehtiyojini tavsiya etayotgan taomlar kaloriyasining me’yorda bo‘lishini faqat malakali oshpaz — mutaxassislar bilishadi. Xulosa qilib aytganda, farzandlar — kelajagimiz davomchilari, ertamiz egalari. Shunday ekan ularning salomatligi va taqdiriga befarq bo‘lmaylik. Har bir yoshga o‘z farzandimiz deya qaraylik, ularning barkamol bo‘lib kamol topishida mas’ul va javobgar ekanimizni doim yodda tutaylik.

Ulug‘bek SHONAZAROV,

Jurnalist

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − 19 =