Poytaxtda ham o‘qilayotgan “ZARAFSHON”
To‘n kiyilsa, ot minilsa, taom yeyilsa yaxshi. Shu ma’noda ijodiy jamoa, jamoatchi muxbirlaru noshirlarning zahmatli mehnati bilan yuzaga keladigan, aloqa xodimlari tomonidan tarqatiladigan gazeta ham o‘qilsa, muhim yangiliklari, hozirjavob fikri va tahlilidan o‘quvchilar bahramand bo‘lishsa yaxshi. Buning aksi bo‘lsa, shuncha mehnat, harakat yelga sovuriladi.
Samarqandda chop etiladigan “Zarafshon” gazetasi viloyat nashrlari orasida ijodkorlarining mustaqil fikri, kuzatuvi, e’lon qilinayotgan materiallarning janr jihatidan xilma-xilligi, tahlil va talqindagi jiddiyati bilan alohida ajralib turadi. Gazetaning davlat, nodavlat tashkilotlar, o‘quv yurtlari va mehnat jamoalari bilan bevosita hamkorligi, jamoatchi muxbirlar bilan ishlashi, tahririyatga yo‘llanayotgan xat-xabarlarga alohida e’tibori, gazeta materiallari ta’sirchanligini aniqlash yuzasidan o‘tkazadigan monitoringi natijasi o‘laroq, “Zarafshon” faqat Samarqandda emas, boshqa viloyat va shaharlarda ham qiziqish bilan o‘qiladi.
Taassufki, tahririyatlar orasida e’lon qilinayotgan materiallariga gazetxonlar munosabatini aniqlash, tanqidiy chiqishlar yuzasidan qanday chora-tadbirlar ko‘rilayotganiga qiziqish, bu to‘g‘rida gazetxonlarni xabardor qilish bilan shug‘ullanmaydiganlari ham bor. Holbuki, ko‘p muammolar gazeta sahifalariga olib chiqilishi bilanoq o‘z-o‘zidan hal bo‘lmaydi. Unga turli shakllarda jamoatchilik diqqatini tortish zarur bo‘ladi. “Zarafshon” gazetasi bu borada katta tajribaga ega ekanini e’tirof etish zarur.
Gazeta sahifalarida turfa fikr-mulohazalar, mas’ul lavozim egalarining gazetxonlar savollariga javoblari, hisobotlar va ularga tahririyatning sharhlari muntazam e’lon qilinadi, mualliflar viloyat hayotida uchrab turadigan nuqsonlarni oshkora tanqid qiladilar.
Gazetachilikda sarlavha, rukn, muammoning o‘rganilishi va qo‘yilishi, maqsadning aniqligi katta ahamiyatga ega. Gazetaning “Rahbarga savolingiz bormi?”, “Vijdonning bugungi so‘rog‘i”, “Xat tahrirsiz bosilmoqda”, “Mushtariy fikri”, “Konvertlar ochilganda” kabi ruknlari, aytish zarurki, boshqa nashrlarda deyarli uchramaydi. Chunki bu ruknlarda material tayyorlash va uni o‘quvchiga, jamoatchilikka havola etish uchun mahorat bilan birga ijodiy jur’at ham kerak. “Zarafshon”chilar bu mas’uliyatli vazifani talab darajasida bajarib kelishayotgani har jihatdan e’tirofga molik. Ishga bunday yondashuv o‘quvchining o‘zi mutolaa qilayotgan gazetaga nisbatan ishonchini mustahkamlaydi, unda bunday nashr bilan ijodiy hamkorlik qilish istagi paydo bo‘ladi.
O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti o‘qituvchi va talabalari, mana, bir necha yildirki,“Zarafshon”chilar bilan samarali hamkorlik qilib keladi. Gazetaning har bir soni o‘quv mashg‘ulotlarida tahlil qilinib, yutuq-kamchiliklari yuzasidan bahs-munozara bo‘lib o‘tadi, gazeta bosh muharriri Farmon Toshev talabalar bilan muntazam ravishda uchrashib, bo‘lajak hamkasblarimizni tahririyatning bugungi va yaqin kelgusidagi ijodiy rejalari bilan tanishtiradi. Magistratura bo‘limi talabalarining gazeta faoliyatiga doir tahliliy maqolalari “Zarafshon” sahifalarida e’lon qilingani, Oliy jurnalistika kursi bitiruvchisining ilmiy ishi uslubiy qo‘llanma holida chop etilgani bu hamkorlik qanday natija berayotganini ko‘rsatib turibdi.
Yaqinda poytaxtimiz markazida bir necha yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan o‘ziga xos shaxmat akademiyasida “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati xodimlarining muxlislar, taniqli jurnalistlar, O‘zbekiston Milliy universiteti va O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti jurnalistika fakultetlari talabalari hamda pedagog-o‘qituvchilari bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da birlashgan tahririyat bosh muharriri Farmon Toshev tahririyatda amalga oshirilayotgan ishlar, ijodiy xodimlarning yangi rejalari, gazetxonlarning murojaatlari bilan ishlash tajribalari xususida so‘zlab berdi. Ustoz jurnalist va olimlar Saydi Umirov, Xurshid Do‘stmuhammad, Ahmadjon Meliboev, Suvonqul Meliev, Shuhrat Jabborov, Habibulla Temirov, Norbobo Shakarov, Asad Dilmurod, To‘lqin Eshbekov va boshqalar o‘z so‘zlarida gazeta materiallarining ta’sirchanligi, viloyat ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotini yoritishdagi hozirjavobligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Uchrashuv so‘ngida ijodkorlar o‘rtasida shaxmat bellashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir qatnashchilariga birlashgan tahririyatning esdalik sovg‘alari topshirildi.
M.AHMADJONOV